Alisher Navoiy debochalari dasturiy mohiyatga ega asarlardir. Shoirning lirik kulliyotlari uchun yozilgan ikkita debochasi mavjud. Ular birinchi rasmiy devon — «Badoye ul-bidoya»ga va to‘rt mustaqil devondan tashkil topgan mukammal lirik kulliyot — «Xazoyin ul-maoniy»ga yozilgan debochalardir. «Xazoyin ul-maoniy» debochasi uning birinchi devoni hisoblanmish «G‘aroyib us-sig‘ar» devoni avvalidan o‘rin olgan. Alisher Navoiy «Mukammal asarlar to‘plami» (bundan keyingi o‘rinlarda «MAT»^deb yuritiladi) debocha matnidan boshlanadi. Agar «MAT» nashrining matniy xususiyatlari tahlil va tadqiq etiladigan bo‘lsa, ishni debochadan boshlash lozim ko‘rinadi. Ayniqsa, Alisher Navoiy asarlarining «MAT»dan-da mukammal, akademik nashrlarini yaratish tadorigi ko‘riladigan bo‘lsa, matn islohi ham, shubhasiz, debochadan boshlanishi muqarrar. Zotan, «MAT» nashridagi debochalarda islohtalab matniy notugalliklar anchagina.
Navoiy debochalari nashridagi nuqsonlarni bir necha toifaga ajratib tahlil etish mumkin. Jumladan, Navoiyning nasriy uslubiga putur yetkazgan, debochalarning badiiy san’at asari sifatidagi qimmatiga rahna solgan, debocha matnining til xususiyatlarini o‘zgartirgan va hokazo turdagi qusurlar.
Debochalar matnida Navoiyning nasriy jumlalari to‘liq aks etmagan holat yo‘q emas. «G‘aroyib us-sig‘ar» debochasidagi mana bu gap fikrimizning dalilidir: «Chun ul ta’rixdin muddate o‘ttiyu ul vaqtdin fursate arog‘a kirdi, falak havodisining ul qattig‘ esadurgon sarsari taskin tutti va ul ranju tashvirdin yillar ranjurliq tortqan tandek, balki jonidin mahjur qolg‘an badandek chiqtim, nabzimg‘a harakat ma’dumu nafasimning kirar-chiqari noma’lum, tanim o‘n qatla andin zaifroqkim nol va ko‘nglum bir zamon o‘z holida bo‘lsa, yana o‘n soat behol». Navoiyning Husayn Boyqaro topshirig‘i asosida shu damgacha parishon va parokanda holatda bo‘lgan barcha she’rlarini jamlash hamda «Xazoyin ul-maoniy»dek murakkab kulliyotni yaratish chog‘idagi ahvoli ruhiyasini tasvirlovchi ushbu jumlaning o‘rtasidan («va» bog‘lovchisi hamda «ul» olmoshi oralig‘ida) quyidagi parcha nashrda tushib qolgan: «… ul sarsar oshubidin ashkim daryosining anjum yuziga toponchalar uradurg‘on ko‘loki orom tutti…». Albatta, shu parcha o‘rni bo‘sh qolmaganida, jumla shakl va mazmun jihatidan tugal bo‘lardi. Ushbu ishtibohning kelib chiqishiga sabab shuki, matnda «ul» olmoshining takrorlanib kelishi va «taskin topti» hamda «orom tutti» ma’nodosh fe’llarining mavjudligi matn ko‘chiruvchi bilan birga noshirlarni ham adashtirgan. Oqibatda, «MAT»da ikki ma’nodosh fe’ldan yangi «taskin tutti» fe’li hosil bo‘lib qolgan. Beixtiyor hosil qilingan bu «aldamchi» fe’l nashr jarayonida matn necha qayta o‘qilsa ham, xatoni ko‘zdan qochirgan.
Navoiy debochalari mutafakkirning adabiyot va badiiyat haqidagi fikr-g‘oyalari, ilmiy-nazariy tahlil hamda umumlashmalari mujassamlashganligi bilangina emas, balki matn uslubi rang-barang badiiy usullar vositasida ziynatlanganligi bilan ham badiiy san’at namunalaridir. Nashr jarayonida ularning birortasi zarar ko‘rsa, bamisoli kulollik yo chinivorlik san’ati namunalarining bir nozik qirrasi yoki bezagi singani singari, ushbu asarlarning badiiy qimmatiga rahna yetadi.
