Zokirjon Mashrabov. Tabarruk qadamjolar bo‘ylab (2010)

O‘z vaqtida Movarounnahr Shayboniylar qo‘liga o‘tgach, noiloj qolgan Bobur 1501 yili ona yurtidan ko‘ngil uzib, otasiga uning sunnat to‘yida bobosi Abu Said Mirzo sovg‘a qilgan Kobulga qarab yo‘l oladi va 1504 yili Kobulni zabt etishga muvaffaq bo‘ladi. Ilmiy ekspeditsiya a’zolarini shu tafsilotlar qiziqtirardi.

Safarimizning dastlabki marrasi qo‘shni Novqat shahri bo‘ldi. Chap tomonda O‘sh. «Boburnoma»da tabiati, xush havosi, gul-chechaklari maqtalgan shahar. Undagi Baroko‘h tog‘i va Bobur qurdirgan hujra… beixtiyor ko‘z oldimizga keladi.

Bobur qurdirgan hujra 1960 yilgacha yaxshi saqlangan. Biroq uni «xurofot maskani» sifatida sho‘ro amaldorlari ko‘rsatmasi bilan buzib yuborishgan. Ne baxtki, Boburni chin dildan sevgan o‘shliklar Bobur hujrasini yanada ko‘rkamroq qilib qayta bunyod etibdilar…

Bobur izidan yurib, O‘sh, Aravon, Qizilqiya, Uchqo‘rg‘on, So‘x va Hushyor, Vorux va Dahkat qishloqlariga yetib bordik. Bu qishloqlar oddiy qadamjolar emas, bu yerlarda Bobur va uning yaqinlari bir yilga yaqin yashagan. Bu yerda — So‘xning Tul qishlog‘idagi tog‘da o‘sha mashhur ko‘zgutosh — Sangi Oyina bor!

Hushyor qishlog‘ining «Boburnoma»dagi tasvirini ko‘z oldimizga keltiramiz: «Isfaradan bir shar’iy (2,4 km) masofada janub tomonida tog‘liklar orasida bir yirik tosh bor. Uni «Sangi oyina» deydilar. Uzunligi taxminan o‘n qari (7 metr) keladi. Balandligi ba’zi yeri odam bo‘yicha, ba’zi yeri pastligi kishi beligacha bo‘lib, oynadek har nima aks etadi».

Bu joylardan o‘tib borar ekanmiz, Tul qishlog‘i yonidagi ko‘hna tog‘larga ko‘zimiz tushadi. Yo‘l boshlovchilarimiz «Sangi oyina» mana shu tog‘da ekanligi, Bobur Mirzoning shu yerda bo‘lganligini yaxshi bilishar ekan. «Sangi oyina» shu tog‘ tepasida edi. Uni ko‘rishga muyassar bo‘ldik. Bobomiz tog‘ yonbag‘ridagi buloq atrofida dam olib, hordiq chiqargan. Biz ham shu buloqdan to‘yib-to‘yib suv ichdik.

Tojikistonning G‘onchi tumanida istiqomat qiluvchi Abdulla aka Qayumov O‘zbekiston radiosida Bobur qadamjolari haqida gapirganlarini eslab, u kishini axtarib topdik. Ulovda Dahkat qishlog‘ining tepa qismi bilan yurib, Boburchak degan tabiati g‘oyat go‘zal joyga bordik. Bu joyni Bobur burchagi deb atashar ekan. Bobur shu joyda yashagan paytda tepaga soqchi-kuzatuvchi qo‘yilgan, shuning uchun bu joy Qorovultepa ham deyilar ekan.

Tog‘ yonbag‘ridagi buloqning labiga Boburshoh bir tup zirk daraxti o‘tqazgan. Uni zirki Bobur der ekanlar. Ovchi daryosi bo‘ylab yurib, Bobur toshiga duch keldik. Daryo qirg‘og‘idagi yo‘l bo‘yida, xiyol teparoqda katta supasimon, usti tep-tekis toshga ko‘zimiz tushdi. Shu yerlik kishilarning aytishicha, Boburshoh mana shu tosh ustida namoz o‘qigan ekan. Shu kunga qadar saqlanib kelgan ushbu toshni aholi «Taxti Bobur» deb atashlari barchamizni xursand qildi.

