Bobur nomidagi xalqaro ilmiy ekspeditsiyaning Hindistonga navbatdagi ilmiy safaridan maqsad Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylar hamda Muhammad Haydar mirzoning “Tarixi Rashidiy” asarida bayon etilgan voqea-hodisalar bilan bog‘liq manzil-makonlar bo‘ylab ilmiy izlanishlar olib borish; Bobur va Haydar mirzo qadamjolarida bo‘lib, ularning hayoti va ijodiga doir ilmiy ma’lumotlar to‘plashdan iborat edi.
Bobur nomidagi xalqaro jamg‘arma tashabbusi bilan “Tarixi Rashidiy” o‘zbek tiliga oradan besh yuz yil o‘tib o‘girildi. Biroq Muhammad Haydar mirzoning 1540-1551 yillardagi faoliyati haqida ma’lumotlar ozligi tufayli, nashr biroz kechiktirilib, ushbu Hindiston safari, jumladan Kashmirga sayohat kun tartibiga qo‘yildi. Chunki mazkur tarixiy asarga uning muallifi qismati ham bevosita daxldordir.
Toshkentdan havoga ko‘tarilgan A-310 samolyoti bizni sanoqli soatlar ichida Hindiston poytaxti Dehliga yetkazdi. Bobur asli “Dilli” deb ataladigan bu shaharda ko‘p marta bo‘lgan. Muhammad Haydar mirzo ham yetti yil Laho‘r va Agrada Humoyun mirzo va Komron mirzo saroylarida yashab, Kashmirni zabt etish oldidan bu joylarda bo‘lgan.
Bobur komil inson deb maqtagan valiahd farzandi Humoyun mirzoning maqbara-oromgohi ham Dehlidadir. Yam-yashil xiyobon bo‘ylab yuramiz. Mana, Humoyun mirzo maqbarasi. Bu ulkan inshoot odam bo‘yidan baland katta chorqirra maydon uzra yuksalgan. Maqbara gumbazining yirikligi, gumbaz ostidagi xilxonalarning ko‘pligi shakl ulug‘vorligini mazmun buyukligi bilan uyg‘unlashtiradi.
Eski Dehlida Humoyun mirzo maqbarasidan uncha uzoq bo‘lmagan joyda, o‘tmishda yurtimizdan Hindistonga kelib qolgan adabiyot, tarix, san’at arboblarining qabr-maqbaralari ham bor. Markaziy yo‘lning shundoqqina chekkasida “Bog‘i Bedil” degan yozuvga ko‘zimiz tushdi. Shinam, sokin boqqa kirib, yigirma qadamlar ichkarida Mirzo Bedil maqbarasiga duch keldik.
“Abulmaoniy” (ma’nolar otasi) nisbali Mirzo Abdulqodir Bedilning bog‘i shoirning o‘ziday mayin va mehmondo‘st, bag‘rikeng, tinch, sokin ekan.
Maqbara odmigina — oldi ochiq shinam, pastqam bino. Uning peshtoqiga ziyoratga keluvchilar ko‘nglini ochish uchun shoirning quyidagi ikki misrasi yozib qo‘yilgan:
Jahon bog‘i chamanida atirgullar g‘unchasi ko‘p, Bul Bedil ham bu dunyoda bir g‘unchaning shaydosidir.Bog‘ shinam va sarishta. Bundagi har bir daraxtga shakl berilgani, hatto daraxtlar ostiga — soyaga ham gullar ekilgani, shoir qabri ustiga an’anaviy yashil guldor shohi qabrpo‘sh yopilgani — bularning hammasi bog‘ egasining didi, eng muhimi, shoir shaxsiga ixlosmandligini bildirib turardi.
Mirzo Abdulqodir Bedilning ruhi poklariga duoi fotiha qildik va shu yerdan Mirzo Asadullaxon G‘olib ziyoratiga jo‘nadik. Asli ajdodi Samarqanddan bo‘lgan bu aziz inson nomidagi akademiyaga yetib bordik. Mirzo G‘olib maqbarasida ta’mirlash ishlari borayotganidan, noqulaylikdan ranjimadik, balki buyuk shoir dahosiga munosib ta’mir ishlari bo‘layotganidan quvonib, bandalik qarzini uzdik.
