Yaqinda Surxondaryoning olis tog‘ qishloqlarida bo‘ldim. Bu yerlarda turli xil elat-urug‘lar yashaydi: qatag‘an, turk, qo‘ng‘irot, juz, barlos, kenagas… xullas, elshunos, tilshunos, shevashunoslar uchun turgan-bitgani xazina. Ana shunday joylarda qurilgan maktablaru kollejlarning yangi, ko‘rkam binolaridan dil yayraydi. Men o‘zim uchun hali adabiy tilga kirmagan, muqobili bo‘lmagan ayrim so‘zlarni eshitib, ularni yozib olar ekanman, xalqqalbiningdurlar to‘la teran birummon ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldim.
Bir toshhovlidagi tug‘dona daraxti soyasida shu yerlik qariyalardan boshqa hududlarda uchramaydigan shifobaxsh giyohlar: harron, quvontovuq, tuyato‘ppon, tulkitoshak, shung‘ulalarning dorivor xislatlarini so‘rab-surishtirib, suhbat qurib o‘tirgan edim, bir mahal sal naridagi toshqalov yonida o‘zaro jiqillashib qolgan uch-to‘rt bolakayning gap-so‘zlari diqqatimni tortdi. Ajabo, ular Toshkent shevasida “dahanaki jang” olib borishayotgandi. Ularning turqi-tarovatidan shu yerlik ekanligi ko‘rinib tursa-da, men “balki ota-onalari Toshkentdan ko‘chib kelishgandir”, degan xayolga bordim. Yo‘q, ular shu qishloq bolalari ekan. Bolalar bilan tillashib, gap orasida nega toshkentcha shevada so‘zlashayotganini so‘radim. “Nima qipti, gapirsak yomonmi?” — dedi ulardan biri. “Ana, televizorda, kinolarda, radioda ham shunaqa gapirishadi-ku”, — dedi ikkinchisi. Men nima deyishimni bilmay qoldim.
Qumqo‘rg‘on — Boysun — Toshguzartemir yo‘li bo‘ylab poyezdda qaytarkanman, shu haqda o‘ylar edim: asr qurilishi deb nom olgan bu ulkan yo‘lni turli shevalarga boy butun xalqimiz qurmadimi?! Bir shevani ikkinchi viloyatda o‘zlashtirishayotgan bo‘lsa, nega menga g‘alati tuyulayapti?
Talaba paytlarim Toshkentda bir chol-kampirning xonadonida ijarada turganman. O‘shanda ularning g‘oyat chiroyli suhbatlaridan, shevalaridagi chiroyli ohang, lutf vatovlanishlardanhayratlanib, zavqlanganlarim hamon esimda. Bunday zavq tuyg‘usini Xorazmda ham, Buxoroyu Farg‘onada ham, Shahrisabzda ham his qilganman. Yurtimizdagi turlicha shevalar, turlicha an’ana, udumlar, liboslar, taomlar rang-barangligi… bular bari millat boyligi. Ana shu xususiyatlar madaniyatni, ma’naviyatni boyitib, qadriyatlarimizni cho‘g‘lantirib turadi. Bugungi poytaxt shevasi haqida, uning boshqa hududlarga ta’siri haqida o‘ylar ekanman, shunday savol qarshimda ko‘ndalang bo‘ldi: bu yaxshimi, yoki?.. Agar yaxshi desam, bugun shaharda, ko‘cha-ko‘yda eshitilayotgan antiqa so‘zlashuvlardan bir paytlar haligi chol-kampirlar suhbatidan olganim qadar o‘sha zavqu hayratni his etolmayman. Talabalar, o‘quvchilar, bolakaylar nutqida chala, buzuqsheva, jargonlar shunchalik aralashib ketganki, so‘zlarning to‘mtoqligi, chalaligi, sindirib tashlanganligi kishini hushyor torttiradi.