Daryoning Tangi darvozasidan o‘tib Ovchi qishlog‘iga bordik. Ovchiliklar Mirzo Bobur haqida hikoyatlar so‘zlab berishdi. Ovchiliklar Hisorga o‘tib ketayotgan Boburshohni bilib qolishib, unga katta izzat-ikrom ko‘rsatishadi va Obburdon dovonigacha kuzatib qo‘yishadi. Odamlarning aytishicha, Ovchi va Hushyor qishlog‘idan bir qancha yigitlar Bobur mirzo xizmatiga o‘tib, Kobulga birga ketishgan ekanlar.

Ovchi daryosining o‘ng irmog‘i Obburdon dovoni darasidan, to‘g‘ridan oqayotgan irmoq esa Falg‘ar dovoni darasidan boshlanadi. Bobur Obburdon dovoniga irmoq bo‘ylab chiqib ketgan. Ob-havo noqulayligi bois mashinada dovondan o‘ta olmay, boshqa yo‘l bilan O‘ratepa, Ayniy orqali safarni davom ettirishni lozim topdik…

Shayboniyxon Marvda Ismoil Safaviydan yengilganidan so‘ng, 1510 yillarda Mirzo Bobur Movarounnahrni o‘z tasarrufiga qaytarish haqida o‘ylab, Sulton Saidxonni Andijonga xon qilib yuboradi. Andijon qo‘rg‘onini yanada mustahkamlash maqsadida o‘ziga yaxshi tanish va qulay bo‘lgan tog‘ yo‘llari, ya’ni Hisor-Mascho-O‘ratepa orqali kelib, 1512 yilda Samarqandni uchinchi marotaba olishga muyassar bo‘ladi. Boburning Afg‘oniston, Hisor, Zarafshon, Turkiston tog‘ tizmalari orqali Samarqandga kirib kelishini, albatta, dushmanlari kutmagan edi. Ammo son jihatidan ustun bo‘lgan Shayboniylar 1513 yillarda Boburni Samarqanddan Kobulga, Sulton Saidxon bilan Mirzo Haydarni Andijondan Koshg‘ar tomonga chiqib ketishga majbur qilishadi. Demak, Obburdon qishlog‘idagi toshbitiklardan birining yozilish vaqti 1511 — 1512 yillar — Bobur Samarqandni uchinchi marotaba olgan vaqtga to‘g‘ri keladi.

Safarimiz chog‘i biz Xo‘jand shahrida ham to‘xtab o‘tdik. Bobur Samarqandga o‘tishda bu shaharda qayta-qayta bo‘lgan, hatto bir yarim yil yashagan ham. U ilk marotaba Xo‘jandda — Oyisha Sulton begimga uylangan. Haydar Mirzo «Tarixi Rashidiy»da bu shahar haqida ma’lumot berar ekan, yo‘l-yo‘lakay bir necha marta bu yerda bo‘lgani, Shayboniyxonning buyrug‘i bilan Toshkent hukmdori Sulton Mahmudxon 1509 yilda besh farzandi bilan qatl etilib, Shayx Muslihiddin qabristoniga qo‘yilgani xususida yozadi. «Boburnoma»da Xo‘jand shahri, Mutug‘ul (Mo‘g‘ul) tog‘i va Sirdaryo (Xo‘jand suyi) haqida juda batafsil, muhim ma’lumotlar berilgan.

Bobur shahar qo‘rg‘oni bilan daryo oralig‘i bir o‘q otimi masofasida ekanini qayd etgan. Biz daryo sohilida turib, qal’a, daryo va tog‘ni kuzatar ekanmiz, Boburning olimona zakovatiga tan berdik. Hozir qal’a darvozasi qayta ta’mirlanib, o‘lkashunoslik muzeyiga aylantirilgan. Biz muzey eksponatlari bilan tanishdik, Xo‘jand universiteti o‘zbek filologiya fakulteti olimlariga yangi kitoblarimizdan tortiq qildik.

