Tarjimashunos olim I.Zinger: «Tarjimon sinchkov o‘quvchi, ajoyib uslubchi, so‘z ustasi, psixolog, har tomonlama bilimdon bo‘lishi kerak», deydi. Ammo shuni ham e’tibordan qochirmaslik lozimki, bu ishga ixlos bilan yondashishga shaylangan tarjimonlar uchun aniq ishlangan uslubiy yo‘riqnoma yoxud tarjimada aniqlikka erishish borasida qat’iy bir to‘xtamning o‘zi yo‘q. Tarjimada aniqlik tarjima asarning asliyatga nechog‘li yaqinligida, ya’ni adekvat ekanligida namoyon bo‘ladi. Badiiy tarjima turlaridan bo‘lmish she’riy tarjimada faqat lingvistik yoki faqat adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan yondashuv biryoqlamalikni keltirib chiqaradi. Xo‘sh, she’riy tarjimada aniqlik qanday omillar asosida yuzaga keladi?
G‘arblik olimlarning bu boradagi qarashlari shu qadar tarqoqki, tarjimon qaysi yo‘ldan borishi maqbulligini aniqlashda ancha bosh qotirishiga to‘g‘ri keladi. Tilshunos olimlar Yu.Nayda, V.Komissarov tarjimada mazmun, semantik, uslubiy va funktsional jihatdan yaqinlik adekvatlikni ta’minlashdagi asosiy omillar sirasiga kirishini ta’kidlasalar, V.Vinogradov fikricha, matnning asliyatga yaqinlashuv darajasi ko‘plab omillarga, xususan, tarjimon mahorati, til va madaniyatlarning bir-biriga yaqinlik jihati hamda tarjima qilinayotgan matnning xarakteriga bog‘liqdir. Adekvatlik masalasida adabiyotshunos-tarjimonlarning qarashlari tilshunos-tarjimashunoslarnikidan farqlanadi. K.Chukovskiy, I.Kashkin, G.Gachechiladze, Vl.Rossels, O.Kundzich singari adabiyotshunos va adiblar tarjimaga adabiy jarayon sifatida qaraydilar. Ular til qoidalari muvofiqligini badiiy ko‘maklashuvchi unsur, deb biladilar. Bunday yondashuvga ko‘ra, adekvatlik tarjimaning asliyat badiiyligiga muvofiqligi orqali belgilanadi. Adabiyotshunoslar tilshunoslarning til muvofiqligiga qat’iy rioya qilish va tarjimaning variatsiyalar hamda ijodiy yondashuvni inkor etadigan me’yoriy sistemasini yaratishga urinishlarini ma’qullamaydilar. V.Vinogradov she’riy tarjima faqat asliyatga adekvat bo‘lishi lozim, deb hisoblaydi. Uningcha, badiiy tarjimaning o‘z ijodkori, yaratuvchisi, til manbai va uslubi mavjud. Eng yaxshi she’riy tarjima asliyatga mos tarjimadir. Moslik darajasi faqat matnlarning lisoniy muvofiqligi bilan emas, balki badiiy adekvatlik bilan ham baholanishi kerak. Bu nima degani? S.Goncharenko fikricha, bu — asliyatdagi uslubiy jihat va she’riy matn xususiyatining tarjimada aks etganligi bilan belgilanadi. Badiiy adekvatlik ikki til, ya’ni asliyat va tarjima tilining poetik xususiyatini bir maromda saqlab turishi lozim.
Ko‘rinib turibdiki, tilshunos va adabiyotshunos olimlar ekvivalentlik va adekvatlik tushunchasiga, asosan, o‘z ixtisosliklaridan kelib chiqib yondashadilar. Ular qarashlarining cheklanganligi ham shu bilan izohlanadi. Chunonchi, ekvivalentlik bilan cheklanuvchilar «matn, bu — sistema», deb qarasalar, adekvatlik tarafdorlari «matn, bu — tirik organizm», deb hisoblaydilar. Bunday bahslarga umumiy nazar tashlab, har ikkala qarash tarafdorlari yondashuvlarida biryoqlamalik mavjudligini ko‘rish mumkin. Bizningcha, adekvatlik masalasida umumiy maxrajga kelish imkoniyati bor.
