Ustoz, bu galgi maktubimni sizga ochiq xat tarzida yo‘llashni istadim. Nega bunday qilyapman, balki, ustoz va shogird o‘rtasidagi muloqot, munosabatlar juda ham xususiy bo‘lmagani sababli uni ko‘pchilik bilan baham ko‘rishni istadimmi, ishqilib shunday yo‘l tutdim.
Bundan ellik yil muqaddam, 1 sentyabr.
O‘ttiz nafar o‘g‘il-qiz jamlanib, allaqanday sirli bir mo‘jizalar ro‘y berishini kutganday oshiqib, hayajonlanib turgan sinf xonasiga Siz kirib keldingiz. Baland bo‘yli, xushsuvrat, navqiron yigit… Bizni o‘quvchi bo‘lganimiz bilan qutladingiz. Va keyin ism-shariflarimizni aytib, birma-bir tanisha boshladingiz. Birinchi partada o‘tirgan bo‘lsam-da, hadeganda meni chaqirmayotganingizdan ajablanib, ichim qizib borardi. (Familiyamdagi bosh harf alfavitning oxirrog‘ida ekaniga u paytlar aqlim yetmagan ekan-da). Nihoyat, meni ham chaqirdingiz. Men o‘tirgan joyimdan bosh irg‘ab iljayib qo‘ydim. Siz yana chaqirdingiz. Ajablandim: muallim meni ko‘rmayaptimi?.. Yonimdagi, orqamdagi bolalar turtkilashidan keyin o‘rnimdan turdim.
— Ha, falonchiyev, men bilan tanishgingiz kelmadimi — dedingiz kulimsirab.
—Meni taniysiz-ku, malim, — dedim. Chunki, siz bilan qo‘shni hovlilarda yashardik-da.
Hamma kulib yubordi. Siz ham jilmaydingiz. Keyin boshimni silab qo‘yib, yana stolingiz oldiga qaytib bordingiz-da, dedingiz:
—Men nafaqat sizni (aytmoqchi, hammamizni sizlab gapira boshlaganingizdan ham ajablanib turgandim), boshqalarni ham taniyman. Hamqishloq, qo‘shni, qarindoshlar sifatida. Lekin bugungi tanishuvimiz o‘qituvchi-o‘quvchi, ustoz va shogird tanishuvidir…
Demak, xuddi o‘sha kuni, bundan ellik yil muqaddam biz ustoz va shogirdlik rishtasi bilan bog‘langan ekanmiz. Darvoqe, o‘sha kungi yana bir zavqli holatni kula-kula eslab yuraman.
Kitob tarqata boshladingiz. Qarasam, hamma bolalar sumkalarini, ayrimlari matodan tikilgan jild-xaltalarni parta ustiga qo‘yishibdi. Men bo‘lsam darhol qo‘ynimga tiqib kelgan otamning belbog‘ini chiqarib yoyib qo‘ydim. Bundan yana kulgi ko‘tarildi. Gap shundaki, o‘shanda olti yoshda edim. Maktabga yana bir yil keyin chiqishim kerak edi Lekin o‘zimdan bir yosh, yarim yosh katta bolalarning maktabga qarab ketayotganini ko‘rib, chidayolmay to‘polon ko‘targandim. Shunda onam rahmatli otamdan, “mayli zerikkancha borib tursin, keyin bir gap bo‘lar”, deb ruxsat olib bergan va qo‘limga kitob o‘rab kelishim uchun belbog‘ tutqazib yuborgandilar. Siz bundan xabardor ekansiz, shekilli, bolalarga tushuntirdingiz.
— Oralaringizda, bu eng yoshi kichiklaring. Uning maktabga kelishiga bugun ruxsat tegdi. Shuning uchun tayyorgarliksiz kelibdi. Ertagayoq ko‘rasiz, u yap-yangi sumkada keladi. Va eng yaxshi o‘quvchi bo‘lib, hammamizni xursand qiladi… — Keyin menga jiddiy tikilib: — Gapim to‘g‘rimi, Falonchiyev? — dedingiz.