O‘z jozibasini yo‘qotgan bunday g‘alizlik olis tog‘qishlog‘idagi taqlidga moyil bolalar tilida ham aks etmoqda. To‘g‘ri, asl poytaxt shevasining o‘ziga xos jozibasi, ohangi, tarovati ba’zida mahalliy ziyoli oilalarda sezilib turadi. Umuman olganda esa uning turli xil lahjalar va qorishmalar hamda xorijiy so‘zlar bilanqorishib, siyqalashib ketayotganligi ko‘zga tashlanadi. Va unga olis tumanlardagi ovul, qishloq bolalarining taqlid qilayotganligi kishini hayron qoldiradi. Bunda albatta radio va televideniye boshlovchilari, sharhlovchi va turli xil maslahat beruvchi mutaxassislarning, ayniqsa, xususiy kinostudiyalar mahsulotlarining “xizmati” katta.
Har bir millatning o‘z adabiy tili bor, shu tufayli uning o‘rni, shavkati, bir so‘z bilan aytganda, shakllangan o‘zligi bor. Til jamiyatning o‘zi kabirivojlanadi, nafas oladi, boyib boradi. Albatta, u kezi kelganda, xorijiy til va shevalar hisobidan boyishi jahondagi yuksak maqomdagi tillar tajribasidan ma’lum. Mukammal adabiy til elatlaru turli etnik urug‘larni birlashtirgan holdabir-birini to‘liq tushunish imkoniyatlarini beradi. Shahar aholisi tilida shu makon, shu muhitga mos so‘zlar ishlatilsa, chorvachilik, bog‘dorchilik, dehqonchilik taraqqiy topgan joylarda esa yashash tarzi, kasbi kori bilan bog‘liq so‘zlar ustivor. Adabiy til esa ulardan saralanib, tanlanib, shu taxlit boyib boradi, ayni paytda, badiiyatda, kitoblarda, va’zxonlikda, rasmiy uchrashuvlarda, o‘quv saboqlarida o‘z aksini topadi. O‘zbek adabiy tilining ana shu me’yor muvozanati Abdulla Qodiriy, Oybek, G‘afur G‘ulom singari poytaxtda tug‘ilib o‘sgan buyuk adiblarning barcha asarlarida saqlanib qolingani uchun ham hammaga birday tushunarli. To‘g‘ri, ulardagi ba’zi so‘zlar eskirgan yoki bugungi kunda unutilayotgan, iste’moldan chiqazilayotgan bo‘lishi ham mumkin. Bunday jarayon tabiiy va u barcha tillarga xos.
Ammo tilni o‘z holiga tashlab qo‘yib bo‘lmasligi, undagi so‘zlarni xalqdan olib, saralab, kurmaklardan tozalab, sog‘lomlashtirish, jonlantirish, xuddi inson singari parvarishlash, muhofaza qilish, iste’molga jalb qilish lozimligini asriy tajribalar ko‘rsatib turibdi. Esimda bor, mustaqillikning ilk yillarida xorijdan mehmon bo‘lib kelgan vatandoshlarimizdan biri farg‘onalik qarindoshi bilan muloqotda uning tilida rusiy atamalarning ko‘pligidan qittiq ranjib: “Sen so‘zlaringga ruschani aralashtirib gapirar ekansan. Nahotki, o‘z ona tilingni kamsitayotganingni bilmasang. O‘zbek tili ko‘p tillardan o‘zining lahjalari, so‘z boyligi bilan ustun turadi-ku!” — degan edi.
Bir kuni ustoz Said Ahmadga “Turshak so‘zi aslida tursh ma’nosini anglatadi, bizdao‘tgan asrning 60-70 yillarida oq, sho‘r uzumdan shinni-qiyom qilishar, uni turshak deyishardi. O‘rikning quritilgani esa g‘o‘lin yoki o‘rikqoqi deyiladi” dedim. “Bo‘lsa bordir, hozir uning ma’nosi o‘zgarib ketgan, — dedi ustoz. — Endi, hechbo‘lmasa, qolgan so‘z boyligimizni asrab-avaylasak ham katta gap”.
