Ergash Fozilov. Matnchi mas’uliyati (2011)

O‘zbek adabiy tilining shakllanishi va tarixiy taraqqiyotida XI — XV asrlar yozma yodgorliklari muhim ahamiyat kasb etadi. Bu davrga oid qo‘lyozmalarni izlab topishda, qayerda saqlanishini aniqlashda, tadqiq qilib, nashr etishda dunyoga mashhur o‘nlab olimlarning xizmatlari, ayniqsa, Yevropa, Turkiya, Rossiya, O‘zbekiston, Amerika, Yaponiya, Xitoy tadqiqotchilarining qo‘shgan hissalari tahsinga sazovordir. Aynan shuning uchun ham bu davr yodgorliklariga oid har bir maqola, kitob mutaxassislarda qiziqish uyg‘otadi.

Ma’lumki, mumtoz adabiyot namunalarini hozirgi zamon talablari darajasida nashrga tayyorlash mutaxassisdan keng bilim, muayyan malaka, yuksak mas’uliyat talab qiladi. Tuzuvchi, eng avvalo, salaflarining ishlaridan yaxshi xabardor bo‘lishi, ularning yutuq-kamchiliklarini ilmiy tahlil eta olishi va bu sohadagi so‘nggi yangiliklardan voqif bo‘lishi lozim. Har taraflama chuqur bilimlarsiz tuzuvchining harakatlari, shubhasiz, muvaffaqiyatsizlikka uchraydi va, eng muhimi, ta’lim jarayoniga zarar yetkazadi. Ilmiy matn yaratish ma’suliyatini sezish va butun murakkabligini chuqur his qilish uchun noshirning o‘zi ham biror qo‘lyozma asarni tadqiq etib, e’lon qilishi zarur. Bunday tajriba u hozirlagan kitobning ilmiy saviyasiga, matn mazmunini tushunish va tushuntirishga, so‘zlarning to‘g‘ri izohlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» (2011 yil, 29 aprel) gazetasida N.Rahmonning «To‘g‘ri matn yaratish mas’uliyati» nomli maqolasi e’lon qilindi. Muallif matnshunoslik, adabiy yodgorliklardan tanlab olib majmualar yaratish xususida mulohaza yuritadi. Biroq uning fikrlarida mantiqiy izchillik yetishmaydi va natijada noaniqliklarga yo‘l qo‘yadi. Masalan, u rus tili, dialektlari, sintaksisi, morfologiyasi sohasida yirik mutaxassis A.Shaxmatov(1864—1920) tadqiqotlari xususida gapirib shunday yozadi: «U matndagi xatolarga e’tibor qaratar ekan, ustozlar bilan ziddiyatga kirishmadi, balki tadqiqot usulini o‘zgartirdi: avval matnni tadqiq etib, keyin nashr qildi. Nihoyatda ibratli usul!». Birinchidan, gap mashhur slavyanshunos haqida ketar ekan, qisqaroq bo‘lsa ham, u amalga oshirgan tadqiqotlar haqida ma’lumot berish kerak edi, afsuski, bu yo‘q. Ikkinchidan, olim bilan ustozlari orasidagi «ziddiyat» nimalarda ko‘rinadi, degan savol javobsiz qolgan. Uchinchidan esa, A.Shaxmatov qo‘llagan «tadqiqot usuli» nima, yodgorliklarni qanday o‘rgandi va, nihoyat, bugungi kunda u qo‘llagan usulning qaysi tomonlari o‘quvchi uchun ibratliligi qorong‘uligicha qolgan. Demak, N.Rahmon rus matnshunoslik maktabi haqida to‘liq tasavvurga ega emas. So‘z rus matnshunosligi ustida borar ekan, birinchi navbatda, XX asr matnshunoslik fanini yangi g‘oyalar bilan boyitgan akademik D.S.Lixachevning «Teksto­logiya» nomli monografiyasi xususida to‘xtalish zarur edi.