Mirzo G‘olib akademiyasi yo‘lagidagi gul bozori bizga g‘alati tuyulgan edi. Negadir atirgullarni ipga tizib shoda-shoda qilib sotishar ekan. Buning sirini biz buyuk xamsanavis Amir Xisrav Dehlaviyning xuddi Bedilnikiday kamtargina maqbarasi ziyoratiga kirganimizda bildik. Ikki tomoni do‘konlar bilan siqilgan tor yo‘lakdan yurib, Amir Xisrav maqbarasi hovlisiga kirdik. Hovlida davra qurib o‘tirgan hofiz va sozandalar Amir Xisrav she’rlarini kuyga solib, xonish qilmoqdalar. Maqbara ichida: o‘rtada shoir qabri, oyoq tomonlarida tarixchi olim Mavlono Xondamir qabri… Qabrlar tevaragida qorilar muttasil Qur’on tilovat qilmoqdalar. Ziyoratchilar qabrpo‘sh ustiga haligi bozordagidek ipga tizilgan atirgul shodalarini qo‘ymoqdalar!
* * *
Dehlidan Agraga — boburiylar saltanatining ilk poytaxtiga yo‘l oldik. Hindiston safariga boradigan har qanday kishining ulug‘ orzusi Agradagi Toj Mahal maqbarasini borib ko‘rish bo‘ladi, albatta. Toj Mahal juda keng to‘rtburchak maydon-sahn uzra salobat bilan (erdan 61 metr baland) qad ko‘targan. Yigirma ming quruvchi, arxitektor, muhandis, toshkesarlarning yigirma yillik tinimsiz mehnat-mashaqqatlari bunyodi bo‘lgan Toj Mahal yigirma ming yil emas, abadiy yashab qolsin! — deb orzu qilasan kishi.
Tosh jilosi, tosh ulug‘vorligi, tosh san’atining jozibadorligi va shukuhi Toj Mahalda barq urib turadi. Darhaqiqat, abadiyatga da’vogarlikda toshdan umrboqiyroq nima bor?… Boburiyzoda Shoh Jahon va Mumtoz Mahallar so‘nmas muhabbatining bu ulug‘vor timsoli ziyoratiga jahonning hamma go‘shalaridan sayyohlar kelishmoqda.
Biz Toj Mahal bilan ko‘ngil uzolmasdan xayrlashdik. Shoh Jahonning bobokaloni Bobur mirzo yashagan Orom bog‘ tomon yurdik. Temir darvozadan ichkari kirib, bog‘ haqidagi ma’lumotnomani o‘qidik va ichkari yo‘naldik. Bu bog‘ning bunyodkori, me’mori Boburning o‘zi. U bu bog‘da umrining so‘nggi to‘rt yilini kechirgan. Uni “Bog‘i gulafshon” (gulsochar bog‘) deb atagan. Kechalari bog‘ning turli burchaklaridagi xonalarda shamlar va mash’alalar yoqilgani tufayli manbalarda bu bog‘ “Bog‘i Nurafshon” deb ham atalgan.
Boqqa kirganimiz zahoti aniq simmetriyali to‘rtburchak tarhli so‘lim, yam-yashil, keng, daraxtlari siyrak chamanzor bahri dilingizni ochib yuboradi. Bog‘ san’atining yutug‘i tabiiylikka erishishda ekan: daraxtlarda mayda jonivorlar o‘rmalashadi, ola-bula laylakni eslatuvchi saaras qushlarining bamaylixotir yurishi boqqa yanada tabiiylik va joziba bag‘ishlaydi.