Matnga begona so‘zning qo‘shilib qolishi ham uning san’atkorona qimmatini pasaytiradi. Shunday holatga «Badoye ul-bidoya» debochasidan dalil:
Olib yuz barqdin sur’at samandi,
Yangi oy ul oy samandi siynabandi.
Ikkinchi misrada «oy» so‘zining ortiqcha takrorlanishi baytning vaznini ham buzgan, go‘zal mazmuniga ham putur yetkazgan.
Debochalar badiiyatida saj’ san’ati yetakchilik qiladi. Debocha matni qofiyali nasr tizmasidan iborat, desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki Navoiy nasrida birorta sajsiz jumlani topish qiyin. Sajli jumlalarda qofiyalar zanjiriy butunlikda ifodalansagina, u mazmunga zebu ziynat, musiqiy ohangdorlik bag‘ishlay oladi. Agar qofiya zanjiri biror nuqtada uzilib qolsa yoki uning biror halqasi tushirib qoldirilsa, shubhasiz, badiiy barkamollik saktalikka duchor bo‘ladi. Afsuski, debocha nashrida shunday hodisalar uchraydi.
«Bu hamdi mazkur va sanoyi masturg‘a ko‘ngul moyil va til qoyil bo‘lub, ko‘ngulga orom va tilga kom yetishmagay, to risolat burjining munir axtari va nubuvvat durjining samin gavhari va «mo yantiqu an-il-havo» taronasining mushorun ilayhi va «in huva illo vahyun yuho» xazonasining mu’tamadun alayhi va «ana amlahu» durudining mutakallimi na’tining tuhfasi anga vosita va durudining hadiyasi anga vasila bo‘lmag‘ay».
«Badoye ul-bidoya» debochasidagi saj’ san’ati asosiga qurilgan ushbu jumlada 11ta qofiya qo‘llangan, 22ta qofiyadosh so‘z ishlatilgan. Ular quyidagi lug‘aviy birliklardan tashkil topgan: mazkur-mastur, moyil-qoyil, orom-kom, burj-durj, axtar-gavhar, tarona-xazona, ilayh-alayh, afsah-amlah, surud-durud, mutarannim- mutakallim, vosita-vosila. Ko‘rinib turibdiki, marjonday tizilgan saj’ silsilasining so‘nggi halqasiga nashr jarayonida putur yetgan. Bu «vosila» so‘zining qofiyadoshini «vasila» shaklida yozish oqibatida yuz bergan. Bir qarashda, mazmunga zarar yetmagandek ko‘rinadi. Biroq birgina tovushdoshlikning yo‘qolishi badiiy mukammallikka rahna solgan.
«Badoye ul-bidoya» debochasi «Fasohat devonining g‘azalsarolari» iborasi bilan boshlanadi. «G‘azalsaro» so‘zi «MAT» nashrida «g‘azalsaroy» shaklida berilgan. Bu — ishtibohli hol. Bunda «saro» so‘zi navoiyxon nigohida hozirgi adabiy tilimizdagi makon ma’nosini bildiruvchi «saroy» so‘zi bilan chalkashtirilgan bo‘ladi. «G‘azalsaroy» so‘zidan «g‘azalning saroyi» degan absurd ma’no chiqadi. Holbuki, so‘z san’ati olamida bunday tushuncha yo‘q. «G‘azalsaro» so‘zi hozirgi adabiy tilimizdagi «motamsaro», «g‘urbatsaro» so‘zlariga shaklan o‘xshashdir. Ushbu qo‘shma so‘z tarkibidagi ikkinchi so‘z fors tilidagi «saroidan» — «kuylamoq» fe’lining hozirgi zamon o‘zagi «saro» — «kuyla»dan olingandir. «G‘azalsaro» — gazal aytuvchi, g‘azalgo‘y, gazalnavis, g‘azal yozuvchi, g‘azal peshqadami kabi ma’nolarni anglatadi.