Ta’kidlash joizki, tarjima tahlili va tanqidi tarjimachilikda uslubiy yo‘riq vazifasini o‘taydi. Bir asar tarjimasi tahlilida kamchiliklarning ochib berilishi natijasida tarjimonlar o‘sha asarni qayta tarjima qilib, mukammal tarjima variantlarini yaratgani adabiyot tarixidan ma’lum. Ammo hali tarjima tahlili va tanqidi maktabi talab darajasida shakllanmagan. Tarjima muammolariga oid fikrlardagi tarqoqlik, biryoqlamalik ayrim tarjimashunoslarning tadqiqotlarida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Masalan, filologiya fanlari nomzodi N.Isamuhamedova tadqiqotida V.Shekspirning «Otello» dramasidan “She was false as water” iborasining G‘.G‘ulom va J.Kamol tarjimalarida berilish uslubini tahlil etar ekan, “water”(suv) leksemasining kognitiv xaritasini tuzadi. Unga binoan, lug‘atlarda berilgan “suv” leksemasining xavotir va xavf bilan bog‘liq assotsiatsiyaga ega tushuncha ekanligini aniqlaydi. Shuning uchun ham False so‘zining lug‘aviy ma’nosini keltirishni to‘g‘ri deb hisoblaydi. Buni tadqiqotchining G‘.G‘ulom va J.Kamol tarjimalarini jadval vositasida tahlil qilib, J.Kamolning suvga nisbatan qo‘llagan betiyiq va beqaror sifatidan G‘.G‘ulomning aldamchi, riyokor sifatini adekvat, deyishida ko‘rish mumkin. Tadqiqotchi masalaga lingvist sifatida to‘g‘ri yondashgan. Biroq adekvatlikni ta’minlashda faqat lingvistika nuqtai nazaridan yondashilsa, adekvatlik borasida umumiy maxrajga kelish qiyin kechadi. Misol uchun, N.Isamuhamedova xulosasiga adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan boshqacha baho berish mumkin. Ma’lumki, False so‘zining muqobillari quyidagicha: 1. wrong(noto‘g‘ri, xato), incorrect(xato, noto‘g‘ri, noaniq); 2. spurious(soxta); 3. improper(nomuvofiq, noto‘g‘ri); 4. deceptive(aldamchi, adashtiradigan); 5. deceitful(sun’iy, soxta); 6.artificial(sun’iy).7. treacherous(xoinona, ishonchsiz); 8.unfaithful (xiyonatkorona, munofiqona);9.not genuine(asliyati emas, toza ko‘ngilli emas); 10.fake(yasama nusxa,firibgarona);11. betrayal(sotqinlik, xiyonat); 12.artificial(sun’iy, yuzaki). Ammo ularning har biri o‘z navbatida yana bir qancha muqobillariga ega. Ularni bir sistemaga keltirib, umumiy ma’nodoshlari aniqlansa, masala ancha ravshanlashadi.
J.Kamol tarjimasidagi betiyiq, beqaror so‘zlarining o‘zbekcha: bir qarorida turmaydigan; subutsiz; ishonib bo‘lmaydigan; bevafo; aldamchi; ikkiyuzlamachi; riyokor; ishonchsiz; uyatsiz; va’daboz; xoin; lafzsiz kabi ma’no muqobillari bor. Ko‘rinib turibdiki, J.Kamol variantining muqobil ma’nolari asliyatdagi sifatning muqobil ma’nolariga deyarli to‘g‘ri keladi. Shunday ekan, tarjimada har ikkala tarjimon keltirgan sifatlar bir umumiy ma’noni, ya’ni Dezdemonaning sevgida sobit emasligi, o‘zgaruvchanligi, bevafoligini anglatish uchun to‘g‘ri qo‘llangan. Ammo lingvistik jihatdan adekvat bo‘lishi mumkin bo‘lgan “aldamchi va riyokor suv” o‘zbek she’riyatida sun’iy ifoda sanaladi. Adekvatlikning qat’iy talablaridan biri ma’no va ifoda adekvatligidir. O‘quvchi aldamchi, riyokor suvni tasavvur qila olmaydi. Ammo o‘z o‘zanida tinch turolmaydigan, hamisha turlicha oqadigan suvni, ya’ni beqaror suvni, o‘zini boshqara olmaydigan — betiyiq suvni yaxshi tasavvur qiladi. Beqarorlik subutsizlik, o‘z so‘zida turmaslik kabi salbiy sifatlarga ma’nodoshdir. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da beqaror va tiyiq so‘zlariga quyidagicha ta’rif beriladi: “Beqaror — 1. Birdek turolmaydigan, ha deb o‘zgaraveradigan. Beqaror Amu. 2. Bir joyda qo‘nim topmaydigan, ha deb ko‘chib yuradigan; qo‘nimsiz. Darbadarlikdan, o‘zimning simobday beqaror, sayoqligimdan juda o‘kinar edim. G‘.G‘ulom, Shum bola. Tiyiq — 1. O‘zini tiyib, bosib, tutib olgan; 2. Quyulgan, bosiq”. Shunday ekan, J.Kamolning tarjimasi G‘.G‘ulomnikiga nisbatan adekvat deyishga asos bor. Bu yerda ingliz tilidagi falsening ma’nosi buzilmagan: false aldamchilik va riyokorlikning ma’no muqobillari bo‘lgan beqarorlik va betiyiqlikning aynan o‘zidir. Demak, kognitiv analizning muhim komponentlaridan biri ma’noviy yondashuv bo‘lmog‘i lozim.