Istaravshan yo‘lidan o‘ngga burilib, Kurkat qishlog‘i shimoliga qarab yursak, Bobur qadamjolaridan biri — Hashtiyak qishlog‘iga borasiz. Bu qishloq Bekobod shahriga tutash. Bobur Shayboniyni ta’qib etib borayotib, Hashtiyakda suvi muzlab yotgan ariqda cho‘milgan. Bu haqda «Boburnoma»da: «Menda g‘uslga ehtiyoj bor edi. O‘n olti marotaba suvga sho‘ng‘idim», deb yozadi.

Safarimizning navbatdagi manzili O‘ratepa (Istaravshan) va uning tevarak-atrofidagi qishloqlar bo‘ldi. Bobur ushbu shaharda va uning tevaragidagi qishloqlarda oylab yashagan. Muhammad Haydar Mirzo O‘ratepada unib-o‘sgan. Chunki otasi Muhammad Husayn Mirzo Toshkent xonining farmoni bilan O‘ratepada to‘qqiz yil (1492 — 1501) hokimlik qilgan. «Tarixi Rashidiy»da Muhammad Haydar ularning Bobur mirzo oilasida aziz mehmon bo‘lganini faxr bilan eslaydi. O‘ratepada XV — XVI asrlarda qurilgan ko‘kgumbaz masjidi va naqshinkor sinchli binolar saqlangan.

Bu manzildan Shahriston dovoni tomon yo‘l oldik. Baland dovondan oshib o‘tib, kechqurun Ayniy (sobiq Varzimanor — Falg‘ar)ga yetib kelib, mehmonxonada tunadik. Erta sahar Anzob dovoniga qarab yurgan edik, yo‘limiz ikki tomonga ayrildi. Zarafshon daryosiga qurilgan ko‘prikdan o‘tib, sharq tomonga —daryo bo‘ylab ketsangiz Mascho, Obburdon qishloqlariga borar ekansiz. Bobur 1501 — 1502 va 1511 — 1512 yillarda bir necha marotaba shu joylarda yashagan va o‘z dastxatini qoyatoshu qabrtoshlarda qoldirgan. «Boburnoma»da shoir bu xususda bir muncha batafsil ma’lumotlarni yozib qoldirgan: «Maschoning pastki kenti Obburdondir. Obburdondan quyiroqda bir chashma bo‘lib, bu chashmadan yuqorisi Maschoga qarashli. Quyisi Palg‘arga taalluqlidir. Ushbu chashma boshida, uning yoqasidagi toshga bu uch baytni o‘yib yozdirdim:

Shunidamki, Jamshedi farruxsirisht,
Ba sarchashmaye bar sange navisht:
Bar in chashma chun mo base dam zadand,
Biraftand to chashm barham zadand.
Giriftem olam bo mardiyu zo‘r,
Va lekin naburdem bo xud ba go‘r».

Mazmuni:

Eshitganim borki, Jamshiddek nomdor
Bosh buloq toshiga yozdirdi yodgor:
Bu buloq boshiga ko‘plar yetdilar,
Ko‘z yumib ochguncha yitib ketdilar.
Mardligu zo‘rlik-la olamni oldik,
Lekin qabristonga quruq yo‘l soldik.

