Ustoz adibimiz Said Ahmad hayot bo‘lganida hozir tabarruk 90 yoshini nishonlayotgan bo‘lardik. Nazarimda, salkam bir asrlik tavallud ayyomini ham u kishi beg‘araz kulib va kuldirib, jismu jonidagi xastalikni, vujudidagi xorg‘inlikni hech kimga sezdirmay, albatta, bironta jiddiy asari bilan nishonlayotgandek tuyilaveradi. Said Ahmad aka tabiatan nihoyatda irodali, sabr-toqatli, dardga chidamli, tushkunlikka begona, xursandchilikka oshno odam edi. Bu fazilatlari bilan ham yozuvchi, ham shaxs sifatida o‘zidan yaxshi nom va katta meros qoldirdi. Bunday o‘ziga xos xususiyatini muhtaram Prezidentimiz adibning 80 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Qahramoni, xalq yozuvchisi Said Ahmadga yo‘llagan tabrik xatida shunday ta’riflagan edilar:
“Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, Sizning bukilmas iroda va qat’iyat bilan davr bo‘ronlaridan mardona o‘tib, xalqimizning asriy orzulari ro‘yobga chiqayotgan mana shu ozod zamonga yetib kelganingizda ham teran ramziy ma’no bor. Bu, odam yaxshi niyat yo‘lida sabru qanoat bilan mehnat qilsa, albatta, baxtli kunlarga erishadi, degan qadim haqiqatni yana bir karra tasdiqlaydi”.
Chindan ham Said Ahmad 87 yillik umrining atigi 15 yilinigina xotirjam, chin yurakdan kulib-quvonib yashadi va emin-erkin ijod qildi, desak sira mubolag‘a bo‘lmaydi. Respublikamiz mustaqilligini 72 yoshida kutib olgan adib, keksayib qolganiga qaramay, shu qadar ko‘p va xo‘b asarlar yaratdiki, uncha-muncha yosh ijodkorning bunday mavqega erishuviga ishonish qiyin. U sho‘rolar davrida aytolmagan gaplarini ayta olish, yozolmagan mavzularini yoza olish, yarim asr mobaynida yuragida asrab kelgan dardlarini o‘quvchisi bilan baham ko‘rish fursati yetganligini anglab, cheksiz ilhom va beqiyos g‘ayrat-shijoat bilan ijod qildi.
Mustaqillik yillarida Said Ahmadning yo har yili yoki ikki yilda bitta kitobi nashr qilindi desam, ishonavering. 1991 yili bosilgan “Sobiq o‘g‘ri” nomli mo‘jazgina to‘plamidan to adabiy o‘ylar, xotiralar va hikoyalardan iborat “Toshlarda qotgan hayrat” (2006) deb atalgan, o‘ndan ziyod kitoblari mana shu samarali mehnatning natijasidir. Bu asarlari bilan yozuvchi xalqimizning mustaqillikka bo‘lgan mehrini oshirdi, zulmga, yomonlikka, insonni mensimaslik siyosatiga qarshi nafratini kuchaytirdi. Said Ahmadning chin yurakdan qilgan xizmati Prezidentimiz tomonidan yuqori baholandi. Yozuvchi “Buyuk xizmatlari uchun”, “Do‘stlik” ordenlari bilan mukofotlandi. “O‘zbekiston Qahramoni” degan yuksak unvonga sazovor bo‘ldi.
XX asrning 40-yillaridan boshlab, hozirgi o‘zbek adabiyotining taraqqiy etishida, ayniqsa, nasrdagi ulkan muvaffaqiyatlar, unda bayonchilikdan chekinib, lirizmning ustuvor fazilatga aylanishida, shubhasiz, Said Ahmadning alohida o‘rni va xizmati bor. Adib ijodi haqida gapirganda uning o‘zbek adabiyoti tarixida birinchi roman-trilogiya muallifi ekanligini alohida takidlash lozim. Yozuvchi o‘zining “Ufq” trilogiyasi bilan XX asr zamonaviy o‘zbek adabiyoti tarixida yangi sahifa ochdi.
