Jahon xalqlari o‘rtasida iqtisodiy va madaniy aloqalar XVIII asrning ikkinchi yarmidan keng miqyosda rivojlana boshladi. Bu jarayon bir-biridan uzoq mintaqalardagi xalqlar badiiy adabiyotlarining o‘zaro aloqalari, ta’siri kuchayishiga omil bo‘ldi hamda jahon madaniyatining sifat va mazmun jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilishini ta’minladi. Ushbu yangilanish, o‘zgarish o‘sha davr adabiy jarayonida to‘la anglab olingan edi. Bunga mashhur nemis shoiri Gyote o‘zining ijobiy munosabatini bildirib, ilk marotaba “jahon adabiyoti” atamasini iste’molga kiritgandi.
“Jahon adabiyoti” tushunchasi keyinchalik barcha milliy va mintaqaviy adabiyotlarni bir-biriga bog‘laydigan atamaga aylandi.XX asr so‘ngida ushbu atama yangi xususiyat kasb etib, “jahon adabiyoti” tushunchasidan “umuminsoniy adabiyot” tushunchasi sari o‘zgarib bordi. Biroq bu yangi jarayonning yuzaga kelayotgani nazariy jihatdan o‘z vaqtida ilg‘ab olinmadi. Zero, bir-biridan uzoq, turli mintaqalarda joylashgan mamlakat va xalqlarning o‘zaro iqtisodiy va madaniy aloqalari faollashuvi jahon adabiyotidan umuminsoniy adabiyotga o‘tishni rag‘batlantiruvchi omil sifatida xizmat qildi hamda milliy adabiyotlarning o‘zaro aloqada boyib borishida, o‘zaro ta’sir jarayonlarida aks etmasdan qolmadi. O‘tgan asrning ikkinchi yarmidan boshlab saviyasi yuqori tarjimalarning ko‘payishi, xorijiy tillarni keng ko‘lamda o‘rganish, yangi metodologiyalarga boy adabiyotshunoslik ilmining yuzaga kelishi umuminsoniy adabiyotning shakllanishida rag‘batlantiruvchi vositaga aylandi. Darhaqiqat, o‘tgan asrning 60—70-yillarida g‘arb mamlakatlarida yuzaga kelgan “yangi adabiyotshunoslik”(R.Bart, S.Todorov, Yu.Kristeva va boshqalar) tillarni badiiy matn tahlili va talqini orqali chuqurroq tushunish hamda o‘zlashtirishda yetakchi tamoyil sifatida bo‘y ko‘rsatdi. Ushbu jarayonda jug‘rofiyjihatdan bir-biridan yiroq mintaqalar adabiyotlarining o‘zaro ta’siri, shuningdek zamonaviy adabiyotning qadim adabiyot bilan uzviy bog‘liqligi muhim ahamiyat kasb etdi.
XX asrning so‘nggi choragida adabiyotlarning o‘zaro aloqa va ta’siri yuksalgani umuminsoniy adabiyotning yuzaga kelish jarayonida asosiy turtki bo‘ldi. Mazkur jarayon XX asr adabiyoti tarixda qolib ketmadi, balki XXI asr bo‘sag‘asida boshlangan “adabiy globallashuv”ga ham keng yo‘l ochib berdi. Yangi yigirma birinchi yuz yillik o‘zining ilk qadamini elektron aloqa vositalari bilan qurollangan, istalgan tilda yozilgan matn bilan tanishishga imkon beruvchi dasturlarga ega internet vositasida tashladi. Endilikda bu jarayon estetik integratsiyalashuv va adabiy globallashuv jarayonlarini jadallashtirmoqda. Madaniyatda, xuddi iqtisodda bo‘lgani kabi, globallashuvning ikki, o‘zaro tubdan farqqiluvchi shakli kuzatilmoqda, deb yozadi taniqli rus adabiyotshunosi Yu.Borev. Birinchi shakli – bu amerikacha globallashuv. Barqaror moliyaviy-iqtisodiy kudratiga tayangan AQSh o‘zining “ommaviy madaniyat”ini jahon madaniy makoniga singdirishga harakat qilmoqda. Bu hol amerika adabiyotini durdona asarlar (U.Folkner, E.Xeminguey, J.Steynbek, V.Vulf va boshqalar) yoki filmlari (masalan, “Vestsayd tarixi”, “Titanik” kabi) bilan jahonga tanitsa, ayni paytda, zo‘ravonlik sahnalari bilan kitobxon va tomoshabin qalbini