Bu tog‘li maskanda toshga bayt va so‘zlarni o‘yib bitish odatdir». Ekspeditsiya a’zolari ushbu toshni izlab, Ozaxak va Shurox buloqlarini borib ko‘rdik. Shu yerlik kishilar Sa’diy Sheroziy baytlari bitilgan o‘sha mashhur «Bobur toshi»ni tojikistonlik olimlar, jumladan akademik Ahror Muxtorov bir necha boshqa toshlar bilan Dushanbega olib ketganini aytishdi. Darhaqiqat, o‘sha sip-silliq qoramtir tosh yozuvlari juda yaxshi saqlangan holda Dushanbedagi tarix muzeyida ko‘rgazmaga qo‘yilgan. Biz uni borib ko‘rdik. Tarixchi Sobir Zikirzoda «Bobur toshi» nomi bilan mashhur bo‘lgan yozuvli toshning Dushanbe shahriga keltirilishi haqida «Hisor tarixi» kitobining so‘ngso‘zida yaxshi ma’lumot bergan ekan. O‘sha kitobni Hisor muzeyi direktori Abdug‘ani aka orqali qo‘lga kiritishga muyassar bo‘ldik. Muzeydagi toshbitiklarga nazari tushgan mashhur tarixchi olim A.A.Semyonov «Bobur toshi jahonning eng mashhur muzeylari ziynati bo‘la oladi!», degan ekan. Inshoollloh, ushbu toshbitikning nusxasi yaqin vaqt ichida Andijondagi qadimiy shaharsozlik madaniyati muzeyiga ham qo‘yilsa ajab emas.

Shamtich qishlog‘idan Hoji Umarqul ismli kishi toshbitiklar haqida yaxshi ma’lumotga ega degan xabar oldik. U kishi bizni «Durust» qabristoniga boshladi va Bobur nomi bilan aloqador toshbitiklarni ko‘rsatdi. Qabriston daryoning o‘ng sohiliga joylashgan. Daryo qirg‘og‘idagi toshlardagi yozuvlarni bemalol o‘qish mumkin. Bu qabristonda biz o‘rgangan baytlarni muzeyga ko‘chirib olib ketilmagani sababi bor: ular ko‘chirilsa, matnlar toshlar bilan birga parchalanib ketadi. Ekspeditsiya a’zolari ulkan qora toshlarga cho‘kkalab, bitiklarni hijjalab o‘qiy boshladik, yozuvlarni foto va video lavhalarga oldik. Eng katta qoyatoshdagi matn quyidagicha:

Fi ayyomi saltanati sulton
Bobur xallada mulkahu. 907.

(Tarjimasi: Bobur hukmronligi kunlari. Olloh uning shohligini abadiylashtirsin).

Shu matn ostida quyidagi bayt o‘yib yozilgan:

Kofiro, mardumshikoro, yak zamon ohistatar,
K-ohui bechoraro ba tiriturkon tob nest.

Katabai miram Bobur xalladaloh mulkahu sultonahu. 907

Mazmuni:

Ey kofir, ey odam ovchisi, bir lahza shoshma,
Sho‘rlik kiyik turklar o‘qiga dosh berolmaydi.

Amirim Boburning katabasi-toshbitigi. Olloh uning mulki va saltanatini boqiy etsin.

Bobur, toshdagi sanalarga ko‘ra, 1502 va 1512 yillarda qochqin emas, hukmdor sifatida bu qishloqlarda mehmon bo‘lib vaqt o‘tkazgan. Bitiklarni toshga muhrlaganlar ko‘pincha Boburning o‘z mulozimlari, goho mahalliy toshyo‘narlar bo‘lishgan. Bo‘sh vaqti borligi va toshga yozishga havasi bo‘lgani uchun Boburning o‘zi ham yozgan. O‘sha yuqoridagi yozuv «Amirim Boburning katabasi-toshbitigi» degan qayd bu mulohazamizni isbotlab turibdi.

Qishloq ahli bu baytlarni yoddan bilishadi. Hoji Umarqul otaning shirali ovozini tinglab, ushbu ta’sirchan baytning ramziy ma’nolarini mushohada etishga harakat qildik.

