Mirpo‘lat Mirzo. Shoir (2009)

Nashriyotlar joylashgan salobatli bino oldidagi ulkan ustunlar yonidan o‘tib zinadan ko‘cha tomon tushib borarkanman, uzoqdan Rauf aka kelayotganini ko‘rdim. Kuz kunlari edi. U — hamishalik kostyumida, qo‘lida hamroh portfeli. Qachon qo‘yilgani esimizdan chiqib ketgan soqol-mo‘ylabi o‘ziga yarashgan. Uni uzoqdan ham tanib olish mumkin, chunki sochlari oppoq edi. Qaysidir yosh shoir Rauf akaga bag‘ishlangan she’rlaridan birida uni «Sochlari oqargan go‘dak» deya ta’riflagan edi. Shoir uning qalbi beg‘uborligiga, ma’sumligiga ishora qilgan edi, albatta.
Rauf akaning ko‘zi menga tushgach, uzoqdanoq qo‘lini ko‘tarib, mamnunligini izhor qildi. Ko‘rishdik. Yuziga beg‘ubor tabassum yoyilgandi. Odati shunaqa: kim bilan to‘qnash kelmasin — xoh do‘st-birodari, xoh shogirdi, xoh shunchaki bir ko‘rgan tanishi, hatto butunlay notanish kimsa bo‘lsa ham, ko‘rishmoqqa chog‘lansa, yuziga ana shunday samimiy, mas’um tabassum yoyilar edi. Bundan u bilan ko‘rishgan odamning ham dili xufton bo‘lsa — yorishar, ko‘ngli g‘ash bo‘lsa, darhol g‘ashligi omonat muz kabi erib ketardi.
— Xo‘sh, yo‘l bo‘lsin, ustoz? — dedim men ham odatiy jilmayish bilan.
— Shu-shu-shu… — dedi Rauf aka labida tabassum o‘ynab. Bu, o‘zingiz bilasiz-ku, nima qilasiz so‘rab, degani edi.
— Ha-a, «ishxona»gami?..
— «Ishxona» yopilib ketganiga ancha bo‘lgan. Hozir faoliyatni «Mo‘minxona»da davom etti-ryapmiz…
— «Etimxona»ga ham borib turibsizmi?
— U yerga tushdan keyin o‘taman. Hozir bir-ikkita «darveshlar» bilan ko‘rishamiz…
«Ishxona» deganimiz, hozir yarmarka do‘konlari tushgan joydagi qahvaxona edi. Ancha yillar ilgari — Rauf aka ishlamay yurgan kezlarda (aslida biron-bir dargohda uzoq ishlamagan ham) uni hamisha o‘sha qahvaxonadan topsa bo‘lardi. «Qayerda ishlayapsiz» degan savollar joniga tegib ketgach, so‘raganlarga «ish joyim» deb o‘sha manzilni berardi. «Mo‘minxona» deganimiz esa nashriyotlar binosining yonboshiga tushgan oynavand qahvaxona edi. (Hozir u ham buzilib ketgan.) Qahvaxonada Mo‘min degan dilkash yigit ishlardi. Shu bois Rauf aka bu qahvaxonaga «Mo‘minxona» deya nom qo‘yib olgandi. «Etimxona» deganimiz Istiqlol xiyoboni yaqinidagi «Gazetalar binosi» biqiniga joylashgan qahvaxona edi. Uni Hakimjon degan yigit boshqarardi. Va shuning uchun u dastlab «Hakimxona» deya nomlangandi. (Bu nomni ham, albatta, Rauf aka qo‘ygan.) Nima sabab bilandir Hakimjon ishdan ketgach, qahvaxona yetim bo‘lib qolgan (to‘g‘rirog‘i uning doimiy mijozlari) va uni Rauf aka «Etimxona» deb qayta nomlagan edi.
«Darveshlar» esa ko‘ngli ko‘ngliga mos tushadigan shoirlar qavmi edi. Undaylar ba’zan-ba’zan yo‘l ustida yig‘ilib, Rauf akaning suhbatini qo‘msab, to‘planardilar.
Rauf aka bilan «hamshisha» bo‘lgan (u hamsuhbatlarini shunday deb hurmatlardi) har bir shoir yoki shogird uning lutflari zamiridagi ma’nolarni darhol anglar va, albatta, ustozning imo-ishoralarini ham tez ilg‘ab olardi.
— Ustoz, afsuski, shoshib turibman, yo‘qsa gurunglaringizdan bahramand bo‘lardim… — dedim uzr so‘ragan ohangda boyagi «shu-shu-shu…»dan «siz ham yuring», degan ishorani tuyib.
Yana lutfli tabassum bilan bir-birimizga «shu-shu-shu…»lab xo‘shlashdik. Rauf akaning ortidan qarab qoldim. Qadam olishlarida ayon bo‘la boshlagan yillar ta’sirini aytmasangiz, hali ham xush-xandon. «Bizlar turmush tashvishlariga tizzamizgacha botib yuramiz… U esa… xurram, g‘amsiz-kadarsiz hamisha. — Havas qildim ichimda. — Unga dard yuqmasa kerak. Xudo xohlasa, uzoq umr ko‘radi… Shundoq bo‘lsin, ilohim!..»
Lekin Rauf aka bilan ushbu qisqa uchrashuv so‘nggi diydor ekan. Yarim yillar o‘tgach, uning og‘rib qolganini eshitdim. Yana bir muddatdan keyin hayotdan ko‘z yumganligi haqida mash’um xabar tarqaldi.
Shunday odamlar bo‘ladiki, bir kun kelib ular ham dunyoni tark etishiga sira aqling bovar qilmaydi. Zero, ular nazdingda hech qachon dardga chalinmaydigandek, hech qachon dunyoni tark etmaydigandek tuyuladi. Go‘yo ular ketsa, yorug‘ dunyo huvillab qoladi, fayzini yo‘qotadi… Rauf Parfi ana shunday fayzli insonlardan edi.
Rauf Parfi ayniqsa yoshlar bilan qadrdon va qalin do‘st edi. Undan keyingi avlod orasida uning samimiyatidan bahramand bo‘lmagan shoir topilmasa kerak. Men ham ana shunday yoshlar qatorida edim. Ilk kitobim chiqmay turib ustozning e’tiboriga noil bo‘lgandim. Unga bag‘ishlab she’r ham yozganman. Uni birinchi kitobimga kiritganman. She’rning saviyasi qandayligini bilmadim-u, lekin, har qalay, Rauf akaga bag‘ishlangan birinchi she’rlardan edi. Keyin yosh shoirlar tomonidan unga ko‘plab she’rlar bag‘ishlandi. Rauf aka bu holga ba’zan istehzoli mutoyiba bilan: «Ko‘rasizlar, kelajakda men ularni to‘plab bir kitob qilaman!..» — derdi. Bu davrlar sururidan ko‘ngil beixtiyor entikadi va xotiralar yanada teranlashadi: «Shoir Rauf Parfi nomini qachon eshitganman o‘zi?..»
Haqiqatan ham Shoir nomini ilk bor qachon eshitganman? Ha, esladim. Talabalik yillarimda. «Sharq yulduzi» jurnalida uning bir dasta she’rlariga ustoz Asqad Muxtor «Oq yo‘l» tilagandi.
Yomg‘ir yog‘ar, shig‘alab yog‘ar,
Tomchilar tomchilar sochimga.
Yomg‘ir yog‘ar, shig‘alab yog‘ar
Ham qayg‘umga, ham quvonchimga.