Tikkaga qarab yuramiz: ro‘paramizda yigirma metrlar oraliq masofa bilan o‘rtasi ayvonli ikki xonali binolar qad ko‘targan. Bobur podshoh shu binolarning birida so‘nggi uyquga ketgan. Bog‘ning boshqa tomonida Bobur Mirzoning qizg‘ish toshlardan bunyod etilgan maqbarasi hozirgacha saqlangan. (Ma’lumki, vafotidan so‘ng 9 yil o‘tib, shoh xoki Kobulga ko‘chirilgan). Bu tabarruk qadamjoda shoh va shoir xotirasiga duoi fotiha qildik.
Agra ziyoratidan so‘ng Dehliga keldik va bu yerdan Kashmir qalbi — Srinagarga, Mirzo Haydar oromgohi tomon yo‘l oldik.
Kashmirning eng fusunkor maskanlaridan biri — Dalleyk ko‘lidagi “Safina” kema-mehmonxonasiga joylashdik. Ertalab “Safina”dan bizni qayiqda sohilga chiqarib qo‘ydilar. Biz shu joydagi ziyolilar bilan suhbatlashib, Mirzo Haydar haqida, buyuk allomaning qaysi qabristonga dafn etilgani to‘g‘risida birlamchi ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Ushbu qabriston Srinagarning eski shahar qismida joylashgan bo‘lib, maydoni 3,5-4 gektarni tashkil qilar ekan. Qabristonga Kashmir podshohi Zaynulobiddin tomonidan Dehlam daryosining chap sohilida asos solingan. Ekspeditsiya a’zolari — ushbu maqola mualliflari, tasvirchi Furqat Saidmamatov va tarjimon Shafoat Sotkinova mashinaga o‘tirib, Muhammad Haydar mirzoning tabarruk mazorotini izlab, Zaynulobidin qabristoniga bordik. Qora temir panjarali ikki tavaqali darvozadan o‘tilgach, o‘ng tomonda, shoh Sulton Zaynulobiddin onasining besh yuz yil burun toshdan bunyod etilgan ulug‘vor bino-maqbarasi ko‘zga tashlanadi. Undan chaproqda to‘g‘riga sal yurilsa, sulton Zaynulobiddin, uning oila-a’zolari, amaldorlarga tegishli qabrlar va katta-kichik sag‘analar ko‘rinadi. Biroz pastroqda, daryo bo‘yida yana bir qancha qabr va sag‘analar ihotalab ajratilgan maydoncha diqqatimizni tortdi. Sergak qizimiz Shafoatxon yam-yashil lavha uzra egilib “mirzo” so‘zini o‘qishlari bilan bir qo‘lini ko‘tarib bizni chaqirdi. Biz ham o‘sha yoqqa jadal yurdik. Birdan uch kishi shu qabr lavhasiga yuzma-yuz bo‘ldik. Qur’oni karimdan tilovat qilib, Mirzo Haydar oldidagi insoniylik burchimizni ado etdik.
Qabr uzra ulug‘vor bir tut daraxti tarvaqaylagan shoxlarini yozib turardi. Maqbara lavhasining uzunligi 1,5 metr, eni 80 sm. keladigan bu to‘rtburchak lavha boshida tik turgan oq marmarga forsiy tilda, arab yozuvida quyidagi mazmunda matn bitilgan:
Shahidlik yurtiga nog‘ora chalib Yo‘l oldi Ko‘ragon shoh Haydar mirzo. Ilohiy qazosi shunday yuz berdi. O‘limi tarixi: “Ilohiy qazo”.Bu qabr toshi 1822 yilda bir ingliz sayyohi, kapitan Vilyam Morkraft himmati bilan barpo etilgan. Maqbara yozuvida Muhammad Haydar mirzo hayoti va faoliyatining ixcham bayoni berilgan. Bu qabr toshi matnida uch nuqson bor:
1. «Abusaid» so‘zini Boburning bobosi Abusaid mirzo emas, balki Sulton Saidxon deb tushunish kerak. U Yorkand xoni, Saidiya davlatining asoschisidir;
