Oqtov Chotqol tog‘i tizmalaridan biri. Uning manzarasi atrofdagi tog‘lar manzarasidan tubdan farqlanadi. Chotqol yurtimizdagi eng tabiati boy tog‘lardan biri bo‘lib, agar mintaqalarga bo‘lib ta’riflaydigan bo‘lsak, uning tuproq-o‘simlik qoplami tog‘-dasht mintaqasidan boshlanib, abadiy qorlar bilan qoplangan nival mintaqasida tugaydi. Tizmaning etaklarida bo‘z tuproqlar keng tarqalgan. Unda o‘simliklarning o‘nlab turini uchratish mumkin. Yuqoriroq joylarda, ya’ni kashtan tuproqlarida esa baland bo‘yli o‘tlar qatori tikanakli bodom, do‘lana, zirk, va ayniqsa, archalar ko‘p uchraydi. Bir so‘z bilan aytganda,Chotqol tabiati ta’rifga sig‘maydigan darajada rang-barangdir.
Tog‘ boshidan arimaydigan oppoqqori tufayli bu manzil “Oqtov” deb yuritilgandek, uning etagidagi tizmalar va burmalar “Katta oxur”, “Kichik oxur”, “Teraklisoy”, “Mahliyosoy” kabi nomlar bilan ataladi. Tog‘dagi archalarning joylashuviga qaraboq Oqtovning baland-pastligi xususida ma’lum tasavvurga ega bo‘lish unchalik qiyin emas. Boisi, archalar, odatda, 1500 metrdan 3000 metrgacha bo‘lgan balandlikda o‘sib, ikki minginchi metrda quyuqlashadi. Shuningdek, archalarning ko‘rkamligi joy tabiatining nechog‘li qulay yoxud nobopligidan darak beradi. Bu yerdagi archalarning bo‘ychanligi va bir tekisligi Oqtov iqlimining nihoyatda qulayligini bildiradi. Qisqasi, bu ulkan hudud, tog‘liklar ta’biri bilan aytganda, quyoshga qaragan bo‘lib, nabotot olamining, qolaversa, tiriklik dunyosining o‘sib-unmog‘i va rivojlanishiga o‘ta soz maskan hisoblanadi.
Quyida esa Yertosh qishlog‘i suv yoqalab cho‘zilib ketgan. “Ertosh” so‘zi “toshli yer” degan ma’noni bildiradi. Qishloq odamlari ota-bobolari toshloq yerda bog‘-rog‘ yarata olganliklari bilan faxrlanib,ular ishini davom ettirib kelishadi.
Oqtovning o‘simlik dunyosi nihoyatda boy va rang-barang. Bu yerda o‘simliklarning o‘nlab turini uchratish mumkin. Agar ko‘klam yaxshi kelsa, bu o‘simliklar toqqa dastlabki qor tushguncha yashnab turadi. Tog‘liklar ayrim hasharotlarni “fason qurt” deb atasharkan. Haqiqatan, tabiat ba’zi bir hasharotlarga shu qadar ustalik bilan zeb berganki, tomosha qilib charchamaysan. Ayrim hasharotlar esa tog‘liklar aqidasi bo‘yicha boylik ramzi hisoblanarkan. Agar qurumchumolilar kimningdir tomorqasi yoki hovlisida qo‘nim topgan bo‘lsa, o‘sha odamning xonadoniga qut-baraka yog‘ilarkan. Shuning uchun bu chumolilar hech kimsa tomonidan bezovta qilinmas ekan. Ular inlarini xas-xashakdan qurishadi. Tog‘ ahli qurumchumoliga qotingan kishini sira-sira kechirishmaydi. Ular bu chumoli turini, qay bir ma’noda, ilohiylashtirganlar. Tuproqni oziqlantirishda ularning hissasi juda katta.
Tog‘dan soylikdagi qishloqqa enarkanmiz, ko‘zimiz bir tekis kuzalgan tollarga tushadi. Odatda, tollar soyasi uchun, ko‘p joylarda esa novdalaridan chetandevor to‘qish uchun ekiladi. Lekin shunda ham tollar taralmaydi, kuzalmaydi, qaytanga novdalari uzun bo‘lsin deya, o‘z mayliga qo‘yib beriladi. Xullas, yertoshliklardan tollarning bu tarzda kuzalish sababini so‘raganimizda, ularning javobidan hayratimiz oshdi. Bu tol novdalarida qora va ushoq mollarni semirtiradigan ikki turdagi yog‘ moddasi mavjud emish. Tol novdalari ayni qish chillasida ozuqa sifatida mollarga berilsa, jonivorlarning tezroq semirishiga yordam berarkan, ularni qattiq sovuqdan ham asrarkan.