Olim o‘z salaflari ilmiy merosiga tanqidiy yondashib, rivojlantirish mumkin bo‘lgan nuqtalarga e’tibor qaratib, yangi umumnazariy qarashlarni ilgari surdi va bu ilmiy jamoatchilik tomonidan iliq kutib olindi. Uning fikricha, yodgorlikning muallif nusxasi(avtograf) saqlanmagan taqdirda matnshunos besh-olti qadimiy qo‘lyozma asosida ilmiy-tanqidiy matn yaratib, farqli o‘rinlarni qayd etish bilangina kifoyalanmasligi lozim. Matn insonning ongli faoliyati mahsuli ekan, matnshunos yuzaga kelgan xatolarning sababini muayyan davr bilan bog‘liq holda tushuntirib berishi ham zarurdir. Bir so‘z bilan aytganda, matn tuzuvchi tarixiylik printsipiga tayanib ish ko‘rishi kerak. Albatta, bir maqola doirasida aka­demik D.Lixachev faoliyatiga batafsil to‘xtalib bo‘lmaydi va shu sababli ham biz o‘zak masalaga diqqatni qaratdik, xolos. Garchi, uning tadqiqoti rus adabiyoti materiali asosiga qurilgan bo‘lsa ham, yodgorliklar nashri bilan bog‘liq qator umumnazariy fikrlar ilgari surilganligi tufayli o‘zbek matnshunosligi uchun ham ilmiy ahamiyat kasb etadi. Monografiyaning yarim asr mobaynida uch marotaba nashr etilishi esa (1962, 1983, 2001) unga bo‘lgan ilmiy ehtiyojdan darak beradi.

N.Rahmonning rus matnshunosli­gi haqidagi mulohazalari tavsifiy xarakterda. Bundan tashqari, u bu sohada respublikamizda amalga oshirilgan ishlardan bexabarga o‘xshaydi. Masalan, u Sayfi Saroyining «Gulistoni bit-turkiy» asari nashrlari xususida yozadi: «O‘zbekistonda bu asarning ikki nashri — E.Fozilov va N.Davron amalga oshirgan nashrlari bor”. Vaholanki, O‘zbekistonda «Gulistoni bit-turkiy» uch marta(xrestomatiya, antologiyalarda berilgan parchalar bundan istisno) chop etilgan. Dastlab, E.Fozilov tomonidan akademik M. Oybek va matnshunos P.Shamsiyev tahriri ostida 1968 yili, 1973 yili esa yana E.Fozilov tomonidan Qutbning «Xusrav va Shirin» dostoni bilan birga turkiyshunos A.Bodrogligeti tahriri ostida “XIV asr Xorazm yodnomalari” kitobida qayta nashr qilingan. Har ikki nashr bo‘yicha respublikamiz va xorijda ancha taqrizlar e’lon qilindi(qarang: Akademik E. Fozilov. T., 2009, 50—52). Oradan bir qancha vaqt o‘tib asar adabiyotshunos N.Davron tomonidan 1986 yili ayrim qisqartirishlar bilan «Uch bulbul gulshani» kitobida chop qilindi. Ko‘rinib turibdiki, yodgorlik N.Rahmon aytganidek, ikki marta emas, balki uch marta nashr etilgan. Kezi kelganda shuni aytish kerakki, ilmiy xodim A. Eshonboboyevning «Gulistoni bit-turkiy»ning uch nashri» maqolasida joriy nashrlar manbashunoslik yunalishida tadqiq qilinib, matndagi ayrim noaniqliklar ko‘rsatilgan va bu ilmiy jamoatchilik to­monidan iliq kutib olingan edi. Shuningdek, biz tomonimizdan asarning faksimil nashri ham amalga oshirildi(qarang: E.I. Fozilov. Leydenskaya rukopis «Gulistani bi-t-turki i divan Sayfi Saroyi. T., 2007). Faksimil nashrning ilmiy qimmati shundaki, mutaxassislarga asliyat bilan tanishish imkoniyatini yaratib, nashrga tayyorlovchining ishini baholashda mezon bo‘la oladi.

