Qadimgi yunonlar yerni “geo” deganlar. “Geo” bilan boshlanadigan o‘ttiz to‘rt fan, soha, bo‘lim, kasb mavjud. Birinchi mingyillik oxiri, ikkinchi mingyillik boshlarida Abu Nasr Forobiy, Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino singari qomusiy ilm egalari “geo”, xususan geologiya muammolari bilan jiddiy shug‘ullanganlar.
XX asrda Habib Abdullayev, I.Isamuhamedov, V.Popov, N.Petrov, G‘ani Mavlonov, Ibrohim Hamroboyev, Obid Akromxo‘jayev, M.Ahmadjonov, F.Asqarov singari olimlar geologiya fani taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shdilar. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining a’zolari orasida geolog olim nufuzining ko‘pligi fikrimizni tasdiqlaydi.
Mustaqillik yillarida geologiya fani teranlik, ko‘lamdorlik, keng tarmoqlilik kasb etmoqda. O‘zbekiston Milliy universitetining olimlari — akademik To‘rabek Dolimov, professor Vitaliy Troitskiylarning geologiya evolyutsiyasiga doir tadqiqotlari globallashuv jarayonining hayotbaxsh tamoyillari asosida yaratilganligi bilan diqqatni jalb etadi. Ellik bosma taboq hajmidagi mazkur asarda yuzlab chizmalar, xaritalar, jadvallar, ko‘rsatma vositalar tarixi bor. Olimlar mazkur tadqiqotni yaratishda jahon geologiya ilmidagi tamoyil, qonuniyat, metodlardan unumli foydalanadilar. Adabiyotshunoslarda: “Falonchi asar falon yozuvchi ijodining bosh kitobi”, — degan gap bor. T.Dolimov, V.I.Troitskiy boy tajribaga ega, ilmiy yo‘nalishini uzil-kesil belgilab olgan, o‘nlab asarlar chop ettirgan, ko‘plab shogirdlar yetishtirgan olimlar. “Evolyutsion geologiya” — ikki mashhur olim ilmiy ijodining bosh kitobidir. Kitob bibliografiyasini kuzatgan mutaxassis “Evolyutsion geologiya” mualliflari qariyb elliy yillik ilmiy ijodlari davomida chop etilgan kitoblar, qarashlarni jamlaganliklariga guvoh bo‘ladi.
Inson tabiatida g‘aroyib holat bor. Men qachonki, To‘rabek No‘monovichning geologiya haqidagi qiziqarli, ilmiy asoslangan asarlari bilan tanishsam, “Geologiya ham o‘lmas badiiy asarga o‘xshaydi-da”, degan fikrga kelaveraman. Qarang, haqiqiy adabiyotshunos-munaqqid asar atrofida girdikapalak bo‘lavermaydi, aksincha asar ruhiga kiradi, mohiyatni yoritadi. Geolog ham yerning “ichiga” kiradi”, markazga intilaveradi: po‘stloq, mantiya, geologik havzalar, laqqa cho‘g‘ — markaz haqida ishonarli ma’lumot beradi.
Geologlar o‘rganadigan “badiiy asar” — yer yakkayu yagona, ibtidosi bor-u intihosi ko‘rinmaydigan soha. Adabiyotshunoslar o‘lmas asarlar yoshini aniqlash maqsadida turli qiyos, solishtiruvlardan foydalanadilar. “Evolyutsion geologiya” asari mualliflari geoxronologiya — mutlaq vaqt masalasini o‘rtaga qo‘yadilar. Yer sayyorasi o‘z o‘qi atrofida uzluksiz harakatda bo‘ladi. Bu harakat qachon, qanday boshlangan? Geologlar vaqtni eon, eratema, davr, asr deya belgilaganlar. Qiziq-a, biron odam yuz yil yashasa, hamma qoyil qoladi. Bir asr-a?! Geologiyada asr eng kichik vaqt birligi ekan. Eng uzoq, katta vaqt Arxey eon deyiladi. U eng qadimgi tog‘ jinslarining paydo bo‘lgan joyi va vaqtini (dokembriy, xronotopini) ko‘rsatadi.
XX asrning 80-yillarida Avstraliyada eng qadimgi tog‘ jinsi GNEYS topildi. Uning yoshi to‘rt milliard besh yuz ellik million yil deb belgilanmoqda. Arxey eon to‘rt yarim milliarddan ikki yarim milliard yilni o‘z ichiga oladi. Eon, eratezma, davrlar haqida o‘ylasak, bizning ko‘nikkan taqvimlarimiz naqadar qisqa vaqtni qamrab olishini kuzatamiz. Katta Vaqt yuksakligiga ko‘tarilgan, adabiyot arshining so‘nmas yulduzi deyilayotgan mangu asarlar o‘rtacharoq geologik eraga ham to‘g‘ri kelmas ekan.
