Mamlakatimiz istiqlolning yorqin yo‘llariga chiqib, o‘zining barkamol yigirma yoshini nishonladi. Shu nurli manzildan turib yaqin o‘tmishga boqsak, mustabid sho‘rolar davrida qatag‘on etilgan qanchadan-qancha shoir va xattot, sozanda va xonanda, maqomot ilmi allomalarini ko‘ramiz. Chunonchi, o‘sha davr adabiyotshunosligida komfirqaning mafkuraviy ta’qibi ostida ba’zi tarixiy shaxslar, yozuvchi va shoirlar “ilg‘or rus madaniyatining yetuk targ‘ibotchisi”, rus muctamlakachilarini olqishlab kutib olgan “qahramon” sifatida talqin etildi. Jumladan, general Kaufman tomonidan Xiva xonligining bosib olinishi fojealari paytida mustamlakachilarga xayrixoh bo‘lgan Matniyoz — Muhammad Niyoz devonbegi qiyofacini Pahlavon Niyoz Muhammad Komil Xorazmiy shaxsiga almashtirib, buzib yozildi, chalkashtirildi.
Aslida Komil Xorazmiy 1825 yili Xivada Abdulla Muftiy oilasida dunyoga keldi. Bu to‘g‘rida mashhur xattot, maqomshunos olim Muhammad Yoqub Xarrotning o‘g‘li Muhammad Yucuf Xarrot Chokar Mulla Bekjon Rahmon o‘g‘li bilan birga yozgan “Xorazm musiqiy tarixchasi” (Toshkent, “Yozuvchi”, 1998) kitobida bunday deydi: “Mashhur musiqashunos Abdusattor mahramning do‘g‘g‘on singlisi Avazjonni Abdullo Muftiy Nurboy Juk o‘g‘lina nikoh qilib berganlar. Abdullo Muftiyning mazkur Avazjon xotunidan bir o‘g‘il dunyoga galib Pahlavon deb odlag‘anlar. Pahlavon Niyoz tahsil ibtidosini Xorazmning eski maktab va madrasalarida tahsil qilg‘ondan so‘ngra, Seyid Muhammadxon zamonida o‘zining bobosi Xo‘jash mahramning savdogarlari qatorida yurib tijorat ishlari bilan mashg‘ul bo‘ladur. Biroz so‘ngralari qatorida ishini tark etib, Seyid Muhammadxonning supohsolarinda yuvonlik (ya’ni otboqarlik) xizmatiga kiradur”. Shoir Chokar xotiralaridan ayonki, yosh Pahlavon Niyoz hayot maktabini o‘tadi. U qayerda bo‘lmasin kitobxonlik qildi, g‘azallar yozdi, qo‘liga soz oldi va maqom qo‘shiqlarini kuyladi. Tez orada Xorazm vohasiga toza fikrlovchi shoir, sozanda, tengsiz xattot sifatida tanildi. Bundan xabar topgan Seyid Muhammadxon uni saroyga taklif qilib, xususiy devoni etib tayinladi. Taxminan 1858-yillarda saroy hayotiga kirib kelgan yosh shoir va xattot Pahlavon Niyoz Muhammad Komil Xorazmiy atrofida shoir Munshiy, Ogahiy, Rojiy Muhammad Yusuf mahzum, Xolic Muhammad Yoqub xo‘ja, Bayoniy Muhammad Yusufbek kabi iqtidorli shoir va xattotlar bor edi. Chokarning yozishicha, Komil Xorazmiy o‘zining yuksak iqtidori, ishchanligi tufayli 1873 yilgacha mirzaboshi bo‘lgan. Keyin 1880 yilgacha devonbegilik rutbasiga yetishgan.
