Domla G‘ulom Karimovni birinchi marta 1961 yil bahorida universitet filologiya fakultetidagi bir anjumanni boshqarayotgan payti ko‘rganman. O‘shanda ustoz majlisni qat’iyat bilan olib borgan, nigohlari o‘tkir, gaplari salmoqli, fikrlari teran edi. Keng peshona, qirg‘iy burun, sochlari bir oz siyrak allomasifat insonning xalqimiz tili bilan aytganda, salobatli va fayzli odam ekani shundaygina bilinib turardi. Navbatdagi notiqqa so‘z bergani o‘rinlaridan turganda, tinglovchilarni nazorat qilgandek, bir soniya tin olib, baland va kelishgan qomatlarini tiklab, keyin gapirar edilar.
G‘ulom Karimov mumtoz o‘zbek adabiyotining eng so‘nggi bosqichi – “XIX asr ikkinchi yarmi va XX asr boshlari o‘zbek adabiyoti” kursini o‘qirdilar. Birinchi bor “ekspansiya siyosati” degan gapni ulardan eshitganman. Biz tahsil olayotgan yillar chorizmning Turkistonga qilgan bosqinchilik urushi haqida ijobiy ma’noda gapirish odat edi. Avvalo, “bosqinchilik urushi” o‘rniga “ixtiyoriy qo‘shilish” tushunchasini qo‘llash ma’qul ko‘rilgan. Ammo domlamiz yurak yutib, “ekspansiya siyosati”, ya’ni bosqinchilik rejalarini aniq dalillar bilan isbotlab bergandilar. Bu o‘rinda Petr I 1722 yili Muravyov ismli kapitanni Xorazmga yuborgani hamda 1863 yilda Vamberining O‘rta Osiyoga qilgan sayohatini sharhlash orqali bu safarlardagi harbiy maqsad tafsilotlari, jahon bozoridagi murakkab vaziyatlar oqibatida yurtimizga qilinajak tajovuz rejalari ma’ruzachi e’tiboridan chetda qolmagandi.
Ayni choqda Muqimiyning “Moskovchi boy ta’rifida”, “Veksel”, “Voqeai Viktor boy” kabi satirik asarlari shoir dunyoqarashidagi “ixtiyoriy qo‘shib olinishga” bo‘lgan munosabat sifatida tahlil etilgan. Kapitalizmga tayyor bo‘lmagan o‘lkaning turfa yangiliklardan nafasi bo‘g‘ilgani ochiq aytilgandi. Domla siyosiy lirikaning XIX asr o‘zbek adabiyotiga xos namunasini Muqimiyning “Saylov” g‘azali misolida ko‘rsatib berganlar. She’rda ifodalangan o‘sha davr saylov tizimiga doir illatlar demokrat shoirning dunyoqarashi sifatida ko‘rsatilgandi.
G‘ulom aka ma’ruzalaridagi bir fazilatni aslo unutmayman. Xususan, ustoz biror shoir haqida ma’lumot berganda ko‘pincha san’atkorning shaxsiy odat va xususiyatlarini ham hikoya qilardilar. Muhimi, bu hikoyalar ma’ruzaning rasmiy ohangidan holi bo‘lardi. Ular aslida kimdandir olingan ma’lumot emas, balki shu voqeaning ishtirokchisidan eshitilgan xotira sifatida qadrli edi. Xususan, Muqimiyning nihoyatda ulfat, dilbar shaxs ekanini ta’kidlash uchun ustoz shoirning osh damlash usulini aytar edilar. G‘ulom aka kursimizda yaxshi osh damlaydigan Yomg‘ir O‘rozovdan (Burchmullaga folklor ekspeditsiyasiga chiqilganda u bir necha bor osh damlagan edi) “Guruch necha marta yuviladi”, deb so‘rab qoldilar. Yomg‘ir: “Uch marta”, deb javob berdi. Shunda domla: “Ana, ko‘rdingizmi? Uch marta… Muhammad Aminxo‘ja oshning guruchini yetti marta yuvinglar”, degan deya miyig‘larida kulib qo‘ydilar. Bu kulgining sababini men keyin tushundim: universitetda ishlay boshlaganimdan keyin G‘ulom aka bilan juda ko‘p gap-gashtaklarida qatnashgan bo‘lsam, ulfatchilik uchun osh damlaganda har safar guruchni yetti marta yuvish kerakligini aytardilar. Domla ma’ruzalarida Furqatning Toshkentdagi hayoti, shoir Muhyining ijodi, Zavqiyning kosibligi haqida ham juda ko‘p qiziqarli voqealarni aytib berganlar.
