O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti jahondagi mashhur qo‘lyozma xazinalaridan biridir. Unda jahon ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan mutafakkir olimlarning qimmatli asarlari qo‘lyozmalari saqlanadi. Mana shunday qimmatli asarlardan biri yirik mutafakkir Husayn Voiz Koshifiyning “Axloqi Muhsiniy” nomli kitobidir.
Olim “Axloqi Muhsiniy” asarini 1495 yili yozgan. U qirq bobdan iborat. Dastlabki boblarda ibodat, duo, ixlos kabi tushunchalar bayoni, podshoh va yuksak martabali davlat arboblarining vazifalari, axloq-odobi juda ko‘plab tarixiy shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida yoritilgan. Kitobda boshqa axloqqa oid mashhur asarlardan iqtiboslar mavjud. Shu bois, Koshifiy o‘zini musannif, ya’ni asarning tuzuvchisi, deb ataydi.
“Axloqi Muhsiniy”da musannif avval axloqqa oid biror so‘z va tushunchani izohlab, keyin unga o‘quvchi amal qilishi uchun naqliy va aqliy dalillar keltiradi. Naqliy dalil deganda, “Qur’on” oyatlari, “Hadis” va rivoyatlardan keltirilgan asoslar tushuniladi. Aqliy dalil deganda esa, biror axloqiy qoidaga amal qilishning mantiqiy asoslari tushuniladi. Buning uchun kitobda tuzuvchi fikr-mulohazalari, Abulqosim Firdavsiy, Nizomiy Ganjaviy, Jaloliddin Rumiy va boshqa mutafakkirlar asarlaridan lavhalar keltirilgan.
Asardagi tarixiy qissalar qamrovi davr jihatidan juda katta. Ularda qadimgi yunon donishmandlari, islomgacha bo‘lgan eron, turk hukmdorlari, arab xalifalari, G‘aznaviy, Somoniy va boshqa tarixiy shaxslarning ibratli so‘zlari, ishlari to‘g‘risida hikoya qilinadi. Ammo biz ularni ayni tarixiy voqea, deb tan olishimiz qiyin. Albatta, mashhur shaxslar nomlarining keltirilishi o‘rta asr sharoitida kitobxon uchun oddiy bir holdir. Ammo bugungi o‘quvchiga Ardasher huzurida Xitoy xoqoni, Hindiston rojasining bo‘lishi erish tuyuladi. Ular qissa ijodkorlarining xayoli mahsulidir.
“Axloqi Muhsiniy” XV asrda yaratilgan axloqqa oid ham ilmiy, ham badiiy xususiyatga ega kitobdir. Shu sababli, tuzuvchi unga ko‘plab she’riy namunalar, rivoyatlarni kiritgan. Ayrim hollarda, o‘sha davr kishisining dunyoqarashi seziladigan o‘rinlar ham mavjud.
Husayn Voiz Koshifiy axloq borasida Muhammad payg‘ambar shaxsiga alohida hurmat ko‘rsatadi: “Ulug‘ hadis “bu’istu li-utammima makorim al-axloqi” mazmunidan ma’lum bo‘ladiki, olam sarvari va bani odam sardaftari Muhammad(s.a.v.)ning payg‘ambarlik foydasi ham ahli olamaro ulug‘ yaxshi xulqlar oshkor qilishi va yaxshi sifatlarni kamolga yetkazishidir. Hadisning mazmuni, tamom qilurman, ya’ni kamolga yetkazgayman ulug‘ yaxshi xulqlarni, deyishdir. Hazrat(s.a.v.)ning mo‘jaz bayon tillari “Xulqlaninglar, Olloh xulqi bilan” kalimasi bilan so‘z ochdi. “Qiyomat tarozisida tortiladigan narsa yaxshi xulqdir”.
Musannif inson axloqi, yaxshi xulqning ijtimoiy hayotdagi ahamiyatini shunday izohlaydi: “Hakimlar aytadilarki, chiroyli xulq shunday bir yo‘lki, bu yo‘ldan yurmay izzat va sharif manziliga yetib bo‘lmaydi va bu yo‘lga qadam qo‘ymay vujud raxtini(kiyim-kechagini — A.M.) hayvonot biyobonidan insoniyat dorul mulkiga yetkazib bo‘lmaydi…
Chiroyli xulq va yoqimli sifatlar odamlar orasida har kimdan sodir bo‘lsa zebo ko‘rinadi. Xususan, qudrat va quvvat jilovini Haq(pok va oliy) ularga ixtiyor kaftiga berib qo‘yilgan jamoat, ya’ni podshoh jamoatidan agar yaxshi xulq sodir bo‘lsa, boshqalarga nisbatan yaxshiroq va munosibroq yarashadi”.
