Ekspeditsiyamiz Haydarko‘l bo‘yi tabiatini o‘rganish va uni tasvirga olish niyatida, odatdagidek, yana yo‘lning tanobini torta boshlaydi. Ba’zi hududlarda tuman shu qadar quyuq ediki, xuddi tun cho‘kkandek, qarshimizdan chiqqan mashinalar paypaslanib harakatlanardi. Tulki inidan chiqmas bu sovuq havoda cho‘l bo‘ylab tentiganimiz yetmagandek, ora-sira to‘xtab, dasht o‘simliklarini ko‘zdan kechirishni ham unutmasdik. Nega deganda, bu yerdagi o‘simliklar boshqa joyda uchramas, boshqa yerlardagisi esa bu yerda unmasdi. Biz yo‘l-yo‘lakay dasht o‘simliklari olamini o‘rganib, keyin bu haqda bir to‘xtamga kelish niyatida edik. Quyuq tumandan Haydarko‘l yaqinida qutilamiz. Xuddi qayta tong otgandek, tevarak birdan nurafshon tortadi, lekin ko‘l yaqin bo‘lgani uchunmi havoning sovuqligi yanada kuchaygandi. Ekspeditsiya o‘sha kuni Haydarko‘l bo‘yida, saksovullar orasidagi nazoratchilar qo‘nalg‘asini makon tutadi. Tong saharda bebosh to‘lqinlar shovuridan uyg‘onamiz. Ko‘l ertalabdanoq bejo to‘lqinlanib, mavjlanib turardi.
Qarangki, bu manzilda ham birinchi duch kelganimiz ko‘lbo‘yi qamishlari bo‘ldi. Biz esa misli dengizdek adog‘i ko‘rinmaydigan bu ko‘l qirg‘og‘iga kaftdek tekis, mayin qumli sohilni ko‘rish istagida qadam qo‘ygandik. Biroq inson istagi bilan emas, balki hamisha o‘z yo‘rig‘i bo‘yicha ish tutadigan ona tabiat, xuddi parrandayu darrandalarning rizq-ro‘zini o‘ylagandek, bu ko‘l qirg‘oqlarini ham qamishlar bilan bejab tashlabdi.
Umuman olganda, sahro ulug‘vor, uning tabiati esa uning o‘zidan-da mahobatliroqdir. Bu xil turfalik Haydarko‘l xududi tabiatida ham o‘z aksini topgan. Bu yerning iqlimi xiyla yumshoq va o‘simlik dunyosi hamda hayvonat olami ham shunga yarasha. Keksalar aytgandek, Qizilqumning bu qismiga bahor barvaqtroq kelib, qishi esa ertaroq ketadi. Sahro yuzini saksovul va boshqa turdagi o‘t-o‘lanlar qoplagani bois o‘zingizni qumli sahroda emas, balki soz tuproqli dashtda yurgandek his qilasiz. Bizga hamrohlik qilayotgan Haydarko‘l suv havzasi idorasi rahbari Eliboy Pirimov tevaragimizdagi saksovullaru oyog‘imiz ostidagi o‘t-o‘lanlarni Qizilqumning sanoqsiz boyliklaridan biri deydi.
Sahroni saksovul va tuyalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Lekin bu jonivorlar sahroning barcha qismida ham uchrayvermaydi. Ular orasida bir va ikki o‘rkachli tuyalarni uchratarkanmiz, ular haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tishni lozim topamiz. Ma’lumki, bir o‘rkachli tuyalar issiqqa chidamliligi bilan, ikki o‘rkachli tuyalar esa sovuqqa bardoshliligi bilan bir-biridan farqlanadi. Shuning uchun ham yurtimizning janubiy mintaqalarida, shuningdek, Turkmaniston, Tojikiston, Afg‘oniston, Hindiston, Eron, Turkiya va Afrika mamlakatlarida bir o‘rkachli tuyalarni, respublikamizning shimoliy qismida hamda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiyaning Astraxan viloyati, qalmoq cho‘llarida Tuva, Oltoy o‘lkasida, Mongoliya, Xitoyning g‘arbiy mintaqasida ikki o‘rkachli tuyalarni uchratish mumkin.