Geologiyadagi Arxey eon, eratema, davr, asrlar qanday belgalanadi, o‘lchanadi degan savol hammani qiziqtiradi. Biz vaqt o‘lchovi tabiat hodisalarini, yuzlarcha soat turlarini bilamiz. Axborot texnologiyasi vaqtni bexato o‘lchashda o‘ziga xos vositalarni tavsiya etmoqda. Vaqt, uning aniq izchil harakatini kuzatish — inson tabiatiga chuqur singib ketgan. Odam zoti yer qachonlardir paydo bo‘lganini, vaqti-soati kelib yerda qiyomat-qoyim bo‘lishini ham biladi. Olimlar yerning yoshi o‘n milliard yilgacha bo‘lishini aytadilar. Yer “qarigach”, “vafot” etishini ham biladilar. Fan “apokalipsis” (qiyomat) tushunchasiga ilmiy, mantiqiy javob topib qo‘ygan. Yerning “hayoti” quyoshga — mangu nur manbaiga bog‘liq. Quyoshning nur, issiqlik tarqatish quvvati tugagach…
Geologlar yer qatlamiga qavatma-qavat kirib boradilar: po‘stloq, po‘stin, havzalar, ulardagi uzluksiz harakat, nihoyat radiusi olti ming kilometr keladigan yer o‘zagi. O‘zak — olov, uzluksiz harakat. Milliard yillar davomida yer o‘zagi nechun muzlab qolmadi? Yerda uzluksiz harakat bor. Yer o‘qi radiusida bosim hamisha kuchli bo‘ladi. Bosim kuchli harorat, olovni paydo qiladi. Olov o‘ziga yo‘l izlaydi. Lavalar havzalarni to‘ldira boradi. Bu jarayon eon, eratezma, davrlar davomida ro‘y beradi. Konlarning paydo bo‘lishi havzalarga, lavalar harakatiga bog‘liq.
Darvoqe, qazilma boyliklar, konlar haqida…Yaqin-yaqinlargacha geologiyani konshunoslik fani der edilar.
“O‘zbekiston Respublikasi entsiklopediyasi”da (Toshkent, Qomuslar bosh tahririyati — 1997 yil) “Geologiya fanlari” qismi: “O‘zbekiston hududida foydali qazilmalarni izlab topish va o‘rganish juda qadim vaqtlardan boshlangan” (429-bet), degan jumla bilan boshlangan. O‘zbekiston Respublikasi hududi, umuman O‘rta Osiyo va Qozog‘iston geologlarning haqiqiy laboratoriya maydoni. Yerimizning unumdorligini ifodalaydigan mana bu gapni hamma eshitgan: “Kuzda dalada qolib ketgan ketmonning dastasi bahorda nav-nihol ko‘chatga aylanadi”. Geologlar ham yerga urilgan cho‘kich “jaranglab” bironta ma’dan, mineralga urilishini aytadilar. Ammo geologiya faqat kon izlashni bosh maqsad qilib qo‘ymaydi. Geologiya mukammal, murakkab fan. Induktiv, deduktiv metod asosida geologlar yer sayyorasini yaxlit holda o‘rganadilar. Buyuk, daho olimlar umumlashmalar asosida o‘z kashfiyotlarini yaratadilar. Jahon geologlari Habib Abdullayev, Ibrohim Hamraboyev singari buyuk olimlar kashfiyotini tan oladilar. “Evolyutsion geologiya” tadqiqoti mualliflari xaosdagi egri chiziqlar harakatidagi sinergetika qonuniyatini asos qilib olganlar. Bu metod orqali ular konlarning nome’yoriy qonuniyatlar asosida paydo bo‘lishini isbotladilar. Nome’yoriy qonuniyatlar fanga keng miqyosda yondashuv, globallashuvning musbat natijalarini hisobga olish natijasida paydo bo‘ladi.
T.Dolimov, V.Troitskiy tadqiqotlarida ko‘ptizimlilik (sistemali talqin, tahlil, qiyosiy, tipologik yondashuv) metodi ko‘zga tashlanadi. Geologiya fanida strukturali yondashuv ham e’tiborli hisoblanadi. Qisqasi, hozirgi ilg‘or geologiya fani yangi metod, yondashuv, talqin yo‘sinlarini asos qilib olsagina ilgari siljishi mumkin. “Evolyutsion geologiya”da jahon geologiyasidagi yangiliklar zarrama-zarra o‘rganilgan va amaliyotda qo‘llanilgan. “Evolyutsion geologiya” — fanga yuksak ilmiy-nazariy nuqtai nazardan qarashning samarasi. U Dolimov va V.Troitskiy ilg‘or geologiya fanining darg‘alaridan ekanligini ko‘rsatuvchi dalil. Hozirgi geologlarning buzruklaridan biri, Rossiya va Yevropa fanlari akademiyasining a’zosi, Moskva Davlat universiteti professori, salkam yuz yoshli Viktor Yefimovich Xain “Evolyutsion geologiya” asari haqida yozadi: “Mening fikrimcha, mualliflar juda dolzarb va foydali ishni bajarganlar, chunki dunyo geologik adabiyotida bu turdagi kitob hali yaratilgan emas”.
To‘rabek Dolimov va Valeriy Troitskiyning “Evolyutsion geologiya” tadqiqoti, hech mubolag‘asiz, e’tirofga molikdir!
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 27-sonidan olindi.