Talabalik yillari G‘ulom Karimovning Muqimiy va uning adabiy muhiti mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi himoyasida katta qiziqish bilan qatnashganmiz. O‘shanda Oybek domlani shu yerda ilk bor ko‘rganman. Himoyaning boshidan oxirigacha har bir chiqishni e’tibor bilan tinglab, biror ma’qul gap aytilganda ko‘zlarini yanada charaqlatib: “Yaxshi, yaxshi”, deb qo‘yar, butun vujudi bilan G‘ulom Karimovni quvvatlar edi. Men bu taassurotni talaba va o‘quvchilarga Oybek ijodidan saboq berganda hanuz aytib yuraman.
G‘ulom Karimov o‘zbek adabiyoti kafedrasiga rahbarlik qilar ekan, keyinchalik fakultetda zamonaviy adabiyot, adabiyot nazariyasi yo‘nalishidagi kafedralar tashkil topishida ham xizmatlari beqiyos bo‘lgan. Ozod Sharafiddinov, Laziz Qayumov, Anvar Hojiahmedov, Umarali Normatov, Begali Qosimov kabi adabiyotimizning taniqli arboblari domlaga shogirdlikni iftixor bilishgan. Kafedra a’zolari qat’iy intizomga bo‘ysunishgan. Ayni paytda biron marta domlaning o‘zlari topshiriq berish bilan band bo‘lib, ishdan chetda turganlarini sezmaganmiz. Bir gal menga Izzat Sultonning “Adabiyot nazariyasi” kitobiga taqriz yozib kelishni buyurdilar: “Madaniyat gazeti bilan gaplashdim, ikkalamiz maqola qilib beramiz”, dedilar. Sakkiz-to‘qqiz betlar chamasi maqola yozdim. Kelishilgan kuni domlaning qo‘llarida ham shu mavzuda o‘n sahifadan ortiq maqola nusxasini ko‘rdim. Bir xonaga kirib uch soatga yaqin ishladik. Men yozganimdan qaysi o‘rinlar qolishini belgilab chiqdik, shu printsip domlaning qo‘lyozmasiga ham tegishli bo‘ldi. Keyin ikkala matnni menga topshirib, tahririyatga topshiriladigan nusxani tag‘in ko‘rib chiqishimizni aytdilar. Kelgusi hafta yana ikki soatga yaqin ishladik. Har bir jumla, har bir so‘z qaytadan nazardan o‘tdi. Anvar Hojiahmedov va kafedradagi boshqa xodimlar ham hali-hanuz domlaning bunday ibratli ish uslubini eslab yuradilar. Shu tariqa biz ilmiy ish ustida ishlash va shogirdlarga saboq berishni o‘zlashtirdik, ayni choqda, birov yozgan maqolaga o‘z nomimizni tirkamaydigan bo‘ldik.
Bir kuni odatdagicha bir dars muhokama qilinadigan bo‘ldi. Kafedraning hamma a’zolari mashg‘ulotning ijobiy jihatini ta’riflay boshlashdi. Odatga ko‘ra majlisning yakuniy xulosasini kafedra mudiri aytishi kerak edi. G‘ulom aka: “Men sizlarga hayronman, — deb gap boshladilar. — Shu mashg‘ulotni dars deyapsizlarmi? U talabalarning tashqarida yurmasligini ta’minladi, xolos. Agar hammamiz shunday dars o‘tsak, ishni yig‘ishtirib qo‘yaylik. Alisher Navoiy ijodi haqidagi ma’ruza boshqacha, ilmiy bo‘lishi kerak”, dedilar va mulohazalarini isbotlab berdilar. Ma’ruzaga qo‘yiladigan ilmiy talablardan tortib, notiq nutqidagi har bir so‘zning o‘rni, hatto talaffuz qoidalarigacha vazmin ohangda tushuntirdilar. Domla hamkasblari mashg‘ulotlariga mana shu tarzda qatnashib, fikrlarini ro‘y-rost aytib turardilar.