Endi esa N.Rahmonning yodgorlik matni bo‘yicha «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida bizga bildirgan e’tirozlariga o‘taylik.

Mazkur maqolasida N.Rahmon yozadi:

«Yanag‘i mehrulara olma sotar.

Misraning mazmuni tushunarli: Yorning yonoqlari shunchalik qizilki, xuddi quyoshga qizil olmani sotmoqchi bo‘layotgandek, quyosh bilan bahslashayotgandek». (Mehrquyosh deb izoh beradi N.Rahmon.)

Axir, misrada mehr so‘zi yo‘q-ku! Bu yerda mehru so‘zi bor. Agar N.Rahmon kabi mehrulara so‘zini quyoshlarga deb tushuniladigan bo‘lsa mantiq butunlay buziladi. Axir, quyosh bitta-ku, yulduzlardek sonsiz-sanoqsiz emas-ku!

Gollandiyaning Leyden kutubxonasida saqlanayotgan dunyoga ma’lum bo‘lgan yakkayu-yagona qo‘lyozmada yuqoridagi misra quyidagi baytda kelgan:

Yangog‘i sayrulara olma sotar,

Dudog‘i dardiylarning darmonidur.

(Qo‘lyozma, 179b-sahifasi.)

Qulyozmadagi «sayru» — «xasta, dardli» ma’nosida kelgan. (Bu so‘z haqida qarang: A.Bogrogligeti, A.Four teen th Century Turkic Translation of Sa’dis Gulistan. Budapest, 1969, P. 370.) Mehru «quyosh» so‘zi qulyozma matnida yo‘q, bu so‘zni N.Rahmon ixtiro qilib, o‘zicha «izoh» ham bergan. Yuqoridagi misrada N.Rahmonning yana bir ixtirosi yanag‘ so‘zi bo‘lib, qo‘lyozmada bu kalima yangag‘(yangog‘) shaklida berilgan.

N.Rahmon yozadi:

«Ne yangoqkim mot etar toza gulni.

Misra mazmunini tushunishda hech qanday muammo yo‘qligi uchun sharhlamaymiz-da, shu baytni E.Fozilov qanday tushunganini ko‘ramiz:

Ne yangoqkim, mot otar(?) toza guli(?)».

Mazkur savollardan ko‘rinib turibdiki, N.Rahmon bu misrani ham jo‘n, primitiv tushungan, bundagi so‘zlar shaxmat o‘yinidagi motga aloqador emasligini xayoliga ham keltirmagan.

Qo‘lyozmada ushbu misra quyidagi baytda kelgan:

Ne yangoq kim mot otar toza guli,

Ne dudoq kim misriy shakar konidur.

(Qo‘lyozma, 179b-sahifa.)

Birinchi misradagi «mot otar», «toza guli» so‘z birikmalariga N. Rahmon hayratda qolgandek savollar qo‘yib chiqqan. Bu iboralar qadimgi Sharq va G‘arb lug‘atlarida ham biz ko‘rsatganimizdek o‘z aksini topgan.

Mot«qiyin, mushkul ahvol»(Perplexed: F.Steingass. Persian-English Dictionary. Beirut, 1892, P. 1136.); mot ot — «qiyin ahvolga solmoq; chorasiz qolmoq; umidini yo‘qqa chiqarmoq». Qo‘lyozmadan bevosita foydalanishgan akademik A.Bodrogligeti, professor A.F.Karamano‘g‘li, professor X.Usmanov, Z.Maqsudova va boshqalar ham aynan E.Fozilov o‘qiganidek keltirishgan. Professor N.Rahmon qo‘lyozmani o‘qiy olganida edi dunyodagi obro‘li olimlarning, shu sohadagi mutaxassislarning fikriga qo‘shilishi mumkin bo‘larmidi? Kadimgi obidalarda ot– yordamchi fe’l vazifasida ham kelgan va bu lug‘atlarda aks etgan: (q.: Klaus Rohrborn. Uigurisches Worterbuch. Wien — 1977; Drevnetyurkskiy slovar. L., 1969: sevinch ot-, chamat ot, qazg‘u ot v.h).