Mustaqillik yillariga kelib, Said Ahmad ijodiga yangi mavzu, yangi qahramon, yangicha ohang, yangi tasvir usullari kirib keldi. Bu fazilatlarni aslida yangicha, deb ta’riflash ham unchalik to‘g‘ri bo‘lmas. Negaki, otaxon adibimiz o‘tgan asrning 50-yillarida sho‘ro hukumati tashkil etgan navbatdagi qatag‘on qahriga uchrab, sovuq lagerlarda azobli kunlarni boshidan kechirib kelgan bo‘lishiga qaramay, ko‘p yillar ular haqida lom-mim demay yashashga majbur bo‘ldi. O‘z ko‘rgan-kechirganlarini yozishga ham botina olmadi. Adabiyotshunos U.Normatov, yozuvchi O‘.Hoshimovning bu to‘g‘rida bergan savollariga, yozing deb qilgan iltimoslariga kulibgina “Yuragim ko‘tarolmaydi”, deb qo‘ya qolgan edi. Mana endi mavridi kelib, Said Ahmad uzoq yillar o‘zining “qalbini o‘rtagan, ardoqlagan, og‘ir va shu bilan birga go‘zal, mungli, farahbaxsh, musibatga to‘la, va ayni paytda, odamga quvvat beradigan umid, ishonch barq urib turgan haqiqiy hayot manzaralarini, o‘limlarni dog‘da qoldirib, balo-ofatlardan omon chiqqan o‘zi kabi zamondoshlarining madhi”ni (U.Normatov) kuylashga astoydil kirishdi. Aynan muallifning o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan-kechirganlarini realistik usulda tasvirlashi istiqlol davri adabiyoti uchun yangilikdir. Ustoz adibimizning “Qorako‘z majnun”, “Kiprikda qolgan tong”, “Zilzila”, “Toshlarda qotgan hayrat” kabi kitoblari shu jihatdan ibratlidir. Ulardan o‘rin olgan hikoyalar, hangomalar, intermediyalar, qissalar, “esse-xotiralar kitobxon ko‘nglini charog‘on etadigan Said Ahmadga xos lirik taronalar, quvnoq hayotbaxsh yumor bilan yo‘g‘rilgan”ligi (U.Normatov) tufayli e’tiborni tortadi.
“Kiprikda qolgan tong” kitobidan yozuvchining ikkita qissasi, uchta esse-xotira, o‘nga yaqin hikoya va bir necha adabiy o‘ylari joy olgan. Bu asarlarning barchasi g‘oyat ta’sirchan va samimiyligi, ulkan mehr-muhabbatga boyligi bilan qimmatlidir. Undagi asarlarning deyarli hammasi muallifning o‘zi ko‘rgan, guvoh bo‘lgan, bilgan odamlar hamda boshidan o‘tkazgan voqealar to‘g‘risidadir. Shu boisdan, bu kitobni bemalol “biografik xarakterdagi asarlar” majmuasi, deb atash mumkin. Agar “Kiprikda qolgan tong” qissasi, garchi iste’dodli adib, o‘zi ham, so‘zi ham, fe’l-atvori ham, asarlari ham tom ma’noda go‘zal bo‘lgan O‘lmas Umarbekovga bag‘ishlangan bo‘lsa-da, undan Farg‘ona afandisi Adham Hamdam, kulgi chempioni Yo‘ldosh Sulaymon, Abdulla Qahhordek ustoz nazariga tushib, mehrini qozongan Anvar Muqimov, iste’dodli shoir va qalami o‘tkir jurnalist Anvar Eshonov singari o‘nga yaqin ijodkorlar haqida ham ma’lumot olish mumkin. Bu xususiyati bilan ushbu kitob adabiyotshunoslik fanida ham o‘rganilishga loyiqdir. “Umrim bayoni”, deb atalgan qissasi esa to‘la ma’noda avtobiografik xarakterga egaligi bilan qimmatlidir.
