Qozoqboy Yo‘ldosh. Uzun yo‘l boshi yoki erkin so‘z umri (2010)

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev zamonamizning zabardast adiblaridan biri edi. Umr vafo qilganida ulug‘ yozuvchimiz shu kunlarda muborak 70 yoshga to‘lar edi. Afsus…

Ammo taskin va yupanch borki, Shukur akadan boy ijodiy meros qoldi. O‘zi ham iqror bo‘lganidek hikoyachilik janrini yangi bosqichga ko‘tara oldi. “Sharq” nashriyoti 2003 yildan buyon adibning 4 tom saylanma asarlarini chop etdi, hali qancha qissa, roman, esse, yana qancha hikoyalari bor. Barchasini jamlasa ehtimol 10 jilddan oshsa kerak. 3-jildda “Ena qizim Sayyorajon!” deb nomlangan ikki betdan iborat so‘ngso‘z (balki vasiyat)ida yozuvchi jahonning R.Tagor, E.Xeminguey, J.London, O.Genriday dovruqli adiblaridan ham ko‘ra ko‘p va xo‘p yozganini iftixor bilan ta’kidlaydi. Ana shu 3-kitob qo‘lyozmasini o‘qib chiqib “axir bular – duru gavhar, shedevrlar-ku!” deydi hayratlanib. O‘n sakkiz yil badalida biror martayam kitob chiqarishga qiziqmay, faqat yozish zavqi bilan yashagan ustoz adib mana shunday, o‘z ijodiy mahsulotlarining haybati va sifatidan tuyqus hayratini yashirmaydi.

Rostdan ham Shukur aka adabiyot, xususan, nasr uchun hayotning boshqa ne’matlaridan, hamma narsadan voz kechib, ijodni e’tiqod bilib yashadi. Adabiyotda mana shunday fidoiylik bilangina o‘rin qoldirish mumkinkinligini isbotladi.

Albatta, odamga Xudoyim bergan iste’dod, mahorat bo‘lmasa bu “ko‘p” asarlar quruq tarozibosar makulatura bo‘lib qolar edi. Sh.Xolmirzayev asarlari minbaad undoq emas. Kerak bo‘lsa deyarli hammasi o‘qiladi.

Sh.Xolmirzayev mustaqillik yillarida juda barakali ijod qildi. Zamonaviy mavzuda bir-biridan go‘zal asarlar bitdi. Roman, qissa, hikoya, esselar… Darvoqe, ta’kidlash joizki, xuddi hikoyachilikdagi kabi muhtaram ustozimiz esse janrining ham juda katta imkoniyatlarini ko‘rsatib bera oldi. Ularda o‘nlab mashhur zamondoshlarimizning jonli ma’naviy qiyofalarini mahorat bilan chizdi.

Adibning o‘lmas ruhi oldida bosh egib duo qilarkanmiz, asarlari hali dunyoning ko‘plab mamlakatlarida ham qadr topib, sevib o‘qilishiga astoydil ishongimiz keladi.

Biz quyida adabiyotshunos, professor Qozoqboy Yo‘ldoshevning Sh.Xolmirzayev xususidagi badiasini havola etayotirmiz. O‘ylaymizki, bunda Shukur akaning yozuvchi sifatidagi ba’zi qirralari, favqulodda qudrati namoyon bo‘lgan…

Tahririyat

Badiiy kitobga qiziqib, mualliflarni bir-biridan farqlay boshlaganimdan buyon Shukur Xolmirzayev nomini eshitib, uning asarlarini o‘qib kelayotgan bo‘lsam ham, o‘zini ilk bor o‘tgan asrning 80-yillari oxirrog‘ida Yozuvchilar uyushmasidagi bir yig‘inda ko‘rdim.

Boshida qachon olingani noma’lum o‘sha mashhur poxol shlyapa, asli xayolchan qiyofasidagi parishonxotirlikni yanada kuchaytirgan Shukur aka yig‘inning oxirrog‘ida rayosatga qarata: «Men… Men ham bir og‘iz so‘z aytsam bo‘lama?» – dedi-da, so‘z berilishiga ishongan holda javobni ham kutib o‘tirmay, orqarokdagi joyidan yurib kelaverdi. O‘sha kuni nima degani hozir to‘la esimda bo‘lmasa-da, uning bilimdonligi, fikrlarining kutilmagan va o‘ziga xosligi meni qoyil qoldirgan edi. Yodimda: u yosh yozuvchilardan biri, menimcha, Shoyim Bo‘tayevga qarata: «Har bir odamning oti uning qaysi millatga mansubligini ham bildirib turadi. Masalan: «Xolmirza» bo‘lsa, o‘zbek; «Xolmirzo» bo‘lsa, tojik, «Xalmurza» bo‘lsa, o‘ris, «Qolmirza» bo‘lsa, qirg‘iz yo qozoq ekani bilinadi. Sizning qahramonlaringizning otlaridan kimligini bilib bo‘lmaydi. Bunga e’tibor qilish kerak»,degandi. U vaqtlarda men bu xil yig‘ilishlarga atay Gulistondan kelardim, hali ijodkorlarning birontasi bilan ham shaxsan tanish emasdim. Bu gap Shoyimga aytilgan bo‘lsa kerak deb chamalayotganimning sababi uning asarlaridagi qahramonlarning oti mening o‘zimda ham shunga o‘xshash fikr uyg‘otardi.