Bu jonivorlar miloddan ikki ming yil muqaddam qo‘lga o‘rgatilgan bo‘lib, 35-40 yilgacha yashaydi. Ular o‘z vaznining yarmiga teng, ya’ni 250-300 kilogrammgacha yuk ko‘tara oladi. Darvoqe, tuyalar Yevropada, jumladan, Ispaniyada ham bor. Ularni VIII asrda mavrlar Afrikadan olib o‘tishgan. XIX asrda tuyalar Avstraliyaga ham keltirilgan. Quruq dasht iqlimi, sho‘rxok cho‘llari tufayli tuyalar u yerda ham yashab ketgan.
Tuyalar qadimdan yukchi hayvon hisoblangan. Qadim va o‘rta asrlarda Buyuk Ipak yo‘lida ham tuyalar asosiy yuk tashish vositasi bo‘lgan. Ular soatiga 10-12 kilometr tezlikda, kuniga 35-40 kilometr masofani bosib o‘ta oladi. Respublikamizda tuyachilik yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Tuya bilan muloqotda ehtiyotroq bo‘lmoq lozim, ayniqsa, begona odam. Keksalar, tuyalar yegan kaltagi va urgan odamini esdan chiqarmaydigan darajada kekchi bo‘lishadi, deyishadi. Qizilqumning bu hududi tuyalar suyib oziqlanadigan saksovul hamda boshqa o‘t-o‘lanlarga juda boy. Ona tabiat azaldan bor narsaning hisob-kitobini qilib qo‘ygandek. Aslida ham shu.
Sirasini aytganda, sahro tilsimli bir dunyo! Uning qahri qattiq, mehri esa daryo. Shuning uchunmi uning bag‘ridan zarur va kerakli narsani hamisha topish mumkin. Deylik, sahro sovug‘idan bezgan odam birinchi galda nimadan najot qidiradi? Albatta, olovdan. Buni qarangki, ona tabiat shuning ham tadorigini ko‘rib, oyog‘imiz ostiga quruq o‘tinlarni sochib tashlagan. Bu holga Eliboy aka quyidagicha izoh beradi: «Sahro o‘zida borini odamlardan ayamaydi, lekin, ming afsuski, aksariyat kishilar bunga qanoat qilmay, undan ko‘proq ulush olish payida bo‘lishadi. Va shu sa’y-harakati bilan sahro tabiati muvozanatiga jiddiy zarar yetkazadi. Hatto yoqilgan o‘tni o‘chirib ketish ham tabiatni asrashga kiradi… ”
Sahroni aylanib qaytgunimizcha ko‘l tinchlanib qolar, degan, umidda edik. Ammo uning ertalabki shashti andak pasaygan bo‘lsa-da, hanuz bejo mavjlanib turardi. Bunaqa paytda kichik qayiqlarda ko‘lga tushmagan ma’qul. Biroq ko‘ldagi katta-kichik orollar tabiatini o‘rganishni ko‘ngilga tukkan ekspeditsiyaning bundan bo‘lak iloji yo‘q edi. Aslida ko‘ldagi orollarni sahro tabiatidan uncha farqli jihati yo‘q. O‘sha o‘t-o‘lanlar va o‘sha qumliklar. Aslida bu orollar sahroning bir bo‘lagi hisoblanadi. Agar suv mavjlanib turgan ko‘l o‘rni bir paytlar sahro bo‘lganini hisobga oladigan bo‘lsak, bunga taajjublanmasa ham bo‘ladi. Qisqacha aytganda, keng sahrodan ayro tushgan bu orollar sahroga xos o‘z tabiatini to‘la-to‘kis saqlab qolgan. Orollarga qilgan safarimiz davomida bunga yana bir karra amin bo‘ldik. Ko‘ldagi aksariyat orollarda shu holat kuzatilgani bois, kichik qayiqlarda ko‘l bo‘ylab suzishda davom etib, izimizga qayta boshlaymiz.
