O‘tgan asrning 50-yillarida adabiyot maydoniga kirib kelgan O‘zbekiston xalq shoiri Jumaniyoz Jabborov ijodi umuminsoniy, ijtimoiy, axloqiy-ma’naviy muammolarni dadil ko‘tarib chiqqani bois o‘sha davrdayoq keng e’tibor qozondi. Ayni shu fazilatlari tufayli ham ijodkorning keyingi yillarda chop ettirgan o‘nlab she’riy to‘plamlari, mazmundor va hayotiy dostonlari, turli mavzudagi dramalari adabiyotimiz rivojiga qo‘shilgan munosib hissa bo‘ldi.
Ijodiy kamolot yo‘lidagi tinimsiz izlanishlar jarayonida uning she’rlarida fikrlar ufqi kengaydi, Vatanga muhabbat, do‘stga sadoqat, o‘z xalqiga mehr tuyg‘ulari mustahkam o‘rin ola boshladi. Taniqli adabiyotshunos Ibrohim G‘afurov shoir mahoratining tadrijidagi o‘ziga xos jihatlarni ta’riflab: “Uning she’riga cho‘llarning tiniqligi, sarinligi, o‘ziga xos bo‘yoqlari bilan birga kenglik va ochiqlik kirib keldi”, deb yozadi. Darhaqiqat, bu ta’rif shoir she’riyatining yetakchi xususiyatlaridan birini – unda Ona-yurt kengliklarining tabiiy obrazi namoyon bo‘lishini izohlaydi:
Ona-yurt keng yozib ko‘rkam bag‘rini,Dillarga to‘ldirar hayajon, g‘urur.
Qaragan odamning ochar bahrini,
Bu kenglik, bu quyosh, bu hayot, bu nur.
Shoir she’riyatidagi o‘ziga xosliklar o‘tgan asrning 60-yillaridayoq adabiy tanqidchiligimiz tomonidan mamnuniyat bilan e’tirof etilgan edi. Xususan, ustoz Ozod Sharafiddinov “Zamon – qalb — poeziya” nomli tadqiqotida Jumaniyoz Jabborov ijodidagi romantik uslubga va bu uslub asosida yaratilgan hayotiy obrazlarga alohida urg‘u bergan. Ijodining dastlabki bosqichida bo‘y ko‘rsatgan bu uslub uning keyingi she’rlarida yanada quyuqlashdi, obrazlar yanada hayotiylashdi. Xususan, so‘nggi yillarda nashr etilgan “Quyosh yurti”, “Xayolimda o‘zing”, “Ko‘nglim go‘zali”, “Ajab dunyo – sevgi dunyosi” kabi to‘plamlarida ana shunday romantik ruh realistik tasvirlarda jilolanadi, obrazlardagi hayotga tashnalik, dilbarlik va o‘ynoqi ohang o‘quvchi qalbini rom etadi.
Jumaniyoz Jabborov she’riyatining yetakchi xususiyatlaridan biri inson va uning hayotdagi o‘rnini kitobxonga anglatishdir. Shu maqsadda u qator she’rlarida inson qalbining nihoyatda murakkab va muqaddas tuyg‘ular makoni ekanligini zamondoshlariga “chizib berishni” o‘zining shoirlik burchi, deb biladi:
Inson qalbi bilan aslo o‘ynashmang,Inson qalbi bilan sen qilma hazil.
Inson qalbi – oftob aks etgan chashma,
Goh bulutday yengil, goh tog‘larday zil.
“Ona yer qo‘shig‘i”, “Subhidam xayollari” to‘plamlaridagi lirik qahramon davr dardini biladigan, uni teran his qiladigan, ona tabiatni kelgusi nasllar uchun beg‘ubor saqlashga chora axtarayotgan faol inson sifatida kitobxonni fidoyilikka undaydi.