Shukur aka bulbuligo‘yo notiqlardan emasdi. Ammo u ko‘p narsa bilardi va aytish kerak deb hisoblagan gapini o‘ziga yoqadigan yo‘sinda unchalik qisinmay ayta oladigan erkin odam edi. Hali gapirmay turib, falonchi nima derkin deb xavotirlanib, qo‘lidan kelguncha o‘zini yashirib yashashga intiladigan odamlardan iborat muhitda bu sifat juda kamyob edi.

Xullas, Shukur aka gapini aytib bo‘ldi-da, sahna­dayoq cho‘ntagidan arzon sigaretasini chiqarib, raislik qilayotgan kishiga: «Bitta chekib kelsam maylima?» – deya tashqariga yo‘naldi. Shu vaqtgacha u kishining gaplaridagi mantiq meni rom qilgan bo‘lsa, endi uning tutumlaridagi erkinlik (balki, o‘ziga yarashib turgan erkalikdir bu) lol qoldirdi! Bildimki, u o‘rnatilgan tartiblarga tushadigan qolipdagi odam emas. Buni o‘ziyam bilar va o‘rni kelib qolganda, atay namoyish etardi. Uning bu royishi fe’lidagi o‘ziga xoslikdan tashqari, qolipga sig‘maydigan odamning quyushqonni istovchilarga o‘ziga xos isyoni ham edi!

Elaro mashhur, o‘zining boshqalardan boshqacharoq ekanini bilgan har qanday odamning fe’li-xo‘yida bir qadar artistlik bo‘ladi. Chunki taniqlilik har qanday kishidan, hozirgi til bilan aytganda, «imij»ni taqozo etadi. Shukur Xolmirzayevda-ku artistlik jihati inchunun edi. Sababi u kishining tabiatida azaldan o‘zgaga ko‘cha bilish, birovning holatini uning o‘zidan-da teranroq tuyish qobiliyati bor edi. Undagi ayni shu jihatni buyuk otdoshi Shukur Burhon o‘z vaqtida payqab, unga Hamlet rolini bergandi.

Har qanday o‘quvchi sifatida men ham Shukur akaning shaxsiga qiziqib qoldim. Lekin u kishiga yaqinlashish, tanishish haqida o‘ylashga ham botinolmasdim. Ammo taq­dir mehribonroq chikdi: vaqti kelib men bir muddat Shukur akaning Do‘rmondagi xonasiga deyarli qo‘shni bo‘lib qoldim va bir qadar yaqinlashib ketdim.

1991 yilning erta kuzagi edi. Ko‘pchilik mustaqillik epkinlaridan mast bo‘lib, so‘z hurligidan miriqib-miriqib foydalanib yurgan damlar… U vaqtlar Do‘rmonda xususiy chorbog‘lar qurilmagan, Shukur Xolmirzayev Yozuvchilar dam olish uyining uchinchi qavatida pillapoyaning to‘g‘risidagi o‘sha mashhur xonasida yashardi. Hukumatning topshirig‘i bilan bir guruh olimlar adabiyot bo‘yicha tuzilgan dasturni takomillashtirish va shu dastur bo‘yicha adabiyot darsliklarini yozish uchun Do‘rmonga taklif etilgandi. Mualliflarning ko‘pchiligi Toshkentdan bo‘­lib, ular orasida marhum prof. Akram Kattabekov dom­la bilan men gulistonlik edik.

Ijodiy guruh a’zolarining ko‘pchiligi Do‘rmondagi vaziyatni yaxshi biladigan kishilar bo‘lganidan har kim o‘ziga ma’qul joyni tanlab oldi. Aytish kerakki, olimlarga juda yaxshi sharoit yaratib berilgandi. Hamma birinchi yoki ikkinchi qavatdan joy olishga oshiqardi. Do‘rmonni birinchi bor ko‘rib turgan, bu yerning pastu balandini bilmaydigan odam sifatida xonalar taqsimotining oxirigacha kutib turdim. Va… guruhdagilardan yolg‘iz menga uchinchi qavatdan joy tegdi.