Mana shunday satrlar bilan boshlanuvchi she’r biz, she’riyat shaydolarini o‘ziga tamomila sehrlab qo‘ygandi. Eh, u davrlar! Bir yoqda Abdulla Oripovning o‘tli misralari, bir yoqda Erkin Vohidovning dilbar satrlari! Ana shunday muxlis talosh bir paytda she’riyatning zangor ufqlarida Rauf Parfi nazmining harir epkinlari urilgandi ko‘ksimizga!
Ushbu yangi nom keyinchalik sazovor bo‘lgan shuhratu olqishlarni bir yoqqa qo‘yib turaylik. Men to hanuz mazkur she’r ta’sirida yuraman.

Yomg‘ir yog‘ar, shig‘alab yog‘ar,
Men unga ochaman bag‘rimni.
Yomg‘ir yog‘ar, shig‘alab yog‘ar,
Asta unutaman yomg‘irni.

Har gal men bu she’rni yodga olganimda umrimning bokira pallasi, bahor yomg‘irlariga ro‘para turgan damlarimni eslay boshlayman. Tegramdagi butun borliq sharros yomg‘ir suvlariga chayilib shaffoflangandek tuyuladi. Ko‘nglimdan g‘uborlar arib, ruhim tiniqlashadi.

Yomg‘ir yog‘ar, shig‘alab yog‘ar,
Oxir meni asir etar ul.
Yomg‘ir yog‘ar, shig‘alab yog‘ar,
Yog‘a boshlar qog‘ozga ko‘ngil.

