Abdusattor Jumanazar. Bulbul tilsimi (2010)

Bugungi o‘quvchi mulla Bozor oxundni Boborahim Mashrabning tariqatdagi birinchi ustozi deb biladi. Lekin ko‘pchilik kitobxonlar bu shaxsning tarjimai holidan deyarli xabardor bo‘lmasa kerak. Ilmiy adabiyotlarga ko‘z yugurtirilsa, xuddi shogirdi singari uning hayoti ham o‘zaro mos tushmagan turli axborotlar qorishig‘idan iborat ekani ayon bo‘ladi. Ba’zi tadqiqotlarda unga oid qisqacha ma’lumotlar uchraydi, ayrimlarida esa nomigina qayd etiladi. Bozor oxund kim va qachon yashagan? Qaysi tariqat vakili? Bu savollar hozirgacha qariyb javobsizdir. Tarixiy manbalarda bu to‘g‘rida qanday gap-so‘zlar bor?

Bozor oxund haqidagi ilk ilmiy xabarlar N.S. Likoshinning “Devonai Mashrab” tarjimasi tadqiqot qismida beriladi. U Mashrabga oid ma’lumot izlab, murojaat qilgandan so‘ng Chust shahri qozisi domulla Mas’ud maxdum, qozikalon Muhammad Murod va shayx ul-islom Nodim unga axborot to‘plab beradi. Ular orasida Bozor oxund shajarasi ham bor edi. Shajarada Bozor oxund nasabi imom Hanafiya orqali hazrati Aliga yetishi ta’kidlanadi. Bozor oxundning otasi Sulton Muhammadxon edi. U dastavval hazrati Sulton Ahmad Yassaviy yurtida yassaviya tariqati vakillaridan ta’lim oladi va keyinchalik Qo‘qonga ko‘chib keladi. U yerda bir necha muddat yashab, Namanganga o‘tadi va o‘sha joyda muqim bo‘lib qoladi. Uning Ubaydulloh xoja, Olim xoja ismli o‘g‘illari bor edi. Ubaydulloh xoja o‘z davrida Podsho Bozor oxund nomi bilan shuhrat qozonadi. Uning qol va hol ilmidagi birinchi ustozi, shubhasiz, otasi edi. U yassaviya tariqati maktabida saboq olib voyaga yetadi.

Abdurauf Fitrat “Mashrab” maqolasida Bozor oxundni: “Buxoroli Bahodur eshonning muridi bo‘lg‘an Oxund mulla Bozor namanganli bo‘lub, Farg‘onada mashhur va ma’lum bir mulla bo‘lgan, qabri bu kun Namangan shahridadir”, deb qisqagina tavsiflab o‘tadi. Keyingi tadqiqotchilar ko‘proq N.S.Likoshin ma’lumotlaridan foydalandilar va XX asr ilmiy adabiyotida Bozor oxundning vafoti, asosan, 1668 yil deb ko‘rsatildi.

Bu sana abjad hisobi bilan “Bulbul biraft az bog‘i ilm” (“Bulbul ilm bog‘idan ketdi”) satridan olingan. N.S. Likoshin xuddi shu ta’rixga asoslangan va uni birinchi bo‘lib jamoatchilik e’tiboriga havola qilgandi. Tadqiqotimiz mazmunini mana shu bir necha so‘zdan iborat bir satrgina matn haqidagi mulohazalar tashkil etadi. Undagi “az bog‘i ilm” jumlasidan h. 1143 yil(1730-1731) hosil bo‘ladi. N.S. Likoshin abjad hisobini aniqlash uchun “bulbul” so‘zida jamlangan 64 raqamini 1143 sonidan olib tashlaydi. U misrani raqamlar bilan “64 ketdi 1143dan”, deb o‘qiydi. Oqibatda undan h. 1079 yil(1668 iyun – 1669 iyun) paydo bo‘ladi. Tadqiqotchilar raqamlar bekitilgan bu satrni Mashrabga tegishli, deb hisobladilar. A. Abdug‘afurov bir ishida: “Chunki Mashrab Z. Rizayev da’vo etayotgan sanadan 4 yil keyin – 1668(hijriy 1079) yilda vafot etgan Bozor oxundga “Bulbul biraft az bog‘i ilm”misrasi bilan ta’rix yozgan”, deb “dalil” keltiradi(“Erk va ezgulik kuychilari”, 116-bet).

Ismatulla Abdullayev, Shorasul Zunnunov, Hamidulla Boltaboyev va boshqa olimlar ishlarida ham xuddi shu sana keltiriladi. Muhsin Zokirov “Erk va ma’rifat kuychilari” kitobida (1984) (20 — 21-betlar) Bozor oxundni 1678 yili vafot etgan, deb yozadi. Biroq bu ma’lumotni qayerdan olganini aytmaydi. (Balki bosmada 1668 soni 1678 deb xato terilgan bo‘lishi ham mumkindir, biz buni bilmaymiz.) Nima bo‘lganda ham, Bozor oxund vafoti tarixga shu zaylda shubhali sanalar bilan kirib qoladi.