Muhimi, men o‘zim bilmagan holda Shukur Xolmirzayev bilan deyarli qo‘shni bo‘lib qoldim. Har kuni ertalik, tushlik, kechlik mahali davrada Shukur aka kechirmish voqealar haqida gap bo‘lardi-yu, negadir, o‘zi ko‘rinmasdi. Bunga sari mening qiziqishim ortardi. Nihoyat, oradan biror haftadan mo‘lroq vaqt o‘tib, yozuvchiga yo‘likdim. Negadir doim kechlikdan so‘ng gurunglashib o‘tiradigan, ko‘pincha jamoa bo‘lib Do‘rmon bog‘larini birgalikda aylanadigan olimlar o‘sha kuni qandaydir xavfni sezgan polaponlarday joylariga tezgina tarqalishdi. Yolg‘iz o‘zim kechki salqinda birpas bog‘ aylandim-da, xonamga kirib ishlamoqchi bo‘ldim. Pillapoyalardan uchinchi qavatga chiqib, Shukur akaning xonasi yonidan endigina o‘tib ketayotgandim, yarim ochiq eshikdan sochlari to‘zg‘igan yozuvchi boshini chiqarib, yuzimga qaradi-da: «Salom! Qani bu yoqqa kiring», – dedi. Bu taklifdan ko‘ra, amrga yovuqroq eshitildi.

Bunday bo‘lishini kutmaganim uchun shoshib qoldim. Qaytadan salom berib, so‘rashdim. O‘zimni tanishtirdim. «Voy, aynonayin! Qozoqboy deganlari sizmisiz, Sizni bilaman», – dedi Shukur aka. Quvonib ketdim. Chakana gapmi, shunday odam meni bilsa?! O‘sha kungi kutilmagan tongotar suhbatimizdan menga ma’lum bo‘ldiki, ko‘pchilik ijodkorlardan farq qilaroq, Shukur aka o‘zbek adabiyotini ham, adabiyotshunosligini ham muntazam o‘qib borar ekan. Shu kuni yozuvchi mo‘ljaldagi ishini bitirib, dam olishga tushgan ekan.

Tonig‘ bo‘ldimki, Shukur aka qattiq ishlardi. Yozayotgan paytida to‘lig‘icha asariga ko‘chib o‘tar, qahramonlarining xayoli bilan yashar, ularning orasidan chiqib ketmaslik uchun hech kim bilan gaplashmas, mabodo yuzma-yuz kelib qolganda ham oldidagi odamni tanimas yoki o‘zini tanimaganga solib qo‘ya qolardi. Chamasi, adib ham vaqtini qizg‘anardi, ham holatdan chiqib ketishdan qo‘rqardi.

Ishlashiga yarasha u kishining dam olishi ham qattiq bo‘lardi. O‘ylaymanki, u kishining dam olishi ishidan-da og‘ir kechardi. Chamasi, yozuvchi asarlarida tasvirlangan sharoitga shunchalik ko‘chib o‘tardiki, asar bitgandan so‘ng ham u yerdan osonlik bilan chiqib ketolmasdi. Shu bois xotirasi va ruhiyatidagi eski «yozuvlar»ni o‘chirishi kerak bo‘lardi.

Salkam uch oy mobaynida men o‘nlarcha marta o‘shan­day suhbatdosh bo‘ldim. Va bizning o‘ziga xos gurung­larimiz to adib umrining oxiriga qadar turli darajadagi muntazamlik bilan davom etdi. 1991 yil noyabrining oxirlarida ana shu gurunglarimiz natijasi o‘laroq bir narsa yozib, yozuvchi va olim Xurshid Do‘stmuhammadga ko‘rsatgandim. Bu bitikdan Shukur aka ham bexabar ketdi.

O‘shandagi suhbatlardan birida, nima bo‘ldi-yu, men 7-sinf dasturida M. Shayxzodaning «Toshkentnoma»sidan parcha berilgani, asar bu yoshdagi bolalarga unchalik mos emasligi to‘g‘risida gapirib qoldim. Shukur aka Shayxzodaning «Yillarning salomin yillarga eltib…» she’rini to‘la yoddan o‘qidi va o‘n to‘rt yashar o‘smirlarga ana shunga o‘xshash she’rlarni o‘rgatish foydaliroq bo‘lishini aytdi. Men adibning xotirasi va bilimdonligiga qoyil qoldim. Shukur akaning taklifini guruhdagilarga amallab o‘tkazdim. O‘sha asar kiritildi. Uzoq yillar mobaynida o‘rta maktabning 7-sinfi o‘quvchilari bu go‘zal falsafiy she’rdan bahramand bo‘lishdi.