Bu aynan mening she’rim edi. Go‘yo bu she’rni men yozishim kerak edi. Axir, bahor kechalari uyqum qochgan tunlar bu yomg‘ir qo‘shig‘ini tinglagan emasmidim? Hali qo‘limga qalam olmagan, oq qog‘oz betiga satr bitishga jur’at qilmagan paytlarimda ayvondan turib uning ajib taronadek ohanglaridan sehrlangan, bu ismsiz nashididan mast bo‘lgan men edim-ku!
Talabalik yillari paxtaga chiqqan davrimizda gulxan atrofiga tizilib ko‘nglimiz osmonidagi shoirlar she’rlarini o‘qiganimizda bu she’r takror-takror yangragan.
Qo‘limda Rauf Parfining mo‘jazgina: «Karvon yo‘li» (1968), «Aks sado» (1970), «Tasvir» (1973), «Xotirot» (1975), «Ko‘zlar» (1977), «Qaytish» (1978), «Sabr daraxti» (1986), «Sukunat» (1989), «Tavba» (2000) va «So‘nggi vido» (2006) kitoblari…
Kattakon bir jild shaklini olmagan ushbu kitoblarda betakror shoirning qalb tuyg‘ulari, iztiroblari, hissiyoti va tafakkuri naqshlangan.
Zamon tabiati, davr fe’li qiziq. Qo‘limdagi jajji, mo‘jaz, muqovalari odmi, ko‘rimsiz to‘plamlarni bugun kitob rastalarida yarqirab turgan qalin nazmiy majmualarga xayolan taqqoslayman. Aksariyati nomi hali qulog‘imizga chalinmagan shoirlarniki. Ular orasida saylanmalar, jildliklar ham ko‘zga tashlanadi… Shunchalik ko‘rkam nashr etilganiga qaramay, nega bu kitoblar she’riyatimizda voqeaga aylanmayapti? Yoki she’rshunos va she’riyat muxlislari kamayib ketdimikin?
Lekin o‘tgan asrning 60-70-yillarida chop etilgan she’riy to‘plamlar-chi?! Ularning har biriga adabiy tanqid, qolaversa, adabiy jamoatchilik o‘z e’tiborini qaratar, aniq-ravshan munosabatini bildirar edi.
Qo‘limda 20 sahifadan iborat «Aks sado» to‘plami. Undagi har bir she’r tiniqligi, badiiy yuksakligi bilan yurakni lol qoldiradi:

Derazamga uriladi qor,
Jaranglaydi jarangsiz kumush.
Derazamga uriladi qor,
Qor singari oppoq bo‘ldi tush.

Bir ajoyib qor yog‘ar bu kech,
Uchib tushar mening yonimga…
Men-ku seni o‘ylamasman hech,
Sen tushasan ammo yodimga…

Bu she’rni ta’riflab o‘tirish ortiqcha. Chashma suvlaridek tiniq tuyg‘ular suratidir bu she’r…

Tong otmoqda. Tong o‘qlar otar,
Tong otmoqda, quyosh — zambarak.
Yaralangan Yer shari yotar,
Boshlarida yashil chambarak…