Obburdon dovonidan yana Ayniyga(Falg‘ar)ga kelib, tanish mehmonxonada tunadik. Ertasi kuni azonda Anzob dovoniga qarab yo‘l oldik. Tog‘da yo‘llar yo‘nalishini daryo va soylar belgilaydi. Biz Dushanbega eltadigan dovonga qarab borayapmiz. Yo‘lda xitoylik yo‘l ustalari ta’mirlash ishlarini olib borayotgani sababli 3-5 km. masofani Zarafshon daryosining sho‘x irmog‘i ichida bosib o‘tdik. Tepalikka o‘rlaganimiz sari bulutlarga yondashardik. Tog‘ cho‘qqilari yonbag‘ridagi yo‘lga kecha shivalab o‘tgan yomg‘ir qor bo‘lib tushgani, qor ko‘chkilari 100 metrlar pastda muzlab yotganini ko‘rib, tabiat mo‘jizalariga qoyil qolardik. Dushanbega kirib kelganimizda qosh qoraya boshlagan edi. Fursatni g‘animat bilib, Hisorga jo‘nadik. Bobur Maschodan Hisorga kelganini shunday hikoya qiladi: «Muharram oyida Farg‘ona viloyatidan Xurosonga borish niyatida Hisor viloyati yaylovlaridan bo‘lgan Ilok yayloviga kelib tushdim. Ushbu yurtda yigirma uch yoshning ibtidosida yuzimga ustara tekkizdim… Ilokdan uch-to‘rt ko‘chish bilan Xoja Imod degan yerga kelib to‘xtadik…».

Sulton Mahmud mirzo va uning o‘g‘illari Boysung‘ur mirzo va Mas’ud mirzolar mulki bo‘lgan Hisorni o‘sha paytda Xisravshoh ismli bek boshqarardi. Bobur betamiz, axloqsiz Xisravshohning tuban qiliqlari tufayli Hisor ahlida buzuqchilik va ichkilikbozlik kuchayganini qayd etadi: yigirma ming kishilik lashkari Bobur tomonga o‘tib ketgach, u uyalmay-netmay yukunib keladi. Xisravshoh bilan suhbatlashib, Bobur u haqda yozadiki: «Nomardlik va haromxo‘rlikdan tashqari, u befarosat va bemaza vaysaqi ham ekan».

Safar yo‘limiz Ko‘lobga burildi. Bu yerda Mir Said Ali Hamadoniyning qabr-maqbaralarini ziyorat qildik. Bu aziz zotga Boburning mehri o‘zgacha edi.

Ko‘lobdan Xorug‘ tomon yo‘lga tushdik. Shag‘illab oqayotgan Panj daryosi bo‘ylab uzoq yurib, nihoyat Xorug‘ shahriga kirib bordik. Mehmonxonada bir oz tin olib, Xorug‘ davlat universitetiga bordik. Universitetning tarix fakultetida, so‘ngra mehmonxonamizda Xorug‘ Davlat universiteti olimlari: professor N.Ofaridayev va moziyshunoslar M.Alimshoyev, Yu.Shodmonbekov, A.Shohinbekovlar bilan qizg‘in suhbat uyushtirdik.

Badaxshonlik olimlar temuriylar va boburiylar tarixidan yaxshi xabardor ekanlar. Ularning quyidagi fikrlari biz uchun yangilik bo‘ldi:

— Boburiylar Badaxshon hukmronligini qo‘lga kiritgach, badaxshonliklar Buyuk Ipak yo‘liga chiqishga muvaffaq bo‘ldilar. Qo‘shni davlatlar bilan madaniy aloqa, savdo-sotiq ishlari rivojlandi. Talabalarimiz orasida Boburxon, Shohrux Mirzo, Bobur Said kabi ismlar borligi ham xalqimiz temuriylar va boburiylarni unutmay kelayotgani va qadrlashining dalilidir. Badaxshon o‘lkasidagi Ishkoshim va Sulton Ishkoshim oralig‘idagi cho‘qqining Humoyun cho‘qqisi («Qullai Humoyun») deb atalgani ham ushbu fikrimizni isbotlab turibdi.

Xorug‘dan Badaxshonning Afg‘oniston tomoniga o‘tmoqchi bo‘lib yo‘lga chiqdik. Biroq mashinamizning old g‘ildiraklari yaxshi tortmadi. Dovonlarga chiqolmasligimizga ko‘zimiz yetib, yana Xorug‘ga qaytdik. Ishkoshimdan Fayzobodgacha bo‘lgan yo‘l xorij davlatlari yordamida yaxshi ta’mirlanganini chegarachilardan eshitib, Pomir tog‘lari bo‘ylab Ishkoshimga qarab ketdik.

