Ahmadjon Meliboyev. Badiiy publitsistikada davr ruhi (2011)

Publitsistika jamiyat hayotiga, voqea-hodisalarga tezkor munosabat bildiruvchi ijodiy-tahliliy tafakkur mahsulidir. Bu janr, ayniqsa, badiiy publitsistika o‘quvchi ongiga tez ta’sir ko‘rsatadi, biror-bir umummilliy vazifa yoki muammo xususida jamoatchilik fikrini yuzaga keltiradi, uni zarur yo‘nalishda rivojlantiradi.

Publitsistika hayotning barcha sohalarini qamrab oladi va shu bois, badiiy ijod kabi bir necha (ijtimoiy-siyosiy, ilmiy, iqtisodiy, adabiy-badiiy, madaniy-ma’rifiy, hajviy) sohalarga bo‘linadi. Bu sohalar ichida badiiy publitsistika, ya’ni yozuvchi publitsistikasi alohida mavqega ega.

Ma’lum ma’noda Amir Temurning Sharq va G‘arb hukmdorlariga yozgan maktublari va Alisher Navoiyning “Munshaot” asarini o‘zbek publitsistikasining ilk namunalari deyishimiz mumkin.

Zahiriddin Muhammad Boburning shaxsiy hayoti va boy ma’naviy merosi ham bugungi yangi avlodni har jihatdan barkamol tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda, istiqlol yillarida adibning farzandlariga yozgan maktublari ham e’lon qilinayotgani quvonarlidir. Bu maktublar Zahiriddin Boburdek yirik shaxs, davlat arbobi, sarkarda va shoir haqidagi taassurotlarimizni yanada boyitadi, uning zamonga, yon-atrofida kechayotgan voqealarga, farzandlariga nisbatan munosabatini oydinlashtiradi. Chunonchi, “Boburnoma”ning yangi ilmiy-tanqidiy matni nashrida (“Sharq”, 2002, nashrga tayyorlovchi Saidbek Hasanov) Boburning to‘ng‘ich o‘g‘li Humoyun mirzoga yo‘llagan maxfiy maktubi ham e’lon qilingan (tarjimon Ansoriddin Ibrohimov). Maktubda Bobur yana bir karra, jiddiy tusda Hindiston masalasini o‘rtaga qo‘yadi. Bu maktub vasiyatnoma bo‘lib, Boburning izchil siyosati, uning temuriylar saltanatining yaxlitligi uchun bir umr qayg‘urganligidan dalolat beradi. “Ey farzand! Hindiston mamlakati turli mazhablardan iborat. Subhonollo taolo haqqi senga buyurildiki, har bir mazhabga pok qalb bilan qaragin, har bir mazhab va tariqatga adolatli bo‘l. Xususan, sigirni qurbon qilishdan saqlanginki, bu Hindiston xalqining qalb ardog‘i va bu viloyat ahlini podshohga yaxshi nazar bilan bog‘laydi. Islomning taraqqiyoti ehson tig‘i bilan yaxshiroqdur, zulm tig‘i bilan emas. Ahli sunnat va shialarning ikir-chikiridan ko‘zingni yum. Chunki islomga qarshilar bor. Turli e’tiqoddagi xalqlarni teng tutginki, shunda saltanat har xil tashvishlardan xoli bo‘ladi”.

X1X asr adabiyotining ilg‘or vakillaridan biri shoir Furqat ijodida ham badiiy publitsistika juda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shoirning olis Kashmirdan “Turkiston viloyatining gazeti”ga va do‘stlariga yo‘llagan maktublari fikrimizga dalil bo‘la oladi. Xuddi shunday, A.S. Pushkinning “Arzirumga sayohat”, L.Tolstoyning “Iqrornoma”, “Jim turolmayman”, N.V. Gogolning “Al-Ma’mun”, V.V. Mayakovskiyning “Men kashf etgan Amerika”, asarlari, Ilya Erenburg, Hamid Olimjon qalamiga mansub maqolalarni ham o‘sha davr badiiy-ijtimoiy publitsistikasining yuksak namunalari deyish mumkin.