Subhidam. Shabnamlardan ko‘tarilgan hovur to‘p tutunidek ko‘tariladi. O‘qlar — quyosh va uning nurlari. Ana shu nurlar Yerni yaralagan. Yer shari ana shu damlarni ko‘rish uchun bahor libosini kiyib, boshiga gullardan chambarak taqib yasangan edi. Lekin subhidam go‘zalligi uni hushidan ayirdi va u quyosh shu’lasi tig‘laridan yaralanib, yiqildi…
Shoirning mana shu singari qalb va ruh olamidagi mo‘jiza yoxud kashfiyot yanglig‘ she’rlari o‘zbek she’riyatiga yangi, betakror ovozli iste’dod kirib kelganligidan dalolat berdi.
Darhaqiqat, uning ovozi hech bir shoirnikiga o‘xshamagan edi. Ayni paytda unda Usmon Nosir ruhini, Hamid Olimjon sururini, Cho‘lpon g‘ussasini, Oybek zakosini tuyish mumkin edi.
O‘tgan asrning 60-70-yillari o‘zbek she’riyati uchun eng muzayyan palla bo‘ldi. Bu hodisaning hayotbaxsh omillarini bugungi kun adabiyotshunosligi chuqur o‘rganishi kerak. Zero, o‘sha davrda Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Omon Matjon, Halima Xudoyberdiyevalar o‘zbek she’riyati maydonida bo‘y ko‘rsatdilar. Ana shular qatorida Rauf Parfining o‘rni alohida edi.
Bu davrda yuqorida nomlari zikr etilgan shoirlarning kitoblarigina emas, matbuot sahifalaridagi har bir chiqishlarini muxlislar izlab o‘qirdilar. Va ayni mana shu muhitda XX asr o‘zbek she’riyatining yuksak nuqtalarini belgilagan «O‘zbegim», «O‘ylarim», «Bahor» she’rlari yaratildi.
Ba’zan nima uchun bu jarayon sustlashdi degan o‘yga boraman. Shaxslar ijodi susaygani tufayli sodir bo‘ldimi bu hodisa yoki unga boshqa ijtimoiy omillar — jamiyatdagi mafkuraviy o‘zgarishlar, cheklashlar va boshqa turfa ko‘zga ko‘rinmas moneliklar tufayli yuz berdimikin bu holat?
Meni ko‘pincha mana shu muammo o‘ylantiradi.
Zero, yorqin iste’dod dastlab mash’aldek yarqirab ko‘rinadi, keyinchalik esa uning shu’lasi xiralashib boradi. Bu — iste’dod sohibining turmush bilan ro‘para kelgandagi mashaqqatlari, toliqish¬lari tufaylimikin?
Nega Navoiy ijodida zaif, bo‘sh, shunchaki yozilgan she’rni uchratmaymiz? Nega Bayronda bu hol sodir bo‘lmagan? Nega Chingiz Aytmatov umrining so‘ngiga qadar ijod yalovini baland ko‘tarib o‘tdi?
Yoki ular ijodda omadi chopgan insonlarmi? Yoki alohida iste’dodmi ular? Yoki favqulodda shaxslar edimi?
Xususan, Navoiyning ilk yozgan g‘azali bilan so‘nggi g‘azali orasida badiiy yuksaklik jihatidan tafovut bo‘lganmi?
She’riyatimiz, umuman, adabiyotimiz jarayoni kechmishiga nazar tashlaganimda ba’zan ko‘nglimda ana shunday savollar tug‘iladi.
Yana Rauf Parfining «Aks sado» kitobiga qaytsam… Undagi shunday satrlar alohida e’tiborni jalb etadi:

Bir qushcha sayraydi mening ruhimda
Men sening ismingni bilmayman, qushcham…

Shoir yashab o‘tgan umri davomida, zero butun ijodiy faoliyati davomida mana shu qushcha ismini bilishga, uning sayrashlaridagi mazmunni anglashga intilib yashadi.
Shoirning «Tasvir» kitobi 60 sahifalar atrofida. Bu to‘plamda uning tafakkur ko‘lami kengayib, hissiyotlari chiyralganiga, falsafiy mushohadasi teranlashganiga shohid bo‘lamiz.
Shoir davr tug‘yonlarini dadil qalamga oladi. Uning ijodida jahon she’riyatining yorqin yulduzlari — o‘zi e’tiqod qo‘ygan shoirlar: N.Hikmat, P.Neruda, R.Tagor she’rlariga xos ohang-lar va yapon she’riyatining yorqin qirralari ko‘rina boshlaydi.
Shoir o‘sha davrga nisbatan yuragidagi isyonni zohir etish uchun imkon axtaradi, turli badiiy vositalarni ishga soladi.

Sabolarda o‘ynaydi navo,
Ariqlarda suv oqadi shan.
Ohanglarga to‘libdir havo,
Benavosan, nechun yolg‘izsan?

Bu benavolikning siri nimada? Nega lirik qahramonning ko‘nglini gul bargi ham, she’riy tun ham o‘ziga maftun etolmaydi? Balki go‘zal kitoblardagi ertangi kunga bo‘lgan ishonch rom etar:

Ufqlarda yoniq afsona —
Olgin Erkin Vohid she’rlarin.
Yo‘q, baribir lirik qahramon ko‘nglidagi g‘ussa arimaydi. Uni hech narsa aritolmaydi. U qanday g‘ussa edi? Shoir «ruhida sayrayotgan qushcha» mahzunligi sababini ochiq bayon qilmaydi. Mana shu badiiy yechimi bilan u o‘quvchini fikrlashga undaydi, o‘z ko‘ngli tublariga chuqurroq nazar solishga da’vat etadi.
60-70-yillarda xalqimizning milliy ruhiyati asosan she’riyatda yorqin ko‘rindi. Jumladan, A.Oripovning «O‘ylarim» she’rida shunday satrlar bor:

Ko‘z oldimda shu qadarli pok edi olam,
Go‘yo nurdan yaralgandi inson degan zot…

Rauf Parfiga ham bu iztirob begona emas:

Har narsa sof edi, har narsa porloq,
Go‘yo go‘zallikdan iborat olam…

Ushbu o‘rinda bu kechinma qaysi shoir qalamidan avval to‘kildi ekan, degan o‘y ham kechadi. Zero, yaxshi she’r yaxshi she’rga turtki berishi, qanotlantirishi she’riyat tarixidan ma’lum.
Rauf Parfi o‘z dardlarini dunyoviy miqyosga olib chiqadi. Jumladan, «Vatan haqida Bernd Ientsga maktubim» she’rida shunday satrlar bor:

Ular qog‘oz yuziga pul yozardilar…
Ular ona tilin unutadilar taxtchasining yonida.
Ular aldoqdan, sharbatdan, qip-qizil go‘shtdan
Qasru imoratlar quradilar bemalol…

Shoir bu dardlariga tasalli topolmaydi, illo chorasizligini «Gamlet» she’rida shunday ifoda qiladi:

Qonlar oqmoqdadir, so‘nmoqdadir nur,
Turibsan-ku davr bilan betma-bet.
Nahot iztirobda doim tafakkur?

Shoir ruhiyatidagi g‘alayon tinmaydi. Lekin yorug‘ manzil qayerda? Balki ufqlardan naridadir? Shoir xayollari uni har qaylarga yetaklaydi.

Qattiq urinaman ufqdan nari,
Alvon uzra muzlab turar nigohim.
Oyog‘im yurmaydi yurganim sari,
Ona yerga botib qolgan oyog‘im…

Bu o‘rinda Usmon Nosirning bir paytlar yozgan she’ri yodimizga tushadi.

Yo‘lchiman, manzilim dengizdan nari,
Lojuvard ufqning tubiga yaqin…

Rauf Parfi ruhidagi iztirobli kechinmalar o‘z mavridi bilan she’rlariga ko‘cha boshladi. Erk, Istiqlol, Turkiston mavzusi ijodida teranlashdi.
Sho‘rolar siyosatidagi bir yoqlamalik, Kompartiya sha’niga hamdu sanolar shoirni qattiq taajjubga solar, yuragidagi dardlarini zohir etishga mutlaqo izn bermasdi. Mana shu jarayonda shoir ijodida turkum-turkum she’rlar paydo bo‘ldiki, ulardagi misralarda ehtiros kuchli bo‘lib, fikr ana shu ehtiros tubida qolib ketar va uni oddiy she’rxonning anglab olishi amri mahol edi.
Ana shu pallada shoir murakkab bir yuksaklikka ko‘tarildi. Chamamda, u endi oddiy she’rxonni emas, zamonni teran anglaydigan, tafakkuri Vatan taqdirini mushohada eta biladigan, erktalab, hurriyat shabadalariga ko‘ksini dadil ochgan ziyoli qavmni nazarda tutib she’rlar ijod qila boshladi. Va to‘plamlaridan birini «Sabr daraxti» deb nomlagani ham bejiz emas.
Sho‘rolar siyosati baravj bir davr — o‘tgan asrning 60-70-yillarida o‘zbek shoiri O‘zbekistonni Vatanim deb kuylashi, xususan, uning o‘tmishini ulug‘lashi, xalqning orzu-armonlaridan, yo‘qolib borayotgan o‘zligidan gap ochishi mumkin emasdi, bu tuyg‘u darhol milliy mahdudlikka yo‘yilar va bu muallif boshiga malomatlar yog‘dirardi.

«Ishq so‘zidan kuydi bulbul maskani»,
Til bilan kuylanmas ona-Vatanim,
Men seni kuylamoq istayman faqat.

Ushbu she’r 1967 yilda bitilgan. Uning zamiridagi shoir dardiga bir zum quloq tutaylik. Qo‘shtirnoqqa olingan birinchi satr Alisher Navoiyga taalluqli ekanligiga shoir izoh bergan. Ya’ni, bulbul o‘z maskani — chamaniga bo‘lgan muhabbatini kuyib-yonib izhor etishi mumkin, lekin men seni hamisha kuylamoq istasam-da, kuylay olmayman (kuylashim mumkin emas), ona-Vatanim, deya nola qiladi shoir.
Chunki shunday davrlar bo‘lgandiki, yurt dardini qalamga olishga jazm etgan shoirlarning aksariyati, qatag‘onga uchrab, «xalq dushmani» deb e’lon qilingandi.

…Bu — xalq dushmani deb tutsalar bir kun,
Bari bir, u xalqning nomidan so‘zlar.