Shukur akaning tabiatida mening e’tiborimni tortgan eng birlamchi sifat uning haddan tashqari tabiiyligidir. Hatto, uning sun’iyliklari ham tabiiy bo‘lardi. Shu bois unga bir marta aldanganlar ham yana qayta yozuvchining «tuzog‘i»ga ilinaverishardi.

Unchalik hozirjavob bo‘lmagan, hatto, eshitgan gapinida, birdaniga anglayolmayotganday elovsirab turadigan Shukur aka, o‘rni kelganda, turli shumliklar qilishni ham joyiga qo‘yardi. Chunonchi, kimnidir «tushirish» kerak bo‘lganda, adib o‘z qurboni bo‘lmish ob’ektni shu qadar bexato topar va unga shunchalar puxta ishlov berar ediki, «ob’ekt» Shukur akaning yoniga kirib, uning yo‘liga yurayotganini bilmay ham qolardi. Men buni Shukrullo, Isoq O‘ktam, Turg‘unboy G‘oyib va turli viloyatlardan kelib turadigan boshqa bir qator katta-kichik ijodkorlar misolida o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. O‘zim qatorilarni aytib ham o‘tirmayman. Bizlar uchun Shukur akaga «em» bo‘lish juda yoqimli tuyulardi. Va bu hakda maqtanibroq gapirib yurardik.

Shukur akaning fe’lida, adabiyotimizning namoyandalariga munosabatda ham o‘sha tabiiylik ustuvor bo‘lardi. U yozganlarini tushunolmayotgan yoki qabul qilishga qiyna­layotgan ijodkorlar haqida ochiqchasiga gapirardi. Deylik, u ancha vaqt talantli shoir Faxriyorning she’riyatini qabul qilolmay yurdi. «Bu bola nima demoqchi o‘zi, u nega muncha tilini burab so‘zlaydi?» deb qolardi ba’zan. Men har safar Faxriyor she’riyatidagi diqqatga loyiq biror jihatni ko‘rsatishga intilardim. Dalillarim u kishini qoniqtirsa, iVo‘, ukkag‘ar-e, juda aqlli-ku buningiz», – deb qo‘yardi. Nazar Eshonqulning yozganlariga ko‘nikishi ham og‘ir kechgandi. Yosh yozuvchilarda til qashshoqligi, ularning bitganlarida o‘zbek tilining tarovati, imkoniyati bor bo‘yicha ko‘rinmayotganidan norozi bo‘lardi.

Shukur akaning adabiyotdan ortiq narsasi yo‘q edi. U kishi adabiyot uchun va faqat adabiyotda mavjud edi. Lekin u adabiyotdan manfaat qidirmas, uni o‘ziga xizmat qildirish mumkinligini xayoliga ham keltirmasdi. Uning uchun adabiyot yashashning shakli edi. Holbuki, adabiyotni tirikchilikka vosita qiladigan kishilar qancha… Shoira va jurnalist Nilufar Safo bilan bo‘lgan bir suhbatda jurnalistning: «Har bir inson o‘z ishiga, o‘z sohasiga fidoyi bo‘lishi kerak. Siz adabiyotshunoslar orasida bu xislatni ko‘proq kimlarda ko‘rasiz?» degan savoliga shunday javob bergan ekanman: «…So‘z odamlari orasida men faqat Shukur Xolmirzayevnigina adabiyot fidoyisi deb ayta olaman. Shukur aka o‘zidan ko‘ra adabiyotni ko‘proq sevmoqning uddasidan chiqdi. U qulayliklardan voz kechib, adabiyotga xizmat qilishga o‘zida kuch topa oldi. Yozuvchi adabiyotni o‘ziga xizmat qildirmadi, aksincha, bir umr unga xizmat qildi. Shu bois adabiyot ham Shukur Xolmirzayevni astoydil yorlaqadi. Aslida ham adabiyot ijodkorga hech narsa bermay turib, undan kurbonlik so‘raydigan hodisadir.

Adabiyotni o‘ziga xizmat qildirgan yozuvchilar esa juda ko‘p, lekin badiiy so‘z, vaqti kelib, ulardan o‘ch oladi. Tanqidchilar orasida afsuski, bunday shaxsni ko‘rsata olmayman. Chunki tanqidchilar el qatori, risoladagi odamlar. Risoladagi odamlarning esa fidoyilikdan tashqari ham bir dunyo majburiyatlari bo‘ladiki, ular odamga o‘zini fido qilish imkonini ham bermaydi. Lekin adabiyotga ko‘lidan kelgancha halol xizmat qilgan adabiyottanuvchilar hamisha bo‘lgan va bor». Haliyam shu fikr­daman.