Badiiy publitsistikada keskin rad qiluvchi, fosh etuvchi yoki biror-bir muammodan jamiyatni ogoh qiluvchi fikr-mulohaza, voqea-hodisalarga hozirjavoblik bilan bildirilgan munosabat asosan adabiy-badiiy, obrazli vositalar orqali bayon qilinadi. Buni Onore de Balzakning “X1X asr frantsuz yozuvchilariga maktub”ida ham ko‘rish mumkin. Unda adabiyot respublikasi deb e’tirof etilgan, fuqarolarning boshqa mamlakatlarda tan olinmagan ko‘plab huquqlarini tan olishga va tasdiqlashga bel bog‘lagan frantsuz inqilobidan keyin mamlakatda adabiyotga, yozuvchilarga, badiiy tafakkurga bo‘lgan e’tiborning nihoyat darajada susayib ketgani, ijodkorlik ishi inqilob bois qabul qilingan “vahshiyona qonun asoratiga berib qo‘yilgani”, yozuvchilarning asarlari jamoat mulki deb e’lon qilingani va buning ijod, tafakkur erkinligiga benihoya noxush ta’siri qalamga olinadi: “Shunday qilib, janoblar — siz shoirlar, siz mashshoqlar, siz dramaturglar, siz nosirlar, sizlarkim, ya’ni mamlakatning shon-sharafi uchun mehnat qilayapman degan fikr bilan yashovchilar, siz kim asr ruhini barpo etayotganlarning hammasi, sizkim shuhrat quyoshidan shu’lalangan havolardan simirmoq uchun qashshoqlik qa’ridan yuksaklarga parvoz qilganlar va sizkim parvozdan qo‘rqib, shubhalar iskanjasida ezilib o‘lib ketadiganlar, orzular yuki ostida in-qillagan sho‘rlik bolalar, sizkim irodangizning kuchi bilan tantana qiluvchilar — hamma-hammangiz o‘z-o‘zingizga merosxo‘r bo‘la olmaysiz, deb e’lon qilindingizlar. Qonun savdogarning mollariga, moddiy mehnat deb atalmish narsa yordamida qo‘lga kiritilgan, ba’zan esa razillik evaziga topilgan pullarga nisbatan hurmatga to‘la: qonun yerni himoya qiladi, ter to‘kib mehnat qiluvchi proletariatning uyini himoya qiladi, lekin shu qonunning o‘zi fikrlash bilan mehnat qiladigan shoirning ishini musodara qiladi”.

Balzak muammoni juda keskin qo‘yadi, murosasozlik yo‘lini tutmaydi, raddiyasini oshkora ifoda etadi. Bu bilan u o‘z hamkasblarini jamiyat hayotida kechayotgan jarayonlardan chetda turmaslikka, ijod, fikr rivojini bo‘g‘ayotgan “adabiy qaroqchilik”ni qabul qilmaslikka da’vat etadi. Birov xotiningizni tortib olsa, bundan xafa bo‘lmang, chunki u bu ishni xotiningizning roziligi bilan qilgan, ammo o‘n besh yil ishlab, azob chekib, tunlarni tonglarga ulab, muhtojlik mashaqqatlarini yengib yaratgan asaringizni tortib olsa, bunga aslo toqat qilib bo‘lmaydi, deydi. Va nihoyat, bu muammo yuzasidan o‘zining so‘nggi so‘zini aytadi: “Xulosa o‘rnida bir gapni ta’kidlamoqchimiz: bizning yuqorida aytganlarimiz g‘alayonga chaqiruvchi xitob emas, biz ehtiroslarni junbishga keltirishga da’vat ham qilayotganimiz yo‘q: bu — qashshoqlik faryodi, xolos. Bu – qonundan tashqari chiqarib qo‘yilgan, adolat izlab topolmagan odamlarning hayqirig‘i. Qo‘ying, mayli, bu hayqiriq aks-sado bersin, hamdardlik uyg‘otsin, so‘nib borayotgan vatanparvarlik tuyg‘ulariga qaytadan jon ato qilsin. Biz ovozimizni ko‘tarib hayqirgan bo‘lsak, buni uyg‘oqlar uchun, iztirob chekayotganlar uchun, til xazinasiga va badri imkon o‘z ulushini qo‘shishga intilayotganlar uchun qilamiz… Qonun chiqaruvchi janoblar, Italiya Angliyadan keladigan tillaning uchdan ikki qismini sarflab, o‘zining ajoyib daholariga ega bo‘ldi. San’at bilan tilni ehtiyot qilib asranglar, negaki, moddiy manfaatlaringizni bartaraf qilganingizdan so‘ng sizlar bizning asarlarimizda hayot kechirishda davom etasizlar. Bizning asarlarimiz esa hech qachon o‘lmaydi va hatto mamlakatimiz g‘oyib bo‘lib ketganda ham ular “Bu yerda Frantsiya bo‘lgan edi!” deya olamga jar solib turadilar”.