Boshida qora qish, oppoq bahorlar,
Yuragi yarimu butun imoni,
Talotum olamni shivirlab chorlar.

Tani omonatdir, naqd erur joni.
Ko‘krak qafasida lovullab porlar
Buyuk muhabbatning dardli nishoni.

«Shoir» she’ridan.

R.Parfi zabun tuyg‘ular to‘fonini kechib, «tafakkuri iztirobda» yurgan pallalarda ruhida kuylayotgan qushcha ismini tanigandek bo‘ladi. Bu «sabr daraxti — qutlug‘ Turkistondagi» erksizlik sitamlaridan bag‘ri xun, Hurriyat sog‘inchidan yuragi munglig‘ qushcha edi. Bu qushcha uchun najot qayda? Uning yuragidagi mahzun navolar qay ma’voda taskin topadi? Barhavo saltanat bag‘ridami? Oltinnaqsh taxt yaqinidami? Yo‘q, u ko‘krak qafasini har qanday ma’vodan afzal biladi. U to‘yib-to‘yib kuylasa, bas…
Zero:

Yurak deb atalgan og‘riq bu — najot,
Ko‘krak qafasimiz — najot qal’asi.

O‘tgan asrning 80-yillarida bitilgan ushbu satrlar o‘zbek she’riyatidagi e’tiqodlar to‘qnashuvining avj nuqtasi bo‘lganligini bugun yorqinroq his etamiz.
Shoir ijodiy izlanishlari davomida jahon she’riyatidan ko‘p narsa o‘rgandi. Men o‘zim Rauf akaning mutolaa iste’dodiga ko‘p bor shohid bo‘lganman. Esimda, bir vaqtlar Do‘rmondagi Ijod uyida birga dam olganimizda Rauf aka kutubxonadan 2-3 ta qalin kitoblar ko‘tarib chiqdi. G‘arb rassomlari hayotidan yozilgan romanlar edi, chamamda. «Bu asarlarni ilgari ham o‘qiganman, shu kunlarda uyqumning mazasi yo‘q, yana bir marta ko‘rib chiqmoqchiman», degandilar. Va ikki-uch kunda ularni qayta o‘qib chiqqandilar.
Rauf akaning yana bir fazilati o‘qigan kitoblarini do‘stlariga sovg‘a qilishni yaxshi ko‘rardilar. (Bu chindan ham noyob fazilatmi?) Jahon mumtoz shoirlarining she’riy to‘plamlarini hotamtoylik bilan hadya qilib yuboraverardilar! O‘zida bunday jasorat bo‘lmaganlar hamisha uning bu himmatidan lol qolardi. Lekin o‘sha lol qoluvchi kitobparastlar to‘plagan kitoblarini o‘qirdilarmi-yo‘qmi — bu, albatta, bizga qorong‘i. Lekin Rauf aka hadya qilgan kitoblarini allaqachon ko‘ngliga jo qilgan bo‘lardi. Shu boisdan ham uning she’riyatida turli xil uslublarni uchratamiz. U o‘z ijodiga sarbastni, yapon she’riyati uslublarini, sonetni dadil olib kirgan shoir edi. Biroq bu uslublarning barchasi she’rlarida mukammal bo‘y ko‘rsatdi, muxlislariga hamisha manzur bo‘ldi, deyish qiyin.
Zero, bir paytlar alloma adib Asqad Muxtor shoirning «Sabr daraxti» to‘plamiga yozgan so‘zboshisida: «…she’rlariga sarin musiqiylik bag‘ishlay oladigan shoir og‘ir mavzularga qo‘l urganda sarbastga murojaat qilib, ba’zi shakliy shartliliklardan o‘zini xoli qilib oladi… Sarbast uni negadir ko‘pincha deklamatsiyaga sudrab ketadi», degan edi.
«Xokkular» esa she’riyatimizga tabiatan singishib ketmaganligi bilan (garchi shoir uni «Tuyg‘ular» deb nomlagan esa-da), uning ijodida unchalik muvaffaqiyat qozonmadi. Ayni shu o‘rinda bir narsani alohida ta’kidlash kerakki, Rauf Parfining ushbu «izlanish tajribalari» ko‘p shoirlar uchun «yuqumli» bo‘ldi va she’riyatda yuqorida ta’kidlaganimiz singari uslublar «urchib» ketdi. Bugungi kunda ular «modern she’riyat» degan nom ham oldi.
Shoir o‘z tuyg‘ulari, dardi, iztirobini sonet uslubida yozilgan she’rlarida teran va mukammal ifodalay oldi. Ana shu qirrasi bilan jahonning eng katta shoirlari ila bellasha oladigan mavqega ko‘tarildi. Jumladan, «Ko‘zimning g‘orida parchinlangan ko‘k» misrasi bilan boshlanuvchi sonetda shunday satrlar bor:

…Sen yolg‘izsan bu dunyoda, sevgilim,
Cheksiz chidamimning sinchlari sindi.