Aniqlik izlab qilingan urinish zoye ketmadi. Janob N.S. Likoshin “bulbul”ni tushunmagan va uni noto‘g‘ri sharhlagan ekan. Ilk tekshiruvdayoq kutilmagan natijaga duch keldik. Abdulaziz Namanganiyning(Majzub) “Tazkirat ul-avliyo” asaridan Bozor oxundga taalluqli quyidagi qiziq axborot chiqdi: “Mulla Bozor Namanganiy odatda tunning avvalida uxlardi. Uyqudan turib, tahajjud namozini ado etardi-da, bir soat “Hidoyayi sharif”ni o‘qir va keyin “Kalomi sharif”ni tilovat qilardi. Bir kecha tilovat paytida g‘aybdan “Qur’onxonligingdan bezor bo‘ldim”, degan ovoz eshitdi. Uch kungacha shunday ovoz kelib, u aql-hushini yo‘qotdi va Buxoro tarafga ravona bo‘ldi. Buxoroda oshpazga shogird tushdi.

Mirzo Bahodur bir kuni Registonga kelib aylandi va oshpazning uyiga kirdi. Oshpaz lalida(laganda) osh keltirdi. U oshdan bir siqim yedi va qolganini oshpazga qaytarib berdi. “Buni ol, oshingni nima qilaman? Sening bir shogirding uchun keldim. U shogirding bo‘ladigan yigit”, dedi. Oshpaz shogirdini hazratning huzuriga keltirdi. Oxund mulla Bozorni sinab ko‘rib, o‘zi bilan olib ketdi. Manzilga yetgach, domulla Bozor ichkariga kirdi. Ikki-uch oy pir xizmatida bo‘ldi”(O‘zR FAShI. 1337-raqamli qo‘lyozma, 68a —69a-betlar).

Mulla Bozorni oshpazning uyidan olib ketgan Mirzo Bahodur kim edi? N.S. Likoshin, Abdurauf Fitrat u Bozor oxundning ustozi ekanini gapirib o‘tadi. Boborahim Mashrabga nisbat beriladigan bir g‘azalda ham u mulla Bozor oxundning ustozi sifatida ta’riflanadi:

Ma’rifatning gulzori mulla Bozor devona,
Oshiqlarning sardori mulla Bozor devona.
Yo‘qtur aslo kiynasi, bahri urfon siynasi,
Nuri Haq oyinasi mulla Bozor devona.
Joylaridur Namangan, Haq yo‘lida jon bergan,
Muridlarini sevgan mulla Bozor devona.
Ichlaridur to‘la nur, pirlaridur Bahodur,
Buxoroda ul mashhur, mulla Bozor devona.
Mashrab o‘zi devona, ishqo‘tig‘a parvona,
Yo‘l yuradur sarsona, mulla Bozor devona.

Manbalarda mazkur shaxshaqida ba’zi ma’lumotlar uchraydi. U kubroviya tariqatining taniqli shayxi MirzoBahodur Sherbaduniy al-Buxoriy edi. Taxminan, 1640 – 1710 yillari Buxoroda yashagan. Uning yana Lutfulloh xoja(Eshon Shahid), Niyoz Cho‘qmoqiy, Hazrati Imlo kabi shogirdlari tarixda mashhurdir.

Hijriy 1082 yili(1671-1672) kubroviya tariqati murshidi Mir Shahobiddin Soktaragi vafot etib, rahbarlik Mir Atoulloh Soktaragiga qolgandi. Undan keyin h. 1100 yili(1689) Mirzo Bahodur tariqat murshidi masnadiga o‘tiradi(O‘zR FAShI. 79-5-raqamli qo‘lyozma, 73b-sahifa). Xuddi shu pir Registon yonidagi oshxonaga kelib, oshpazning “bo‘ladigan” shogirdi mulla Bozorni kubroviya tariqati sari boshlab ketgandi.

Muarrix Mirza Olim Maxdum Bozor oxund haqida shunday ma’lumot beradi:

“Shohruxxonni avval martaba Xo‘qandga xonlik masnadiga o‘lturganligini tarixi hijriyda 1121(1709-1710) yili ekan. Bir shoir bul tarixni “Zi Shohrux jo‘”(Shohruxdan qidir) iboratidin topibdur.

Xulosai kalom, Shohruxxon o‘n ikki yil xonlik qilib, o‘n uchinchi yilda vafot qilibdur. Mashhur namanganlik Mashrabni piri shayx mulla Bozor oxund Namanganiy ul xonga hamasr ekanlar.