XU1-XUP asrlarda rivojlangan, mo‘may daromadga ega qator Yevropa davlatlari ayni shu davrda iqtisodiy jihatdan tanazzulga yuz tutgan Sharq mamlakatlari tomon bosqinchilik, talonchilik yurishlarini boshlaydilar. Ko‘plab mamlakatlarning xalqlari kolonizatorlarning zulmi ostida qoladi, asrlar davomida to‘plangan boyliklar talon-taroj qilinadi, zulm va zo‘ravonlik kuchayadi. Missionerlar bu yurishlarni oqlashga jon-jahdlari bilan urinadilar, ammo Yevropa jamiyatining ilg‘or qismi, xususan ijodkor ziyolilar o‘z vatandoshlarining bu qilmishlarini ochiq-oydin qoralaydilar. Natijada Yevropa adabiyotida o‘ziga xos publitsistik oqim yuzaga keladi — yozuvchilar o‘z asarlarida bosqinchilarning zulmi ostida qolgan xalqlarga xos bo‘lgan ezgu fazilatlarni qalamga ola boshlaydilar. Bu oqimning faol vakili bo‘lgan Volterning sharq mavzusidagi dramalari, Monteskening “Fors maktublari” fikrimizga dalil bo‘la oladi.

Bu davrning harbiy, siyosiy, iqtisodiy taloto‘plari mohiyatini to‘g‘ri ang-lash va to‘g‘ri xulosalarga kelishda ijtimoiy publitsistika ruhida yozilgan asarlar muhim ahamiyat kasb etadi. Buni Fitratning “Sharq siyosati” risolasida yaqqol ko‘rish mumkin. “Afriqog‘a kirgan musulmonlar Amriqo va Afrikoni bosqon madaniy ovrupolilardek yerli xalqni bitirmak uchun tirishmadilar,— deb yozadi Fitrat. — Unlarg‘a madaniyat berdilar. Amriqog‘a qo‘noq bo‘lub kirgan Ovrupa madaniylar Amriqo yerli xalqini bitirayozdilar, buni bilmag‘an yo‘qdir. Afriqoni bosib olg‘an Ovrupa jahongirlari u yerdagi qora xalqni o‘lat kabi o‘ldirib turalar. Xolbuki, musulmonlar Afriqoning Jazoir, Tunis, Fas (Markaziy Afrika — M.A.) kabi o‘rinlarini olg‘ach, u yerlarni taraqqiy etdurdilar, xalqini tinchlanturdilar, ulardan buyuk odamlar yetushdirdilar. Sharq o‘zining tarixi, siyosati, hunari, insofi, adolati, axloqi va xidmatu e’tiborlari bilan uncha yuksalmish, u qadar taraqqiy etmish edikim, tasavvuri ham bizning miyalarimizga sig‘maydur. Sharq madaniy yirt-g‘uchi emas edi. Sharq boshqalarning xaqlarini olmas edi. Sharq bashariyatning yuksalishi uchun tirishar edi. Sharq madaniyat o‘chog‘i, insof beshigi, axloq maktabi, bilim madrasasi edi. Biz, sharqliklar, bashariyatga qilg‘on xidmatlarimiz uchun bu kungi qonli Ovrupag‘a qarshi yaxshig‘ina maxtana olurmiz. Biz, sharqliklar, madaniyat yo‘linda tutdigimiz xidmatlarda davom etganda bukun bashariyat dunyosini ko‘b yuksak mavqe’larda ko‘rmak mumkin edi. Negakim, Sharq bilim, hunar yo‘linda Ovrupa jahongirlari o‘rtoq qoni ichmak orqadosh uyin talamoq uchun emas, insonlik dunyosini yuksaltirmoq uchun tirishar