1999 yilning oxirlari edi, shekilli, xalq og‘zaki ijodini yaxshi bilgani, bilganidan ham ko‘ra, folklor asarlari va ularning qahramonlari ruhini tuygani bois Shukur akaning fikrini olish uchun endigina tugallagan «Alpomish» talqinlari» kitobim qo‘lyozmasini yozuvchiga berdim. Bir oylarga qolmay o‘qib chiqdi, qo‘lyozmaning har varag‘iga fikrlarini yozib qo‘yibdi. Muhimi, kitob u kishiga ma’qul kelibdi. Shundan so‘ng kitobni olimlarga ko‘rsatganman va «Ma’naviyat» nashriyotiga olib borganman.

Ko‘pchilik ijodkorlar singari Shukur aka ham kayfiyat odami edi. Ko‘pchilikdan farqli ravishda u o‘z kayfiyatini pardalashga urinib o‘tirmasdi. 2000 yilning ko‘klamida adibning Do‘rmondagi kulbasiga borib qoldim. Vaqt tushga yaqin edi, shekilli. Shukur aka juda tajang, o‘zicha kimnidir bo‘ralab so‘kayotibdi. Surishtirsam, so‘kishlar Azim Suyunga qaratilgan ekan. Azim aka qadrdon jo‘ram bo‘lgani uchun sababini bilgim keldi.

– E, bu noinsof nodonni qarang! Anov kuni menga bir yangi qozon bergan edi. Bugun ishlatay deb olsam, ablah, qopqog‘ini bermagan ekan! Endi nima qilaman buni!

– Ha, chindan ham noinsoflik qilgan ekan shoir. Keling, manavi fanerni qopqoq o‘rnida ishlatamiz, – dedim men o‘zimcha qochiriq qilib.

– Darvoqe, shunday qilsa bo‘larkan, esga kelmaganini qarang! dedi Shukur aka samimiy jilmayib.

Shu kuni ikkimiz ham chap tomonimiz bilan turgan ekanmiz, shekilli. Uzoq o‘tirdik, miriqib suhbatlashdik. Anovi sabil ham keragidan mo‘lroq bo‘ldi. Shukur aka gurungning adog‘ida sha’nga tegadiganroq gap qildi. Men ham indamay qo‘ya qolmadim. Xullas, ikkalamiz arazlashib ajrashdik. Ancha vaqt u kishini ko‘rishga bormay yurdim. Qish kunlarining birida shoir Tursun Ali qo‘ng‘iroq qilib Shukur akaning Yunusoboddagi uyiga bormoqchiligini, agar xohlasam, meni ham olib o‘tishi mumkinligini aytib qoldi. Bu shunchaki tasodifmidi yoki tabiatan odamlarni bir-biriga yaqinlashtirib yuradigan Tursun Alining bilib qilgan ishimidi, haligacha tushunolmayman. O‘zimizga xos tayyorgarlik bilan ustozning bir xonali uyiga bordik. Anchadan beri ko‘rishmaganimiz uchun juda uzoq suhbatlashdik. Bugungi adabiyotning bu yog‘idan kirib, u yog‘idan chikdik. She’rlar ham o‘qildi.

Ketayotganimizda, adib meni to‘xtatdi. Xonasiga qay­tib, nimanidir ancha qidirdi. Nihoyat, qidirganini topib chiqdi. Qo‘lida jigar rangli qorako‘l teri bor edi. Miyamdan: «Tiktirib berish kerak, shekilli», – degan o‘y kechdi.

– Bu sizga mendan esdalik bo‘lsin. Yod­gor­lik desa ham bo‘laveradi, – dedi Shukur aka.

Men buni kutmagandim. Shosha-pisha adibning qo‘lini qaytarishga urinib, qorako‘l terini boshqa narsalarga ishlatish ma’qulligini uqtirmoqchi bo‘ldim. Shukur aka fikrida qat’iy edi. Tursun Ali ham:

– Shukur akaning qo‘lini qaytarmang. U kishi hammaga ham sovg‘a beravermaydilar, – dedi.

O‘sha qorako‘l teri aziz bir esdalik sifatida haliyam turibdi.

Shukur akada mayda manfaatlar, o‘zini aslidagidan balandroq ko‘rsatishga chiranish bo‘lmagani uchun u kishini yomon ko‘rib bo‘lmasdi. U bilan kelishmaslik, fikriga qo‘shilmaslik mumkin edi. Lekin, o‘ylaymanki, yomon ko‘rib bo‘lmasdi.