Yana bir kichik aniqlik kiritishni lozim topamiz. Yuqoridagi misrada kelgan «toza guli»ga N.Rahmon o‘zicha o‘zgartirish kiritgan, ya’ni «toza gulni» deb bergan. Sayfi Saroyi nihoyatda didli so‘z ustasi, zamona tilining mohir bilimdoni bo‘lgan. Shu sababli qo‘lyozmada «toza gulni» deb emas, «toza guli» deb bergan.

Chunki mutaxassislarning qayd etishicha, Sayfi Saroyi asarlari qipchoq-o‘g‘uz tilida yozilgan. Bu tilda tushum kelishigi qo‘shimchasi idir, buni hozirgi o‘zbek tilidagi -ni bilan almashtirish qo‘pol xatodir.

Nasim Rahmon yozadi:

«Qosha ko‘za aldanursa dag‘iylar.

Ya’ni «dag‘iylar» — boshqalar demoqchi ekani ma’lum. E.Fozilovda:

“Qosha, ko‘za aldanursa doiylar”.

N.Rahmonga bu o‘rinda ham qo‘lyozmani o‘qiy olmagani pand bergan. Chunki «dag‘iylar» so‘zi, umuman, Sayfi Saroyi asarlarida uchramaydi. Bu so‘z ham N.Rahmonning shaxsiy ixtirosidir. Qo‘lyozma matnida bu so‘z «doiylar»(do’iylar) — «duogo‘ylar, duo qiluvchilar» shaklida yozilgan(q:. A.Tietze, Sprach geschichthchts und Etymologisches Worterbuch des Turkei-Turkischen. Wien—2002, s. 665).

N.Rahmon yana bir mantiqsiz, mazmunsiz «tuzatish» kiritishga harakat qiladi:

«Taolalloh zihi surat, zihi mahbubi ruhoniy,

Kim oning husni shavqidin ko‘ngullar bo‘ldi nuroniy.

Baytning birinchi misrasidagi ruhoniyni E.Fozilov ravhoniy deb o‘qiganini hech ham anglab bo‘lmadi».

Buni anglash uchun, birinchidan, bayt mazmunini tushunish kerak, ikkinchidan, qo‘lyozmada kelgan shaklini ko‘rish va diqqat bilan o‘rganish kerak, uchinchidan, so‘zlarning ma’no, mag‘zini farqlash kerak.

Axir, mahbub va ruhoniy — «ruh-arvohga mansub, jismoniy bo‘lmagan” va mahbub va ravhoniy — «pok, sof, toza; pokdomon, iffatli, benuqson” so‘zlarining qaysilari o‘zaro bog‘liqligi, aloqadorligini sezish uchun ozgina Sharq she’riyatidan xabardor bo‘lish kerak. Bordiyu, bu xislatlar tabiatan yo‘q bo‘lsa, bu holatdan chiqish chorasi — yakkayu-yagona qo‘lyozmaga murojaat qilish kerak bo‘ladi. Bu baytdagi izofa qo‘lyozmada N.Rahmon ko‘rsatgan mahbubi ruhoniy emas, balki E.Fozilov keltirgan mahbubi ravhoniy yozilgan (Q.: F.Develli Oglu. Osmana — 4 Turkansiklopedik lugat, Ankara — 1962, ravhani s. 1067: ko‘ngulga farog‘at beruvchi, go‘zal, sarvqomat).

N.Rahmon maqolasida professor A.N. Najipni tilga olgan, ammo XIV — XV asrlarga bag‘ishlangan majmuasidagi manbalarda uni eslamagan. Bu bejiz emas. N.Rahmon o‘z majmuasidagi ko‘plab xato, g‘alizliklarni o‘zgalarga yuklamoqchi bo‘ladi. U maqolasining boshidan oxirigacha “Amir Najipda” birikmasini tez-tez ishlatadi. Vaholanki, professor Amir Najip Sayfi Saroyi asari matnini hech qachon chop etmagan.