edi. Yozuqlar, esizlarkim, Sharq o‘z yo‘linda davom eta olmadi, madaniyat tarixining eng buyuk va eng tugal qoidalarindan biri shudir: bir ulus tirikchiligining har to‘g‘risinda yuksalib, taraqqiy qilib tinchlansa, biror yoqda kuchliroq biron biri ko‘rinmasa, o‘lkasi kengayib, oqchasi ko‘paysa, ul ulusning bora-bora axloqi buzular, totlig‘i yo‘ldan chiqa boshlar. Biz, sharqliklar, dahi tinchlik va rohat so‘nginda buzulib qoldiq, yo‘ldan ozdik, ezgu tilaklarimizni unuta boshladik. Bilim va hunardan yuz qaytardik, birlik va axloqdan ayrilduk, oqchag‘a berilduk, oqchag‘a sotilduk… Sharqning butun ishlari ongsiz beklar, tushunchasiz xonlar, miyasiz mullalar, bilimsiz eshonlarning qo‘lig‘a o‘tdi. Bunlar Sharqning butun tuzuk va intizomini buzub yubordilar. Xonlar o‘z qorinlarini to‘ydirmoq uchun xalqni bir-biri bilan urushtirdilar, mamlakatning jonli va muhim o‘runlarini sotdilar, mullalar o‘z ustavlarig‘a “din” otini toqib bozorg‘a chiqardilar, din, tangri, payg‘ambar, uchmox va tamug‘ orqali Sharq xalqini talay boshladilar. Sharqning taraqqiy yo‘li ko‘muldi. Saodat va tinchlik eshiklari bog‘landi, saodatning eng yuksak tepasiga chiqqan Sharq yo‘qsullikning eng teran chuqurig‘a tushdi”.

“Sharq siyosati”da Ovrupolilarning Sharqqa tomon bosqinchilik, talonchilik yurishlari zamiridagi ma’naviy axloqsizlik, insoniy xudbinlik juda chuqur ochib beriladi, bu yurishlarni soxta madaniy libosga o‘rash orqali tarixni chalg‘itish harakatlari ayovsiz fosh etiladi: “Ovrupa jahongirlarining Sharq sari yurishlari boshqalarning qonini to‘kub, o‘z qursoqlarini to‘ldurmoq, o‘zgalarning uyini yondirib, o‘z qozonlarini qaynatmoq uchun edi. Lekin ular tilaklarini ulusg‘a bildirmas edilar. “Sharq xalqi vahshiydir, ularni madaniylashdurmak uchun borarmiz”, “Sharq xalqi bilimsizdir, ularg‘a bilim tarqatmoq uchun borarmiz”, “Sharq xalqini xoch buyruqlarig‘a bo‘ysundirmak uchun borarmiz”, deb o‘z ishchi va dehqonlarini aldab, bizim ustimizga yuborur edilar”.

Bunday ta’sirchan, kuchli mantiqqa, tarixiy dalil va isbotlarga asoslangan fikrlarni Alixonto‘ra Sog‘uniy asarlarida ham ko‘rish mumkin: “Nima uchun keyingi asrlarda Turkiston xalqi johiliyat botqog‘iga botdi? Buning bosh sababi — dinni asosi bilan tushunmagan ilm-madaniyat dushmanlari hokimiyat tepasida bo‘ldilar. O‘zlarini din homiylari deb e’lon qilib, xalqni ma’rifat nuridan mahrum, zamonaviy fanniy ilmlardan butunlay yiroq tutdilar… Shuning uchun Turkiston xalqining ichida uyg‘onish, fikr ochilishi bo‘lmadi. Davlatning inqirozi, millatning ongsizligiga shu johillar sababchidur”.