…Yana ba’zi zurafolar Shohruxxon vafoti tarixi haqida ba’zi alfozlar mulla Bozor oxundni muridlari og‘zidin chiqqan ekan, moddai tarix topibdur. Aning hikoyasi shul ekankim, vafotiga Shohruxxon Xo‘qand shahrining qal’a va ark binolarida namanganlik mulla Bozor oxundni muridlaridin bir odamni mardikor qilib ishlatib yurgan ekan. Bu xabarni mulla Bozor oxund eshitib, ani xalos qilmoq uchun Xo‘qandga kelib, Shohruxxondin ul muridlarini iltimos qilgan ekan. Xon iltimoslarini rad qilibdur. Shayx xondin xafa bo‘lub qaytib, Qarovultepada bir muridlarining uyiga borib, devorga Shohruxxon tasvirini tortib, o‘q-yoy ila ul suratga qarab otib, mezbonga aytibdurlar “Shohrux murd” deb. Bu hodisa payshanba kuni juma kechasi ekan. O‘sha juma kuni xonni kiftiga bir yomon yara chiqib, vafot qilibdur. Bir necha kundin keyin mulla Bozor oxundni bir muridlari Qarovultepag‘a, o‘shal uyga qo‘nganda sohibi xonadon hodisani bayon qilib, shayx jo‘naganlari hamono xon vafot qildi, debdur. Anda ul so‘fiy johil “xirs ki murd” degan ekan. Ul mezboni zarif bul iboratni hisob qilib ko‘rsa, moddai ta’rix tushubdur” (“Tarixi Turkiston”,T., 2008, 48 — 50-betlar).

Bu voqea Boborahim Mashrab vafotidan 11 yil keyin 1722 sanada ro‘y beradi. Mulla Bozor oxund bu paytda hali jismonan baquvvat, g‘ayrat-shijoatli edi. Yana bir necha manbada bu voqeaga oid shunga o‘xshash ma’lumot uchraydi. Oradan to‘qqiz yil kechib, h. 1143 yili(1730-1731) mulla Bozor oxund bu g‘avg‘oli dunyodan o‘tadi. Shundan so‘ng uning o‘tmish hayoti shu bir misraga aylangan va ma’rifat gulshani bulbuli unga kelib qo‘ngandi. Sharhlovchilar hozirgacha muxlislarga: “Bu misrani Boborahim Mashrab yozgan”, deya uqtirib kelmoqdalar.

Bu ma’lumotlar “Bulbul biraft az bog‘i ilm” satri xatoligini anglatmaydi. Aksincha, N.S. Likoshin bulbul tilini tushunmasdan tarjima qilgani va keyingi tadqiqotchilar unga ko‘r-ko‘rona ergashganidan darak beradi. Ajabki, hech kim mazkur satr ustida bosh qotirib ko‘rmaydi. Bu yerda “bulbul” so‘zidagi 64 raqamini 1143 sonidan ayirib tashlash uchun biror sabab ko‘rinmayapti. Balki, 64 raqami mulla Bozor oxundning yoshini ifodalar? Nahotki, shu paytga qadar uning tug‘ilgan yilini vafoti sanasi, deb keldik?! Bu fikr boshimga mahkam o‘rnashishga, men uni quvishga urinardim. “Mulla Bozor oxund 1668 yili tug‘ilgan”, deb yozishga sira qo‘lim bormadi. Uni shunday yozsam… yuz yil davomida “Mulla Bozor oxund 1668 yili vafot etgan” deb ta’lim olib kelayotgan, bu ma’lumot qon-qoniga singib ketgan millionlab o‘quvchilar holi ne kecharkan! “Bulbul”ni raqamga aylantirish shartmi o‘zi?

Mazkur tarixiy voqealardan xulosa chiqaradigan bo‘lsak, mulla Bozor oxund shogirdi Boborahim Mashrabdan yigirma yil keyin h. 1143 yili(1731) foniy olamdan ketadi. Uning shijoati va Shohruxxon o‘limi hodisasini(1722) yodga olaylik. Bu xatti-harakatlar oltmish yoshlardan oshgan odamni eslatadi. Ma’lumotlarning shu kabi jihatlari nazarda tutilsa, uning h. 1070-yillar atrofida(1655 – 1660) tug‘ilgani taxmin etilishi to‘g‘riroq chiqar. Shunda u 71 – 76 yil yashagan bo‘ladi. Otasidan yassaviya ta’limotini o‘rganib, 25-30 yoshlarida o‘zi ham yosh shogirdlar tarbiyalay boshlagandir. Mirzo Bahodur bilan 1690-yillari uchrashgan bo‘lishi mumkin. Bu fikrlar turli manbalardagi to‘rtta aniq sana(1689, 1709-1710, 1722, 1731 yillar) va o‘sha davrlarda sodir bo‘lgan ayrim tarixiy hodisalar tegrasida shakllandi. Hozircha, qancha izlamaylik, 1655 — 1660 yilning naryog‘idan Bozor oxundni topib bo‘lmadi. Uning hayotiga tegishli barcha ma’lumotlar 1689 yildan keyingi voqealarga bog‘lanib chiqayotir.

Xullas, mashrabshunoslik sohasini bir asrdan ko‘proq tarix hududi tashqarisida sargardon etgan h. 1079 sana(1668) to‘rga ilindi. Shu bilan bir satr mulohazasi oxirlagandek bo‘ldi. U N.S. Likoshin “bulbul”ni ilm bog‘idan quvib, o‘rniga yo‘q “qissa”ni kiritgani va ta’rix oyog‘ini osmondan keltirgani oshkor bo‘lishi bilan yakunlandi. Nihoyat, “bulbul” tilsimi yechildi… Endi “ozod” tarixiy maydondan Boborahim Mashrabni qidiramiz.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 52-sonidan olindi.