Tursun Ali. Adabiyot – inson qalbiga yo‘l (2011)

Ommabop jurnalimiz «Yoshlik» «Adib xonado­nida» ruknida o‘z mulohazalarim, xotiralarim, mu­shohadalarim bilan ishtirok etishga tak-lif qil­ganida, xiyla taraddudlanib qoldim, ancha vaqt (nasrda bo‘lgani uchun) javob yozishga jur’at qilolmadim. Aslida mavzu tanish, aksariyat suh­batlarimda bu borada imkon darajasida gapirganman ham. Yangi gap aytish qiyin. Nimadan gap boshlash kerak?..

Onam haqida. Darvoqe, buvim Qunduzxon opa (Quvada onani buvi deyishadi), qorachadan kelgan, ozg‘in, mehnatkash, chayir ayol bo‘lgan. Hamisha dalam, uy-joyim, bolam, ro‘zg‘orim deb jon kuydirguvchi (ko‘p ayollar yanglig‘) ona bo‘lgan. Juda yosh bo‘lsam-da, eslayman: sog‘in sigirimiz qishda molxonasiz qolganda, buvim loy kechib, molxona qurgan va o‘shanda qattiq shamollab bolalarim uyda yolg‘iz qoladi deb kasalxonada yotmagan. Buvim erta bahorda o‘pka shamollashi oqibatida olamdan o‘tgan. Onadan olti farzand qolganmiz.

Dadam o‘rta bo‘y, qirg‘iz qovoq, qishloqda «O‘rmon qirg‘iz», «O‘rmon karis», deb aytilgan. Bu laqablarni xushlamasdan ba’zilar bilan yoqalashib qolganiga ham bolalikda guvoh bo‘lganman. Hammaga yaxshilik qilib yuradigan inson bo‘lgan. Tabiatida mehribonlik, jonkuyarlik yuksak edi. Vaqti odamlarga yaxshilik qilish bilan o‘tib, uy-joy tashvishlariga fursati qolmas edi hisob. Umri asosan ishda, ko‘chada o‘tgan. She’rlar mashq qilishimdan qattiq quvongan. Ko‘pchilikka maqtangan. Gazetalarda chop etilgan she’rlarimni qo‘yniga solib, ko‘rgan tanish-bilishlarga entikib o‘qib bergan. Rahmatli dadamda mendan faxrlanish tuyg‘usi baland edi.

Esimni tanibmanki, she’riyat, adabiyotga mehr qo‘yganman. Hali boshlang‘ich sinfda she’rlar yodlab yurib, o‘zim ham yozishga qiziqib, onamning yordamida she’r mashq qilganman. Ilk she’rim ikkinchi sinfdaligimda “Lenin uchquni” (hozirgi «Tong yulduzi») gazetasida chop etilgan. O‘sha kun tun yarmida dadam uyqudan uyg‘otib, gazetani butun oilamizga ko‘rsatgan. She’r yozishim maktabda, qishloqda shov-shuv bo‘lgan. Sakkizinchi sinfni bitirganimdan so‘ng dadam Toshkentga, Qishloq xo‘jalik texnikumiga o‘qishga olib kelgan. Biroq, adabiyotga qiziqishim ustun kelib, boshqa sohaga mehr uyg‘onmadi.

Shaharda dadamning qishloqdagi bolalik yon qo‘shnisi Asadulla tog‘anikida yashab, kunduz bosmaxonada ishlab, ishdan keyin 2-sonli Ishchi yoshlar kechki maktabida o‘qidim. She’r mashq qilishni tashlamadim. Mashqlarimni olib «Guliston» jurnali bosh muharriri, quvalik yozuvchi Ibrohim Rahimning oldiga borib, yaqindan tanishganman. Keyinchalik ota-boladek bo‘lib ketdik. Ko‘p non-tuzini totdim. Yaxshiliklarini ko‘rdim. Mashqlarim chop etilishida yordami beqiyos bo‘ldi.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Ibrohim Rahim xonadonida bir muddat yashab, Komil Yashin, Halima Nosirova, rassomlar Rahim Ahmedov, Abdulhaq Abdullayev, shoir-yozuvchilar Hafiz Abdusamatov, Hamid G‘ulom, Shuhrat, Yo‘ldosh Shamsharov, Asqad Muxtor, Ramz Bobojon, Abdulla Oripov va boshqa ko‘plab san’atkorlar, ziyolilar bilan ko‘rishib, ularning suhbatidan bahramand bo‘lganman. Toshkent Davlat universitetiga (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) o‘qishga kirishimga o‘sha paytlar mashhur adabiyotshunos, professor Laziz Qayumovning yordami tekkan. Hali talabalik paytimda dastlabki she’riy kitobim «Zangori ovoza», «Yurakdagi yozuvlar» G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va San’at nashriyotida chop etilgan. Bugun u kitoblarimdan unchalik ko‘nglim to‘lmaydi.