Demak, Komil Xorazmiyning asli ismi Pahlavon Niyoz bo‘lib, “Komil” uning adabiy taxallusidir. Bu to‘g‘rida Ogahiy “Gulshani davlat” kitobida: “Navras fikr va toza tab’ shuarodin, fazl va hunar ahli orasinda mumtoz Pahlavon Niyozkim, fozillar guruhi ichra taxallusi Komildir”, deb yozadi. Xo‘sh, asli ismi Pahlavon Niyoz, taxallusi Komil, musiqiy manbalarda ism-sharifi sho‘rolar davrida o‘zgartirilib, boshqa bir shaxs — “Matniyoz”, ya’ni Muhammad Niyoz devonbegi shaxsiga nisbat berilib, nega o‘zgartirib ko‘rsatildi ekan?! Bunday holatni deyarli barcha adabiy manbalarda uchratamiz. Quyidagi parcha filologiya fanlari doktori A.Hayitmetov va filologiya fanlari nomzodi V.Mo‘minova nashrga tayyorlagan Komil Xorazmiy “Devon”i birinchi sahifasidan: “O‘zbek adabiyoti tarixida demokratik tendentsiyalar asosida ijod qilib, chuqur iz qoldirgan ajoyib so‘z san’atkorlaridan biri Pahlavon Niyoz Muhammad Komildir. “Pahlavon” uning laqabi, “Komil” esa adabiy taxallusidir. Zamondoshlari uning ismini Muhammad Niyoz shaklida ham qo‘llab, uni ixchamlashtirib “Matniyoz” deb ham yuritganlar. U madrasa mudarrici Abdulla Oxund oilasida 1825 yilda Xivada tavallud topdi”.
Komil Xorazmiyning asli ismi Pahlavon ekan, uni “laqab” deb yozishga hech kimning haqqi yo‘q. Yana, zamondoshlari uni “Muhammad Niyoz” shaklida “Matniyoz” deb yuritganlar deyiladi. Axir, Komil Xorazmiyning ismi “Niyoz Muhkammad”-ku! Hech qachon zamondoshlari uni “Matniyoz” deb atagan emaslar. Chunki Xorazm lahjasida Niyoz Muhammadni “Niyozmat” deydilar. Muhammad Niyozni esa “Matniyoz” deb ataydilar.
Professor G‘ulom Karimovning “O‘zbek adabiyoti tarixi” (19-asrning ikkinchi yarmidan 20-asr boshlarigacha) darsligining uchinchi kitobida bu shoir haqida shunday deb yozilgan: “Komil Xorazmiy 1825-yilda Xiva shahrida ziyoli oilasida dunyoga keldi. Uning otasi Oxund Xiva madrasalarida mudarrislik qilar edi. Shoirning ismi Niyoz Muhammad bo‘lib, ba’zi manbalarda, xususan, musiqaga oid adabiyotlarda u Pahlavon Niyoz Muhammad deb yuritiladi. “Pahlavon” so‘zi unga yoshlik vaqtida suyub berilgan nom bo‘lib, bu nom keyinchalik ham saqlanib qolgan. Tarixiy kitoblarda esa shoirning nomi Matniyoz shaklida uchraydi. Komil yoki Komil Xorazmiy shoirning adabiy taxallusi bo‘lib, kamolotga erishgan kishi ma’nosini anglatadi”.
Muallif “Pahlavon”ni suyib berilgan nom deb tushirib qoldirib, shoirning ismi Niyoz Muhammad demoqda. Agar shoirning ismi Niyoz Muhammad bo‘lgan taqdirda ham u “Niyozmat” deb yozilishi kerak edi, faqat “Matniyoz” deb emas. Pahlavon Niyoz Muhammad Komil Xorazmiy nomini “Matniyoz” deb yozishdan o‘sha davr adabiyotshunoslarning ko‘zlagan maqsadi bo‘lgan. Agarda shoir Komil Xorazmiyni “Matniyoz” deb yozib, ruslarga xayrixoh, rus madaniyatini kuylagan, bosqinchi general Kaufman qo‘shinlarini quchoq ochib kutib olgan shaxs deb tasvirlansa, mustabid sho‘rolar davri mafkurasi buni olqishlagan. Shu boisdan o‘sha davr adabiy jarayonida ko‘p shoir va yozuvchilar peshonasiga “ruslashtirish” tamg‘asini bosib, ular shaxsini bo‘yab ko‘rsatganlar. Xo‘sh, Pahlavon Niyoz Muhammad Komil Xorazmiy shaxsiga niqob etib kiygizilgan “Matniyoz” kim o‘zi?