2. Haydar mirzo O‘ratepada emas, Toshkentda tug‘ilgan;
3. Yunusxon unga ona tomondan emas, ota tomondan bobo hisoblanadi.
Qabrtoshdagi lavha matni quyidagicha:
U (Olloh) boqiydir
Mirzo Haydar Ko‘ragon ibn Mirzo Muhammad Husayn Ko‘ragon ibn Yunusxon. Bobur podshohning xolavachchasi, Ahmadxonning o‘g‘li Yorkand va Mo‘g‘ulistonning podshohi Abu Saidxonning vaziri. Xonlar — Tug‘luq Temurxon avlodidan, Chig‘atoy ibn Chingizxon naslidan. Mirzo tavalludining qutlug‘ yili hijriy 805 yilda O‘ratepa shahrida bo‘lgan. Ko‘p zamonlar o‘tishidan so‘ng Abu Saidxon hukmi bilan Yorkandga qaytdi, Tibetni egallaganidan so‘ng, 4000 otliq bilan Sha’bon oyining 4-kunida Kashmirni fath etdi. Kashmir podshohi — Muhammad shohga taxtni qaytarib berib, Tibetga — Sulton Saidxon huzuriga qaytib ketdi. Sulton Saidxon Mirzoni Lhasaga hokim etib tayinladi va o‘zi Yorkandga qaytayotganda halok bo‘ldi. Mirzoning qarori keskin o‘zgarib, Badaxshonga ketdi. U yerdan Hindistonga — Humoyun podshoh huzuriga bordi. Humoyun podshoh yengilib Eronga ketganda, Mirzo 450 otliq bilan Lahordan chiqib, Kashmirga jo‘nadi va hijriy 947 yil Rajab oyining 22-sida Kashmirni yana egalladi. U yerda 10 yil hukm surdi.
Ilohiy qazo tufayli o‘z tan qo‘riqchisining tasodifiy o‘qi bilan shahid bo‘ldi. Mirzo Turon, Mo‘g‘uliston va Sind (Hindiston) mamlakatlarida buyuklar xizmatlarida bo‘ldi, hunar va ilmga bo‘lgan muhabbati sabab yoshlikdan botir, tadbirli, idrokli bo‘lib yetishdi.
Ingliz sayyohi kapitan Vilyam Morkraftning himmati bilan va Said Muhammad Izzatullohning sa’y-harakati bilan ushbu tarix yodgorligi 1822 yilda qo‘yildi.
Albatta, yevropalik ingliz sayyohining Kashmirga kelib Mirzo Haydar dafn etilgan qabristonni topib, u buyuk allomaga yodgorlik qo‘yib ketishiga asosiy sabab, «Tarixi Rashidiy» qomusiy asarini o‘qib, olgan taassurotlari bois bo‘lsa, ajab emas. Binobarin, inglizlar ushbu arab yozuvidagi noyob asarni fors tilidan o‘z ona tiliga birinchilardan bo‘lib, XIX asrning boshlaridayoq tarjima qilib ulgurgan edilar.
Biz Srinagardan boburiylar yaratgan mashhur Shalimar bog‘i ziyoratiga bordik. Kech kuz bo‘lganidan, asosiy daraxtlar yaproqlarini to‘kkan, faqat ulkan chinorlardagina siyrakkina zarang yaproqlar ko‘zga tashlanadi.
Bir tomondan Himolay tog‘i bilan chegaradosh, pastki tarafi ko‘l yoqasidagi katta yo‘lga tutashgan. Himolay tog‘ining suv ayirg‘ich qismidan suvlar yog‘ilib, tabiiy sharsharalar, favvoralar hosil qilib, boqqa fayz berib turibdi.
Bog‘ tuzilishidagi simmetriya, sahnning kengligi va orastalik bilan qismlarga bo‘linishlar bog‘ ko‘rkiga ko‘rk va shinamlik qo‘shib, Shalimar bog‘ida allanechuk nafosat shukuhi ulug‘vorligi hukm surardi. Yo‘laklar chetidagi bog‘ sahnidagi parcha-parcha gulzorlarda ham san’at va bog‘ san’atkorligi uyg‘unlashib ketgan: bir bo‘lak gulzorga chinor bargi shaklida tartib berilgan, boshqa bir bo‘lagi yurak tarzida, uchinchisi hilol va yakka yulduz tuzilishida.