Uels shahzodasi Charlzning (Charlz Filipp Artur Jorj) 1993 yilning oktyabr oyida Oksford universiteti qoshidagi Islom tadqiqotlar markazida ushbu markazning homiysi sifatida so‘zlagan mashhur “Islom va G‘arb” nutqida bu fikr yanada keng talqin qilinadi. Ma’lumki, 1412 yili Kolumb Amerikani kashf etadi. Shu yili Yevropada sakkiz asr davom etgan Islom tamadduni tanazzulga yuz tutadi. Notiq yigirmanchi asr adog‘ida G‘arb va Sharq o‘rtasida yuzaga kelgan o‘zaro ishonchsizlik, bir-birlarini tushunmaslik, qo‘rquv haqida fikr yuritar ekan, islom falsafasi va madaniyatining tub mohiyatini to‘g‘ri va xolis talqin etadi: “…ekstremizmga faqat musulmonlarning belgisi deb qaramasligimiz lozim. Ekstremizm boshqa dinlar, jumladan, xristianlikka ham daxldor. Aksariyat musulmonlar shaxsan dinga o‘ta darajada berilgan bo‘lsalar ham, lekin siyosatdagi intilishlari mo‘tadildir… Islom tabiati haqida G‘arbda tarqalgan tushunmovchiliklar bilan birga, biz madaniyat va tsivilizatsiyamiz Islom dunyosi oldida qanchalar qarzdor ekanligini yaxshi anglamaymiz. Meningcha, bunga sabab bizga meros bo‘lib qolgan tarixdadir. O‘rta asrlarda Islom dunyosi Markaziy Osiyodan tortib Atlantik okeani sohiligacha yetib borgan olimu fuzalolari bilan ravnaq topgan dunyo edi. Biroq biz Islomni G‘arbning dushmani, g‘anim va begona bir madaniyat, jamiyat va e’tiqod tizimi sifatida ko‘rishga intilganimiz sababli, Islomning tariximizga ko‘rsatgan katta ta’sirini ham unutib qo‘ydik. Misol uchun, sakkizinchi va o‘n beshinchi asrlar mobaynida Ispaniyada mavjud bo‘lgan Islom jamiyati va yuqori madaniyatining muhimligini kamsitib kelganmiz. Musulmon Ispaniyaning inkvizitsiya davrida yunon klassik nazariyalarini saqlab qolgani, keyinchalik Renessans davrining ravnaq topishiga o‘z hissasini qo‘shgani allaqachon tan olingan edi. Bilimlarni to‘plagan va saqlab qolgan Ispaniyani biz faqat omborxona sifatida ko‘rmasligimiz lozim. Musulmon Ispaniya qadim yunon va rim madaniyatining zehniy merosini nainki asrab qolgan, balki mazkur bilimlarni qayta izohlab, yanada rivojlantirib, butun dunyoga tarqatib, insoniyat aql-zakovatining aksariyat sohalariga, ya’ni astronomiya, matematika, algebra (bu so‘zning kelib chiqishi ham arab tilidandir), qonunshunoslik, tarix, tibbiyot, farmakologiya, optika, ziroat, ilohiyot, musiqa kabi fanlarga o‘zining muhim hissasini qo‘shgan ham… Islom ilmiy izlanish va intilishlarni hamisha yoqlab kelgan. Aytilishicha, “olimning siyohi shahid qonidan muqaddasroqdir”. O‘ninchi asrda Qurtuba Ovrupaning eng yuksak madaniyatga ega shahari bo‘lgan. Ajablanarli tomoni shuki, Britaniyada qirol Alfred taomlar sohasida islohotlarini amalga oshirayotganida, musulmon Ispaniyada kitoblarni abonement bo‘yicha olib o‘qish mumkin bo‘lgan kutubxonalar faoliyat yuritar edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, musulmon Ispaniya hokimining shaxsiy kutubxonasida to‘rt yuz ming kitob bo‘lib, bu raqam o‘sha yillari barcha Ovrupa yerlarida mavjud bo‘lgan jamiki kutubxonalardagi kitoblarning umumiy sonidan ancha ko‘p bo‘lgan…”