«Y» harfini ortiqcha qo‘llash qusuri boshqa qator so‘zlar amaliyotida ham kuzatiladi.
Shafi’ etkil oni jovid, ilohiy,
Meni ham qo‘ymag‘il navmid, ilohiy.
Mazkur baytda so‘zning «ilohi» shaklini qo‘llagan ma’qul edi. Eski o‘zbek yozuvida so‘zning oxiri «yo» bilan tugashi hozirgi yozuvda ham uni hamma vaqt «iy» yoki «y» bilan yakunlash lozimligini bildirmaydi. Agar misralar oxiridagi so‘z sifat bo‘lsa, uning nashrdagidek yozilishi to‘gri bo‘lardi. Holbuki, bu o‘rinda «ilohi» so‘zi ot so‘z turkumiga mansub va u Ollohga murojaat ma’nosini anglatib, undalma vazifasida kelgan. So‘zni bu o‘rinda faqatgina «ilohi» emas, balki «iloho» shaklida tabdil etish ham mumkin. Ushbu so‘z «Munojot» asarida necha marta kelgan bo‘lsa, hamma o‘rinda «ilohi» yozilgani ham (MAT, 16-jild) fikrimizni tasdiqlaydi.
Butun o‘zbek mumtoz adabiyotidagi singari, Alisher Navoiy ijodiyotida ham forsiy izofa faol qo‘llanadi. U ikki so‘z o‘rtasida kelib, qaratqich-qaralmish munosabatlarini ifodalovchi «-i» qo‘shimchasidir. Izofa bilan birga izofa zanjiri, degan tushuncha ham bor. Izofaning bir necha — ikki va undan ortiq so‘zlarda uyushib kelishi izofa zanjiri deyiladi. Mumtoz matnlar tabdilida izofanigina emas, izofa zanjirini ham tushunmaslik oqibatida tushirib qoldirish holatlari ko‘p uchraydi. Masalan, «Badoye ul-bidoya» devoni debochasidagi bir jumla tarkibida izofa zanjiri quyidagicha buzilgan: «…husn xaylin gulbargi uzor bog‘i va nargisi bemor charog‘i…». Asli, bu parcha quyidagicha yozilsa, to‘g‘ri bo‘lardi: «…husn xaylin gulbargi uzori bog‘i va nargisi bemori charog‘i…». Unda ikkita izofa zanjiri bor: 1. «gulbargi uzori bog‘i». Uni hozirgi o‘zbek tiliga o‘giradigan bo‘lsak, «yorning jamolining bog‘ining gulbargi, degan ma’no va qaratqich kelishigi qo‘shimchalari uyushgan qaratqichli zanjir kelib chiqadi. 2. «nargisi bemori charog‘i». Buni hozirgi o‘zbek tiliga o‘giradigan bo‘lsak, «yorning kasalmand ko‘zlarining nuri», degan qaratqichli zanjir kelib chiqadi. Biroq nashrda izofa zanjiri boy berilgan matndan shunday mazmun chiqmaydi-da.
Matnshunos bo‘lish uchun eski o‘zbek yozuvidagi matnlarni o‘qiy olish layoqatining o‘zi yetarli emas. Matnchi, albatta, adabiyotshunos ham bo‘lishi, mumtoz matn ustida izlanar ekan, badiiy adabiyotning sehru sinoatini chuqur his qilgan holda ishlashi lozim. Bo‘lmasa, matndagi nozik badiiy usullar nazaridan chetda qolib ketaveradi. Xususan, badiiy nasr tadqiqida matnchi har bir jumlada saj’ san’ati yashiringan bo‘lishi mumkinligidan boxabar turishi talab etiladi. «G‘aroyib us-sig‘ar» devoni debochasining «MAT» nashri shunday boshlanadi: “Shukru sipos ul qodirg‘akim, chun adam osoyishgohidin vujud oroyishi ogohlarig‘a jilva berdi…». Matnda saj’ borligini his qilmagan matnchi «osoyishgoh» so‘zining qofiyadoshi «oroyishgoh»ni «oroyishi ogoh» deb o‘qigan. Agar u sajni his qilganida, bunday xatoga aslo yo‘l qo‘ymagan bo‘lardi.