og‘rituvchi,dunyoqarashini zaharlovchi, didini zaiflashtiruvchi yuzlab betayin asarlarni ham targ‘ib etmoqda. Ikkinchi shakli – bu umumbashariy, yakdil, turli xalqlarning ma’naviy va ma’rifiy yutuqlari, milliy madaniyatlar va qadriyatlari bilan jahon adabiyotini boyitishda namoyon bo‘layotgan globallashuvdir. Bu shakldagi adabiyot milliy madaniyatlar mustaqilligini, o‘ziga xosligini va betakrorligini saqlagan holda, o‘z ichiga boshqa millat va xalqlar adabiyoti yutuqlarini singdirib olgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
Adabiyotshunoslar ta’rificha, umuminsoniy adabiyotning o‘ziga xos xususiyatlari asosan quyidagi paradigmalar1 zamirida yoritiladi:
– milliy o‘ziga xoslikni saqlagan holda, barqaror umumiy xususiyatlarga ega bo‘lish;
– o‘z milliy an’analariga, shuningdek, o‘zga makon va zamon munosabatlarida bir-biriga bog‘lanmagan adabiyotlarga tayanish;
– jamiyat ongida hamda badiiy an’analar zamirida umuminsoniy qadriyatlarni qaror toptirish;
– adabiyotni milliy ruh negizida tushuniladigan umuminsoniy qadriyatlarga qaratish va yo‘naltirish. Bu yerda umuminsoniy qadriyatlarni milliy o‘ziga xoslik zamirida tushunish, ayni paytda, umumiy sifat va xususiyatlarga ega bo‘lish asosiy mezon hisoblanadi.
Bular natijasida kitobxonda turmush tarzi, urf-odatlari, an’analari, madaniyati jihatidan biri biridan farqqiluvchi xalqlar adabiyoti bilan tanishish va tushunish imkoni shakllanadi hamda muayyan milliy adabiyotga o‘zga adabiyotlarning badiiy mahorat va uslubiy qirralari integratsiyalasha boradi.
Masalan, asli kelib chiqishi livanlik bo‘lgan frantsuz yozuvchisi Amin Maaluf qalamiga mansub “Levant darvozasi” (Les Echelles du Levant, 1996) romanida umuminsoniy adabiyotning muayyan jihatlari mujassamlashganini kuzatamiz. Bayrutga yaqin tog‘ yonbag‘ridagi qishloqda tug‘ilib ulg‘ayish, “Kun” nomli gazetadagi faoliyat, oltmishga yaqin davlatlarga qilingan ziyorat, Livanda ro‘y bergan xunrezlik urushi, Frantsiyaga noiloj emigratsiya va nihoyat, 1993 yilda nufuzli Gonkur mukofotiga sazovor bo‘lish — bular Amin Maaluf tarjimai holining asosiy nuqtalarini tashkil etadi. Amerikalik munaqqid Edvard Vadi Said ta’rificha, A.Maaluf asarlarida umuminsoniylik tamoyili turli realliklarning o‘zaro ta’siri, harakati va almashinuvi — “chatishtirilish”i natijasida yuzaga kelgan yagona matnda aks etadi, ya’ni maftunkor va afsonaviy “sharqona bozor” o‘ziga xos “jahon miqyosidagi umumiylik”ka aylana boradi.
Darhaqiqat, birdamlik va umuminsoniy birodarlik g‘oyasi jahon adabiyotidagi o‘ziga xos yangi universal g‘oya. Butun diqqat-e’tiborni “uchinchi dunyo” madaniyatlariga qaratish, “marginal madaniyat”, “katta adabiyot” va “kichik adabiyot” tushunchalaridan voz kechish mashhur frantsuz yozuvchisi Le Klezioning asarlarida ham o‘z aksini topgan. 2008 yili Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan bu yozuvchining “Sarson yulduz” (“Etoile errante”, 1992) romanida ana shu umuminsoniy birdamlik asarning badiiy to‘qimasiga ajoyib tarzda singdirilgan. Qadim mifologiyaning an’anaviy ramzlari asar syujetiga chambarchas bog‘langan bo‘lib, ularga turli xalqlar milliy folkloridan ayricha qarab bo‘lmaydi; frantsuz, yahudiy, italyan, arab millatlariga mansub qahramonlar yagona makon — Kurrai zaminda harakatlanadilar.
