Erkin Musurmonov. Mashrabning umrini qisqartirishga hojat yo‘q (2011)

Adabiyotshunoslik ilmida Rahimbobo Mashrabning tug‘ilgan yili masalasida ma’lum to‘xtamga kelingan edi. Shoirning tavalludi 1640 yil, deb belgilanib, shu asosda shoirning 350 yilligi o‘tgan asrning 90-yillari nishonlangandi. Biroq keyingi yillar bu masalaga yana qaytilib, shoirning tug‘ilgan yili sanasi turlicha (1653, 1657 yillar) ko‘rsatilayotir. Jumladan, Mashrab she’rlarining tolmas tadqiqotchisi Jaloliddin Yusupov 2006 yil nashrga tayyorlagan Mashrab «Devoni»ga kirgan “Uni devonai Mashrab derlar” maqolasida yozadi: “Maleho Samarqandiy “Muzakkir ul-ashob” nomli tazkirasida Rahimbobo Mashrab bilan Samarqandda ikki daf’a uchrashganligini, birinchi marta shoirni o‘spirinlik, ya’ni soqol-mo‘ylabi endi chiqa boshlaganida va ikkinchisi Samarqandga qalandar libosida, sochu soqoli barq urib o‘sgan bir davrda kirib kelganini so‘zlaydilar. Uning “moro” radifli forsiyda yozilgan she’ri namuna qilib keltiriladi. “Muzakkir ul-ashob”ning 1688 – 1692 yillar orasida yozilganligini nazarda tutsak, Malehoning Mashrab bilan ilk uchrashuvlari 1672 yilda, ikkinchi topqir uchrashuvlari esa 1690 yilda sodir bo‘lgan. Yana bir dalil shuki, Ishoq Bog‘istoniy o‘zining “Tazkirai qalandaron” asarida “Hazrati Shoh Mashrab mavtlari ayyominda umrlaridin 58 sana kechub erdi”, deydilar. Filologiya fanlari nomzodi Muhsin Zokirov dalil keltirgan ushbu tazkirani ko‘rgan emasman. G‘olibo bu fikr to‘g‘ri ko‘rinadi… Bundan chiqadiki, shoh Mashrabning hayot yo‘llari shunday: 1653 — 1711” (Mashrab, “Devon”, Nashrga tayyorlovchi: Jaloliddin Yusufiy. “Yangi asr avlodi”. T. , 2006 yil).

1990 yili «Sharq yulduzi» jurnalida M. Zokirov nashrga tayyorlagan «Tazkirai qalandaron» nomli asar qisqartirilgan holda nashr etildi. Asar tazkira deb nomlansa ham, lekin tuzilishi jihatidan tazkirachilik andozalariga javob bermaydi. Asar sodda tilda (qayta tahrir qilingandek) yozilgan. Uning o‘n bir bobi Mashrabning hayoti va ijodiga bag‘ishlangani haqida gapiriladi-yu, lekin jamoatchilikka faqat besh lavhasi havola qilinadi, qolgan qismlari nega e’lon qilinmagani haqida biror sabab bildirilmaydi. Shuningdek, noshir qo‘lyozma egasi Odilxon Zobir o‘g‘li ko‘lyozmani sotmagani, uni o‘z huzurida ko‘rib chiqishga ruxsat berganini aytadi, lekin M. Zokirov asarni yo ko‘chirib, yo fotonusxasini olgan-olmagani haqida ham aniq fikr bildirmaydi. Bu xil noaniqliklar esa turli tadqiqodchilar tomonidan haqli ravishda e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