Mavlono Husayn Voiz al-Koshifiy “duogo‘ylik va davlatxoxlik tariqi bo‘yicha, garchi ulug‘ qadrli oliy hazrat (shahzoda Abulmuhsin — A.M.)ning sifatlarini bayon qilishga imkon bo‘lmasa-da, mulozimlarining yaxshi xulqi va maqbul xislatlaridan bir necha kalimani bayon varag‘iga yozishni xohladim. Toki o‘zga podshohlar avlodiga ibratnoma va dastur ul-amal bo‘lsin. Shunday xayol bilan bu risolaning nomini “Axloq ul-Muhsiniy”, deb yozishga qaror qildim”, deydi.
Musannif asar yozishdan maqsadini shunday bayon etadi: “Odamlar tabiatiga muvofiq shahriydir, ya’ni ular bir-birlari bilan topishib, bir shahar yoki bir makonda yig‘ilib o‘tirmaslaridan boshqa iloj yo‘q, lekin mizojlarini Haq taolo har xil qilib yaratgan. Demak, ularning orasida bir qoida bo‘lishi kerakki, bu bilan ularning yashashlari tartibga tushib, yomonlik va xatodan uzoq bo‘ladilar. Bu qoida shariat bo‘lib, uning asl bunyodi Haq(pok va oliy)dan bo‘ladi, uni yuzaga chiqarib, bayon qiluvchini payg‘ambar deyiladi. Bu qoida barpo bo‘lsa, demak, uni qudrat va shavkat bilan saqlab, rivoj berish va hech kimni uning chegarasidan chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak bo‘ladi. Bunday ishlar uchun mutasaddi kishini podshox deydilar. Podshohlik darajasi payg‘ambarlar darajasiga yaqindir. Negaki, payg‘ambar shariatni barpo qiluvchi bo‘lsa, podshoh, uni muhofaza qilib, rivoj berguvchidir…
Shu boisdan ham, Haq(pok va oliy) o‘ziga va payg‘ambarga itoat qilishga buyurgandan so‘ng, podshohga itoat etishga buyuradi. Olloh so‘zi: Itoat qilinglar Xudoyi taologa, itoat qilinglar payg‘ambarlarga va itoat qilinglar o‘zlaringizdan bo‘lgan podshohlaringizga, demakdir”.
”Podshoh uchun qirqta xislatga rioya qilish zarur… Bu qirqta sifat risolaning qirqta bobida bayon etildi. U munshiylar takallufidan xoli, ma’no aytuvchilarning mashaqqatidan ozod bo‘lib, har bir bobda yaxshi odamlar xulqi haqidagi rivoyat va shunga munosib hikoyatlar keltirilgan bo‘lib, ular o‘z vaqtida eshitilgan va yozib olingandir”.
Ixlos ma’nosi kitobda shunday bayon etilgan: “Ixlosning ma’nosi yaxshi ish va amalni riyo va g‘arazdan, xalq ichida o‘zini obid va porso qilib ko‘rsatish orqali xalqqa maqbul bo‘lishdan pok va uzoq bo‘lish, niyatni Haq taologa rost va xolis qilishdan iboratdir”.
Musannif “duo” so‘zi ma’nosini shunday tushuntiradi: “Duoning ma’nosi Haq taolo dargohiga hojatni arz etmoq va maqsadlarning yuzaga chiqishini fayzining fazlidan tilamoqdir… Duo qilish ikki maqsaddan xoli emas: yo foyda hosil qilish uchun yoki o‘zdan zararni yo‘qotish uchun. Podshohlar bu ikki ishdan har birini o‘ziga lozim tutmasdan boshqa iloji yo‘q. Birinchisi — foyda topish, ya’ni mamlakatlarning soz va obod bo‘lishi, saltanatning mustahkam va poydor bo‘lishidir…
Ikkinchisi — makr qiluvchi va zarar yetkazadiganlarni yo‘qotish, ya’ni xusumatchilarning hujum qilishini, dushmanlar g‘alaba qilishini yoki alam va ranj kabi balolarni o‘zidan uzoq etishdir…”.
