O‘zbek xalqining buyuk shoiri, mutafakkiri, mahsuldor muarrix, mohir tarjimon Muhammadrizo Ogahiy tavalludiga 200 yil to‘lishi munosabati bilan matbuotda bir necha maqolalar e’lon qilindi. Ushbu maqolalar Ogahiy tarixiy xizmatlarining ahamiyatini, ijodiyotining mohiyatini yoritishi bilan diqqatga sazovordir. Biroq “Ogahiy tavalludining 200 yilligi” rukni ostida chop etilgan I.Haqqulovning “Maoniy bog‘ini dono qilur sayr…” sarlavhali maqolasi (“O‘zAS”, 2009 yil, 11 dekabr) to‘g‘risida bunday deya olmaymiz.
Maqolaning qurilmasi g‘alati. Mundarija va mazmun parokanda. Ogahiyga bag‘ishlangan maqolada kirish qismidan keyin so‘z tavsifiga o‘tiladi-da, keyin tasavvuf va tasavvufshunoslik haqida gapiriladi. Ogahiy bir chetda qolib, Abu A’lo Afifiy, Abu Nasr Sarrojdan ko‘chirmalar keltiriladi. Ularning Ogahiy va uning ijodiyotiga nima aloqasi bor? Keltirilgan ko‘chirmalarning manbalari ko‘rsatilmaydi. Bu — ilmiylikka xilof. “Atoqli turk shoiri” Nomiq Kamoldan va Horis al-Musohibiydan ko‘chirmalar keltiriladiki, ularning bevosita Ogahiy va uning ijodiga daxli yo‘q. Ularsiz Ogahiy ijodini tahlil etishning imkoniyati yo‘qmi? Afsuski, maqola muallifi bilan u ko‘chirma keltirgan “donishmand”larning nuqtai nazarini farqlash, ajratib olish qiyin. Chunki ba’zi o‘rinlarda muallif tilidan aytilgan fikr boshqa o‘rinda u keltirgan ko‘chirmada aynan aks etgan. Qizig‘i shundaki, I.Haqqulov faqat turk, arab, G‘arb shoirlari va tasavvufshunoslaridangina iqtibos keltiradi hamda ularni sun’iy ravishda o‘zbek tasavvuf she’riyatiga tatbiq etadi. Nahotki, o‘zimizda birorta arzigulik tasavvufshunos topilmasa! U olimlarimizga nisbatan “zehn, mushohada, xususan, sezgi pachoqligi…, befahmlik” sifatlarini ravo ko‘radi. Axir, bular nutq madaniyatidan yiroq so‘zlar-ku!
Bahs madaniyatiga ko‘ra, mubohasaga tortilayotgan hamkasbi hamda uning ko‘chirma olingan asari nomi aniq keltirilishi va bahs mazmuni ifodalanganda unga nisbatan hurmat, xolis munosabat saqlanishi lozim. Maqoladagi mana bu munozara tarzi bahs madaniyatiga aslo to‘g‘ri kelmaydi: “Ogahiyning mutafakkir va orifligi shundaki, u qismat belgilagan yo‘l – she’r va shoirlik tariqidan chalg‘imagan, hech qachon so‘fiylik va mutasavvuflikni san’atkorlikdan baland qo‘ymagan. Uning she’rlarida necha o‘nlab tasavvufiy timsol, ramz va istilohlarni uchratish mumkin. Ular nechog‘li ko‘p va takror-takror qo‘llanilgan bo‘lmasin, Ogahiyni so‘fiylik maslagiga sohib shoir, deyishga hech asos bermaydi. Uni “so‘fiyi sof siymolar” qatoriga qo‘shish esa g‘irt yolg‘ondir. Chunki o‘zini Haq ishqiga qurbon aylagan so‘fiyni Haqdan boshqa bir nima qiziqtirmaydi. Har qanday ijtimoiy munosabat va muassasaga u o‘zicha yot nazarda qaraydi. Ogahiyda esa, bunday emas”.