Xalqning bebaho mulki — tabiatni, uning boyliklarini, hayvonot va nabotot dunyosiyu daryolarini qanday ehtiyotlab, toza saqlash lozim bo‘lsa, til hamxuddi ana shunday muntazam e’tiborga muhtoj. Hech shubhasiz, istiqlol yillarida ona tilimiz mustaqil davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi, konstitutsiyasi kabi qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollaridan biriga aylandi. Ona tilimiz yuzasidan ko‘p ishlar qilindi. Shu bilan birga, Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “Biz ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan bebaho boylikning vorislari sifatida ona tilimizni asrab-avaylashimiz, uni boyitish, nufuzini yanada oshirish ustida doimiy ishlashimiz zarur. Ayniqsa, fundamental fanlar, zamonaviy kommunikatsiya va axborot texnologiyalari, bank-moliya tizimi kabi o‘ta muhim sohalarda ona tilimizning qo‘llanish doirasini kengaytirish, etimologik va qiyosiy lug‘atlar nashr etish, zarur atama va iboralar, tushuncha va kategoriyalarni ishlab chiqish, bir so‘z bilan aytganda, o‘zbek tilini ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish milliy o‘zlikni, Vatan tuyg‘usini anglashdek ezgu maqsadlarga xizmat qilishi shubhasiz”.
Bir fikr. Saudiya Arabistonida bo‘lganimda, bir ziyoli kishidan shunday gapni eshitgan edim. Uning aytishicha, arab tilida so‘zlashuvchi barcha mamlakatlarda yangi so‘z paydo bo‘lsa, xoh u o‘zidagi shevadan kirgan, xoh xorijiy kalom bo‘lsin, o‘sha so‘zni keng muhokamaga qo‘yisharkan. Agar o‘sha so‘z maxsus hay’at tomonidan yashirin ovoz bilan tasdiqdan o‘tsagina, keng omma uni yozma va og‘zaki nutqida ishlatarkan.
Angliyada esa turli kasb egalari — u yurist bo‘lsin yoki oddiy ishchimi o‘z ona tilining (ya’ni ingliz tilining) me’yorlarini yaxshi bilishi shart ekan. Shuning uchun qo‘llaniladigan atamalarni to‘g‘ri talaffuz etish, adabiy til me’yorlariga amal qilishni keng yoyish uchun maxsus disklarda turli xil ma’ruzalar chiqarilarkan. Bizda ham, aytaylik, tabiiy-ilmiy, gumanitar ta’lim, texnika va texnologiya, iqtisodiyot va boshqaruv, madaniyat va san’at, huquqshunoslik, pedagogika, tibbiyot va farmatsevtika, harbiy ta’lim, qonunchilik bo‘yicha namunali, jonli, to‘g‘ri talaffuzda yozilgan ma’ruzalar maxsus disklar sifatida chiqarilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun yer yuzi aholisi 2 ming 976 tilda gaplashar ekan. Bu tillarning imkoniyati, lug‘at boyligi, leksik va grammatik xususiyatlari allaqachon o‘rganilgan. Ayni paytda bunday tadqiqotlar o‘zbek tili bo‘yicha ham amalga oshirilgan. Unga ko‘ra ona tilimizning imkon darajasi juda katta. Buni bir paytlar Alisher Navoiy bobomiz “Muhokamat ul-lug‘atayn”, ya’ni “Ikki til muhokamasi” nomli asarida dalillab bergani nechog‘lik maroqli.
Hayotimizga internet chuqur kirib borayotir. Ammo, saytlarning ko‘pchiligida hali o‘zbek tiliga oid turli sohadagi materiallar yetarli emasligi seziladi. Ayniqsa, o‘quv-qo‘llanmalar, pedagogika, adabiyot, muzeylar, qonunchilik, maktabgacha ta’lim, badiiy adabiyot, o‘zbekcha elektron ma’lumotnoma to‘plami (vikipediyasi), ilmiy-ommabop filmlar saytlari talab darajasida emas. Insof yuzasidan aytish kerakki, “Ziyonet” elektron saytida bu sohada qilinayotgan ishlar ancha diqqatga sazovor.