Endilikda qo‘lyozmani nashr etishda shoshilmaslikni, kitob mutolaasida tanlab-tanlab o‘qishni, dunyo adabiyotini mutolaa qilish zaruratini tushunib yetdim. Juda kech. Hozirgacha o‘n bitta kitobim chop etilgan bo‘lsa, faqat keyingi «Sokin hayqiriq», «Oy yaprog‘i», «Gullayotgan yurak» nomli kitoblarim nashridan quvonaman, xolos. Garchi she’rlarimga ustoz Abdulla Oripov «Oq yo‘l» tilagan bo‘lsa-da, ko‘proq Rauf Parfi she’riyati yo‘lidan borayotganimni his etaman. Adabiyotda ko‘p yo‘l-yo‘riqni aynan Rauf Parfi berganini yodda tutaman. U mutolaa uchun Jorj Bayron, Nozim Hikmat, Fozil Husni Dog‘larja, Garsia Lorka, Pablo Neruda, Aleksandr Blok, Imant Ziyedonis, Yanis Ritsis, Andrey Voznesenskiy singari, ingliz, ispan, turk, rus, xullas, dunyo shoirlari ro‘yxatini yozib berar edi. Ularni o‘qishga da’vat etardi. Balki, ozmi-ko‘pmi, o‘qiganlarim tufayli baholiqudrat izlanib, yangi yo‘nalishlar qidirardim. Menimcha, Rauf Parfi yangicha izlanishlar va yo‘nalishlar maktabidir.

Adabiyotimiz rang-barang bo‘lishini xohlayman. Bekorga Cho‘lpon ham aruzni o‘qib, bir xillik, bir xillik deb qayg‘urmagan. Qayg‘ularni amalda qo‘llab, turk, rus, tatar va boshqa adabiyotlarni o‘rganish natijasida yangicha she’riyatga asos soldi (u bir o‘zi emasdi). Quvonchli hol: bugun adabiyotimiz rang-barang tus olgan. Aruz ham, barmoq ham, sarbast ham rivojlanib, modern adabiyoti ham avj olmoqda. Axir, aruzni Erkin Vohidov, barmoqni Abdulla Oripov, sarbastni Rauf Parfi kabi peshqadam shoirlarimiz yangilaganidek, bugun ham she’riyatimiz yangilanib borayotir. Nafaqat she’riyatimiz, nasrimiz ham allaqachon yangicha tus olgan.

Bugungi adabiyotimizga nazar tashlasak, mening nazdimda, hozir yoshlar nasri yuksalib borayotir. Bu kuzatishlarimni «Yoshlik», «Sharq yulduzi» jurnallarida ko‘rayotirman. «Yoshlar kitobi», «Oltin ko‘prik» kitoblari, ilk to‘plamlar mutolaasida bunga guvoh bo‘layotirman. Keyingi paytlarda Vatan mavzusiga ko‘p urg‘u berilayotir. Bu – to‘g‘ri. Ayni mahalda har bir yozilgan she’r yoki boshqa janrdagi asar o‘z-o‘zidan vatan va vatandagi voqea, hodisa, odamlar, narsalar haqida ekanligini ham unutmasligimiz kerak. Asarlardagi manzaralar, jonzotlar, maysalar, daraxtlar, tog‘lar, buloqlar, yeru osmon, hamma-hammasi vatanniki bo‘lgach, kattami, kichikmi, har bir asar vatan haqida bo‘ladi. Xullas, yaralgan asar vatan tarannumi, vatan madhi emasmi? Zero, Vatandagi har bir narsa Vatandir.

