Abdujabbor Yahyoyev. Ulug‘ shoirning me’moriy merosi (2011)

Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy yashagan davr va madaniy muhit Movarounnahr va Xuroson ma’naviy hayotida muhim o‘rin tutgan. Bu davrda madaniyat va san’at ravnaq topgan. Hirotda Shohruh, Samarqandda Ulug‘bek rivojlantirgan Temuriylar memorchiligi an’analari XV asrning ikkinchi yarmiga kelib, Husayn Boyqaro zamonasida, Navoiyning davlat arbobi sifatidagi faoliyati davrida yanada yuksaldi.

Alisher Navoiy Samarqandda tahsil olgan vaqtlarida Temuriylar davri me’morchiligining shoh asarlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, ulardan hayratlangan. Temur va Ulug‘bekning mahobatli binolari, Registon maydonidagi Ulug‘bek madrasasi, Amir Temur jome masjidi, Bibixonim madrasasi, Shohizinda majmualari shoir qalbidan joy olgan. Navoiy bu shaharni “Samarqandi firdavsmonand” deb ta’riflashi bejiz emas. 1465 yili Samarqandga kelib to‘rt yil davomida Ulug‘bek, Fazlulloh Abullays, Ahmad Hojibek madrasalarida astranomiya, matematika, muhandislik, hikmati nujumdan saboq olgan edi. Ulug‘bek rasadxonasini ziyorat qilib, uni “Jahon ichra yana bir osmon” deya ta’riflagan.

Samarqand va Movarounnahrning mahobatli obidalari, bir-biridan ko‘rkam bog‘ va saroylari Husayn Boyqaro saltanatida vazirlik vazifasida ishlayotgan shoirni bunyodkorlikka ilhomlantirgan bo‘lsa ajab emas. So‘nggi Temuriylardan biri bo‘lgan Husayn Boyqaro ham ulkan binolar qurilishiga jazm etgan. Uning bunday ishlarga qo‘l urishida, asosan, bosh vazir Alisher Navoiyning xizmati katta edi. Navoiy butun kuch-g‘ayratini xalqqa, el-yurtga xizmat qiladigan inshootlar bunyod etishga qaratgan.

Navoiyning memorchilikka doir faoliyati ko‘p qirralidir. Avval qurilgan muhtasham binolarni zamona talablariga moslab ta’mirlash, masjidu xonaqolar qurish, saltanatning turli hududlaridan kelgan savdogarlar, sayyohlar, darveshlar qo‘nim topadigan rabotlarni, ko‘prik va sug‘orish inshootlari, xalq salomatligi yo‘lida shifoxonalar, hammomlar qurish, bog‘ va ko‘shklar barpo etish shular jumlasidandir.

Ulug‘ shoir va davlat arbobining me’moriy obidalar ta’miriga boshchilik qilgan yirik ishlaridan biri Hirotdagi Jome masjididir. Xondamirning “Xulosat ul-ahbor” asarida Hirot shahridagi Jome masjidining toqisi va maqsurasi Husayn Boyqaro davrida bo‘lib o‘tgan zilzila natijasida shikastlangani haqida ma’lumot keltirilgan. Amir Alisher Navoiy ana shu binoni qayta ta’mirlashdek mas’uliyatli va o‘ta murakkab ishga “xayru saxovatli binokor” sifatida bel bog‘laydi, “sharofatli masjid” binosini yangilash va o‘sha oliy namozgoh asoslarini mustahkamlash ishini jadallashtirishga asosiy e’tiborini qaratadi. Uch-to‘rt yilga mo‘ljallangan ish olti oyda nihoyasiga yetkazildi, deb yozadi Xondamir. Masjidning bezak ishlarini mashhur Mirak Naqqosh boshchiligidagi usta-hunarmandlar bajarganlar. Uni bitirgan va bezagan ustalar soni qariyb yuztaga borgan. 1500 yil 16 mart kuni Jome masjidining qayta tiklanishi munosabati bilan “tovfiq va tadbir egasi amir Alisher” yurtga katta osh berib, ziyofat vaqtida imorat qurilishida ishtirok etgan ustalarga qimmatli sovg‘alar taqdim etadi.

Alisher Navoiy me’morchilik sohasidagi ta’mirlash ishlarini Xurosonning ko‘plab shahar va qishloqlarida ham olib bordi. Manbalarda 12 ta masjidni qayta tuzattirgani, mashhur Qobus minorasini, Aslon-joziba rabotini qayta ta’mirlagani haqida ma’lumotlar keltiriladi. Shuningdek, aholi turarjoylari, ko‘priklar, ariqlarni tuzatishga va boshqa xayrli ishlarga o‘z mablag‘idan sarflagan. Mirzo Muhammad Haydarning “Tarixi Rashidiy” risolasida ko‘rsatilishicha, “Alisherbekning har yilgi daromadi o‘n sakkiz ming “shohruhiya” dinorni tashkil qilib, u bu mablag‘ning barchasini xayrli ishlar evaziga sarf qilgan”.

Mutafakkirning memorchilikka doir qarashlarida oddiy fuqarolar manfaati bilan birga Naqshbandiya tariqati yoki darveshlarning suluk yo‘lidagi haqiqatga erishish harakatlariga hissa qo‘shish maqsadi ham bo‘lgan. Xondamir o‘zining “Makorim ul-axloq” asarida bu haqda shunday yozadi: “…bu karomat egasi Amir mansabdorlik kunlarida, fuqaro va darveshlarning farovonligi, g‘arib va musofirlarning farog‘ati uchun Xuroson atroflarida ko‘p miqdorda xonaqoh, rabot, hovuz va hammom qurgan”.