…Chegara hududidan Afg‘onistonga o‘tib, Sulton Ishkoshimda Qullai Humoyun — Humoyun cho‘qqisini tomosha qildik. So‘ng Fayzobod tomon yo‘lga tushdik. Uzoq yurdik. Tog‘ yo‘llari bo‘ylab borar ekanmiz, Yumg‘on qishlog‘ida aziz qadamjolardan biriga duch keldik. Asli qabodiyonlik bo‘lgan, o‘z davrining mashhur shoiri, alloma Nosir Xisrav qadamjolarini ziyorat qildik. Uning «Safarnoma» kitobini tarixchi G‘ulom Karim tarjimasida o‘qiganimizni esladik.

Ertalab barvaqt yo‘lga tushib, ikki soatlar chamasi daryo oqimi bo‘ylab yurib, Fayzobodga yetib keldik. Badaxshonning bu qismi Afg‘onistonning eng chekka hududi bo‘lgani uchun obodonchilik nisbatan kamroq.

Shaharning nomi Bobur va Humoyunlar zamonida Javzgun bo‘lgan. XVI asrda Badaxshonning poytaxt shahri Qal’ai Zafar edi. Bu yerda Zahiriddin Muhammad Bobur va uning ukasi Nosir Mirzo, o‘g‘illari Humoyun Mirzo, Hindol Mirzo, jiyani Sulton Ahmadxonning o‘g‘li Sulton Sayyidxon, xolavachchasi Muhammad Haydar Mirzo va boshqalar ko‘p marta bo‘lishgan, yashashgan, hukmfarmolik qilishgan.

Badaxshon xalqi tarixidagi muhim ma’lumotlardan yana biri shuki, Humoyun Mirzo Badaxshonda hukmron bo‘lgan yillari Farg‘ona vodiysi, Andijondan, Marg‘ilon va Quva atroflaridan ko‘p o‘zbek oilalari bu yerga ko‘chib kelishgan. Biz aholi, xususan, ziyolilar, Badaxshon voliysi bilan suhbatlashganimizda shu ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Ertasi kuni ko‘plab o‘zbek ziyolilarining mehmonxonaga kelishi biz uchun kutilmagan voqea bo‘ldi.

Muhammad Haydar Mirzo «Tarixi Rashidiy»da Badaxshonning 1510-1530 yillaridagi hududiy siyosiy vaziyatini juda mufassal ko‘rsatgan.

Biz viloyat ma’rifat va madaniyat ishlarining mas’ul xodimi Abduma’ruf Rosix yordamida viloyat voliysi G‘ozi Mahmud Ahmad qabulida bo‘ldik. Tabib va shoir Keskin bilan tanishdik. U kishining xonadonlariga kirdik. Keskin Toshkentda tibbiyot oliygohida saboq olgan vrach ekan.

Rosix janoblari bizni viloyat ma’rifat-madaniyat markaziga ham olib bordi. U yerda markaz rahbari, shoirlar va muxbirlar bilan samimiy muloqotlar uyushtirildi. Ular boburiylarni Badaxshon hukmdorlari sifatida hurmat qilishlari, boburiylar Badaxshonga ma’rifat tarqatganliklari xususida maroq bilan so‘zladilar. Biz ekspeditsiyamizning maqsadi, mustaqillik tufayli O‘zbekistonda yuz bergan o‘zgarishlar haqida gapirib berdik. Buyuk ajdodlarimizning Afg‘oniston hududidagi qabr-maqbaralarini tiklash, obodonlashtirish kabi xayrli ishlarni amalga oshirish haqida fikrlashdik. O‘z navbatida, ulardan Boburning biz izlayotgan «Harb ishi» va «Asrori musiqiy» asarlari hamda «Boburnoma» qo‘lyozmalarini aholidan surishtirib topishga ko‘maklashishlarini iltimos qildik. Safarimiz davomida topilgan manbalarning eng qimmatlisi shu bo‘ldiki, olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Muhammad Haydar Mirzo 1529-1530 yillarda Badaxshonda bo‘lgan paytlari «Jahonnoma» dostonini eski o‘zbek tilida yozib tugatgan ekan. U Ayoz taxallusi bilan ijod qilgan. Internetdan olingan ma’lumotlarga qaraganda, «Jahonnoma»ning qo‘lyozma nusxasi Berlin universiteti kutubxonasi va Urumchi Jamoa akademiyasining qo‘lyozmalar bo‘limida saqlanmoqda.