“Matniyoz”, ya’ni Muhammad Niyoz devonbegi Sayid Nazar oqsoqolning o‘g‘li bo‘lib, Xiva saroyida mansabdor va obro‘li ayonlardan hisoblangan. Muhammad Niyoz Amiru-l-umar Sayid Mahmud to‘raning noibi sifatida Hazoraspda devonbegilik qilgan.
1873 yili Xiva xonligining bosib olinishi voqealarini aks ettirgan barcha rus manbalarida Matniyoz — Muhammad Niyoz devonbegi maqtalgan. Urushning dastlabki kunlarida Hazorasp qal’asi himoyasiga ikki mingga yaqin navkar Amir to‘ra bilan Muhammad Rizo to‘ra boshchiligida yuborilgan. Ular sarkarda Muhammad Niyoz devonbegi boshchiligida rus qo‘shinlariga qaqshatqich zarba berishlari zarur edi. Biroq ular Amu daryodan kechib o‘tgan bosqinchilarga Hazorasp darvozalarini ochib, qal’adagi oziq-ovqat omborlari, o‘q-yarog‘, porox saqlanayotgan omborlarni ochiq tashlab, Xivaga qochganlar. Ularning asosiy maqsadi taxtni egallash edi. O‘sha paytda Xivada general Veryovkin to‘plari zarbasidan qadimiy obidalar portlayotgan edi.
Bundan ko‘rinib turibdiki, Matniyoz devonbegi kabi bir guruh amaldorlar mustamlakachilarga xayrixoh bo‘lganlari bois rus tadqiqotchilari ularni eng dono, eng aqlli, sulhparvarlar partiyasiga mansub kishilar, deb ko‘klarga ko‘tarib ismlarini kitoblariga muhrlaganlar. Sho‘rolar davri adabiyotshunoslari Matniyoz, ya’ni Muhammad Niyoz devonbegini shoir Komil Xorazmiy deb o‘ylab, rus zobitlari va sharqshunoslari asarlaridan ko‘plab misollar keltirganlar. Ayniqsa, “O‘zbek adabiyoti tarixi” darsligida muallif rus sharqshunosi F.I.Lobosevichning “1873-yilgi Xiva yurishining bayoni” asaridan: “Keksa Sayid Amiru-l-umar, xuddi uning yaqin do‘sti devonbegi Matniyoz singari, xalq muhabbati va hurmatiga sazovor edi. Ularning ikkovi ham Xivada sulhparvarlar partiyasining tarafdorlaridan edi”, degan iqtibosni keltiradi. Ogahiy asarlari olti jildligi birinchi jildidagi so‘zboshisida professor G‘.Karimov va dotsent S.Dolimov: “Tarixiy manbalarda “Matniyoz”, muzika tarixiga oid asarlarda “Pahlavon Niyoz Muhammad” nomi bilan yuritiladigan bu shaxs shoir Komil Xorazmiydir (1825-1899)”, deb yozib jiddiy xatoga yo‘l qo‘yganlar. Birinchidan, bu davrda Komil Xorazmiy mirzaboshi edi. U urush tugaganidan keyingina, 1873 yil 12 avgustida Muhammad Murod devonbegining o‘rniga tayinlangan. Shuning o‘ziyoq Komil Xorazmiyning Matniyoz devonbegi emasligini tasdiqlaydi.
Ikkinchidan, Mak-Gaxan “Oksusdagi harbiy harakatlar va Xivaning taslim bo‘lishi” asarida Matniyoz devonbegi haqida: “Matniyoz Sayid Amiru-l-umar singari sulhparvarlar partiyasiga mansub kishidir. U past bo‘yli, dumaloq ko‘zli, siyrak soqol, ko‘rimsiz bir kishi edi. U aftidan ruslarga juda xayrixohlik bilan qarar edi. Xiva xonligiga oid eng ishonchli ma’lumotlarni general Kaufmanga yetkazib turgan ham o‘sha edi”, deb yozadi. Komil Xorazmiy esa baland bo‘yli, kelishgan qaddi-qomatli, sersoqol, ko‘zlari sergak va ma’noli, o‘ta malohatli kishi bo‘lgan.