Bu qishloqda biz oppoq libos kiygan daraxtlarni ham uchratdik. Turli viloyatlarda o‘ralgan uzum boshlarini ko‘p ko‘rganmiz. Lekin boshdan-oyoq libos kiydirilgan daraxtlarni ilk bor ko‘rib turishimiz. Buning bariga qushlar aybdor, deydi yertoshliklar quvnoqlik bilan, bog‘dagi meva sal qizarishi bilan ular yo‘q yerdan hoziru nozir bo‘lishadi. Rizqimizga sherik bo‘lgani yetmagandek, mevalarni to‘kib-sochib ketadi. Shuning uchun qushlar bilan kun bo‘yi talashib-tortishib yurgandan ko‘ra, daraxtlarga dokadan uzun libos kiydirib qo‘ya qoldik. Bu ishimizdan daraxtlar xursandiru, lekin qushlar juda xafa. Qarang, hatto sayragisi ham kelmayapti.
Umuman olganda, Ohangaron tumanida ta’rifiga so‘z ojiz qoladigan qishloqlar ko‘p. Lekin bu qishloqlar orasida Yertoshalohida o‘rin tutadi. Tog‘lar orasida joylashgan bu qishloqning tabiati saxovatli, soylari o‘ynoq, yertoshliklar tili bilan aytganda, bu go‘zal go‘shada yilning to‘rt fasli turlanib, tuslanmaydi, balki bor-yo‘g‘i ikki faslning rang-tusi, ya’ni qishning oppoqqori bilan ko‘klamning yashil rangigina o‘rin almashadi. Aniqroqqilib aytadigan bo‘lsak, bu yerda oppoqqish olti oy deganda zo‘rg‘a adoqlaydi, yashil ko‘klam ham shuncha vaqtga cho‘ziladi. Va shu boisayrim mevalar qor tushguncha zo‘rg‘a pishishga ulguradi, ayrimlari esa, yilning kelishiga qarab, ko‘kligicha qor tagida qolib ketaveradi.
Bu maskanda sho‘x, o‘ynoqi soydan tortib daraxtlargacha, chechaklardan tortib qushlargacha, qo‘yingki, butun borliq kuylaydi. Shuningdek, uning odamlari ham. Bu qishloqda o‘lan bilmaydigan odamning o‘zi yo‘q. To‘rt odam yig‘ilgan yerda, albatta, o‘lan aytiladi. Biz o‘lan aytilayotgan bog‘da biroz bo‘lib, odatdagidek, yana o‘z ishimizda davom etamiz va bu hududdagi aksariyat tog‘qishloqlariga xos bo‘lganqorin eti tayyorlash jarayoniga guvoh bo‘lamiz.
“Qorin eti” degan g‘alati atama qishloqqa kelgan kunimizoqqulog‘imizga chalingani bois bundan ko‘pda ajablanib o‘tirmay, bu ishga o‘z hissamizni qo‘shishga harakat qilamiz. Xo‘sh, “qorin eti” degani nima? “Qorin eti” degani yoz oylari tog‘dan beri tushmaydigan cho‘ponlarga mo‘ljallangan oziq-ovqat zahirasidir. Uni hozirlash esa unchalik ham murakkab emas. Buning uchun yangi so‘yilgan qo‘y eti keragicha tuzlanib, o‘sha jonliqning obdon yuvib tozalangan qorniga zichlab joylashtiriladi. Shundan so‘ng qoringa joylangan et bir yilgacha aynimay turadi, vaqt o‘tgan sari uning xushxo‘rligi orta boradi. Darvoqe, tuzlangan et to‘ldirilgan qorin og‘zi bog‘langach, unga xamir surkaladi. Xamirga esa qalin qilib tuz sepiladi. Qorin eti tayyor bo‘lgach, u qishloqqa tushgan biron bir cho‘pon-cho‘liqdan toqqa berib yuboriladi.
Bor gap shu. Lekin bu narsa tog‘liklarning qadim hayotiy tajribalari asosida yuzaga kelganligi bilan ahamiyatlidir. Aksariyat tog‘liklar bu usuldan hozirgacha unumli foydalanib kelishadi.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 44-sonidan olindi.