«O‘zAS»ning 2008 yil 28 noyabrida Nizom Komilovning «Sen hayotni sevarding» maqolasini o‘qib qoldim. Unda Shukur Xolmirzayev haqida «Sen har qadamda o‘zingning «Yolg‘iz» kuyingni xirgoyi qilarding. Biz senga jo‘r bo‘lardik. Ammo o‘xshatolmasdik… keyin ham o‘xshatolmadik», – deb yozadi. Esimga lop etib, 1991 yilning kuzida yozib qo‘yib, X. Do‘stmuhammaddan boshqa hech kimga ko‘rsatmagan va og‘amizning holatidan kelib chiqib, «Yolg‘izlik» deb nomlagan qaydlarim tushdi. Ehtimol, Nizom akaning maqolasida Shukur aka «tobiga kelgan»da to‘xtovsiz aytadigan o‘sha so‘zi ham, so‘nggi ham yo‘q dahshatli kuy ko‘zda tutilgandir. Menimcha, o‘sha kuy ko‘zda tutilgan. Shukur akaning kuyini Siz ham bir ting­lab ko‘ring:

YoLG‘IZLIK

Alohida talant egalari alohida ruhiyat va alohida taqdir egalari hamdir. Ularning boshqa alohidaliklari tabiatlaridagi alohidalikdan kelib chiqadi. Aksariyat katta iste’dod egalari tabiatan yolg‘iz, atrofidagi eng yaqin kishilarga ham begona bo‘lishadi. Ularni yuzlab odamlar o‘rab turishi, tinimsiz olqishlashi, qarsaklar chalishi, qoyil qolganliklarini bildirishi mumkin, lekin bu narsalarning birortasi ham talant egasini yolg‘izlikdan qutqara olmaydi. Chunki ular hamma qatori odamlar emas! Hamma qatori o‘ylay olmaydi. Hamma qatori bo‘lmaydi uning tuyg‘ulari ham. Dunyoni boshqacha ko‘radigan, atrofni odamlardan boshqacharoq sezadigan qilib yaratgan uni qodir Egam.

Ko‘proq bila boshlaganim sari menga Shukur aka butunlay yolg‘iz odam bo‘lib tuyulaverdi. Bunday qaraganda, uning o‘tboshisi butun, shogirdlari ko‘p. Qo‘li ochiqligi, ichishni qotirgani, suhbati yoqimli bo‘lgani uchun ulfatlardan ham Xudo qismagan. Lekin u, baribir, yolg‘iz. Dahshatlisi shundaki, bu yolg‘izlikdan odamlar orasiga kirib qutulib bo‘lmaydi. El qatori odamga odamlarning orasi kifoya qiladi. Talantli odam odamlar orasiga emas, odamning ichiga kirmoqchi bo‘ladi. Ko‘pchilik odamning ichi esa bo‘m-bo‘sh! Har holda mehr yo‘q! Shu bois ba’zan Shukur akani o‘rab turgan odamlar uning yolg‘izligini toqat qilib bo‘lmaydigan jismoniy og‘riq darajasiga chiqarib yuborishadi. Va bu og‘riqni bosish uchun unga bang kerak bo‘ladi…

Aslida u kishi tabiatan yolg‘izlikni sevadigan, shunga intiladigan, odamlardan ko‘ra o‘t-o‘lanu parranda-darrandalar bilan tuzukroq tillasha oladigan odam. Chunki odamdan boshqa narsalarda g‘irromlik yo‘q. Shukur aka uzoq vaqt yolg‘iz ishlaydi. Ishlayotganda to‘y-tomosha, maishat, uchrashuv u yoqda tursin, odam bilan ko‘rishmasam deydi. Ko‘rishmaydi ham. Mabodo, ko‘rishib qolganda ham tanimaydi yoki o‘zini tanimaganga oladi. Chunki shu paytda u o‘zi yaratgan olamda, o‘zi yaratib tasvirlayotgan odamlar davrasida bo‘ladi. Adibning xayoloti yaratgan olam to‘kis, undagi odamlar pokiza. Chinniday nafis, gulday nozik bu olamni yer bandasining bir og‘iz nojoiz gapi chilparchin qilishi mumkin. Evohki, Alloh yaratgan bandalar adib yaratgan bandalarga qaraganda ne qadar g‘arib, ne qadar mayda! Shukur akaning qahramonlari qanchalar yuksak o‘ylaydilar, mardona so‘ylaydilar, ulkan ishlar qiladilar! Shunday olamu odamni atrofidagi mayda kimsalarga qarab yaratib bo‘ladimi?