Umuman, “She was false as water” iborasi ingliz adabiyotida deyarli uchramaydi. Bu iboraning kelib chiqishi va muqobillarini aniqlash maqsadida internet tarmog‘ida izlanganimizda Shekspir muxlislari tashkil etgan onlayn forumga duch keldik. Unda bir ingliz ayoli o‘z vatandoshlaridan bu iboraning ma’nosini izohlab berishni va u qanday qilib Shekspir leksikasiga kirib qolganini so‘raydi. Bu so‘rovnomaga ko‘plab ingliz adabiyotshunoslari va klassik adabiyot muxlislari javob qaytargan. Aksariyat ishtirokchilar Shekspir suvdagi bir maromda turmaslik, har xil oqimda oqish, ya’ni beqarorlik xususiyatlarini Dezdemonaning xiyonatkorona xulqiga mengzaganini ta’kidlaydilar, bu ibora ingliz adabiyotiga yotligi, Otelloning lotin-amerikacha tarbiyasi va obrazini rangdor ifodalash maqsadida qadimgi lotin-amerika adabiyotidagi ba’zi manbalarda uchraydigan mazkur iboradan foydalanganligini aytishadi. Demak, ingliz kitobxoni ham suvga nisbatan false leksemasi qo‘llanganda biroz tushunmayroq qolar ekan.
Adekvat tarjimada kitobxonning matnni tushunishi va his qilishiga sharoit yaratmoq lozim. O‘zbek kitobxoni uchun “Oqin suvdek, u aldamchi, riyokor edi”dan ko‘ra “Oqar suvday betiyiq, beqaror edi”, misrasi ko‘proq tushunarli va ayni paytda, bu ibora inglizcha “false as water” iborasiga adekvat qabul qilinadi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, G‘.G‘ulom Shekspir asarini rus tilidan, J.Kamol esa bevosita ingliz tilidan tarjima qilgan. Adekvatlik haqida so‘z ketar ekan, buni alohida inobatga olish lozim bo‘ladi. Bu esa har qanday holatda ham badiiy asarni asliyatdan tarjima qilish afzal ekanini ko‘rsatadi.
Qisqasi adekvat tarjima ekvivalent tarjimaning yuqori darajadagi ko‘rinishi bo‘lib, unda leksik-semantik muvofiqlik kitobxonning badiiy tafakkuri va badiiy tasvirni idrok etish me’yorlariga uyg‘un bo‘lishi lozim. Chunki ruhiyat va ohangni saqlash adekvatlikni ta’minlashda muhim omil bo‘lib, tarjimondan tegishli adabiyot ilmlaridan talab darajasida xabardorlikni taqozo etadi. Ammo bu adekvatlikni ta’minlashda lingvistik mahorat ikkinchi o‘rinda turadi, degani emas. Tarjimaning lingvistik tomonlariga e’tibor qaratmay tahlil qilish mutarjim ishini xolis baholashga xalal beradi.
Tarjimashunos olim G‘aybulla Salomov: “…tarjimonda yozuvchi va tanqidchi, aktyor, rassom, bastakor va olim mehnatidan nimadir bor. Bu shundan iboratki, tarjimon lingvist bo‘lib lisoniy manbani tahlildan o‘tkazadi, aktyor singari birovning qiyofasiga kiradi va ayni vaqtda o‘zligini saqlaydi, o‘zi o‘girayotgan narsaga va, ayniqsa, o‘z mehnatiga tanqidiy nazar bilan qaraydi, tarjima qilinayotgan asliyatni yaxlit holga hamda bo‘laklarga bo‘lib bir necha marotaba(kerakli joyda ovoz chiqarib!) o‘qiydi, “o‘lik” matn orasidan muallifning jonli siymosini va qalbini qidiradi. Xullas, gap orqasidan quvmaydi, balki ma’no, kuy, ohang, bo‘yoq izlaydi”, deb yozadi. Shunday ekan, zahmatlar evaziga o‘girilgan asarlar tarjimasiga xolis baho berish zar qadrini bilgan zargarlarga xos ishdir.
Prezidentimizning “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” asaridagi tarjimashunoslik sohasining rivojiga doir zarur ko‘rsatmalari bu sohadagi mudroq kayfiyatni sergaklantirdi. Tarjima davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan ekan, endi astoydil bu ishga kirishish, yechimini kutayotgan muammolarni keksa avlodning boy tajribasiyu yosh avlodning shijoati va yangicha g‘oyalari orqali yakdillikda qaytadan ko‘rib chiqish vaqti keldi. Ishonamizki, XXI asr o‘zbek tarjimachiligida “bevosita tarjima” maktabi to‘la shakllanadi. Zero, bugungi kunda bu maktabga tashlanayotgan ilk poydevorlar bo‘y ko‘rsatmoqda.
Gulnoza Odilova,
Qarshi davlat universiteti o‘qituvchisi
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 25-sonidan olindi.