«Boburnoma»da 1510-1519 yillarda sodir bo‘lgan voqealarning tafsiloti mavjud emas. Shu 9 yil (jami 18 yillik voqealar bayoni yo‘q) mobaynida Bobur Mirzo o‘z qalamravidagi hududlarni kengaytirib, madaniy aloqalarni yo‘lga qo‘ygan bo‘lishi kerak. U «Boburnoma»da Tabriz, O‘sh, Koson va Kobul shaharlarining ob-havosi mo‘tadil iqlimli, yoqimli ekanini yozadi…

Shuningdek, «Boburnoma»da Beruniydek buyuk olim Afg‘onistonning G‘azna shahrida yashab, Hindistonga sayohat qilib, «Hindiston» va boshqa mashhur asarlarni yozgani haqida ham hech narsa aytilmagan. Bobur Beruniy haqida o‘z munosabatini hozircha topilmagan sahifalarda bildirgan bo‘lsa ajab emas.

Boburshoh 1511 — 1512 yillarda Afg‘onistondan Hisor-Oloy tog‘ tizmalari orqali Falg‘ar-Mascho-Obburdon qishloqlarida to‘xtab, vodiyga, Zarafshon vohasiga uchinchi marta kelib, Samarqandni olishi ham «Boburnoma»da yozilmagan. Laknau shahridagi mashhur Xudobaxsh kutubxonasida saqlanayotgan miniatyurada «Boburning Koshg‘arni qamal qilishi» nomli surat berilgan. Biroq «Boburnoma»da Tabriz ob-havosi ta’riflanganiga qaramay Boburning Eronga — Tabrizga borgani va Koshg‘arni qamal qilgani haqida ma’lumot yo‘q. Ushbu voqealar bu qomusiy asarning yo‘qolgan qismida (18 yillik voqealar) bo‘lishi mumkin.

Mirzo Bobur musiqa tinglab, «Chorgoh» kuyini bastalagani va bu kuyni o‘zi ijro etganini ham «Boburnoma»da yozadi. Demak, bugungi tadqiqotchi-boburshunoslar uchun «Boburnoma»ning yo‘qolgan qismlari, «Musiqa sirlari» va «Harb ishi» asarlarini izlab topish, ilmiy iste’molga kiritish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.

…Taxor viloyati tomon yo‘lga tushdik. Ekspeditsiya a’zolariga Badaxshon voliysi qozi Salimulloh Xoliqiyni yo‘l ko‘rsatuvchi qilib berdilar. Qorong‘i tushganda viloyatning Kishim shahriga yetib keldik. Shinamgina oshxonada afg‘on palovi va tovuq go‘shtidan tanovul qilib, biz uchun ushbu vaziyatda qulayroq bo‘lgan harbiy kazarmada tunadik.

Ertasi kuni Taxor voliysi janob Abdullatif bilan uchrashdik. Boborahim Mashrabning nochorgina maqbaralari shu viloyatga qarashli Ishkamish shahrida joylashgan. Voliy bilan shoh Mashrab qabr-maqbaralarini obodonlashtirish haqida maslahatlashib oldik. Voliy bizning xayrli faoliyatimizdan g‘oyat mamnun bo‘lib, bu ishda qo‘lidan keladigan yordamga hamisha tayyor ekanligini izhor etdi. Hokim (voliy) navqiron o‘zbek kishi edi. Viloyatda asosan o‘zbeklar yashab, qishloq xo‘jaligi va chorvachilik bilan shug‘ullanishar ekan.