Yolg‘iz o‘zi uzoq vaqt mobaynida mo‘ljaldagi biror ishni bitirgach, Shukur aka dam oladi. U odamlar orasiga kirmoqchi, ular qatori bo‘lmoqchi bo‘lardi. Odamlar orasiga kirib, odamlar qatori bo‘lib dam olish yozuvchiga ham, unga ro‘para kelganlarga ham qimmatga tushadi. U bir necha kun mobaynida ulfatchilikka tutinadi. Uyqu, ovqat ham sabil qoladi… O‘shandan keyin u «odamlar qatori» bo‘la boshlaydi: to‘xtovsiz so‘kinadi, hammaga dag‘al va kes­kin baho bera boshlaydi. Kishining ko‘nglini og‘ritgisi keladi. Shu tariqa xayolotning beg‘ubor osmonidan reallikning chirk bosgan zaminiga tusha boshlaydi va unga o‘zicha «moslashadi».

Shukur aka bunday vaqtda yonida hamisha kimdir bo‘lishini istaydi. Deyarli hamisha yonida birov bo‘ladi. Va achinarlisi shundaki, adib baribir yolg‘izligicha qola­veradi. Chunki yer yuzidagi barcha sarxushlar singari u ham kim bilandir dardlashmoqchi bo‘ladi-yu, lekin uning dardini tushunishmaydi. Chunki u qalbining qat-qatida qatlanib, yetmish ikki tomirida gupirib yotgan dardlarini aytib berolmaydi. Uning dardlari birovga aytib bo‘ladigan anov-manov dardlar emas! Buning ustiga u o‘z dardini aytib o‘rganmagan. Ifodalash boshqa masala! Xayolidagi odamlar bilan dardlashaverib yerdagi odamlar bilan gaplashishni-da unutayozgan adibni boshqa paytda tushunmagan odamlar bu gal ham tushunishmaydi, albatta. Yozuvchi shundoq ham jo‘n odamlardan uzoqni ko‘radi, uning xayoli shu holda ham yuksaklarga parvoz qila oladi.

Mo‘ljallangan ish bitgan, ya’ni xayolot olami tugagan. Bu olam o‘zining butun nafosatiyu go‘zalligi, nozik­ligiyu musiqasi bilan chil-chil singan, vayron etilgan. Shu bois holat og‘ir kechadi juda. Rostlik-ku hamisha ham og‘ir.

Shukur aka dardlashmoqchi bo‘ladi. Kim bilan bo‘lsa-da, gaplashish, yuragidagi tuyg‘ular bilan o‘rtoqlashish yengib bo‘lmas istakka aylanadi. Qaynab yotgan tuy­g‘ularni karaxt til ifodalay olarmidi-yu, tinimsiz so‘kishlaru adoqsiz chekishlar tufayli kallasi g‘ovlagan «suhbatdosh» tushunarmidi?! Suhbatdosh yerda yurgan hamma qatori xashaki bir odam. Yozuvchiga boshqacha odam kerak. Gapirmasa-yu, tushunaversa. Qarabgina qo‘yish kifoya bo‘lsa! Bunday odam yo‘q! Shundan bo‘lsa kerak, ma’lum bosqichga yetgach, Shukur aka so‘kinishga tushadi. Ke­yin to‘xtovsiz gapiraveradi. Ko‘zlar g‘azabli chaqchayadi, qoshlar miltikdan nishonga olayotganiday chimiriladi, hatto qo‘li bilan kimlarnidir «otadi» ham. Gapining ko‘p qismi tog‘, miltiq, ov haqida, o‘zining zo‘r ovchiligi xususida bo‘ladi. Lekin zo‘r yozuvchi ekani bilan maqtanmaydi. Ma’lum maromga yetgach, quloqlargacha to‘zg‘ib yotgan uzun siyrak sochlari ustiga poxol shlyapasini bostirib olib ashulasini boshlaydi.

Shukur akaning ashulasi! U haqda gapirish befoyda. Faqat tinglagan tushunadi. Yo‘q! Tinglagan ham tushunmaydi. Chunki tushunadigan narsaning o‘zi yo‘q. Qandaydir tuyg‘u, ezgin, ammo bepoyon va mardonavor ruhgina bor. Uni his etish mumkin, xolos!