Parchadagi qo‘shtirnoqsiz, o‘zgartirib keltirilgan “so‘fiylik maslagiga sohib” va qo‘shtirnoqda keltirilgan “so‘fiyi sof siymolar” iboralari mazkur satrlar muallifiga mansubdir. Muallif ushbu tushunchalarni rad etsa, tanqid qilsa, ular bilan madaniy munozaraga kirishsa, chidash mumkin. Lekin ularni baralla “g‘irt yolg‘ondir” deyish borib turgan hurmatsizlikdir.
Xo‘sh, Ogahiy haqida 15-20 yillar oldin yozilgan ishlarga bunchalar keskin munosabat bildirishga zarurat bormi? Umumta’lim maktablarining 10-sinflari uchun yangi darslik yaratish jarayonida 1990-yillarning boshlarida Ogahiyning:
Bizki, bukun jahon aro kishvari faqr shohimiz, Boshimiz uzra ohimiz shu’lasidur kulohimiz —boshlanmali g‘azalini tahlil etgan edik. I.Haqqulov keltirgan iboralar mana shu darslikning quyidagi jumlalaridan uzib olingan: “Faqr — tariqat sohiblarining muqaddas shioriga aylanadi. Muhammadrizo Ogahiy faqr maqomiga erishgan so‘fiyi sof siymolardan edi” (B.Qosimov, N.Jumaxo‘ja. O‘zbek adabiyoti.10-sinf uchun darslik. Muhammadrizo Ogahiy qismi, “O‘qituvchi”, Toshkent, 1999, 373-bet.). Ushbu darslik to‘rt marta qayta nashr etildi. Har yili to‘rt yuz ming 10-sinf o‘quvchisi, 40 ming ona tili va adabiyot o‘qituvchisi undan foydalandi.
Nazarimizda, tahlillarimiz shu qadar noma’qul bo‘lganida, avvalo, darslikdagi hammuallifimiz, talabchan ustozimiz, marhum professor B.Qosimov, darslikning mas’ul muharriri, professor H.Homidov, qolaversa, Xalq ta’limi vazirligi ilmiy-metodik kengashidagi o‘nlab olimlar uni o‘tkazmas edi. Basharti tahlil va talqinlarimiz to‘g‘ri emas, degan iddaosi bor ekan, I.Haqqulov uni o‘z vaqtida aytganida, darslikning ikkinchi nashridayoq tuzatmasmidik.
Ushbu iddaolarda asos yo‘q. Xo‘sh, Ogahiy so‘fiyona g‘oyalarni kuylasa, mutasavvuf bo‘lsa, “she’r va shoirlik tariqidan chalg‘i”gan bo‘ladimi? Masalan, boshqa bir mutafakkirimiz, so‘fi va mutasavvuf Mashrab she’r va shoirlik tariqidan chalg‘iganmi? Biror kishi Ogahiy “so‘fiylik va mutasavvuflikni san’atkorlikdan baland qo‘ygan”, degan da’voni ilgari surmagan-ku! Bordiyu, biror yerda “Ogahiy so‘fiylik maslagiga sohib shoir”, deyilgan bo‘lsa, bu Ogahiy yassaviya, naqshbandiya, kubraviya kabi maxsus tariqat yaratgan, degan ma’noni anglatadimi? Yo‘q, aslo. Bu Ogahiy boshqa mutasavvuflar bilan maslakdosh bo‘lganligini bildiradi, xolos. Ogahiy “so‘fiyi sof siymolar qatoriga qo‘shilsa”, buning nimasi “g‘irt yolg‘on” ekan? Ogahiyni haqdan boshqa qanday “ijtimoiy munosabat va muassasa(?)” qiziqtirgan ekan? Aftidan, I.Haqqulov Ogahiyni saroy shoiri va tarixchisi, bosh mirob, xonlarning yaqin maslahatgo‘yi, saroy “muassasa”siga mansub davlat arbobi bo‘lgan-u, mansab-martaba ketidan huzur-halovatda yashagan, deb o‘ylaydi va adashadi. Saroy muhitini o‘rgangan olimlar bilishadiki, davlat xizmatida bo‘lgan ijodkorlar saroy ichida maishatda yashamaganlar. Ularga bebiliska maosh ham to‘lanmagan, bebaho xizmatlari uchun ustlaridan zar ham sochilmagan. Saroy xizmatidan xoli paytda o‘z manzillarida faqir va xokisor hayot kechirganlar.