Yana bir voqea hech yodimdan chiqmaydi. “O‘zbekiston madaniyati” gazetasida Muqimiyning qaysidir hujjat uchun tushgan rasmi e’lon qilindi. Hamma Muqimiyning rasmi topilganidan xursand, biroq domlaning kayfiyati yo‘q edi. Asablari tarangligini sezish qiyin emasdi. Sababini so‘raganimizda “Rasmdagi Muqimiy emas, bu odam bir dehqon bo‘lsa kerak, — dedilar. — Muqimiyning qiyofasi tamoman boshqacha bo‘lgan”. To‘rt-besh oy o‘tgach, tag‘in o‘sha gazetada “Mening otam nega Muqimiy bo‘lib qoldi?” degan mazmunda raddiya bosildi. Shundan keyin men G‘ulom Karimov ilmiy tadqiqot olib borish jarayonida Muqimiy qiyofasini aniq tasavvur qilganliklarini anglaganday bo‘ldim.
Domla shaxmatni xush ko‘rar, kafedradagi samimiy muhitning saqlanishida buning ahamiyati katta edi. Ko‘pincha Ozod Sharafiddinov, Begali Qosimov, ba’zan Rahmatilla Inog‘omov va men o‘ziga xos musobaqa o‘tkazardik. Domla yutuqlarimizdan quvonib, shaxmat tarixidan qiziqarli voqealarni hikoya qilardi. Bir podshoh shaxmatni qimorga o‘ynar ekan. Bir kuni butun davlatiyu boyligini yutqazib qo‘yibdi. Oxiri garovga Dilorom degan sevikli yori qo‘yilibdi. Taassufki, bu safar ham shohdan omad yuz o‘giribdi. Nochor ahvolda qolgan shoh joniga qasd qilay deb turganida, qo‘shni xonadan qo‘shiq eshitilibdi. Unda: “Du rux bidehu aspi Diloromi madih”, deb kuylanayotgan emish. Ma’nosi: ikkita ruxni qurbon qilib, ot bilan Diloromingni saqla”, ekan. Shoh shaxmat taxtasiga zehn solsa, oldinma keyin rux bilan shox berishi, raqib ruxlarni majburan olganidan so‘ng ot bilan mot qo‘yish yo‘li bor ekan. Shoh yorining maslahati bilan ham uni, ham davlatini saqlab qolibdi. Diloromning qo‘shni xonadagi yashirin tirqishdan o‘yinni boshidan oxirigacha kuzatib turganini aytgan domla yurtimizda ayollar ham shaxmatini yaxshi o‘ynaganliklarini g‘urur va iftixor bilan ta’kidlagandi.
Ustozning oilaviy hayotlari ham ibratli edi. Ma’firat ayaning G‘ulom akaga bo‘lgan mehri va hurmati cheksiz edi. Avvalo, mudom xonadonlari eshigi ochiq edi. Qaysi fasl bo‘lishiga qaramay dasturxonlarida hamisha norin bo‘lardi. Qimmatbaho atirdan bo‘shagan idishda sirka, mayda to‘g‘ralgan murchli piyoz kanda bo‘lmasdi. Domlamiz kelgan mehmonning yoshi va unvonidan qat’i nazar kelin ayamiz bilan xizmatda bo‘lar edilar. G‘ulom Karimov suratiyu siyrati bilan haqiqiy o‘zbek ziyolisi edi.
Ustozning sa’y-harakatlari bois XIX asr ikkinchi yarmi va XX asr boshlari o‘zbek adabiyotini o‘rganish bo‘yicha haqiqiy ilmiy maktab yaratildi. Biz o‘zimizni G‘ulom Karimov shogirdi deyishdan faxrlanamiz. Ustoz va kelin ayamizning oxiratlari obod bo‘lsin.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 22-sonidan olindi.