Darhaqiqat, publitsistika, ayniqsa, yozuvchi publitsistikasi hamisha davrning, jamiyatning o‘ta muhim, dolzarb, goho ziddiyatli, yechimi topilmagan, murosa qilish mumkin bo‘lmagan muammolaridan bahs ochadi. Bunday publitsis-tikani bir kishining, konkret bir ijodkorning kuyunchakligi, ijodiy faolligi bilan birga jamiyatning fikrlovchi, mushohada yurituvchi ilg‘or qatlami vakillarining umumlashma fikri, munosabati ham deb ham tushunmoq zarur. Chunonchi, Chingiz Aytmatov “Kassandra tamg‘asi” publitsistik romanida, agar ogoh bo‘linmasa jamiyatda ota-onasining kimligi noma’lum, har qanday buyruqni so‘zsiz bajarishga tayyor zombi-zurriyotlar paydo bo‘lishi xavfidan ogoh qilar ekan, bu jonsaraklik millat, Vatan taqdiri va kelajagiga befarq bo‘lmagan ijodkor ziyolilarning ham fikri-nazari edi. Sobiq tuzum sharoitida ayni shunday yasama kadrlarni tayyorlash va tarbiyalash harakatlari mavjudligi endilikda hech kimga sir bo‘lmay qoldi. Bu va boshqa illatlar, insoniyat boshiga behisob kulfatlar olib keluvchi xatarli rejalar to‘g‘risida birinchi bo‘lib publitsistlar bong urishdi. Chunonchi, Shukur Xolmirzayev bozor iqtisodiyoti sharoitida badiiy adabiyotning taqdiri qanday bo‘lishidan xavotirga tushib, jamiyat, millat, adabiy jamoatchilik oldiga “Adabiyot o‘ladimi?” degan savolni ko‘ndalang qo‘ydi. Dadaxon Nuriy, Yoqubjon Xo‘jamberdiyev tabiatni, atrof-muhitni asrash mavzusida tinimsiz qalam tebratishdi, ularning “Shaharga bomba kerakmi?”, “Ummat O‘zbekovning tirikchiligi”, “Kosaga tushgan ilon” kabi o‘tkir mushohadali tahliliy maqolalari muhokama va munozaraga sabab bo‘ldi. Bunday faollikni ijodkor ziyolining, publitsistning uyg‘oq vijdoni, insoniylik burchi deb tushunmok kerak bo‘ladi. Publitsist ana shunday zahmatli mehnatni, murosasiz “jang”ni, nogahoniy zarbalarni ixtiyoriy ravishda o‘z zimmasiga oladi.

Taniqli shoira Tursunoy Sodiqova e’tirof etganidek, “So‘z izlash, so‘z o‘ylash, so‘zga rang-tus berish, uni chiroyli ijroda taqdim etishga urinish, ko‘zlarni, quloqlarni o‘zingga mubtalo qilish uchun jon teriga tushib jang qilish, so‘zda o‘lib, so‘zda tirilish”publitsistning qismatiga aylanadi. Polyak adibi Yan Parandovskiy o‘zining “So‘z kimyosi” asarida quyidagilarni yozadi: “Yozuvchini uning kasb-koriga olib keladigan kuch, sira yengib bo‘lmaydigan qudratli da’vat nimadir? Bunday da’vatning ildizlarini qidirar ekanmiz, biz inson tabiatining xususiyatlaridan biriga e’tiborimizni qaratmog‘imiz lozim… Hamma odamlarga xos bo‘lgan bu xususiyat shundan iboratki, odamlar hayotda mavjud bo‘lgan har qanday hodisani so‘zda ifodalashga ehtiyoj sezadilar va bu bilan bog‘liq ravishda o‘z-o‘zlarini namoyon qilishga ham ehtiyoj sezadilar. Bu ehtiyoj deyarli fiziologik ehtiyojdir va uning zaiflashishi yoxud butunlay yo‘q bo‘lib ketishi inson tabiatining mohiyatiga zid keladi”.