Professor Amir Najip 1975 yili Olmaotada Sayfi Saroyi tiliga bag‘ishlagan ikki jildli tadqiqot e’lon qilgan. Ushbu kitobning ikkinchi jildining ilovasida «Guliston»ning sakkizinchi bobini arabcha va turkiy transkriptsiyada bergan. Mazkur tadqiqotda turkigo‘y shoirlar g‘azallaridan o‘rnaklar keltirilgan. N.Rahmon ushbu nashrdan foydalangandir. Ajablanarlisi shuki, u A.Najip tomonidan berilgan g‘azalni ham soxtalashtirgan. A.Najip tadqiqotida mehrulara emas, xuddi bizning nashrimizdek sayrulara; yanag‘ emas, yangag‘; toza gulni emas, toza guli; dag‘iylar emas, doiylar shakllarida berilgan. N.Rahmonni bunga nima majbur etdi ekan?! Arab yozuvidan xabardor mutaxassis Amir Najipning yo‘q nashriga emas, asar qo‘lyozmasiga murojaat qiladi.

«Mavlono so‘zini matnchi chala-yarim qilib Mavlo deb o‘qiganini ham tushunish qiyin», deb yozadi N.Rahmon. Shuni qayd etish kerakki, qo‘lyozma matnida bu so‘z ikki variantda Mavlo/Mavlono shakllarida qo‘llangan. Sayfi Saroyining Leyden qo‘lyozmasida (179g1) «Mavlo» shaklida berilgan. Ushbu so‘zning ikkala variantda kelishi juda ko‘p qo‘lyozmalarda qayd etilgan.

N.Rahmon qo‘lyozma matniga istaganicha o‘zgartirish kiritishni o‘ziga odat qilib olgan, bunda kotiblarni, matn mualliflarini saktalikda ham ayblashga harakat qilgan. Hatto bu kichik bir gazeta maqolasida ham Sayfi Saroyi qo‘lyozmasini buzib bergan. N.Rahmon yozadi: «Sa’diy «Gulistoni»ning forscha asl nusxasi uchinchi bobi 22-hikoyasi oxirida «Men aytdim» iborasi bor. Sayfi Saroyi tarjimasida “Xayolga Xoja Ishoq Xorazmiyning quyidagi hikmati kelur” degan jumladan keyin quyidagi to‘rtlik keltirilgan:

Tushib bir kun otindin, bu masalni

Badiha nazm etti Xoja Ishoq:

«Jahon sevgan kishining ko‘zlarini

Qanoat to‘ldirur yo o‘lsa tuproq».

Ushbu parchada ham N.Rahmon Sayfi Saroyi matnida yo‘q so‘z va jumlalarni adibniki deb keltirgan. Axir, «Guliston»ning forscha asl nusxasida qanday qilib turkiycha «Men aytdim» bo‘lishi mumkin.

Sayfi Saroyi qo‘lyozma matnida dunyoni kezgan bir tojir haqida hikoya qilingan: «Manga aytti» sen dag‘i so‘zlagil ko‘rganingdan, yo eshitkaningdan. Men ayttim: bir masali Xoja Ishoq Xorazmiydan yod tutarmen. Ayt­ti: aytqil! Ayttim: She’r:

Tushub bir kun otindan bu masalni

Badiha nazm etti Xoja Ishoq:

Jahon sevgan kishining ko‘zlarini

Qanoat to‘ldirur yo o‘lsa tuproq.

(92v 12-13, 93g 1-5).

Taaccufki, N.Rahmon O‘zbekistonning o‘tgan acr 60-yillaridagi matnshunosligi va o‘sha davrda chop etilgan kitoblarga baho berishda yetarli bilim va malakaga ega emacligini ko‘rsatadi.

Ergash Fozilov,

O‘zFA haqiqiy a’zosi, filologiya fanlari doktori.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 25-sonidan olindi.