Faqirlik faqat Ogahiyning lirik qahramonida mujassam etilgan emas, balki shoir shaxsiyatining “men”iga singib ketgan, uning turmush tarziga aylangan ma’naviy xislat edi. Butun ijodida, xususan, 1440 sahifadan iborat “Firdavs ul-iqbol” solnomasining qaysi betida o‘zi haqida gap borar ekan, Ogahiy o‘zini “faqir”, deya tilga oladi. Bu faqat an’anaviy hol emas. Saroy rasmiy ma’murlari va lashkar bilan harbiy safarlarda qadam-baqadam, goho otliq, goho piyoda, goho shodon, goho nolon yurar ekan, bu o‘tkinchi, yolg‘onchi va shafqatsiz dunyo manfaatlaridan shoir va muarrixning umid gulshani kulliy so‘ngan, inson siyratidagi yovuzlik va hirsu havasdan butkul yuz o‘girgan. Lashkar mag‘lub va himoyasiz qolgan odamlarning zaru zevaridan oddiy uy jihozlarigacha talab olganida shoir va muarrix halol va mehnatkash qo‘lini biror narsa ilinjida bulg‘amagan. G‘alaba nashidasini surgan xonu amaldorlar ham shoir va muarrixga hech qanday nasiba ajratmagan. Uning uchun yagona yupanch, ilinj va panoh yolg‘iz Olloh bo‘lgan, har soniya jonini hovuchlab Ollohga tavakkal bilan yashagan. Ogahiyning mudhish zamonda, sonsiz-sanoqsiz qatlu toroj arosatida ajal sirtmog‘idan omon chiqishi, imkon topib yuksak badiiyat namunalarini yaratishining o‘zi mo‘jiza edi.
Endi butun Xorazm xonlarini ulug‘lab yozilgan buyuk “Firdavs ul-iqbol” solnomasini yakunlayotgan hazin va dardmand, muhtoj va madadsiz qolgan mutafakkirning ahvoli ruhiyasi tasvirlangan quyidagi satrlarga zehn soling:
“Nechuk bo‘lmas alamdin toqatim toq Ki, borman g‘amga juftu juftdin toq. Uyim vayronduru davron g‘amidin, Ko‘ngul oshuftadur uy motamidin. Na yotsam, bistari xobim muhayyo, Na tursam, uyda asbobim muhayyo. Hujum aylab manga faqr ibtilosi, Yana bir sori tanholig‘ balosi. Erur holimg‘a nozir yig‘lag‘udek, Musulmon birla kofir yig‘lag‘udek.Alg‘araz, bag‘rimg‘a tish qadab o‘ylanmoq taqozosin qildi. Xarojot uchun xeyli pul hojot bo‘ldi. Bir necha ahbobkim, faqirg‘a do‘stlig‘ va yakjihatlikdin dam urur erdilar, har qaysisidin besh-o‘n dinor qarzi hasana tiladim. Bu muddaoda muddati madid justujo‘ va taraddud qildim. Alar bovujudekim, davlat va sarvatda qorun ganjin zakot chiqarur erdilar, zodaollohu taollo, iqboli davlatihum bir qaro pul bila umidim ko‘zin ravshan qilmadilar. Mahrumlig‘g‘a ahlin nosiyaye murodimg‘a qo‘ydilar. Oqibatul-amr, Muhammadpanohbegi soniy hannallo taollo a’n ul-ofotdin yuzdin ko‘prak ashrafiy qarz istijoro oldim. Ilohi, faqirni bu qarzdorliq ibtilosidin osonliq bila botroq qutqar va bu buruj dag‘dag‘asidin tezroq chiqar, omin”.