Haydarko‘l oqshomi! U yilning har qanday faslida ham o‘ziga xos go‘zal va fusunkor. Shuning uchunmi, daf’atan undan ko‘ngil uzib ketish hamisha qiyin kechadi. Qizargan ufq esa qishning ertangi kuni ochiq kelishidan darak berardi. Qani endi bu go‘zal oqshomni sekin-asta tun pardasiga chulg‘anib, yanada sirli tus olishini to‘ygancha kuzatsang va tomosha qilsang! Biroq bunga fursat qayda deysiz. Bu paytda ekspeditsiya yana yo‘lda edi. Odatdagidek, yo‘l yursa ham mo‘l yurishda davom etardik.
Ertasi Karmanadagi XVI asrga oid Qosim Shayx xonaqohiga ro‘baro‘ bo‘lamiz. Navoiy viloyatidagi ko‘hna me’moriy yodgorliklardan biri hisoblanmish mazkur tarixiy maskanni bu yurtga qadam qo‘ygan har qanday odam ziyorat qilmasdan ketmaydi. Mustaqillik yillarida qayta ta’mirlanib, o‘zining asl shakl-shamoyili va go‘zalligiga ega bo‘lgan bu yodgorlik xonaqoh, go‘rxona, masjid, ayvon va boshqa qo‘shimcha xonalardan iborat bo‘lib, dastlab 1558 yilda Qosim Shayx uchun xonaqoh sifatida bunyod etilgan.
Xonaqoh chortoq tarhli, qush gumbazlidir. Ichki gumbaz osti bag‘allari iroqi muqarnaslar bilan to‘ldirilgan. Tarzining uch tomoni peshtoqli. Janubiy peshtoq hashamatliligi bilan ajralib turadi. Xonaqoh tevaragi o‘tgan asrning boshlarida devor bilan o‘ralib, hazira tarzda qo‘shimcha binolar qurilgan, ya’ni ziyoratxona, masjid, ayvon va boshqa xonalar deganday.
Xonaqoh hovlisidagi Qosim Shayx dahmasining eni va bo‘yi o‘n ikki metrdan bo‘lib, marmar bilan bezatilgan. Uning poyiga shu hududdan topilgan qabrtoshlar terilgan. Xo‘sh, aslida bu zot kim bo‘lgan? Qosim Shayx — Shayxi Azizon tasavvuf tariqatining yirik namoyandasi bo‘lib, 1578 yilda Karmanada tavallud topgan. ”Abdullanoma” asarida yozilishicha, ul zot Shayboniy sultonlar o‘rtasidagi o‘zaro urushlarni to‘xtatib, Turkistonni yagona davlatga birlashtirish g‘oyasini oldinga surgan hamda shayboniy sultonlarga doimiy ravishda o‘z ta’sirini o‘tkazib kelgan. Zamondoshlari tomonidan u kishiga “Hazrati Eshon”, “Qutb ul-avliyo”, “Shayxi Azizon” kabi unvonlar berilgan. Abdullaxon II hokimiyat tepasiga kelgach esa ul zotga atab mana shu xonaqohni qurdirgan.
Xonaqoh me’morchiligi qo‘shdevorli bo‘lib, maxsus devor oralig‘i birgina sham bilan qizdirishga mo‘ljallangan. Birgina shamdan qizigan oraliqdagi issiq havo bino haroratini bir me’yorda saqlab turishga xizmat qilgan. Faqat endilikda shamdan emas, balki zamonaviy isitish vositalaridan foydalanilmoqda. Qosim Shayx yodgorligi Navoiy shahrining umumiy qiyofasiga o‘ziga xos tarzda chiroy bag‘ishlab turibdi. Navoiy — yurtimizning nisbatan yosh va navqiron shaharlaridan biri. Uning yoshligi va navqironligi shahar qiyofasidagina emas, balki kishilari chehrasida, ularning kasb-kori, maqsadi va qiziqishlari hamda kelajak orzularida o‘z aksini topgan. Shuning uchunmi bu shaharda, ayniqsa, bolalar sportiga alohida e’tibor qaratilgan. Bu kentda bolalar orasida sportning barcha turlariga, jumladan, kurashga qiziqish katta. G‘oliblik ularning orzusi. Negaki, navqironlik kishidan harakatni talab etadigan fasl. Harakat esa har qanday yutuqning kalitidir. Harakat, ya’ni sport bolalar irodasini tarbiyalabgina qolmay, kelajakka teran nigoh bilan nazar tashlashga undaydi.