Mavjudligi noma’lum bo‘lgan “Tazkirai qalandaron” asaridagi ma’lumotlar (xususan, shoir tug‘ilgan yili masalasida ham) to‘g‘ri bo‘lsa, nima uchundir Muhsin Zokirov o‘zining “kashfiyoti”ga o‘zi ishonmay, Mashrab tavalludi sanasini bir necha marta, bir-biriga zid tarzda keltiradi. Jumladan, u 1966 yil e’lon qilgan «Mashrab» adabiy-tanqidiy ocherkida «Shu tariqa shoirni 1657-58 yillarda tug‘ilgan deb aniq aytish mumkin», deydi. Biroq bu ma’lumot to‘rt sahifa o‘tgach, quyidagicha o‘zgaradi: «U (Mashrab — E.M.) taxminan 24-25 yoshlarida, ya’ni 1670-1671 yillarda Kashg‘arga boradi», deb o‘zining ma’lumotiga qarshi chiqadi. Chunki oddiy arifmetika bo‘yicha (1670-24=1646) bu sana 1646 yilga to‘g‘ri keladi. M. Zokirovning 1990 yili e’lon qilingan «Men ham inson naslidan» maqolasida, bu sana yana bir karra o‘zgaradi, unda «Mashrab shahid bo‘lganda 70 yoshlardan oshgan edi. Xulosa, 1640-41 yillar uning tavallud yiliga to‘g‘ri keladi», degan uchinchi xil, ammo haqqoniy sanani keltiradi. M. Zokirovning o‘zi ishonmagan “Tazkirai qalandaron” asariga va undagi ma’lumotga J.Yusupov ham asoslanishga botinolmay, o‘rinli ravishda “ushbu tazkirani ko‘rgan emasman”, deb bu ma’lumotlarning haqqoniyligiga shubha qiladi. Darhaqiqat, shubhali, bor-yo‘qligi noma’lum asardagi ma’lumotga asoslanish to‘g‘ri emas.

J. Yusupov asoslanayotgan Maleho Samarqandiyning “Muzakkir ul-ashob” tazkirasida keltirilganidek, Rahimbobo Samarqandga ikki marta kelgan, birinchi marta kelganida Mashrabning soqol-mo‘ylabi endi sabza urayotgan bo‘lgan. J. Yusupovning keltirishicha, Mashrab bilan Maleho shu vaqtda, ya’ni tadqiqotchi belgilagan 1672 yili uchrashgan ekan. Endi A. Fitratning mazkur ma’lumotiga ahamiyat bering: “Maleho o‘zining asl tazkirasini hijriy 1101 (mil. 1689)-nchi yilda bitirgan. Asl tazkirada Mashrab haqida hech narsa yozmaydilar. Ikki yil so‘ngra, 1103/1691da, tazkiraga bir ilova yozg‘on, tazkira bitkandan keyin ko‘rishkanlaridan shul ilovada ma’lumot beradir”. (Fitrat A.Mashrab //Ilmiy fikr. 1930. №1 Qayta nashri://Yosh leninchi. 1991,29 iyun). Anglashiladiki, Maleho 1689 yilgacha Mashrab haqida hech qanday xabar bermagan! Mashrab haqidagi ma’lumot keyinchalik paydo bo‘lgandan so‘ng, u ilova tarzida 1691 yilda tazkiraga kiritilmoqda. Fitrat Mashrabning navbatdagi marta Samarqandga kelish sanasini belgilashda ham ehtiyot bo‘ladi: “Malehoning rivoyatiga ko‘ra, Mashrab Namanganga 7 – 8 yil turg‘ondan keyin (ba’d az sohibi mahosin shudan) Samarqandga kelg‘on. Onda bir muddat qolg‘on. So‘ngra Namanganga qaytib, ondin Qashqar, Badaxshon, Balx shaharlariga borg‘on va shu safardan unga “pishiqliklar” hosil bo‘lg‘on, ya’ni she’r va tasavvuf kishisi bo‘lib, qalandar qiyofasida yana Samarqandga qaytg‘on. Maleho bu Samarqandga qaytishning qaysi yilda ekanini ochiq ko‘rsatmaydir. Shunday bo‘lsa ham, ba’zi 1689–91-lar orasida bo‘lg‘onin gumon qilish mumkin”.