Musannifning hayo bayonidagi mulohazalari ham diqqatga sazovor: “Hayoning ma’nosi yomon ish qilishdan uyalishdir. Odamzodga hayo sharif xislat va maqbul siyratdir. Hazrati Risolatpanoh(s.a.v.) aytdilarki, hayo iymon daraxtidan bitta shoxdir va olamning barqaror turishining shartidir. Agar sharmu hayo oradan ko‘tarilsa va hech kishidan uyalmasa, olamning tartibi izdan chiqadi, odamlar orasida yaxshi rasmu odatlar bitib, hayotiga putur yetadi va bir-birlari uchun diyonat saqlamaydilar, kuchlilar zaiflarni yo‘q qiladi. Ammo hayo sifati odamlarni xohlagan ishlarini qilishga yo‘l qo‘ymaydi. Kattayu kichikka hayodan katta foyda bor, yaxshi odatlarning mevasi hayo suvi va oftobidan parvarish topmasa, hanuz xom turaveradi”.
Musannif adab bayonida shunday deb yozadi: “Adabning ma’nosi yomon so‘zdan va befoyda ishdan nafsni tiyish, o‘zining hamda boshqa kishilarning izzatini saqlab, obro‘yini to‘kmaslikdir…”.
Koshifiy adolat bayonida esa, shunday deydi: “Adolatning ma’nosi xalqning huquqiy tengligini ta’minlashdir. Adl shunday ziynatdirki, u mamlakatga oroyish beradi, bir quyoshki, uning nuri bilan zulmat yorug‘likka aylanadi. Haq(pok va oliy) bandalarini adolatga, bir-birlariga adl qilishga va yaxshilik ko‘rsatishga buyuradi…
Adolatning ma’nosi xalq aro tenglik ko‘zlash bo‘ladi, ya’ni bir guruhni yana bir guruhga g‘olib qilinmaydi, har toifa o‘z martabasida tutiladi. Podshohlarning tobelari aslida to‘rt guruh bo‘ladilar: birinchisi, shamshir ahli, chunonchi, amirlar va lashkar bo‘lib, ular olovga o‘xshaydilar; ikkinchisi, qalam ahli, chunonchi, kitobdor va vazirlar bo‘lib, ular havoga o‘xshaydilar; uchinchisi, muomala ahli, chunonchi, savdogar va hunarmandlar bo‘lib, ular suvga o‘xshaydilar; to‘rtinchisi, ziroat ahli, chunonchi, dehqonlar bo‘lib, ular tuproqsifatli bo‘ladilar. Agar to‘rtta unsurning biri boshqasidan g‘olib kelsa, xalq mizoji vayron bo‘lgani kabi, bu to‘rt guruhning ham biri boshqasidan g‘olib kelsa, mulk mizoji buziladi, olamning tinchligi va odamzotning yashash tarzi izdan chiqadi”.
Ushbu keltirilgan lavhani bugungi kun nuqtai nazaridan qonun ustivorligi, deb tushunish mumkin.
Dunyo mol-mulkiga o‘chlik bu asarda insonning salbiy xususiyati hisoblanadi: “Doro donishmandlarning biridan so‘radi: “Saltanat ziynati nimadan iborat?”. U javob berdi: “Izzat bilan umr surmoqdan”. Doro yana so‘radi: “Izzatga qaysi yo‘l bilan erishish mumkin?”. Aytdiki: “Dunyo moliga ruju qo‘ymay! Kimki, dunyo zar-zevariga ruju’ qo‘ymasa, barcha elning nazarida aziz va mukarram ko‘rinadi. Har kim zarni aziz tutsa, uni xaloyiq xor va qadrsiz ko‘radi”.
Husayn Voiz Koshifiy “Axloqi Muhsiniy” asarining mazmuni bilan tanishish shuni ko‘rsatadiki, bu asarda temuriylar davri ma’naviyat, odob-axloq talablari umumlashtirilgan tarzda bayon etilgan va ibratli hikoyalar vositasida o‘quvchini odobli bo‘lishga undagan. Ushbu qimmatli asar to‘rt marta o‘zbek tiliga tarjima qilingan, XX boshlarida esa, bir tarjima matni toshbosma usulida ham chop etilgan. Ammo bu tarjimalarning har birida tarjimon davri va o‘sha davr xususiyatlari o‘z aksini topgan. Bu qimmatli asarni bugungi kun kitobxoni uchun yangidan tarjima qilib, izohlar bilan chop etilsa, ma’naviy barkamol kishilarni tarbiyalashga muhim hissa bo‘lib qo‘shilar edi.
Abdumajid Madraimov,
tarix fanlari doktori
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 2-sonidan olindi.