Buyuk alloma Mirzo Haydarning 10 yillik faoliyatini va Kashmir tarixini chuqurroq o‘rganish maqsadida «Arxeologiya va qadimgi Kashmir» muzeyiga borib, tarixiy manbalar, yodgorliklar, Bobur va boburiylar, shuningdek, Mirzo Haydarga doir ashyoviy dalillar va ko‘rgazmalar bilan tanishdik.
Kashmir universitetining tarix fakulteti professori Muhammad Ashraf Voniy janoblari boshchiligidagi o‘rta asr tarixi bo‘yicha mutaxassislar bilan qiziqarli uchrashuv bo‘lib o‘tdi. O‘zaro fikr almashuvlar chog‘i olingan yozma manbalar, Kashmir, Aligarx universitetlarida, Dehlida chop etilgan kitoblar asosida Mirzo Haydarning Kashmirda podshoh bo‘lgan vaqti xususida nisbatan to‘la ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Huquqshunos olim Nazir Ahmad bilan u kishining xonadonida bir piyola choy ustida suhbatlashib, Kashmir tarixi va Mirzo Haydar haqida qimmatli ma’lumotlar oldik: Nazir Ahmad suhbat chog‘ida bizga «Tarixi Hassan» kitobini tuhfa qildi. Pir G‘ulom Hassan Quhhihoniyning ushbu «Tarixi Hassan» jug‘rofiyaga oid asarida Muhammad Haydar Mirzo va boburiylar haqida qimmatli ma’lumotlar berilgan ekan.
«Tarixi Rashidiy» asaridan ma’lumki, Muhammad Haydar mirzo 1532 yili Kashmirga yurish qilib, yurtni egallaydi. Va kutilmaganda Kashmirning sobiq hukmdori Muhammad Shoh, Malik Abdol Mokri va boshqalarni muzokaraga chaqirib, shohning bir qizini shahzoda Iskandarga olib beradi-da, sulh tuzib, Sharqiy Turkistonga qaytib ketadi.
“Tarixi Rashidiy”da qayd etilganidek, Kashmir maliklarining bosh-boshdoqligi keyingi yillarda ham oldingidek davom etib, ular yurt hukmdori Muhammad Shohni pisand qilishmaydi. Hatto 1540 yilda Abdol Mokri, Zangi Chaklar nomidan elchi borib, Muhammad Haydar mirzoni Kashmir hukmdorligini olib, uni boshqarishga taklif qiladi.
Kashmirdagi harbiy-siyosiy vaziyatni yaxshi bilgan Haydar mirzo bu maslahatni Humoyun mirzo muhokamasiga qo‘yadi va undan 400 otliq askar olib, Kashmirga yuradi. Navshahrda Muhammad Shohga muxolif bo‘lgan Kashmir maliklari o‘z harbiy kuchlari bilan unga qo‘shiladilar.
Muhammad Haydar mirzo bu daf’a Kashmirni deyarli jang-jadalsiz egallaydi. Unga qarshi bo‘lgan maliklar afg‘on Sherxon Surdan madad olib, jangga otlanadilar.
Mirzo mahalliy maliklar va o‘z lashkari bilan 5000 kishilik yov ustidan g‘alaba qozonadi. U Kashmirda o‘n yildan ortiqroq muddat hukmronlik qiladi.
Muhammad Shohning vafotidan keyin uning valiahdi Nozuk Shoh taxtga chiqqan edi. Olti oydan so‘ng Muhammad Haydar mirzo Kashmirga kirgach, u ixtiyoriy ravishda hukmronlikni mirzoga topshirdi. Shuning uchun xutbada Nozuk Shoh maqtalar va pulda ham uning ismi zarb qilinar edi. Ba’zi bir o‘sha davrdagi Kashmir tangalarida Humoyun mirzo ismi ham uchraydi.