Endi, tabiiyki, savol tug‘iladi: qaysi manbaga asoslanib domla J. Yusupov “Malehoning Mashrab bilan ilk uchrashuvlari 1672 yilda … sodir bo‘lgan”, degan ma’lumotni keltirmoqdalar? Hech bir asossiz keltirilayotgan shu birgina sanaga ishonib Mashrabning tug‘ilgan yili sanasini 1640 yildan 1653 yilga o‘zgartirishdan qanday maqsad ko‘zlanmoqda? Afsuski, bu bizga qorong‘i. Akademik V. Abdullayev, N. Likoshin, A. Abdug‘afurov, I. Abdullayev, Sh. Zunnunlar Mashrab 1640 yilda tug‘ilgan, degan fikrni ilgari suradi. Zaynal Rizayev Muhsin Zokirov kabi bu yillarni aniqlashda bir necha xil sanani ko‘rsatadi. Z. Rizayev 1963 yil e’lon qilgan «Mashrab haqida yangi ma’lumotlar» maqolasida shoir yashagan davr 1670 — 1711 yillar deb, 1966 yil nashr etgan «O Mashrabe i yego posledovatelyax» (Mashrab va uning izdoshlari) maqolasida bu sanani 1636 — 1664 yillar, deb o‘zgartiradi. Tadqiqotchining so‘nggi ma’lumoti bo‘yicha Mashrab 28 yil umr ko‘rgan bo‘lib chiqadi. Xo‘sh, bu ma’lumotlarning qaysi biriga ishonish mumkin? Bizningcha, shoir tavalludining 1640 yil, deb belgilangani har jihatdan to‘g‘ri va asosli. Fikrimizni quyidagilar bilan izohlaymiz:

1.Ta’kidlaganimizdek, o‘tmishda yaratilgan adabiy tazkiralarda Rahimbobo Mashrab tug‘ilgan yili haqida aniq ma’lumot yo‘q. Lekin «Majmuai Fahmiy» kitobida uning qatl etilgan yili hijriy 1123 (melodiy 1711), deb ko‘rsatilgan (Valixo‘jayev B., Vohidov R. Muhaqqiki buzurgi du adabiyot. — Dushanbe: Irfon, 1978, 21-bet).

Mashrab Bozor Oxund vafotiga bag‘ishlab «Bulbul biraft az bog‘i ilm» misrasi bilan ta’rix yozgan. Bu ta’rix abjad hisobida quyidagicha bo‘ladi:

be alif g‘ayn ayn lom mim = bog‘i ilm

2 + 1 + 1000 + 70 +30 +40      = 1143

«Bulbul»(64)ning ilm bog‘ini tark etgani sababli 1143 dan 64 ni ayiramiz va Bozor Oxund vafot etgan sanaga ega bo‘lamiz: 1079 hijr. = 1668 milod. Demak, Zaynal Rizayev ko‘rsatgan sana ilmiy asosga ega emas. Chunki Zaynal Rizayevning so‘nggi ma’lumoticha Mashrab 1664 yil vafot etgan bo‘lsa, u 1668 yil ustozi vafotiga bag‘ishlab ta’rix yozolmaydi.