Globallashuvning zamonaviy tendentsiyalarini o‘zida mujjasam etgan va “umuminsoniy adabiyot”ning paydo bo‘lishi, muqobil variantlar asosidagi yangicha sintez “total (ommaviy) roman”ning bir necha turlarida yorqin namoyon bo‘layapti. “Total (ommaviy) roman” – bu XX asrning o‘ziga xos universal sintezi, boshqacha aytganda, bir badiiy yaxlitlikda janrlar, milliy an’analar, dinlar, bilimlar, psixologik tajribalar rang-barangligi majmuidir.
Kamalakdek rang-barang, quroq ko‘rpadek chiroyli qurama moduli umuminsoniy adabiyotning shakllanishi, qaror topishi yo‘llarinibelgilab beruvchi ko‘plab o‘zaro chatishib ketgan madaniyo‘xshashliklarning namunasidek ko‘rinayotir. Bu holat Maksans Fermin qalamiga mansub “Qor” (“Neige”, 1999) nomli romanda o‘z aksini topgan. Bu romanda klassik yapon va zamonaviy yevropa adabiyotlariga xos jihatlar ajoyib tarzda uyg‘unlashgan. Asarning strukturasi va poetikasidagi ushbu yaxlitlik an’anaviy yapon she’riyati (xokku) va simvolizm ruhining uyg‘un birikmasi hosilasidir.
Ingliz adibi Kadzuo Isiguro qalamiga mansub “Biz yetim bo‘lganimizda” (2002) romanida bir qarashda klassik roman janriga xos barcha an’anaviy alomatlar, ya’ni tarix, personaj, syujet, konflikt va hokazolar bordek. Lekin alohida parchalardan iborat uzuq-yuluq voqealar, sabab va oqibatning aloqasizligi, reallik va xayolot chegaralarining noaniqligiklassik roman uslubining an’anaviy unsurlarini tubdan o‘zgartirib yuborgan. Asarda asosiy urg‘u madaniy ong muammosiga qaratiladi. Ushbu zamonaviy janrlararo prozada dedektiv janri, qolaversa,ijtimoiy-tarixiy va “tarbiyaviy roman” sintez orqali birlashtirilgan. Xitoy, yapon, ingliz an’analarini taqqoslash, ularni o‘zaro va aloqada ko‘rsatish, ularning munosabati, bir-birini inkor etishi va bir-biriga singib ketishi hamda biri birini to‘ldirishi, boyitishi, shuningdek, bu jarayonlarda kechayotgan ta’lim-tarbiya, tafakkur, dunyoqarash, borliqni his qilish, qolaversa, psixologik tamoyillarning uyg‘unligi, ya’ni sharqona mushohada va yevropacha ratsionalizm ramziy ma’no kasb etgan.
O‘zida muayyan badiiy yaxlitlikdagi globallashuv tendentsiyasini mujassam etgan “umumbashariy adabiyot”ning namunasi bo‘lmish zamonaviy romanlarning o‘ziga xos xususiyatlarini umumlashtirib quyidagi xulosaga kelish mumkin: bu kabi asarlar kelajakdagi umuminsoniy jamiyatning xususiyatlarini, shakllarini, qolaversa, qiyofasini kashf etadi, turli-tuman, rang-barang shakllar ichidan eng munosib modulini tanlab, bizga taqdim etadi. Biroq bunday asarlarda integratsiyalashuv jarayonining birxillashtirilishini qabul qilib bo‘lmaydi. Bunday asarlarda har xil madaniyatlar, milliy an’ana va qadriyatlar o‘rtasidagi o‘zaro kelishuv, insoniyatning yagona ma’naviy-ma’naviy qadriyatlari hamda ko‘p qirrali, polifonik dunyoqarashi mujassam aks etishi lozim.
Tabiiyki, adabiyotda biz hali tasavvur etmagan, anglab ulgurmagan turli adabiy shakllar yetilib, rivojlanib boradi, noyob madaniyat, ma’rifat, ma’naviyat turlari kurtak otadi; milliy adabiyotlarning universal birligi zamirida turfa xil shakl va mazmundagi badiiy asarlar paydo bo‘ladi. Bundan qariyb ikki yuz yil muqaddam “jahon adabiyoti” atamasini ilmga tatbiq etgan buyuk nemis shoiri va mutafakkiri Gyote bashoratini e’tiborda tutsak, haqiqatga birmuncha yaqinligimiz ravshanlashadi.
Muhammadjon Xolbekov,
filologiya fanlari doktori, professor
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 44-sonidan olindi.