XV asrning ikkinchi yarmidan Alisher Navoiy butun Xuroson bo‘ylab karvonsaroy-rabotlar qurdirgan, buzilganlarini esa ta’mirlab tuzattirgan. Shulardan biri Hirot atrofidagi Moro‘choq degan yerga olib boradigan qadimiy karvon yo‘l bo‘yida Qo‘shrabot (yoki Moro‘choq raboti) yarim vayrona holda saqlanib qolgan. Mahalliy aholi uni Alisher Navoiy tomonidan qurilgan deb biladi. Navoiy Afg‘oniston, Eron, Turkiston hududlarining katta qismi tarkibida bo‘lgan Husayn Boyqaro saltanatining chekka o‘lkalarida ham ko‘plab karvonsaroy-rabotlar qurgan.

Ingliz olimi D.S.Trimingem “Sufiyskiye ordena v islame” (M.1989) asarida Navoiy 90 ta rabot qurdirgan deb ko‘rsatib o‘tadi. Navoiy qurdirgan xonaqohlarda o‘tkazilgan tadbirlar haqidagi ma’lumotlar ham qiziqish uyg‘otadi. Xondamirning yozishicha, “Xalosiya” xonaqosida, “Ixlosiya” madrasasida har kuni mingdan ortiq zaif va miskinlarga dasturxon yozilib, ular laziz taomlar bilan to‘ydirilgan. Har yili muhtojlarga kiyim-bosh ulashilgan.

Navoiyning bunyodkorlik faoliyatidagi savobli ishlardan yana biri jamoat shifoxonalari va hammomlar me’morchiligidir. Markaziy Osiyoda shifoxona va hammomlar qurilishiga azaldan katta e’tibor berilgan. Bu turdagi inshootlarga oid ma’lumotlar IX-X asrlarga taalluqli. Jamoat shifoxonalari qurilishi Sharqning nufuzli shaharlarida doimo rivojlanib, davom etib kelgan. Manbalarga qaraganda, Samarqand, Marv, Buxoro, Ko‘hna Urganch, Hirot, G‘azna, Ray, Bag‘dod, Hamadon, Isfaxon kabi shaharlarda bunday binolar son-sanoqsiz bo‘lgan.

Hirot Jome masjidining janubida Navoiy tomonidan bunyod etilgan muhtasham binolar majmuasi tarkibida “Shifoiya” inshooti ham shifoxona, ham talabalar uchun tibbiy bilim maskani bo‘lib xizmat qilgan. Shifoxona qarshisida “Safoiya” hammomi qurdirilgan, uning oldida hovuz qazdirilib, xarsang toshlar bilan mustahkamlagan.

O‘rta asrlarda hammomlar faqat yuvinish uchun emas, balki tibbiy-gigiyenik maqsadlarga xizmat qiladigan uslubda bunyod etilgan. Shuningdek, hammomlar tarkibida hordiq chiqarish, dam olish, uchrashuv uchun mo‘ljallangan alohida xonalar mavjud bo‘lgan.

Xuroson shaharlarida Movarounnahr shaharlariga nisbatan suv tanqis bo‘lgani sababli, Navoiy hovuz, sardoba, yaxtanglar (muz saqlanadigan inshoot) qurishga ham e’tibor bergan, ko‘plab hovuzlar qurdirgan, ko‘prik va to‘g‘onlar bunyod etilgan. Ularning ayrimlari tosh, marmardan qilingan. Bu turdagi inshootlar haqida to‘liq tasavvur hosil qilish uchun Buxoro shahridagi atrofi tosh bilan terilgan to‘rt, sakkiz qirrali hovuzlarni, Qarshidagi qadimiy ko‘priklarning memoriy ko‘rinishini eslash kifoya.

Navoiy Xurosonda bir qancha buloqlar ochtirib, kanallar qazdiradi, ariq oldirib suv chiqaradi. Ulug‘ shoir bog‘ tuzish san’atidan, bog‘ me’morchiligi uslublaridan yaxshi xabardor bo‘lib, ko‘p yerlarda bog‘ tashkil etgan, bog‘ ko‘shklari qurdirgan. Albatta, bu bog‘lardagi inshootlar Amir Temur va Ulug‘bek yaratgan bog‘ va saroylardek, faqat aslzoda va hukmdorlar sulolasi uchun emas, balki oddiy fuqarolarning ham dam olishiga mo‘ljallangan xiyobon va chorbog‘lar bo‘lgan.

Alisher Navoiy davri me’morchiligi haqida tarixchilar keltirgan ayrim ma’lumotlarning o‘ziyoq buyuk shoir va davlat arbobining bunyodkorlik sohasida olib borgan ishlari ko‘lami keng va turli-tumanligini yaqqol ko‘rsatadi. Yuqorida aytilganlar Navoiy qurdirgan inshootlarning faqat bir qismi xolos. Alisher Navoiyning Xuroson — hozirgi Afg‘oniston, Janubiy Turkmaniston, Sharqiy-shimoliy Eron hududlarida hozircha aniqlanmagan yana ko‘plab obidalari mavjudligiga shubha yo‘q.

Abdujabbor Yahyoyev,

arxitektor

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 7-sonidan olindi.