Said Ahmadning “Sarob”, “Borsa kelmas darvozasi”, “Oftob oyim”, “Ko‘z yoshi tomgan hikoyalar” (turkum)i o‘zining g‘oyaviy mazmuni, voqelik va qahramonga nisbatan muallif munosabatining aniqligi, inson ichki kechinmalarining chuqurligi va rang-barangligi bilan o‘quvchiga kuchli ta’sir qiladi. Muallif bu hikoyalarida insonning insonga har doim mehr-oqibatli, muruvvatli bo‘lishi nechog‘li tahsinga loyiqligini, aksincha, qabihlik va yovuzlikning bir kunmas-bir kuni Olloh tomonidan hech qachon kechirilmasligini, jazo shubhasiz, mustahiq ekanligini ibratli obrazlar orqali aks ettiradi. Yurtiga, millatiga, oilasiga, kasbiga sodiqligini yo‘qotmagan, aql-farosat bilan uzoqni ko‘zlagan mustahkam irodali kishilarning qiyofasini tasvirlashga ko‘proq e’tibor beradi. Zero, bu asarlarning buyuk tarbiyaviy ahamiyati ham aynan mana shu g‘oyaviy niyat bilan o‘lchanadi.
Shu nuqtai nazardan, yozuvchining mustaqillik davrida yaratilgan ana shu mavzudagi asarlarining yana bir fazilatini alohida ta’kidlash o‘rinlidir. Ayonki, bu asarlarning barchasida sho‘rolar davrida ro‘y bergan voqealar qalamga olingan. Biroq muallif biron-bir joyda ochiq-oshkora “sovet tuzumi undoq edi, mustaqillik bundoq qildi”, deya pand-nasihat qilmaydi. Aksincha, voqeani, unda ishtirok etayotgan personajning surati va siyratini xolis bayon qilish orqali o‘quvchi qalbiga istiqlolning munavvar kunlari qadriga yetish tuyg‘usini singdiradi. Adib asarlarini to‘la nurlantirib turgan bu istak ko‘pni ko‘rgan hamda ona xalqini, yurtini jon-dilidan sevgan, uning milliy urf-odatlarini benihoya qadrlagan donishmand san’atkorning dil izhori sifatida jaranglab turadi.
Said Ahmadning “Yo‘qotganlarim va topganlarim”, deb nomlangan kitobidagi “Yo‘qotganlarim” bo‘limidan o‘rin olgan esse-xotiralarni mutolaa qilgan bugungi o‘quvchi, adibning o‘zi aytganidek, “Ustozlarimizning umri faqat minbarlarda, olqishu gulduros qarsaklar ostida o‘tgan emas. Balki ularning oddiy bir inson sifatida g‘am-anduh chekkan paytlari ham, diliga ozor bergan do‘stlaridan ranjigan damlari ham ko‘p bo‘lgan”ligiga chin dildan ishonadi va ustoz adiblarning qadrini yanada baland ko‘taradi.
Kitobning “Topganlarim”, deb atalgan bo‘limidan atoqli adibning sadoqatli shogirdlari O‘tkir Hoshimov, Ne’mat Aminov, Tog‘ay Murod, Nosir Fozilov, Maqsud Qoriyev, To‘lan Nizom haqidagi maqolalari joy olgan. Yozuvchi uslubining o‘ziga xosligi har ikki bo‘limdagi hikoyalar ohangida yaqqol seziladi. Uning yo‘qotgan ustozlari va qadrdon do‘stlari to‘g‘risidagi esse-xotiralari allaqanday xo‘rsiniq, mungli ohang bilan sug‘orilgan bo‘lsa, shogirdlariga bag‘ishlangan hikoyalar hazil-mutoyiba, iftixor, samimiyat, qoniqish tuyg‘usi bilan jaranglaydi.
Yo‘ldosh Solijonov,
filologiya fanlari doktori
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 24-sonidan olindi.