Navoiy debochalari tilida shunday so‘zlar borki, ular turli matnshunoslarimiz tomonidan turlicha yozib va chop etib kelinmoqda. Quyidagi so‘zlar shular jumlasidandir: fihrast – fehrast, shafi’ – shafe, voqi’ – voqe, vasi’ – vase, rafi’ – rafe, zoyi’ – zoye, lomi’ – lome, moni’ – mone, shoyi’ -shoye, tobi’ – tobe, vaqoyi’ – vaqoye, shohiki – shoheki, baniy odam – bani odam, odamiyzod – odamizod, savdoyiy – savdoyi, boyiriy – boyri, turlug – turluk, ma’dilat – ma’dalat, ihson – ehson, rifohiyat – rafohiyat, ma’rifatomiz -ma’rifatomez, mav’izatangiz – mav’izatangez, saodatomiz – saodatomez, hayratangiz – hayratangez, shavqangiz – shavqangez, otashangiz – otashangez, fitnaangiz – fitnaangez, ubnu-s-sulton – ibnus-sulton, xoqonu-bnu-l-xoqon – xoqon ibn ul-xoqon, ho‘yyu – ho‘yu, siytu sado – saytu sado. Ushbu so‘zlarni qanday qilib to‘g‘ri va bir xil ifodalashni ilmiy asoslarda kelishib olishimiz kerak. Zotan, bu muammo Navoiyning boshqa asarlari matnida ham mavjud. Bizningcha, quyidagi qoidalarga binoan ish tutish maqsadga muvofiqdir. 1.Matndan ko‘zlangan maqsad va mazmunning yuzaga chiqishiga rahna solmaydigan shaklni tanlash. 2. So‘zlarning hozirgi adabiy tildagi ko‘rinishlariga yaqinroq shakllarini qo‘llagan ma’qul. Shunda ularni tushunish zamonaviy kitobxon uchun qulayroq bo‘ladi. Masalan, yuqorida keltirilgan so‘zlarning ikkinchi variantlaridan quyidagilari hozirgi adabiy tilimizdagi shakllari bilan aynan bir xil: shafe, voqe, zoye, mone, tobe, baniodam, savdoyi, ehson. Bularni 1976 yili «FAN» nashriyotida chop etilgan «O‘zbek tilining imlo lug‘ati» va «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»dan ko‘rib bilish mumkin. Bunday so‘zlarni ortiqcha murakkablashtirishning aslo hojati yo‘q. 3. So‘zlarning hozirgi imlodagi nashrlarda xato chop etilishiga mumkin qadar imkon bermaydigan shakllarini ishlatish o‘rinli bo‘lardi. Masalan, vaqoyi’, odamiyzod, ubnu-s-sulton so‘z shakllarida xato o‘tishi imkoniyati ko‘proq. Vaqoye, odamizod, ibn us-sulton variantlarida xatoga yo‘l qo‘yish ehtimoli kamroq. 4. So‘zlarning hozirgi adabiy tilimizdagi ayrim so‘z qo‘shimchalariga shaklan uyqashligi bilan chalkashlik tug‘diradigan qo‘shimchali shakllaridan saqlanish to‘g‘ri bo‘lardi. Masalan, hayratangiz, shavqangiz, otashangiz, fitnaangiz so‘z variantlari qo‘shimchalari hozirgi adabiy tilimizdagi vazifangiz, tanangiz, natijangiz kabi so‘z qo‘shimchalariga shaklan uyqash, mazmunan o‘zgachadir. Ana shu uyqashlik mumtoz so‘zni farqlash, to‘g‘ri tushunish, to‘g‘ri yozishda chalkashlik tug‘dirmasligi uchun hayratangez, shavqangez, otashangez, fitnaangez variantlarini qo‘llash ishtibohning oldini oladi. Zotan, ushbu forsiy so‘zlar asliyatda ham shunday yoziladi. Arab yozuvida esa so‘zlar variantlikka ega emas.
Demak, yuqoridagi nuqsonlarning bartaraf etilishi Alisher Navoiy debochalari matni zamonaviy nashrlarda mukamallashuvining muhim omilidir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 12-sonidan olindi.