Shu o‘rinda bir narsani alohida ta’kidlash lozimki, navoiylik kurashchilar orasida yaxshi bir an’ana saqlanib qolgan. Shogirdlar, ayniqsa, bolalar hamisha ustozlar e’tiborida bo‘ladi. Kurash maydonini o‘zi tark etgan bo‘lsa-da, lekin ko‘ngli tark etmagan ustoz polvonlar o‘zlarida bor amal va uslublarini yoshlarga o‘rgatish bilan, o‘zlari erishgan yoxud ulgurmagan zafarli yutuqlarini mana shu yoshlar timsolida qo‘lga kiritishga orzumandlik bilan tez-tez yosh polvonlarni yo‘qlab turishadi. Masalan, Ibodilla polvonning kurash maydonini tark etganiga ancha yillar bo‘lgan. Lekin mashq maydoni, bamisoli ohanraboday, doimo uni o‘ziga tortib turadi. “Men, — deydi u, — bu yoshlar siymosida ertangi kun zafari va yutuqlarini ko‘raman. Biroq kelajakda bu yoshlar qo‘lga kiritadigan yutuqlar ularniki emas, balki shu yurtniki va shu xalqnikidir! Va shu bois, biz ustozlar o‘zimizda borini yoshlarga o‘rgatishga hamisha harakat qilib kelamiz. Bu xususiyat bizga ustoz polvonlardan o‘tgan. Kurashchilarda bu holat azaliy va an’anaviy fazilat hisoblanadi.
Nihoyat “Qizilqum ekspeditsiyasi” ham poyoniga yetmoqda edi. Sovuq sahro bag‘ridan topilgan toshqotgan daraxt bo‘lagi va mamont suyagi ekspeditsiyamiz topildig‘i bo‘ldi. Ekspeditsiya topgan bu ko‘hna asoru atiqalar allaqachon Navoiy shahridagi muzeylardan joy olib ulgurdi. Oppoq tuz bilan qoplangan “O‘lik vodiy” kengligi o‘zining sirli tabiati va jon olar izg‘irini bilan umrbod esimizda qolishi aniq. Har holda bu vodiy bizni siyladi, ya’ni bag‘ridagi yashirin o‘pqonlariga ro‘baro‘ qilmadi.
Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan Tosho‘rmonni qanchalar sarson qidirmadik. Muhim jihati shundaki, bu toshlar majmuasini shu paytgacha sanoqli odamlargina bilardi. Mana, endi uning mavjudligidan siz ham boxabar bo‘ldingiz. Qisqasi, Qizilqum sahrosining odam oyog‘i yetishi qiyin bo‘lgan bu uzoq qismida 95 million yillik Tosho‘rmon ochiq muzey holida turibdi. Lekin, mutaxassislar alohida ta’kidlaganidek, Tosho‘rmon tomonga hozirliksiz va zukko yo‘lboshlovchisiz aslo bora ko‘rmang. Och bo‘riday og‘iz ochib turgan sahroda adashib, uloqib ketish hech gap emas. Bu hududning yozi qaynoq, qishi qattiq, tabiati esa o‘ta beqarordir. Bir so‘z bilan aytganda, chinakam sahro!
Zarafshon shahri yaqinidagi qoya va toshlar yuzidan topilgan suratlar o‘zining qadimiyligi jihatidan Sarmishsoy toshsuratlaridan ziyod bo‘lsa ziyoddirki, lekin aslo kam emas. Bag‘riga tushsangiz cheki ko‘rinmaydigan To‘dako‘lni esa dengizga qiyosladik. Qisqasi, o‘ziga xos tilsimli dunyo — bepoyon Qizilqum bag‘rida xo‘p kezindik, uning o‘simlik dunyosi bilan yaqindan tanishdik. Tuyalarini hurkitib, goho ulardan o‘zimiz cho‘chib, sahro tabiati haqida baholi qudrat hikoya qilishga urindik. Ammo… Qizilqum haqidagi hikoyamiz hali nihoyasiga yetganicha yo‘q.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 21-sonidan olindi.