Matniyoz devonbegi beqaror shaxs ekani xususida tarixiy manbalarda batafsil bayon qilingan. Bayoniy “Shajarayi Xorazmshohiy” asarida: “Kaufmanning yonig‘a Muhammad Niyoz devonbegi goh-goh borib, musohibat etib ketar edi… Muhammad Niyoz devonbegi viloyatning tamomi holati va mahsulotidin va tamomi arkoni davlat va a’yoni hashamatning ahvolotlaridin Kaufmang‘a ogohliq berdi. Mundin bir necha kun o‘tgandan so‘ng, Kaufman Muhammad Murod devonbegi bila Rahmatullo yasovulboshini sibir etib Qozonlig‘a yubordi va yana rusiya askarining kofayi masorifi (kontributsiyasi) uchun Xorazm aholilaridin ikki milyun bila ikki yuz ming manot tazminot olmoqg‘a qaror berdilar”, deb yozadi…
Mana, yigirma yildirki, qadriyatlarimiz qayta tiklanayotir. Milliy madaniyat, ilmu irfon, go‘zal urf-odatlarimiz, muqaddas marosim va bayramlar elimizga qaytarib berildi. Bu borada hali qilinadigan ishlar ham bor. Jumladan, shoir, xattot, tarjimon, sozanda, maqomot ilmi allomasi Pahlavon Niyoz Muhammad Komil Xorazmiy hayoti va ijodi batafsil o‘rganilishi zarurligi ham dolzarb masalalardan biridir. Chunki keyingi davrda nashrdan chiqqan kitoblarda ham uni “Matniyoz”, deb yozish davom etmoqda. Masalan, xorazmlik olimlar D.Rahim va Sh.Matrasul “Feruz. Shoh va shoir qismati” (1991) kitobining “Komil — ijodkor va davlat arbobi” sahifasida F.I.Lobosevich va Mak-Gaxanning Matniyoz devonbegi haqidagi fikrlarini misol etib keltirib, Komil Xorazmiyni Matniyoz devonbegiga nisbat berganlar. 2004 yili nashrdan chiqqan “Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti” (maxsus muharir Sh.Yusupov, mas’ul muharrir N.Jabborov) kitobida ham “F.I.Lobosevich va Mak-Gaxanlar o‘z asarlarida Komil Xorazmiy faoliyatiga maxsus to‘xtalganlar”, deb shoir shaxsiyatiga noto‘g‘ri baho berilgan, “Matniyoz” — Muhammad Niyoz devonbegi bu Komil Xorazmiy edi, deb ta’riflangan. Darslikda qator xato va nuqsonlarga yo‘l qo‘yilgan. Masalan, jahon kutubxonalarida noyob qo‘lyozmalari saqlanayotgan mashhur xattot Muhammad Sharif Tarroh devonni “Muhammad sharif arro devon” deb, shuningdek, Sayid Amiru-l-umar “Sayid Amirqul umar”, deb xato yozilgan. Shoir vafot etgan sanani esa Laffasiy yozgan ma’lumotga qarab, 72 yoshida 1897 yilda dunyodan o‘tgan deyiladi. Vaholanki, Chokar bu to‘g‘rida juda aniq ma’lumot bergan: “Pahlavon Mirzaboshi… Muhammad Rahimxon zamoni hij. 1317 yil shabon oyining 27-kuni ozonida vafot bo‘ldi…”.
Pahlavon Niyoz Muhammad Komil Xorazmiydan o‘lmas meros qoldi. Qo‘limizda shoirning 1881 yili nashr etilgan birinchi devoni bor. Bu devon ikkinchi bor 1895 yili Xivada, uchinchi marta 1909 yili Toshkentda to‘laroq nashr etilgan. Undan tashqari tarjima asarlari, “Tanbur chizig‘i” kitobi, turli bayozlarda g‘azal va muxammaslari mavjud.
Komil Xorazmiy aruz vaznining barcha janrlarida ijod qildi. G‘azaliyot olamiga o‘lmas muhabbat tuyg‘ulari tarovatini olib kirdi, avlodlarni doimo komil inson bo‘lib yetishishga, ma’rifatga, ezgulikka chorladi. Binobarin, Komil Xorazmiy siymosi, uning ma’naviy merosi ham qaytadan yangicha nigoh bilan haqqoniy yoritilib, qayta baholanishi lozim.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 39-sonidan olindi.