“Oh, sening yoshliging menda bo‘lsaydi!” degan qo‘shiqni har safar tinglaganimda boshimdan kechirgan qaro kunlaru, azob-uqubatlar yodimda jonlanaveradi. Biz – qirq birinchi yilda tug‘ilganlar ne-ne og‘ir kunlarni ko‘rmadik! Esimizni tanib ulgurmay onamizdan ayrilganmiz! Yana qay birini aytay, oyog‘ini tank majaqlab ketgan nogiron otamiz bilan olti farzand chorasiz qolganimiznimi, turmush tashvishlarida har kuni ming bor o‘lib-ming bor tirilgan hayotimiznimi!.. Ularni barini gapirishga hatto tilim ojizlik qiladi. Yaxshiyamki, Qodir Olloh yaratgan ona-tabiatning bag‘ri butun ekan, bir amallab yashab qoldik, tabiiy ne’matlardan ta’minlanib o‘sdik-ulg‘aydik. Chindan ham atrof-muhitdan o‘zga tayanchimiz yo‘q edi. Aynan shuning uchun hozirgi baxtiyor avlodlarimizga juda-juda havasim keladi! Ha, bizning Mustaqil Vatanda o‘g‘il-qizlarimiz har qancha faxrlansa arzigulik ajoyib sharoitlarda yashamoqdalar. “Farzandlarimiz bizlardan hamma tomonlama baland bo‘lishlari shart!” deya hitob aylagan Yurtboshimiz rahnamoligida nafaqat shahar, qo‘rg‘on va qishloqlarda, balki eng chekka ovullar, kichik-kichik aholi punktlarida ham zamonaviy ta’lim-tarbiya maskanlari, ko‘rkam va to‘kis tibbiyot majmualari, sport inshootlari va boshqa zaruratlar barpo etib berilyapti. Ular barcha kerakli texnik jihozlar bilan ham to‘liq ta’minlangan. Xullas, yayrab-yashnab bilim olish, mehnat qilish va yashash uchun zarur hamma sharoitlar muhayyo. Demak, endi bor kuch hamda imkoniyatlarimizni ishga solib, ona-Vatan ravnaqi va xalqimiz farovonligi yo‘lida barchamiz, ayniqsa barkamol avlod o‘zining munosib hissalarini qo‘shmoqlari ham qarz, ham farz. Xalq iborasi bilan aytganda, oq yuvib- oq tarayotgan, bashang kiyintirib, yedirib-ichirayotgan yurtimiz non-tuzini oqlashimiz shart! Xo‘sh, bu boradagi ahvol qanday?..
Dastavval oilalarda to‘g‘ri va yaxshi tarbiya olib, ta’lim maskanlarida har taraflama chuqur bilimlarni o‘zlashtirayotgan farzandlarimiz ushbu mas’uliyatni to‘la-to‘kis his etib, Vatanning haqiqiy fidoyilari ekanliklarini amalda isbot etmoqdalar. Aynan shunday yigit-qizlarimiz hur O‘zbekistonning dovrug‘ini butun olam uzra tobora kengroq quloch yoydirmoqda. Endilikda barkamol yoshlarimiz dadil-dangal kirib bormagan biron-bir soha qolmadi hisob. Bu azamatlar dunyoviy texnika va texnologiyalarni, bilimlaru hunarlarni, jahon tillariyu urf-odatlarini shu qadar shiddat bilan o‘zlashtirayotganlarini ko‘rgach qoyil qolmay bo‘ladimi! Bunday o‘rinbosarlar bilan har qancha faxrlansak arziydi. Shundaylar omon bo‘lsa jonajon Vatanimiz tobora gullab-yashnayveradi, keksalar ro‘shnolik og‘ushida tinch-xotirjam hayot kechirish baxtiga muyassar bo‘ladilar…
Ezgu xotiralar, yaxshi ishlar haqida gapirish naqadar ko‘ngilli! Hammamiz ham yomonlik to‘g‘risida eshitmasam, yomonning yuzini ko‘rmasam, deymiz. Ammo, nachora, dalilu isbotlar o‘jar. Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor aylar, deydilar. Farzandlarimiz, ularning hayotdagi o‘rni, kelgusidagi orzu-rejalari xususida fikr yuritar ekanmiz, avlodlarimizga kerakli barcha zaruratlar mukammal bo‘lishini istaymiz. Turmushimizdagi har qanday kemtiklarni, ular bartaraf etib bo‘lmas darajaga o‘tib ketmasdan burun izga solishimiz zarurligini ham unutmasligimiz lozim. Shu o‘rinda haqli bir savol tug‘iladi: hozir atrof-muhit muvozanati qay ahvolda va yoshlarimizning unga munosabati qanday?