Boshqa bir kuzatishim hozirgi, katta adabiyotga kirib kelayotgan yoshlar haqida. Ular milliy adabiyotimizni, jahon adabiyotini ham juda kam o‘qishayotir. Bu ertangi adabiyotimiz uchun katta nuqson bo‘lishi mumkin. Adabiyotimizning yana bir kasali – kechagina qalam ushlagan yoshmi, qarimi borki, kitob chiqarish dardiga yo‘liqqan. Hatto, uch-to‘rt kitobi bilan elga tanilib-tanilmay, saylanmalar, jild-jild kitoblar chop etishga kirishib ketadilar. O‘z hisobi yoki kimlarningdir homiyligida, albatta. Mening naz-dimda haqiqiy adabiyotga hech qanday homiy kerak emas, adabiyot o‘z yo‘lini, o‘quvchi qalbini o‘zi topadi. Nazarimda, adabiyotshunoslarimiz, tan­qidchilarimiz adabiyotning to‘­­g‘o­ni bo‘lishlari kerak. Afsus… Hamma qalamkash ham ijodkor bo‘la olmaydi. Ijodkorni el «yozuvchi», «shoir» deb tan olmasa, yozganlari – yelvizak bo‘lib qo­ladi.

Mavridi ekan, o‘zim haqimda davom etsam. Mening ruhiyatimda hayajon kuchli bo‘lsa kerak: manzara, holatlardan hayratlanishim cheksiz.

Rahmdillikni yaxshi ko‘raman.

Sevgi, muhabbat, mehr tuyg‘ularini asrashga ha­rakat qilaman.

Go‘zallikni, gullarni sevaman. Har bir gulning o‘ziga xos toti, ifori bor. Ular menga ilhom baxsh etadi, ularga atab yonib she’rlar yozaman.

Beva-bechoralarga qayg‘uraman, kuyinaman.

Darvesh, jununvor odamlar bilan tez do‘stlashib, chiqishib ketaman. Imkoniyatim boricha ko‘mak berishga urinaman. Jonkuyar ayolim “yo‘lga solib” turmaganida, darveshga aylanib qolgan bo‘lardim, ehtimol.

Iqtidorli kishilarga hurmat-ehtiromim yuksak.

Boshimda qilich tursa-da, rost so‘zlashni xohlay­man.

Aldanishdan o‘ksiyman.

Mansabparast, xudbin odamlarga yaqin bo‘lishdan tiyilaman.

Maqtovni jinim suymaydi.

Tanqid o‘rinli bo‘lsa, tan olaman, suyunaman.

Adabiyot va san’atda rang-baranglikni xush ko‘­raman.

Oila a’zolarimni, garchi maqtashga loyiq bo‘lishsa-da, maqtashni yoqtirmayman.

Negadir tug‘ilgan kunimni nishonlashni, eslashni, tabriklarni istamayman. Hatto, o‘sha kunni eslamasdan o‘tkazsam deyman.

ShOIR HAQIDA

Tursun Ali (Urmanov) 1952 yilning 5 fevralida Farg‘ona viloyatining Quva tumanidagi Toshyo‘li qishlog‘ida tug‘ilgan. 1968 yil 2-o‘rta maktabning 8-sinfini tamomlab, 1971 yilda Toshkent shahridagi 2-kechki ishchi yoshlar maktabini tugallagan. 1981 yili hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetining filologiya bo‘limini bitirgan.

Dastlab u “O‘zbekiston madaniyati” (hozirgi “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”) gazetasida musahhih, so‘ngra G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida, Cho‘lpon nashriyotida, “O‘zbekiston ovozi” gazetasi tahririyatida va “Adolat” nashriyotlarida turli lavozimlarda ishlagan. Ayni paytda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi vazifasida mehnat qilib kelmoqda.

2008 yili “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.

Tursun Alining dastlabki she’rlari “Yoshlik bayozi”, “Yoshlik” almanaxlarida bosilgan. Shundan so‘ng, “Zangori ovoza” (1979), “Yurakdagi so‘zlar” (1983), “Yorug‘ kunlar” (1986), “Iztirob ostonasi” (1983), “Tun tovushi” (1993), “Yolg‘izim” (1995), “Uyg‘oq sukunat” (1999), “Tuyg‘ular rangi” (2001, “Saylanma”), “Sokin hayqiriq” (2005), “Oy yaprog‘i” (2008), “Gullayotgan yurak” (2009) nomli she’riy to‘plamlari nashr qilingan. Shoirning “Smena” jurnalida turkum she’rlari, “Granat” (rus tilida) almanaxida, Ozarbayjonda (ozar tilida) to‘plamlari chop etilgan. Shuningdek uning she’rlari ingliz, tojik, qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan.

U tarjimon sifatida ham faoliyat ko‘rsatib, xitoy, yapon, rus she’riyati namunalarini o‘zbek tiliga o‘girgan.

Umr yo‘ldoshi Mavluda Urmanova hisobchi. 3 nafar o‘g‘li bor. Ikki farzandi oliy ma’lumotli, uylangan. Kenjasi o‘quvchi.

“Yoshlik” jurnali, 2011 yil, 3-son.