— To‘g‘ri, xursand qilaman, — dedim bu safar o‘quvchilarga xos burrolik bilan…
“Xursand qilaman!..”
Ustoz, sizning ishonchingizni qay darajada oqladim, qanchalik “xursand qildim”, bilmayman. Lekin, shunisi aniqki, o‘sha kun bildirgan ishonchingiz menga bir umr tirgak bo‘lib keladi. Necha o‘n yillarki, hayotda qanday mushkulot, sinov oldida qolsam, sizni eslayman, sizning o‘sha kungi mehr va ishonch balqib turgan nigohingiz ko‘z oldimga keladi. Shundan quvvat olaman, jur’atlanaman. Va “yaxshi o‘quvchi” bo‘lish haqidagi va’damni bajarishga kirishib ketaman…
Boshlang‘ich ta’lim ortda qoldi. Yuqori sinflar bosqichiga ko‘chdik. Boshqalarni bilmadimu, o‘shanda mendagi ko‘nikma-marom buzildi. To‘rt yil davomida sizga qattiq bog‘lanib qolgan ekanman, yangi muallimlarga hadeganda ko‘nikolmadim. Yaxshiyam siz kuniga hech bo‘lmaganda bir marta sinfimizga bosh suqib, oldingi paytlardagi kabi hazil-hazul bilan gap boshlab, kayfiyatimizni ko‘tarib chiqib ketardingiz. Bir safar yangi adabiyot o‘qituvchimiz darsini tugallab, tanaffusga chiqayotganida siz kirib keldingiz. Hammamiz joyimizga qaytib o‘tirdik.
— Xo‘sh, kasbdoshim, o‘quvchilarimdan rozimisiz, — dedingiz.
— Yaxshi. Yaxshi o‘qitibsiz, domla, — dedi yosh o‘qituvchi hozirjavoblik bilan. Uning tashqariga, kim bilsin, sigareta chekkanimi, oshiqib turgani aniq edi.
— Ha, bulardan yaxshi adabiyotchilar, shoir-yozuvchilar chiqadi hali, — dedingiz faxr bilan. — Masalan, Falonchiyevdan…
Adabiyot o‘qituvchim yalt etib menga qaradi-da:
— Yo‘g‘-e, sezmadim-ku, — dedi hammaga eshittirib. — Juda e’tiborsiz. Passiv…
Sizning qarashingizdan hushyor tortdimi, dami ichiga tushib ketdi. Siz bo‘lsangiz, bo‘pti, keyin gaplashamiz, dedingiz-da, u bilan chiqib ketdingiz. Sinfda yolg‘iz qolib, derazadan tashqarini kuzatib tursam, siz o‘qituvchimizni bir chekkaga olib chiqdingiz. Va unga allanimalarni jahl bilan uqtirdingiz. U yerdan bosh ko‘tarmasdan, miq etmay eshitdi. O‘shanda nimalar deb koyiganingizni bilmayman, lekin o‘qituvchimning menga munosabati tamom o‘zgarib, o‘ziga yaqin oladigan, alohida e’tibor beradigan bo‘lib qoldi. Keyinchalik bilsam, siz har bir fan o‘qituvchisiga o‘sha fan bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilaringiz haqida gapirib, ularga alohida e’tibor berishlarini tayinlab chiqqan ekansiz. Ko‘p o‘tmasdan o‘rtada ozroq buzilgan marom izga tushib, sinfimiz o‘zlashtirishi yaxshilanib ketgan edi…
Ustoz, qishloq maktablaridagi ahvol u davrlarda maqtagulik emasdi. Biz o‘quvchilar qishloq xo‘jaligi uchun beminnat dastyor, sizlar esa brigadir, tabelchilarning yordamchisi bo‘lib, ortimizdan ergashib yurishga majbur edingiz. Esimda, ayniqsa paxta terimi hasharidaikki-uch oylab egat oralab yurarkanmiz, siz dam-badam yonimga kelardingiz-da, albatta, adabiyot mavzusida gap ochardingiz. Bu mavzu maktab darsliklarida uchramasdi. Va yana har safar gazeta yo jurnalda chiqqan biror she’rmi, hikoyami, kattaroq asarmi, qo‘limga tutqazardingiz. Keyingi safargi suhbatimizga qadar men ular bilan tanishib, sizga hisobot berishga tayyor turardim. Oltmishinchi yillar adabiyotida inqilob yasagan juda ko‘p salaflarimizni men siz orqali kashf etganimni minnatdorlik bilan xotirlab yuraman.