1445-1448 yillarda Muhammad Haydar mirzo Tibetga yurish qilib, juda ko‘p qal’alarni bo‘ysundirdi. Rajaori hisobiga ham Kashmir hududi kengaytirildi. Mirzo Haydarning yaqin kishilari bo‘lgan Qora Bahodir, Muhammad Nazir, Nosir Ali va Mullo Qosimlar Tibet va Kashmir viloyatlarida xotirjam hukmronlik qila boshlaydilar.
Biroq, 1550 yilga kelib, Mir Shamsiddin Iroqiy boshchiligida musulmonlar bir-biriga dushman bo‘lib, ikkiga bo‘linib, Eydi Rayna boshchiligida Mirzo Haydarga qarshi chiqadilar. Bhira hokimi Qora Bahodirni va Rajaori hokimi Muhammad Nazirni asir oladi. Muhammad Haydar mirzo esa isyonchilarga qarshi tungi yurishlarning birida o‘z tanqo‘riqchisi Shohnazar otgan tasodifiy o‘qdan yaralanib, vafot etadi. Nozuk Shoh vositachiligida Muhammad Haydarning xotini va singlisi maliklar bilan muzokaraga kirishib, sulh tuziladi.
Muhammad Haydar mirzoning xizmatlariga tarixan baho bermoqchi bo‘lsak, birinchidan, uning o‘n yillik hukmronligida Kashmir sobiq vayronaliklardan tiklanib, yashnay boshlaydi; ikkinchidan, u bilan birga kelgan siyosiy, ilmiy va diniy arboblar Kashmirga o‘sha davr tsivilizatsiyasini keltirdilar, deyish mumkin. Bu davrda Kashmir Buyuk Ipak yo‘liga ulandi. Buning sababi, yangi hukmdor tashabbusi bilan shoyi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Musiqa san’ati rivoj topdi.
Uchinchidan, Kashmir imoratsozligining yangi usuli va bog‘-rog‘ yaratish san’ati urf bo‘la boshladi. Bog‘i Safo, Bog‘i Bahorolardan so‘ng boburiylar bu yerda Shalimar bog‘i, Bog‘i Nishot kabi o‘nlab bog‘lar barpo etdilar.
Tarixda shaxs rolining hal qiluvchi ahamiyatini Muhammad Haydar mirzoning o‘n yillik hukmronligida ko‘ramiz, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Olimlar bilan suhbat asnosida Aligarx universitetining professori Mansura Haydarning “Mirzo Haydar Dug‘lat” nomli (Dehli, 2002) kitob yozgani haqida xabar topdik va bu kitobni Dehlida qo‘lga kiritdik. Kitobda tarixiy asarlardan Mirzo Haydar haqida ma’lumot beruvchi o‘rinlar tanlab olinib, o‘ziga xos tarixiy majmua tuzilgan ekan.
Kashmirliklar qadimdan asosan toshdan imorat yasab kelishgan. O‘rta asrlarga kelib esa bu an’anadan voz kechishgan. Chunki, kuchli zilzilalar paytida toshdan tiklangan imoratlar yuz minglab qurbonlarga sabab bo‘lgan ekan. Va shundan so‘ng uylar yog‘ochdan tiklana boshlagan. Muhammad Haydar mirzo ularning ko‘p imoratlari yog‘ochdan va ko‘p qavatli ekanini “Tarixi Rashidiy”da qayd etgan. Biroq bu imoratlar olovga dosh bermaganligi tufayli yana ishonchni oqlamagan. Muhammad Haydar O‘rta Osiyodan ko‘plab imorat ustalarini Kashmirga taklif qilgan. Ular tosh, tuproq va yog‘ochdan foydalanib, falokatga chidamliroq sinchli uylar qura boshlashgan. Bu hol butun Kashmirga rasm bo‘lgan. Musiqa, qo‘shiqchilik san’ati, ilm-fan taraqqiyotiga ham Haydar mirzo katta hissa qo‘shgan. Kashmirda yirik rejali bog‘-rog‘larga asos solgan hukmdor Muhammad Haydar mirzo bo‘lgan. Undan so‘ng Boburiylar saltanati tarkibiga kiritilgan Kashmirda tom ma’noda yirik-yirik, shinam-shinam bog‘lar barpo etishning jadal sur’ati kuzatiladi. “Tarixi hassan”dan olingan ma’lumotlarda Boburiy shohlar davrida Kashmir dalalari, ko‘l sohillari, Bhat daryosining ikki qirg‘og‘i bo‘ylab o‘nlab yirik shinam bog‘lar bunyod etila boshlangani aytilgan. Kashmir jannatdan bir namunadir, degan ibora ana shu davrga to‘g‘ri keladi.