Endilikda bu sohada erishilgan ana shunday yutuqlarni ommalashtirish masalasi kelib chiqmoqda. Bu sohada ba’zi taklif-mulohazalarim bor. Eng avvalo, keng qamrovli televideniye va radio imkoniyatlaridan unumli foydalanish — efir orqali shirinsuxan so‘z ustalarining nafis majlislarini, ma’ruzalarini berib borish lozim, deb o‘ylayman. Lug‘atlarning xalqaro andozadagi tajribalari asosida ko‘plab nashrlarni yo‘lga qo‘yish zarur. Ruscha-o‘zbekcha, o‘zbekcha-ruscha, inglizcha-o‘zbekcha, o‘zbekcha-ruscha tarjimon disklarni yaratish ayni muddaodir. Bir paytlar Oybek, Borovkovlar tahriri ostida besh tomlik ruscha-o‘zbekcha lug‘at chop etilgan edi. Balki mazkur lug‘atni ma’lum bir tuzatishlar bilan to‘ldirilgan holda, qayta nashr etish lozim bo‘lar.
Bugungi kunda ko‘chalarda ba’zi bir afisha, reklama taxtalari, korxona va tashkilotlarning nomlari yozilgan lavhalarni (ayniqsa lotin alifbosidagini) ko‘rganda, xatolari g‘ij-g‘ijligidan yoqaushlaysiz. Ko‘cha-ko‘yda, bekatlardagi yosh yigit-qizlarning muloqot so‘zlarini-ku gapirmasa ham bo‘ladi.
“Kim o‘zbek tilida chiroyli gapiradi?”, “Kim o‘zbek so‘zlarining lug‘aviyma’nosini ko‘p biladi?” kabi nutq madaniyati bo‘yicha xalq ta’limi va boshqa sohalardako‘rik-tanlovlar,va’zxonlik, adabiy kechalar, turli tadbirlar o‘tkazish ham yaxshi samara beradi, deb o‘ylayman. Qaysi bir yili bir sudda o‘zbek tilida gapirgan huquq-tartibot xodimlari nutqini eshitib, yoqamni ushladim. So‘zlar talaffuzi buzilgan, ovoz palag‘da, ular bir nimalarni o‘zicha o‘qib bergan bo‘ldilar. Nutq madaniyati, fikrni tinglovchiga aniq yetkaza bilish — bularning bari barcha soha mutaxassislari uchun zaruriy narsa emasmi?!
Me’yoriy hujjatlarning aniq va soddalashtirilgan matniniishlab chiqish, ularning ijrosini amalga oshirish ustivor vazifalardan biri hisoblanadi.
O‘quvchilar orasida notiqlik san’ati ommalashmagani tashvishlidir. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida nutq madaniyatining ko‘rgazmali, audio-video shakllarini keng tatbiq etishkelajak uchun katta poydevor yaratishini xorij olimlari allaqachon isbot qilishgan. Angliya, Amerika, Yaponiyada bolalar uchun videoshunchaki ermak emas, balki, biror bir hunarni o‘rganish uchun dastur sifatida yo‘lga qo‘yilgani bejiz emas.
Bolalar uchun she’r, hikoya, ertaklarni chiroyli o‘qib beradigan yoki yoddan aytadigan o‘qituvchilar alohida rag‘batlantirilishi, tajribasi ommalashtirilishi zarur. Maktablarda o‘tkazilayotgan tadbirlarnutqlarning qay darajada ravonligi bilan hamo‘lchanmog‘i kerak.
Bir domlani bilaman. Iqtisodiyot fanidan ma’ruza o‘qiganida, go‘yo badiiy adabiyotdan dars o‘tayotganday taassurot qoldiradi. Uningifodali, mag‘zi to‘q, ravon gapirishi tinglovchini maftun etadi.
Gumanitar ta’limning imkoniyatlari cheksizligi barchaga ma’lum, lekin ayrim ma’ruzalarni eshitganingizda tilining g‘aribligi boishissiz bir gaplar yig‘indisi bo‘lib qolganini sezasiz.