Biz istaymizmi-yo‘qmi, hayot o‘z hukmini o‘tkazaveradi: yoshlar ulg‘ayadi, ota-onalar keksayib, avlodlarga o‘z o‘rinlarini bo‘shatib beradi. Qani edi, farzandlarimiz har taraflama go‘zal tabiatni, haqiqiy ma’noda jannatmakon olamni bizdan meros qilib olsalar! Tabiat muhofazasi masalasiga doir turli-tuman yig‘inlar, davra suhbatlari, uchrashuvlar ko‘ngillarga ancha taskin bergandek bo‘ladi. Tog‘u toshlar, qiru soylar, daryoyu ko‘llarni kuzatar ekanmiz, qog‘ozlarda yozilganlar hayot haqiqatiga unchalik to‘g‘ri kelmasligini ko‘rib hayron qolasan kishi. “O‘z-o‘zimizni aldashning kimga keragi bor?!” deb yuboramiz beixtiyor. Eng yomoni: xaspo‘shlash, ahvolni bo‘yab-bejab ko‘rsatish qalbi beg‘ubor, niyati pok kelajak egalarini to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itib yubormasmikin?! Oxir-oqibatda oldi olinishi mumkin bo‘lgan tabiiy inqirozlar surunkali illatga aylanib ko‘p noyob tabiiy ne’matlarni boy berib qo‘ymasmikinmiz?! Ochiqchasiga aytganda, ko‘rib-bilib turib kelajak avlodni ona-tabiatning bebaho ne’matlaridan mahrum aylashimiz hech gap emas. Bunday qaltis vaziyatda ayrim tabiat “himoyachilari”: “Qani, aniq dalil ko‘rsating!” deya oyoq tirab oladilar. Hayotiy dalillar esa tabiat bag‘rida to‘lib-toshib yotibdi. Uni ko‘rish uchun eng qiyin joylarga og‘rinmay, erinmasdan borish, yaqindan ko‘rib-kuzatish kerak. Bir misol, Zomin tog‘larini ikki kun aylanib yurib, bironta yovvoyi jonzotlarni uchrata olmadik. Nurota tog‘larida ikki mingdan ziyod alqor bor, deya hujjatlarda qayd etilgan-u, kun bo‘yi yo‘l bossangiz ham ulardan birontasi ko‘zga tashlanmaydi. Qadimda yovvoyi jonvorlarga eng boy hudud sanalgan Chotqol tog‘lari esa ayni paytda g‘arib va tang holatga tushib qolgan. Aydarko‘ldagi xarob ahvolni-ku, ta’riflashga til ojiz…
Bu kabi achinarli voqealarni men – yoshi yetmishdan oshgan tabiat jonkuyari azbaroyi achinganimdan ochiq-oydin aytyapman. Toki, farzandlarimiz tabiat muhofazasi olamida ahvol tobora murakkablashib borayotganini bilsinlar. Bilsinlar-da, tashabbusni o‘z qo‘llariga olib, o‘z rizq-nasibalarini o‘zlari himoya qilsinlar!.. Ona-tabiatimiz muhofazasi xususida ko‘p yillardan beri aniq dalilu isbotlar asosida matbuotlarda turli-tuman chiqishlar qilganman. Ularni hatto kitob holida nashr ettirdim. Ajablanarlisi shundaki, tabiatga aloqador tashkilotlaru, turli harakatlar tomonidan biron-bir aks-sado bo‘lgani yo‘q. Harqalay, biz – yoshi ulug‘lar vaqtni boy berib o‘tirmay, barkamol avlodlarimizni olg‘a da’vat etishimiz, kerak bo‘lsa birga yurib-birga turib ulug‘vor vazifalarni bajarishimiz lozim…
O‘rni kelganda o‘rinbosarlarimizga ham nordongina haqiqatni aytish kerakka o‘xshaydi. Ko‘rib, guvohi bo‘lib turibmiz: barkamol yoshlarimiz faoliyatida jangovar harakatlar, dadil olg‘a intilishlar tez-tez uchrayapti. Ammo ba’zi muhim tashabbuslar negadir oxiriga yetkazilmaydi. Mana bir misol: “Yoshlik” ko‘rsatuvi o‘tgan yili butun Vatanimiz bo‘ylab chiqindilar sohasidagi tartibsizliklarni nishonga olgan edilar. Undan barcha baravar xursand bo‘lib, yoshlarni olqishlashardi. Nima bo‘ldiyu, bu shiddat ko‘p o‘tmay o‘chdi-qoldi. Yoki chiqindi olamidagi tartibsizliklar batamom tugatildimi? Qayoqda deysiz, harakat to‘xtaganini ko‘rgan tartibbuzarlar avvallardagidan ham battarroq “javlon urishga” kirishdilar. Boshlangan yaxshi ish ijrosi chala qoldirilsa, oqibati juda yomon kechadi. Nahotki kimlardir pokizalikka qarshi turgan bo‘lsalar?! Axir sizlar suyanadigan Mustaqil Davlatimiz, jonkuyar va mehribon Prezidentimiz bor-ku! Qolaversa, tabiiy boyliklarni asrab-avaylash, butun mamlakatimiz bo‘ylab pokizalikni ta’minlash eng muhim vazifalardan emasmi? Bu, birinchi navbatda, o‘zlaringizga kerak-ku! Demak, hech qachon yarim yo‘ldan qaytmaslik, ulug‘vor ishlar, yuksak zafarlar uchun doimo shay turmoq farzandlarimizning asosiy vazifasi bo‘lmog‘i lozim. Biz kabi yoshi ulug‘lar esa ularning yonida mudom madadkor bo‘lishimizni hozirgi shiddatli davrning o‘zi taqazo etmoqda.