Uning bir boshlangandan keyin sira tugamaydigan qo‘shig‘ida bir nechtagina so‘z bo‘ladi, xolos. Undagi asosiy unsur tomoqdan xirqirab chiqadigan, shirali, dardli un. Shukur aka kuylay boshlaydi: «Ne eeyy, ne eeyyy, ne eeyyyy». Zarur ohang tezgina topila qolmaydi. Har qanday ovoz ham ijrochining tuyg‘ularini ifodalay olmaydi shekilli, Shukur aka tinimsiz takrorlayveradi. Zo‘riqqanidan yuzlari bo‘g‘riqib ketadi, qo‘llar g‘alati tarzda oldinga cho‘zilib, qandaydir muloyim-keskin harakatlar qila boshlaydi, ko‘zlar g‘alati yumiladi. To‘xtovsiz tutatilayotgan sigaretdan xona tutunga, atrofdagi barcha narsa kulu qoldiqlarga to‘lib ketadi. Xonadagi hamma narsa ayqash-uyqash, ovqat va sigaret qoldiqlari, yuvilmagan idishlar, qaymoq bog‘lagan sovuq choy. Hamma joyda shisha: yotgan, singan, tik turgan, to‘la, bo‘sh. Stol usti to‘la qog‘oz, qog‘oz, qog‘oz.

Shukur aka hamon kuylaydi. Nihoyat, zarur ohang topiladi! Shunda uning uyqusizlikdan qizargan ko‘zlari bir zum jonlanib, yuzlari yorishib ketadi. Zo‘riqib, og‘zining bir cheti bilan salgina jilmayganday bo‘ladi. Bechora suhbatdoshiga xursand bo‘lib qarab qo‘yadi. So‘ng birdan: «Eh, baribir, hech narsani tushunmaysan. Chunki savodsizsan», deya iddao qiladi-da, kuylashda davom etaveradi. O‘z ovoziga mahliyo bo‘layotgani shundoqqina sezilib turadi. Sel bo‘lib kuylaydi. Sel bo‘lib tinglaydi. Kuylab ting­laydi, tinglab kuylaydi. Shu holatga kelganda qo‘shiqqa bir-ikkita so‘z ham kirib kela boshlaydi: «Kelibb holimni ko‘rgineeyyy», «Keliiibb ahvolimmni ko‘rgiineeyyyy»…

Uning qo‘shig‘i Surxon baxshilarining ataylab bo‘g‘iz­dan ohang berishiga o‘xshamaydi. Shukur akaning qo‘shig‘i ohanglari baxshilar tovushidan ham qadimiyroq va salobatliroqday tuyuladi. Uning xirgoyisi ko‘z o‘ngimda, hech qachon ko‘rmaganim Oltoy tog‘larini, Subyer kenglik­larini, poyonsiz Dashti Qipchoqni gavdalantiradi. Yaxshi ko‘rib qolaman qo‘shiqchini. Mehr bilan yuziga qarayman. Ko‘zlar yumuq, yoqavayron, sochlar parishon, yuziga kullar surkalgan, oyoq beo‘xshov chalishtirilgan, o‘zi bu dunyoni unutgan. Go‘yo u bu dunyoda ming yillar oldin ham yashagan. Abut-turk bo‘lib! Oltoydan Hindikushgacha bo‘lgan bepoyon hududda yovlarga dahshat solib javlon urgan, sara farzandlar o‘stirgan, qudratli xalqni bunyod etgan. Qutlug‘ umrini shonu shavkatla yashab o‘tgach, ming yillardan so‘ng dunyoga qayta kelgan. Keyingi kelishida yurtni xarob, odamlarni pachaq va mayda ko‘rib o‘tmishini, avvalgi umrida qilgan ishlarini eslamoqchi-yu, xotira pand berayotir. Shundan u ozurdajon.

Uning ko‘shig‘i ulug‘ yoshli buyuk mo‘ysafidning silqib oqayotgan qudratli armonlari! Bugungi kun omonat, yasama. Haqiqiy hayot boshqacha! Haqiqiy odamlar boshqalar! Lekin qani ular? Qayerdaligini bilardi, lekin ming yillab yashash osonmi, qarilikda unutib qo‘ygan! Eslash og‘ir! Shu sabab qo‘shiq ham og‘ir. Chunki u to‘xtovsiz oqib, uzoqlashib borayotgan xotira…

1991 yil 25 noyabr.

* * *

Shukur aka o‘ziga, shaxsiyatiga, iste’dodiga xiyonat qilmay, hech kimdan marhamat kutmay, o‘zi bilganicha va o‘zi istaganicha yashadi. Yozuvchining o‘zi erkin bo‘lgani uchun uning so‘zi ham erkin edi. Erkin so‘zning umri uzoq, parvozi baland bo‘ladi. Negaki, erkin so‘zning nazari olislarga qaratilgan, manfaat otliq chirkin yuk pastga tortmaydi. O‘ylaymanki, ulug‘ yozuvchining ulug‘ va uzun hayot yo‘li endi boshlanadi.

“Yoshlik” jurnali, 2010 yil, 3 (232)-son.