Yana bir mulohaza: yuksak taraqqiy topgan mamlakatlarda bir an’ana bor. O‘sha mamlakat haqida jahonning qaysi burchagida biror ma’lumot, xabar nashr etilgan bo‘lsa, ularningbari to‘planib, tarjima qilinib, nashr etiladi. Bizningcha, O‘zbekistonning tarixi va bugungi kuniga oid dunyoda neki xabarlar bo‘lsa, ularni to‘plab, byulletenyoki jurnal tarzida davriy nashr tashkil etilsa, foydadan xoli bo‘lmaydi. Xorijiy mamlakatlarda o‘zbektilini tashviqqiluvchi, o‘rgatuvchi markazlar ochish choralarini ko‘rishimiz kerak. Ayni chog‘da ona tilimizda so‘zlashuvchi xorijlik vatandoshlarimizning iste’moldagi lug‘at boyligini o‘rganish, xususan, ulardan-da foydalanish chora-tadbirlarini ishlab chiqish o‘rinli, deb o‘ylayman. Dunyodagi yetakchi tillarning o‘ziga xos mavqega egaligisabablari shunda. Ularni o‘rganib, tilimizga taqqoslash orqali baho berish, xulosalar chiqarish kerak.
O‘zbek adabiy tilining turkiy tillar orasidagi mavqei qay darajada, uning istiqboli-chi? Ana shu masalalarni ham o‘rganib, ona tilimizmaqomini yanada ko‘tarish uchun zaruriy tadbirlar ko‘rishni orzu qilaman. Ochig‘i, o‘zbek tilida yaratilayotgan ayrim ilmiy va badiiy asarlarda uning jozibasi ancha xiralashib qolganini ko‘rib, tashvishga tushaman. Shunda Mahmud Koshg‘ariyning “Devoni lug‘otit-turk”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”, Xorazmiyning “Muhabbatnoma”, Rabg‘uziyning “Qissasi Rabg‘uziy”, Navoiyning o‘lmas merosi, shuningdek, Atoyi, Sakkokiy, Sayfi Saroyi, Mavlono Lutfiylar yaratgan boy ilmiy-adabiy meros ko‘z oldimga keladi. Bobur Mirzo yaratgan go‘zal asarlar ona tilimizning yuksak taraqqiyotiga xizmat qilganini eslayman.
To‘g‘ri, hozirgio‘zbekadabiytilime’yorlashtirilgan, uning lug‘at boyligi, tovush tizimi va grammatik qurilishi ilmiy asoslarda o‘rganilgan. Izlanishlarning bevosita xalq tiliga, nutqiy savodxonlik darajasiga ta’siri qay darajada? Bugun maktab, kollej, akademik litseylar va oliy o‘quv yurti talabalari uchun yangi avlod darsliklari yaratilgan, ularda til yangicha asosda o‘rganilmoqda. Biroq ijobiy natijalarning ommaviy tarzda ro‘y berishi uchun shularning o‘zi yetarlimi? Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi istiqboli bo‘yicha rejalar qanaqa, u nimadan iborat ekanini olimlar lo‘nda va aniq izohlab berishi davr talabi. Uning amaliyotga tadbiq etilish samaralari-chi?
Dunyodagi 200 ta til bugun davlat tili maqomiga erishgan, shular orasida o‘zbek tili ham bor. Ammo bu maqom eng ilg‘or mamlakatlarda qanday imkoniyatlarga ega, ularni taqqoslash ham foydadan xoli bo‘lmaydi. Tilning buyuk imkoniyatlarini ko‘rsatish, sofligini saqlash, boyitish barchaning zimmasigakatta mas’uliyat yuklashi tabiiy. Qolaversa, bu keng jamoatchilikning vazifasi, burchidir. Til — millat faxri, g‘ururi ekan, uni baland ko‘tarishda barcha imkoniyatlar yaratilgan ekan, ulardan mukammal foydalanaylik.
Negaki, mamlakatimiz kelajagi, yurtdoshlarimizning farovon hayoti ko‘pgina omillar qatori ana shu millat tilining yuksalishi bilan ham vobastadir.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 44-sonidan olindi.