Fayzoboddan Taxor va Taxordan Mozori Sharifgacha bo‘lgan yo‘l kaftdek tekis ekan. Birin-ketin Qunduz shahri, Bog‘lon, Puli Xumri, Samangon, Aybak, Rabotak, Toshqo‘rg‘on ortimizda qoldi. Nihoyat, Mozori Sharifga kirib bordik. Shahar ziyolilari — asosan o‘zbeklar bizni shahar darvozasidayoq kutib oldilar va Samir Volid mehmonxonasida uchrashuv-ziyofat marosimini uyushtirdilar.

Mezbonlarga fondimiz faoliyati haqida, safarimiz maqsadi xususida mufassal ma’lumot berib, keyingi yillarda chop qilingan ilmiy-adabiy nashrlardan yuzga yaqin kitobni Mozori Sharifdagi Navoiy va Bobur anjumaniga tortiq etdik. Bu kitoblar orasida «Boburnoma»ning asl turkiy tildagi 2002 yilgi nashri, asarning 2008 yili hozirgi o‘zbek adabiy tiliga qilingan tabdili, Boburning «G‘aribing Andijoniydir» devoni, Komron Mirzo «Devon»ining o‘zbek va arab yozuvidagi ilmiy matni, Shafiqa Yorqin tayyorlagan «Bobur devoniga takmila» kitobi, Rumer Godenning «Gulbadan» romani, G‘afurjon Satimovning «Markaziy Osiyo va Hindiston tarixida Boburiylar davri» monografiyasi, Qamar Raisning «Boburning hayoti va she’riyati» risolalari bor edi.

Mezbonlar nomidan Navoiy va Bobur anjumani raisi Abdulla Ruyin nutq so‘zlab, Alisher Navoiy asarlaridan to‘rt kitobni, Gulxaniyning «Zarbulmasal» asari Mozori Sharif nashrini bizga hadya qildi. Ulug‘bek anjumani raisi Puhniyor Hidoyatullo Hidoyat «Boburnoma»ning mukammal Mozori Sharif (2008) nusxasini tortiq qildi.

Kitob do‘konlaridan Muhammad Haydar Mirzoning «Tarixi Rashidiy» asarining 2004 yilgi Tehron nashrini topishimiz ekspeditsiya a’zolari uchun quvonchli voqea bo‘ldi. Ayniqsa, fondimiz buyurtmasiga binoan bu asarni o‘zbek tiliga tarjima qilgan safardoshimiz Vahob Rahmonning quvonchi ichiga sig‘masdi, chunki ushbu nashrning saviyasi yuqori hisoblanar ekan…

Safar davomidagi yig‘ilish va uchrashuvlarimiz, ziyoratgohlar shuningdek boburiylarga taalluqli nimani ko‘rgan bo‘lsak, hammasini video va foto lavhalarga tushirishga harakat qildik. Korgarning «Temuriyon» (Temuriylar) kitobining Tehron nashrini fayzobodliklar bizga tortiq qilishdi. Ushbu yirik kitobda temuriylar va boburiylarning hayoti va faoliyati to‘kis qamrab olingan.

Biz Hirot shahrini ziyorat qilishni ham ko‘zlagan edik. Ammo ichki vaziyat bois bu orzuni biroz kechiktirishga to‘g‘ri keldi. Ayritom (Xayraton) orqali Vatanga qaytdik. Har qalay, yigirma kunlik safarimizda Bobur va boburiylar, Haydar Mirzoga tegishli ancha-muncha ashyoviy dalillar va ilmiy-adabiy ma’lumotlar to‘plashga muvaffaq bo‘ldik. Ularni mavridi bilan ilmiy iste’molga kiritib ommalashtirish niyatidamiz. Ushbu safar yakuni bo‘yicha Toshkent, Farg‘ona va Andijon shaharlarida boburshunos olimlar, yozuvchi-shoirlar, jurnalistlar, viloyat faollari ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazdik. Navbatdagi vazifalardan biri «Bobur qomusi» yaratilishini tezlashtirish va Muhammad Haydar Mirzoning «Tarixi Rashidiy» asarini fondimiz homiyligida o‘zbek tilida chop etishdan iborat.

Zokirjon Mashrabov,

Bobur nomidagi xalqaro ilmiy ekspeditsiya rahbari

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 2-sonidan olindi.