Endi Muhammad Haydar mirzo shaxsiyatiga doir ma’lumotlarni keltirib o‘tsak.
1540-1551 yillarda Kashmir o‘lkasida hukmronlik qilgan Haydar mirzo Saidiya davlatining asoschisi, Andijon, so‘ngra Yorkand xoni bo‘lgan Sulton Saidxonning 24 yillik vaziri (1512-1533); Tibet va Kashmirni ishg‘ol qilgan harbiy qo‘mondon. U fors tilida bitilgan “Tarixiy Rashidiy” nomli mashhur qomusiy asar muallifidir. Muhammad Haydar sohibdevon shoir, qadimgi o‘zbek tilida yozilgan “Jahonnoma” va “Mahmudnoma” dostonlarining ijodkori. U Toshkentda 1499-1500 yil Xub Nigor xonim va Muhammad Husayn oilasida tug‘ilgan, Zahiriddin Muhammad Boburning xolavachchasi. U uch yil davomida Bobur Mirzo tarbiyasida bo‘lgan. Otasi o‘sha zamonlarda Toshkent hokimligiga qarashli bo‘lgan O‘ratepada 9 yil (1493-1502) beklik qilgan.
Muhammad Haydar mirzo Kashmir muhiti tarixiy-adabiy an’analariga amal qilib, «Tarixi Rashidiy» asarini fors tilida yozgan bo‘lsa-da, u saroyda va oilada o‘zbek tilida so‘zlashgan va yozgan. Buning isboti uning turkiy-o‘zbek tildagi «Jahonnoma» va «Mahmudnoma» dostonlaridir.
Boburshunos yapon olimi Eyji Mano o‘zining «Bobur va uning davri» nomli yirik tarixiy asarida «Boburnoma» va «Tarixi Rashidiy» asarlari asosida Markaziy Osiyoning XVI asr tarixini yaratdi. Ushbu ilmiy kashfiyot «Tarixi Rashidiy» asarining «Boburnoma»dek mashhur va o‘ta muhimligiga dalil bo‘lib turibdi.
Atoqli ingliz olimasi Annet Syuzen Beverij: «Boburnoma» butun tarixda yaratilgan yozma yodgorliklarning eng bebahosidir», deb yozgan. Olima Muhammad Haydar mirzoning mahoratiga tan berib, «Muhammad Haydar mirzo memuarnavislikda Boburga raqobatchidir», deb aytgani ham bejiz emas.
Muhammad Haydar mirzo qabriga 1822 yil ingliz sayyohi qabrtoshi qo‘ydirganini aytib, uning himmatiga tan berdik. Ammo vaqt bu yodgorlikka ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Kashmirda o‘n yil hukmronlik qilgan Mirzo Haydarga xizmati va shon-shuhratiga yarasha yangi yodgorlik-maqbara tiklanishini orzu qildik.
Mashhur sarkarda, yetuk qomusiy olim va shoir Mirzo Muhammad Haydarning ingliz, nemis, frantsuz, xitoy, uyg‘ur, rus, qozoq va boshqa tillarga tarjima qilingan «Tarixi Rashidiy» qomusiy asarini inshoolloh, bu yil o‘zbek kitobxonlari ham o‘z ona tillarida o‘qishga muyassar bo‘ladilar.
Zokirjon Mashrabov,
Bobur nomidagi xalqaro ilmiy ekspeditsiya rahbari,
Vahob Rahmonov,
ekspeditsiya a’zosi
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 8-sonidan olindi.