Bu fikrning naqadar to‘g‘riligini mustaqillik yillarida matbuotimizda e’lon qilingan chuqur tahlilli maqolalar, xususan, Ozod Sharafiddinov, Odil Yoqubov publitsistikasida kuchli mantiqiy tahlil, nuqsonlarga murosasizlik, fikrni ochiq va lo‘nda ifodalash, Shukur Xolmirzayev, Ibrohim G‘afurovda, hissiy mushohada va obrazlilik, Xayriddin Sultonov, Xurshid Do‘stmuhammad, Mirpo‘lat Mirzo va boshqalarda obrazli badiiy estetik tuyg‘u hosil qilish, dadillash va ishontirish mahorati ustivorlik qiladi.

Istiqlolimiz arafasi va dastlabki yillarida matbuot jamiyatdagi turli qatlamlarga mansub kishilarni yagona maqsad yo‘lida birlashtiradigan, yangi sharoitdagi burch va mas’uliyatini to‘la anglashlariga yordam beradigan oshkora, dadil va ta’sirchan so‘ziga kuchli ehtiyoj paydo bo‘ldi.

Gap shundaki, bu davrga kelib, dunyoda tamomila yangi ijtimoiy holat yuzaga keldi, insoniyat hayoti, tafakkuri va kelajagi bilan bog‘liq tushunchalarni qayta idrok etish zarurati paydo bo‘ldi. Yuqorida ham, quyida ham bundan buyon eski andozalar, taqiq va cheklovlar, xomxayol shiorlar bilan yashab bo‘lmasligi, kommunistik tuzum hukmronlik qilayotgan mamlakatlarda inson dunyoqarashini siyosiy mafkura tamoyillari asosida shakllantirishga va uni boshqarishga doir urinishlar samara bermasligi, dunyo keskin burilish nuqtasida turganligi ayon bo‘lib qolgandi. Respublikaning yangi rahbari Islom Karimov mustaqillik arafasidayoq mamlakatda ijtimoiy adolatni tiklash, millatning or-nomusi, sha’n-shavkatini joy-joyiga qo‘yish, din va dindorlarga munosabatni o‘zgartirish, ulug‘ alloma ajdodlarimiz merosini o‘rganish, mustaqillik e’lon qilinganidan keyin esa eski tuzumning g‘ayriaxloqiy shiorlari, ma’naviyatga zid qonun-qoidalaridan tezroq qutulishni jamiyat oldidagi asosiy vazifa deb belgiladi. Bu vazifani bajarmay turib, jamiyatni taraqqiy ettirish, xalqning ertangi istiqbol kunlariga ishonchini mustahkamlash, yangi insonni kamolga yetkazish mumkin emas edi.

Mustaqillik yillarida o‘zbek badiiy publitsistikasi jangovar, hozirjavob janr sifatida qayta oyoqqa turdi, yangi demokratik jamiyat qurilishining faol ishtirokchisiga, yillar davomida bir o‘zanga tushib qolgan fikr mudroqligiga barham berdi, jamiyat hayotida boshlanayotgan yangi jarayonlarning tolmas targ‘ibotchisiga aylandi, bahs-mushohada, hissiyotli muhokama jo‘shqinligini yuzaga keltirdi. Yana bir muhim jihati, to‘qsoninchi yillarning birinchi yarmida nafaqat ijodkor ziyolilar, oddiy kasb egalari, maktab o‘qituvchilari, sanoat, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot sohasi xodimlari, ko‘p bolali onalar ham qo‘llariga qalam oldilar. Matbuot ular uchun erkin mushohada minbariga aylandi, fikr almashish, boshqalarni ham eshitish, qiyoslash, xulosa chiqarish imkoniyati paydo bo‘ldi. Tahririyatlarga yo‘llanayotgan maktublarning aksariyatida mualliflarning shaxsiy talablari emas, jamiyat rivoji, millat taqdiri bilan bog‘liq kuyunchak mulohazalar ustivorlik qilardi.