Aksar she’rlarida shoir falsafiy mushohadalar orqali hayot mazmuni va inson umri haqidagi ulug‘vor g‘oyalarni ko‘tarinki ruhda kuylaydi. Bu she’rlar inson hayotidagi ziddiyatlar, zamondoshimiz xarakteridagi e’tiqod va diyonat haqida bahs ochadi. Jumladan, “Bu dunyoda”, “Dunyoning ishlari”, “Umrini g‘aflatda o‘tkazdi birov”, “Soat va yurak”, “Irmoq va daryo” kabi she’rlar mazmunan teranligi va falsafiy umumlashmalari bilan ajralib turadi. Ularda lirik qahramon “olam kutubxonasini” varaqlab, bu dunyoda “uvol ko‘pu, savob kam”ligidan, hech bir ishning “ta’zim ila tavof”siz amalga oshmasligidan iztirobga tushadi. Lekin hayotning bunday o‘tkinchi hollari lirik qahramonning yo‘liga to‘siq bo‘la olmaydi. U “o‘tli haqiqat so‘zi” kurash yo‘llarida suyanchiq bo‘lishiga va aql-idrokiga ishonadi:
Sinovlar ichida borguvchi inson,Tark etmasin seni e’tiqod, imon.
Aqlingga tayangin, o‘zingga ishon,
Har kim o‘z dardini kuyga soladir.
Shoir she’riyati haqida gapirganda uning o‘lmas mavzu – muhabbat mavzuidagi she’rlarini chetlab o‘tib bo‘lmaydi. Uning bu mavzudagishe’rlarihozirgi o‘zbek muhabbat lirikasining yaxshi namunalari qatoridan o‘rin oldi va ayrimlari xalqimizning sevimli qo‘shiqlarigaaylandi. Chunonchi, “Ko‘zlar”, “Sen qalbimni so‘rading”, “Bul kecha”, “Sevgi”, “Tol tagida”, “Yor agar kirsa chamanga” kabi she’rlarda sohir tuyg‘ular jo‘shqin tarzda, sevgining sezilmas sirlari, iztirob sevinchlari go‘zal tashbehlar va serma’no timsollarda tasvirlanadi. Ayniqsa, muhabbat mavzuidagi g‘azallarini o‘qib, shoirning mumtoz adabiyot an’analarini puxta o‘zlashtirganiga guvoh bo‘lamiz. Xususan, uning Alisher Navoiy, Fuzuliy, Furqat va Atoiy g‘azallariga bog‘lagan muxammaslari diqqatga sazovordir.
Jumaniyoz Jabborov ayni paytda ham hozirgi o‘zbek she’riyatining g‘azal janri rivojiga katta hissa qo‘shib kelayotgan shoirlarimiz sirasidan. Uning g‘azallarida sevgi va vafo, hijron va visol hamda axloqiy-tarbiyaviy mavzular lirik qahramon kechinmalarining tabiiyligi va hozirgi adabiytil boyliklari vositasida ifodalanadi. Jumladan, shoirning “Sarvlar”, “O‘zingdan ko‘r”, “Ey qalam”, “Ajab dunyo ekan bu…”, “Gulob ichra”, “O‘landan so‘r”, “Do‘stlar” kabi g‘azallarida janrning o‘ziga xos mazmun-mohiyatini belgilovchi xususiyatlar zamondoshimiz qiyofasi va davr ruhini ko‘rsatuvchi hissiy ohang va fikrlar silsilasida ochib beriladi. Shuning uchun ham bu she’rlarni atoqli sharqshunos va tarjimon Sh.Shomuhammedov maqolalarining birida “El orasida ruhafzo va dil yoritar lirika”, deb atagan edi.
Shoirning bir qator poemalari adabiyotimizdagi mazkur janr taraqqiyotiga sezilarli hissa bo‘lib qo‘shildi. Ularda Oybek poemachiligi an’analarining muvaffaqiyatli davom ettirilgani adabiyotshunoslar tomonidan haqli ravishda e’tirof etildi. Jumladan, “Ona-er qo‘shig‘i”, “Yo‘ldagi o‘ylar” dostonlari muallifga katta shuhrat keltirdi. “Ona-er qo‘shig‘i”dagi lirik qahramon ichki dunyosining tasvirida asarning asosiy pafosi — ona-Vatan bilan g‘ururlanish va unga farzandlik burchini his qilish qaynoq kechinmalar orqali bayon qilinadi:
O, ona-er, sezaman aniq,Mehring tanda quyosh yoqmoqda.