…Ustoz, bugun nafaqadasiz. O‘zingiz hazil aralash aytganingizdek, keksalik gashtini surib yuribsiz. Lekin, men aniq bilamanki, siz hali ham maktabsiz yashay olmaysiz. Bolalarning qiy-chuvi, beg‘ubor kulgilarini kunda bir eshitmasangiz, hovli to‘la bolalarni oralab, ular bilan tillashib, chaq-chaqlashib qaytmasangiz xumoringiz tarqalmaydi. “Eh, qaniydi, yana bir marta yoshlik yillarimga qaytsaydim”, degandingiz bir safar. Armoningiz boisini tushunaman. Bugungiday yop-yorug‘, shinam koshonalarda, zamonaviy o‘quv vositalari, kompyuterlar, audio-video texnikalari bilan jihozlangan darsxonalarda kimning ham ishlagisi kelmaydi. Qolaversa, o‘quvchilarga haq gapni aytish, hech bir cheklovlarsiz, emin-erkin saboq berish naqadar maroqli… Mamlakatimiz bo‘ylab milliy ta’lim dasturi bo‘yicha tubdan islohotlar o‘tkazildi. Ustoz va murabbiylar qadri o‘z o‘rniga qo‘yildi. Keyingi ikki o‘n yillik mobaynida o‘n nafar hamkasbingiz O‘zbekiston Qahramoni unvoniga sazovor bo‘ldi. Ikki yuzdan ziyodi Xalqo‘qituvchisi, mingdan ortiqrog‘i Xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi, yoshlar murabbiysi kabi yuksak unvonlar hamda orden-medallar bilan taqdirlandi. Ularning orasida siz ham borligingizdan faxrlanaman. Ta’lim tizimida “Ustoz-shogird maktabi” faoliyat yurita boshlagani ham sizning ko‘p yillik orzuingiz emasmidi!..
O‘n uch yildan beri Yurtboshimiz farmoni bilan 1 oktyabr “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” umumxalq bayrami sifatida nishonlanib kelinayotgani ham bu sharafli kasb egalarining qanchalik e’zoz topayotganidan nishonadir. Kuni kecha poytaxtimizning “Turkiston” saroyida bo‘lib o‘tgan bayram tadbirida Prezidentimiz tabrigi o‘qib eshittirildi. O‘z tabrigida mamlakatimiz rahbari siz kabi ustozlarni o‘zining eng yaqin maslakdoshi, ko‘makchisi, suyanchi deb e’tirof etibdi. Prezident maslakdoshi, ko‘makchisi, bu — istiqlol suyanchi degani emasmi!.. Darhaqiqat, ulug‘ zotlardan biri “Har bir millatning saodati, davlatlarning tinchligi va rohati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bog‘liqdir”, degan ekan. Bunday e’tirof va ehtiromning amalda o‘z isbotini topayotgani naqadar maroqli va quvonchlidir. Va shu tobda bunday ulug‘ evrilishlardan sizning ko‘nglingiz tog‘day yuksalib, yillar ajin tushirgan yuzlaringiz yanada nurlanib borayotganini aniq-taniqhis etib turibman.
Ustoz, maktubimda ismingizni tilga olishdan tiyildim. Sababi, siz, albatta, xokisor va kamsuqum tabiatingiz bilan buni ma’qullamagan bo‘lardingiz. Bunday yo‘l tutishimning yana bir boisi, Sizning timsolingizda yurtimizdagi necha minglab fidoyi zotlarga o‘zimning va o‘zim kabi millionlab shogird-o‘quvchilarning bemisl ehtiromini izhor qilishga intildim.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 40-sonidan olindi.