“Adabiyot, so‘z san’ati azaldan xalq qalbining ifodachisi, haqiqat va adolat jarchisi bo‘lib keladi, — deb ta’kidlanadi Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” asarida. — Xususan, mustaqillik yillarida yurtimizda ma’naviyatimizning g‘oyat muhim va uzviy qismi bo‘lgan adabiyotni rivojlantirish, shoir va yozuvchilarimizning ezgu mehnatini qadrlash va munosib rag‘batlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘z hosilini berayotgani, badiiy adabiyotimiz mavzular ko‘lami jihatidan ham, janrlar nuqtai nazaridan ham rang-barang bo‘lib borayotgani, adabiyot maydonida yangi-yangi nomlar paydo bo‘layotgani kitobxon xalqimizni, albatta, quvontiradi. Bularning barchasi milliy tiklanish jarayonlari qalam ahlining ijodiy izlanishlari uchun qanday katta ufqlar ochib berganini yana bir bor ko‘rsatadi. Dey-lik, hozirgi paytda tarixiy mavzuni yoritishda — bu Imom Buxoriy yoki Imom Termiziy bo‘ladimi, Jaloliddin Manguberdi yoki Amir Temur siymosini yaratish bo‘ladimi, olis va yaqin o‘tmishimizning hali ochilmagan sahifalarini ask ettirish bo‘ladimi — buyuk ajdodlarimizning ibratli hayot yo‘li tasvirlangan ko‘plab asarlar yuzaga kelmoqda”.

Sobiq tuzum sharoitida bunga aslo yo‘l berilmadi. Badiiy adabiyotda, matbuotda yoki oddiy davra suhbatida o‘tmish ajdodlarning nomini tilga olishning o‘zi “tarixni ideallashtirish, feodal zamonlarni qo‘msash” deb baholandi. Ko‘pchilik ijodkorlar shunday og‘ir sharoitda ham imkoniyat darajasida qalam tebratishga, tarix haqiqatiga qarshi bormaslikka harakat qildilar. Davlatimiz rahbarining milliy adabiyotimizni yanada rivojlantirish, Yozuvchilar uyushmasi faoliyatining samaradorligini oshirish yuzasidan bildirgan fikr-mulohazalarida bu to‘g‘rida juda aniq aytilgan: “Shuni aytish joizki, aksariyat yozuvchilarimiz sovet davrining tarbiyasini olgan, uzoq yillar hukm-ron mafkura ruhida ijod qilgan. Lekin yana bir haqiqat ham borki, ularning ko‘pchiligi kommunistik tuzum g‘oyalarini so‘zda ma’qullasa ham, aslida ich-ichidan ularni qabul qilmagan. Negaki, kommunistik tuzum insonning, binobarin, millat va xalqning erkin va ozod yashashiga, milliy tafakkur, diniy qadriyatlarga qarshi bo‘lganini ijod ahli hammadan ko‘ra chuqurroq anglagan. Tabiiyki, davr taqozosiga ko‘ra, yozuvchilar yashash uchun, o‘z iste’dodini ro‘yobga chiqarish uchun kommunistik tuzum bilan murosa qilishga majbur bo‘lgan. Shu ma’noda, mustabid tuzum davrida vijdon azobini kim ko‘proq tortgan, desa, men, doimo bu hayotning ma’no-mazmuni, insonning qadr-qimmati, el-yurt taqdiri haqida qayg‘urib yashaydigan odamlar va ularning oldingi qatorida bo‘lgan ijod ahli, deb aytgan bo‘lardim”.

Bu yuksak e’tirof matbuotimizning fidoyi va jur’atli vakillariga ham taalluqli desak to‘g‘ri bo‘ladi.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 4-son.