Keltirganimizdek, J. Yusupov Mashrabning tug‘ilgan yilini 1653 yil, deb belgilayapti. Mashrab yuqoridagi ta’rixni yozganida, J. Yusupovning hisobi bo‘yicha, 15 yoshli o‘spirin bo‘lib chiqayapti. Bu yoshda Rahimboboning fors tilida, yana abjad hisob-kitoblari asosida ta’rix yozishiga ishonish qiyin. Yana bir qiziq hol. Tadqiqotchi: “Shariat ahkomlarini mukammal egallagan Rahimbobo endi pirlari mullo Bozor Oxunddan tariqat yo‘llarini o‘rganishga kirishadilar. O‘zlarida zohir bo‘la boshlagan kashf-karomat hollarini she’rga solib bayon eta boshlaydilar. 1668 yil ilm istab Samarqandga keladilar. Zamonasining yetuk olimlari dargohida xizmatda bo‘ladilar. O‘sha yil oxirlarida pirlari Bozor Oxund vafot etadilar», degan ma’lumotni keltiradi. Bu ma’lumot tadqiqotchining Mashrab tug‘ilgan sanasini 1653 yil deb belgilagach, 1668 yilda Bozor Oxund vafoti yiliga qadar yosh Rahimboboni yetuk shoir darajasiga yetkazishga urinish qilayotgandek tasavvur uyg‘otadi. Agar Fitratning “Manqabaga ko‘ra Mashrab Namanganda tug‘ilg‘on. Oilasi juda qashshoq bo‘lg‘on, onasi ip yigirib sotib oila ovqatini topar ekan, ota-onasi uni 15 yasharligida Oxund mulla Bozor ismli bir shayxning tarbiyasiga beradirlar» yoki “Malehoning ko‘rsatishiga ko‘ra, Mashrabning yoshliqta Andijondan Namanganga o‘qish uchun kelgani, afsonadagi «15 yasharlig‘ida mulla Bozor Oxund tarbiyasiga kirgani» bilan ta’kid etiladir», degan jumlalari asosida mulohaza yuritsak, yanada g‘alati manzaraga guvoh bo‘lamiz. Chunki Mashrab 1653 yilda tug‘ilgan bo‘lsa, u 15 yoshida Bozor Oxund vafot etgan yili (1668) uning dargohiga ilm olgani borgan bo‘ladi. Bu esa Mashrabning Bozor Oxund dargohida A. Fitrat keltirgan 7 – 8 yillik ta’lim olgan davrini amalda yo‘qqa chiqaradi.

2.Mashrabning So‘fi Olloyor bilan uchrashganiga shubha qilmasa ham bo‘ladi. So‘fi Olloyor taxminan 1620 (1616, 1622 yillarda tug‘ilgan degan taxmin ham bor) yilda tug‘ilgan. Ikki shoir o‘rtasida 34 yosh farq bo‘lishi ularning qadrdon suhbatdosh bo‘lganini amalda inkor etadi.

3. Qissada Mashrabning Abulg‘oziy Bahodirxon bilan uchrashuvi haqida rivoyat bor. Abulg‘oziy 1664 yilda 61 yoshda vafot etgan. Agar haqiqatdan ham Mashrab Abulg‘ozi bilan hatto uning vafot yili uchrashgan bo‘lsa, 1653 yil sanasi bo‘yicha Mashrab endigina o‘n yoshdan o‘tgan bo‘lib chiqadi. Bunga ko‘ra, shoir tavalludining keltirilayotgan sanasi (1653) tamomila o‘z mohiyatini yo‘qotadi.

4.Mashrabning «Adashgan qari qulman, navha bo‘ldi korimu borim. Saqol oqardi, tish tushdi, sovuq bo‘lganda bozorim» misralaridagi shoir qiyofasi tasviri nisbatan ancha keksa yoshga ishora qilmoqda. Va yana bir dalil sifatida shoirning mashhur baytini keltirib o‘tamiz:

Yoshi yetmish birga yetgan bandai raddi falak,

Moru kajdumlar bilan to‘lgan diliga raybu shak.

(Sharqshunoslik instituti xazinasi, qo‘lyozma №172, varaq-171a.)

Nima sababdan Mashrabning bu misralariga, domla J. Yusupov keltirganlaridek “taxmin” deb qarashimiz kerak? Akademik Vohid Abdullayev, atoqli mashrabshunos Abdurashid Abdug‘afurov bu baytga, domla keltirgandek, “yopishib olib” taxmin qilishgan ekanlar-da? Nima bo‘lganda ham Mashrabning shunday she’rlari mavjud-ku! Agar buni inkor qiladigan biror asosli dalil bo‘lsa, uni ham keltirish kerak edi.