Cho‘nkaygan cho‘qqidan so‘rayman seni,
Qarigan bahordan seni so‘rayman.
Topgil, deyman Mening Buyuk Sevgimni.

Er tishlab so‘rayman, so‘ng bor ko‘ray man,
Chaqinlar jimlikka chaqar jismingni.
Ko‘kning sinig‘iga seni o‘rayman.

Bu satrlar shoir she’riyatining hech qachon zavol bilmaydigan yuksak san’at darajasiga ko‘tarila olganligiga dalolatdir. Lekin yoshlarning Shoir ijodidagi mana shu jihatga — sir-sinoatga kam e’tibor qaratishlari ajablanarlidir. Zero, uning ijodidagi turfa ohanglarga ergashgan singari sonetni ham o‘zlashtirish mumkindir. Lekin unga jo bo‘ladigan dardni-chi?! Afsuski, bunday Dard Yaratgan tomonidan ato etiladi.
Rauf Parfi bir umr ana shunday Dard to‘lqinlarida yashadi. Lekin uzzu-kun bu qadar zalvorli Dardni ko‘tarib yashash osonmi?! Shu boisdan Shoir o‘ziga ba’zan «dam berar» va ana shu paytlarda «darvesh»ga aylanar edi. Bunday kezlarda u qushdek yengil, hazil-mutoyibaga moyil, ko‘nglida g‘am-g‘ubordan asar ham yo‘q insonga evrilardi. Ne tongki, xuddi ana shunday hollarda ko‘rganligi uchun ham shoirni oddiy odamlar «g‘am-g‘ussaga begona banda» deb biladilar. Aslida g‘am-g‘ussaga, turmush tashvishlariga begona bo‘la bilmoqlik oson emas. Buning uchun shoir ta’maga, boylikka, yolg‘on dunyo tashvishlariga qo‘l siltay olmog‘i zarur.
Rauf akaning bunday xurram holatlariga ham men ko‘p bor duch kelganman. Yodimda. Kunlardan-bir kuni bolalar shoiri Safar Barno, yozuvchi Zohir A’lamlar bilan Rauf aka yashaydigan xonadonga (umri davomida bunday xonadonlar — oila go‘shasi uning uchun bittagina bo‘lmadi) uni yo‘qlab borgandik. Uy bekasi bizni lutf bilan kutib oldi. Darhol dasturxon tuzaldi. Bu asnoda uy sohibasi Rauf akani ham mayda-chuyda yumushlar uchun bir necha bor bezovta qildi: bolani ushlab turing, dedi, mehmonlarga choy quyib bering, dedi… Bildikki, Rauf aka anchadan buyon uyga qamalib qolgan. Mavridi kelganda Zohir aka tagdor hamdardlik bilan so‘radi:
— Rauf, ahvollaring qalay o‘zi?..
— Shu-shu-shu… — dedi tabassumini lab uchida tutib Rauf aka. Bu uning «Nima qilay — chorasizman!..» degani edi. Bir payt uy sohibasi oshxonada o‘ralishayotgan damda Rauf aka daf’atan yorildi: «Amallab meni bu yerdan olib chiqib ketinglar!» U deyarli mo‘ltirab boqdi. Uning «dardini uqqan» do‘stlar — bir nimani bahona qilib, Rauf akani ham tashqariga chorladik. «Tezda qaytish» sharti bilan uy sohibasidan ruxsat tegdi. Rauf aka biz bilan tashqariga chiqarkan, zina yo‘lagida xonadoni eshigiga o‘girildi-da, uyiga qarab: «Qafasdan chiqqan qush qaytib kelurmu!..» — deb xitob qildi. Uning bu «xitobidan» hammamiz gurros kuldik. Albatta, buni biz hazil deb o‘ylagandik. Yo‘q, hazil emas ekan. Rauf aka shu ketganicha uch-to‘rt oy yo‘q bo‘lib ketdi. Keyin bilsak, umuman, shahardan bosh olib chiqib ketgan ekan…
Rauf aka bilan bir marta Vodiyga safar qilganimiz ham esimda. Qaytgach, safar taassurotlarini o‘rtoqlashayotganimizda «Yo‘l uzoqlik qilmadimi, toliqmadingizmi, Rauf aka?» deya kimdir luqma tashladi. Rauf aka pinagini buzmay: «Toliqishga ulgurmadik, yo‘l ikki shishalik ekan», — deb javob qildi. Bu — ikki shisha bo‘shaguncha manzilga yetib oldik, degani edi…
Emishki, bir kuni Rauf aka katta qalam haqi olib, uni nashriyot binosida uchragan shoirga ulashayotganmish: «Mehmon qilganlarining qarzi» yoki «Bir kuni mehmon qilarsan, — deya, — qarzga…» Unga tengqur shoirlardan biri qo‘lidan pulni olarkan, bir zum yuziga tikilib qolibdi. «Ha, nima bo‘ldi?.. Oling, olavering!..» — debdi Rauf aka. U shoir esa hamon uning yuziga tikilgancha: «Nega kam?..» — dermish.
Shoirlar ichida shunaqa noshukurlari ham yo‘q emas. Hotamlik qilsang, nega sidqidildan qilmayapsan deya yoqangdan tutadiganlari ham uchrab turadi.
Rauf Parfi betakror shoir edi. Uning she’riyatiyu hayotiga, turmush tarziga taqlid qilgan yoshlar ko‘p bo‘ldi. Lekin ular bu borada ham muvaffaqiyatsizlikka uchradilar. Rauf Parfi esa hayot bo‘ylab chamanzorda gul tanlab yurgan oshiqdek tamanno yurishida davom etaverdi… Ustozlardan biri, Raufday beg‘ubor, musichadek beozor qalbli insonning yuragida shu qadar dolg‘ali iztiroblar bo‘lishiga to hanuz lol qolaman, degandi.
Hech bir shoirning she’riyatini mutlaqo benuqson, ideal she’riyat deb bo‘lmaganligi kabi Rauf Parfining turmush tarzini ham barchaga ibrat namunasi, deb ko‘rsatib bo‘lmaydi.
Uning aksariyat she’rlarida tog‘ shalolalaridek tiniq, zangor tuyg‘ular jilva qilgan bo‘lsa, ba’zan «o‘ylab topilgan» qabilidagi g‘am-g‘ussalar ham yo‘q emasdi. Ijodi davomida uning billur irmoqmonand she’rlari g‘alayonli iztiroblar daryosiga aylandi. Shu bois ba’zan uning dastlabki she’rlari, ya’ni:

Yoz kechasi. Osmon-falakda
Kunduzning kitobi o‘qildi.
Tars yorildi qovun palakda,
Oltin shaftolilar to‘kildi…

singari satrlariga oshufta bo‘lsak, dam qayta-qayta o‘qish jarayonida tug‘yonli alam-faryodlari tajassumi bo‘lgan:

Abadiy koinot birla qolaman,
O‘lsam chirqiraydi ovozim tanda.
Eng yangroq yulduzni uzib olaman.
Ezilgan, xo‘rlangan bargman tubanda,
Yolg‘iz o‘zim — xalqman, o‘zim — olomon.

Men shoirman axir, shohman, ey banda… singari misralarning sehrli girdobiga tushib qolganligimizni sezmay qolamiz.
Shoir dunyoga nima uchun keladi? U dunyodan nima orttiradi? U dunyoga nima qoldiradi?.. Bu mangu savol hammani o‘ylantirib kelgan. Toabad o‘ylantiradi ham.
Rauf Parfi ijodi borasida ham bu savol yangrashi tabiiy. Lekin bir narsa aniqki, u ijodi zamirida Hayotga muhabbatini izhor etib umrguzaronlik qildi, Vatanini kuyladi, Istiqlolni e’zozladi, beg‘araz yashab o‘tdi. Shak-shubhasizki, undan tiniq tuyg‘ular, yoniq dard, hassos she’riyat meros bo‘lib qoldi. Va bu mulk hech qachon o‘lmaydigan adabiyotimizda she’riyat qadrini baland tutish uchun hamisha xizmat qiladi. Bugungi kunda esa, ayniqsa…
Shoir oxirgi to‘plami «So‘nggi vido»ni ushbu misralar bilan yakunlagan:

Xayr, shivirlagan, singragan bayot,
Xayr, zahmatlarda chirpingan xalqim.
Xayr, she’riyatga ko‘milgan hayot.

Shunday. Shoirning hayot bilan vidolashganiga to hanuz ko‘nikolmasak, ne ajab!

«Yoshlik» jurnali, 2009, № 4