Men — yer o‘g‘li Antey yanglig‘,
Sendan dilga qudrat oqmoqda.
“Yo‘ldagi o‘ylar” asari ham o‘zining falsafiy-lirik xususiyati bilan poema janrda yangilik bo‘ldi. Unda ma’naviyat masalasi — zamon va adabiyot haqida — shoir, olim, rassom va dehqonning bahsi orqali nafosatning inson hayotidagi o‘rni ko‘rsatib beriladi.
Jumaniyoz Jabborovning dramaturgiya sohasidagi ijodi ham salmoqlidir. “O‘jarlar”, “To‘ydan oldin tomosha”, “Yillar o‘tib”, “Cho‘l chaqmog‘i”, “Muhabbat naqqoshi”, “Mening oq kabutarlarim” piyesalari respublikamiz va bir qator qo‘shni mamlakatlar teatrlarida uzoq vaqt namoyish etildi. Muallifning dramalari orasida “O‘jarlar” sara asarlardan biri. Yosh quruvchilarning ichki dunyosida yuzaga kelayotgan o‘zgarishlar va jamiyatga mas’ul insoniy qiyofaning shakllanishini ko‘rsatish “O‘jarlar” komediyasining g‘oyaviy yo‘nalishini tashkil etadi. Qurilishda ishlayotgan “o‘jar” yigitlarga rahbar bo‘lib ishlagan Ozoda tipidagi xotin-qizlar obrazi o‘zbek dramaturgiyasida birinchi marta “O‘jarlar” komediyasida yaratildi.
Adabiy jamoatchilik Jumaniyoz Jabborovning “20 kun daftari”, “Sohillar hikoyasi” kabi nasriy asarlarini ham yaxshi biladi. Yozuvchi so‘nggi yillarda keng epik qamrovdagi “Hayrat olami” nomli nasriy asarini e’lon qildi. Muallif uni kamtarlik bilan xotiralar, deb atasa-da bu asar adibning hayot va ijod haqidagi qarashlarini tiniq aks ettirgan badialar majmuasidir. Kitobxon mazkur badialar orqali muallif umr yo‘lining unutilmas lahzalari, ustozlar saboqlari bilan tanishadi. Asarda o‘quvchi diqqatini jalb qiladigan fazilatlardan biri inson va tabiat o‘rtasidagi muvozanatni saqlash hamda sayyoramizni va uning go‘zalligini avaylab asrash haqidagi teran fikrlardir. “Tabiatning uch farzandi bor: inson, hayvonot, nabotot. Albatta, inson tabiatning gultoji”, deydi yozuvchi va ona-zaminni kelajak avlodlarga beozor yetkazishga da’vat etadi. Xullas, hayot va ijod yo‘llari haqida hikoya qilgan shoir mazkur badialari orqali yosh avlodni mustaqil O‘zbekistonning bugungi kamoli bilan tanishtirish asnosida uni sevish va himoya qilish muqaddas insoniy burch ekanligini uqtiradi.
Shoir she’rlarining birida:
Chirog‘im o‘chmaydi. She’r yozaman men,Fikr tog‘laridan dur qazaman men.
Oppoq sahifani harf bilan emas,
Vatan, mehring bilan to‘lg‘azaman men —deya lutf qiladi.
Jumaniyoz Jabborov hayot deb atalmish hayrat olamining ko‘rku ma’nosini o‘z she’rlari, badialari, poema va dramalari bilan kitobxon qalbiga olib kirdi. O‘sha hayrat olamidagi fikr tog‘laridan dur qazib, uni Vatan mehri bilan ulug‘ladi.
Damin To‘rayev,
filologiya fanlari doktori, professor
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 43-sonidan olindi.