5. J. Yusupovning keltirishicha, “1672 yili (Mashrabning – E.M.) Qashqar safari boshlanadi. Zamonasining eng yirik avliyolaridan biri, Ofoq (dinning ufqi, osmoni), deb dong taratgan yirik tariqat olimi Hidoyatulloh Ofoq xo‘jaga murid tushadilar”. 19 yashar Rahimboboning shunchalik qisqa vaqt ichida «avliyoi zamon» Ofoq xo‘jaga murid bo‘larlik darajaga erishishi, albatta, yaxshi, biroq biz buni qanchalik xohlamaylik Mashrabning 1672 yili, ya’ni 19 yoshida Ofoq xo‘jaga murid tushishining sira iloji yo‘q edi! Ofoq xo‘jani Qashqarga istab borgan kishi, birinchidan, uni u yerdan topolmas edi, ikkinchidan, pirni istagani uchun hayotini xavf ostiga quyishi mumkin edi. Chunki Yorkent xoni Ismoilxon 1671 yil Hidoyatulloh xo‘ja ibn Muhammad(Ofoq xo‘ja)ni hokimiyat uchun kurash boshlagandan so‘ng mamlakat hududidan chiqarib yuborgan edi. Hidoyatulloh xo‘ja Tibetga Dalay Lama V ning huzuriga borib, bir muddat turadi, uning fatvosi bilan Ili (G‘ulja)ga boradi va Jung‘oriya tayjisi (shahzodasi) G‘aldon Boshoqtu yordamida Yorkent xonligi taxtini egallash uchun kurashga kirishib ketadi… Biroq bu boshqa mavzu. Aslida Mashrabning Qashqar safari quyidagicha bosqichlardan boshlangan deyilsa durust bo‘lar edi:

1640 yil — Namangan shahrida tavallud topgan.

1647 yil — boshlang‘ich ta’limni olgan.

1655 yil — 15 yoshida Bozor Oxunddan saboq olishni boshlagan.

1662 yil — 22 yoshida Namanganda tahsilni yakunlagan.

1662 yil — 22 yoshida Samarqandga birinchi marta kelgan.

1663 yil — 23 yoshida Qashg‘ar safariga otlangan.

1668 yil — Bozor Oxund vafot etgan.

Agar Mashrab 1663—1670 yillar davomida Ofoq xo‘ja dargohida bo‘lganligini va u yerni tark qilgach, 1671 yilda Jung‘oriya xonligiga qaragan Iliga borib Xun tayji(mo‘g‘ulcha shahzoda — M.E.)ning qizi Ofoq (asli Abaq – orlot qabilasi orasida beka ma’nosini anglatgan — M.E.) bilan munosabatga kirishi davrini e’tiborga olsak, aynan shu vaqtlarda Ofoq xo‘ja ham Qashqardan chiqib ketgan va ajab emaski, u ham bu davrda Tibetdan Iliga kelgan bo‘lgan.

Hurmatli Jaloliddin Yusupov domlaning Mashrab she’rlarining nashri uchun qilgan mehnatlari, chekkan zahmatlari mislsiz ulug‘ ish bo‘ldiki, u kishining bu sohadagi maqomi bilan ayni vaqtda hech kim tenglasholmasa kerak. Biroq ilmiy yangilikni keltirish asosli dalil-isbotni talab etadiki, ular bizning istak va xohishlarimizga bo‘y bermaydi. Har xil farazlardan ko‘ra shoirning o‘zi keltirgan ma’lumotlariga va tarixiy faktlarga asoslanib fikr yuritsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Biroq asosli bir ma’lumot bo‘lmay, taxminlarga o‘ralashib qolaversak, bu xil munozaraning yakunlanishi amrimahol. Rahimbobo Mashrab tug‘ilgan sanasiga (1640) oid boshqacha fikrda bo‘lgan hurmatli tadqiqotchilarimiz bundan-da aniqroq va asosliroq bir dalilni keltirsalar va bu masalani uzil-kesil hal qilolsalar edi, biz faqat xushnud bo‘lar edik. Agar dalil bo‘lmasa, yaxshisi bu masala ustidagi bahsga yakun yasash va shoirning tug‘ilgan yilini asosli tarzda 1640 yil, deb belgilash ilmiy nuqtai nazardan to‘g‘ri bo‘ladi. Ayni paytda uni o‘zgartirishga hech qanday asos yo‘q.

Erkin Musurmonov,

SamDU o‘zbek adabiyoti tarixi kafedrasi o‘qituvchisi, filologiya fanlari nomzodi

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 3-sonidan olindi.