Qizig‘i shundaki, oldinroq Ogahiyni tariqatdan yiroqlashtirishga uringan muallif, sal o‘tmay uni: “Qalbida oliy mohiyat yuz ochib, bosh ko‘targani bois, tariqat va tasavvufiy she’riyat imtiyozlaridan foydalangan”, deydi.
Ushbu maqolasida I.Haqqulov nafs haqida ham bir mahallar yozgan fikrlariga bemalol teskari gaplarni yozadi va o‘zicha allaqanday “nafsshunos”larga zarba beradi. U nafsning turi ko‘pligini, mutasavvuf va tasavvufshunoslar “nafsni o‘ldirish, mag‘lub etish” deganda, nafsning yomon turi — nafsi ammorani nazarda tutganlarini bila turib shunday yozadi: “Shu joyda ta’kidlaylikki, bugungi ayrim “nafsshunos”larga ergashib, nafsdan butunlay kechish, nafsni o‘ldirish to‘g‘risida hech qachon so‘zlamaslik lozim. Nafs o‘ldimi — odam o‘ladi. Bu esa, xudkushlikning bir turi erur. Nafsni qancha qiynab, qancha azobga giriftor etmang, tinib-tinchish holida ham u baribir o‘zining sifatlaridan kechmaydi”.
Ushbu mulohazalardan kelib chiqsak, dunyo hoyu havaslaridan voz kechib — nafsini mag‘lub etib, 63 yoshida tarki dunyo qilgan Ahmad Yassaviy xudkushlik bilan shug‘ullanganmi? Unda Yassaviyning yer ostida yana shuncha hayot kechirgani ham “g‘irt yolg‘on” ekan-da? Uning taqdiri misolida nafs o‘ldi, lekin odam o‘lmadi-ku! Yoki Alisher Navoiyning hayotni toq va mujarrad kechirgani ham — nafsni yengish, mag‘lub etish, o‘ldirish emasmi? Uning qismati misolida ham nafs o‘ldi, ammo odam o‘lmadi-ku!
I.Haqqulov hatto yaxshilik va yaxshilik qiluvchilarni ham shubha ostida qoldiradi: “Hatto, yaxshilik ham nafsning hammolidir, chunki yaxshilik zohiran itoatkor erur. Inson, shu sababdan, qilgan ishini aloqasi bo‘lsin yo bo‘lmasin, Olloh uchun deb hisoblayveradi. Holbuki, yashirin tarzda nafs uni tuzog‘iga tushirgan bo‘ladi”. Oddiy tushunchalarni bunchalar chigallashtirishga nima zarurat bor? Axir, Abdulla Avloniy “Turkiy guliston yoxud axloq” asarida nafs va uning yaxshi-yomon turlarini soddagina tushuntirib qo‘ygan: “Inson ikki narsadan murakkabdur. Biri jasad, ikkinchisi nafsdur… Agar nafsi tarbiyat topib, yaxshi ishlarni qilurga odat qilsa, yaxshilikg‘a tavsif bo‘lub — “yaxshi xulq”, agar tarbiyatsiz o‘sub, yomon ishlar ishlaydurgon bo‘lub ketsa, yomonliqg‘a tavsif bo‘lub — “yomon xulq” deb atalur… Miqyosi nafs deb qiladurgon amallarimizni, ishlarimizni shariat, insoniyat qonuniga muvofiq o‘lub-o‘lmadig‘ini vijdonimiz ila o‘lchab ko‘rmakni aytilur. Nafs o‘lchovi haqiqiy bir o‘lchovdirki, insonning o‘z nafsiga loyiq ko‘rmagon muomalani boshqalar haqida ijro etmoqg‘a qo‘ymas”.
Nazarimizda, bundan bir asr avval aniq shakllangan tushunchalarni chalkashtirishga aslo hojat yo‘q edi.
Nusratullo Jumaxo‘ja,
filologiya fanlari doktori
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 16-sonidan olindi.