O‘zbek mumtoz adabiyotida o‘zini buyuk san’atkor Alisher Navoiyning shogirdi va u zot yaratgan ajoyib maktabning davomchisi, deb hisoblagan shoirlarning son-sanog‘i yo‘q. Ular orasida yaqinda tavalludining 150 yilligi keng nishonlanadigan Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqat alohida o‘rin tutadi. Zotan, to‘qqiz yoshligidayoq shoirlar sultoni Navoiy hazratlari asarlariga maftun bo‘lib, o‘sha kunlarda hazratni tushida ko‘rib, undan “oq fotiha” olib, o‘ziga xos tiniq mazmunli mo‘jazgina baytini bitgan Zokirjondan bo‘lak o‘ta iqtidorli shoirni madaniyatimiz tarixi bilmaydi.
Mana, shoir keyinchalik “Turkiston viloyatining gazeti”da raqam qilgan o‘sha ajoyib kunlar va voqealar tasviri: “Chun umrum shohidi to‘qquz parda orqasidin chehra ko‘rguzdi, Amir Alisherning turkiy devonlarikim Navoiy laqabdur, zabonim qushi ul xirmandin donachin o‘ldi.
Ul hangomalarda voqeai ajab ro‘ydod bo‘ldi, ya’ni bir kechakim, ul jum’a kechasi erdi, tush ko‘rdum. Bir chorbog‘e emishdurkim, eram gulshani andin nishona bo‘lg‘ay. Sabzalar va ko‘b toza gullar havuz yaqosida, suffai dilnishin gunogun bisotlar birla orasta erdi. Man ul jannatsaro gulistonda har tarafg‘a tanho kezar emishman. Vaqteki bog‘ning bir go‘shasida bir daraxt uzasig‘a chiqib, meva termoqqa mashg‘ul erdim, nogoh bir zebosurat yigit paydo bo‘lub, payg‘om yetkardi. Dedikim: bir jamoa ulamolar sizni suhbatlarig‘a taklif qilurlar. Bul xabar istimoidin filhol men ul daraxtdin tushub, aning rafoqati birla mahalli ijtimo’g‘a mutavajjih bo‘ldum. Borub ko‘rdum: ul suffayekim zikr o‘linmish erdi. Anda ko‘p ulamolar davra olib o‘lturibdurlar va xossa yuqorida uch mo‘ysafid farishtasifat kishikim, huzurlarida katta kitoblar yozilg‘on, bir-birlari birla munozara qilurlar. Va men pastda qo‘l bog‘lab salom qildim (Furqat tushida bu uch farishtasifat mo‘ysafidni ko‘rgani bejiz emas. Zotan, “Ahvolot”da bayon qilinishicha, bo‘lajak shoir o‘sha vaqtga qadar Sa’diy Sheroziy, Mirzo Abdulqodir Bedil va Alisher Navoiy devonlari bilan tanishib ulgurgan edi — Sh.Yu). Ul azizlardan biri javobi arzan tutub, chaqirib, ul majlisdin joy ko‘rsatdilar. Adab zonus birla o‘lturdim. Tahsilimdin savol qildilar. Amir Navoiy deb ta’ziman javob berdum. Ul aziz ishorati birla bir kishi mening oldimg‘a bir kitob yozib qo‘ydi. Ul kitob Amir Navoiyning “Chor devon”lari ermish. Andin mening qo‘limg‘a qalam va qog‘oz berib, har qaysilari bir misra’din bayt aytdilar. Men yozib tamom qildim ersa, hammalari qo‘l ochib haqqimda duo qildilar va she’r mashqig‘a ruxsat berdilar. Ul vaqt qulog‘img‘a xurusi sahari xurushi yetishub, bedor bo‘ldumki, subh chog‘i bo‘lmish. Ko‘nglimg‘a nazar solsam, subhdin musaffou ko‘zgudin mujallo erdi. Vuzu aylab, bomdod namozi uchun masjidg‘a bordim. Ba’d az adoyi salovat maktabg‘a kirib, ustozim hazratg‘a bu voqeadin bayon ayladim. U kishi muborak ta’birlar aytib, dedilarkim: ey farzand, ul yuqorida ulturg‘on aziz Amir Alisher Navoiy va o‘zgalari soyir shuarolar bo‘lg‘ay. Sening zotingg‘a alardin madad yetib, ilmi ash’ordin bashorat bermishlar, muboraking o‘lg‘ay. Zihi maymanatmaob xob ko‘rmishsan, deb jabnimdin bo‘sa ayladi. Bu kalomi farhatanjomdin ko‘nglimg‘a toza masarratlar yuz qo‘ydi.
Bir kun dabistonda tanho qolib kitobat qilur erdim. Noxostdin ko‘nglum ganjinasig‘a bir mazmun jilvagustar o‘lub, fikrim bikridin bir bayt zoda o‘lundi. Filfavr tahrir nizomig‘a chektim, bu erdiki bayt:
Mening maktab aro buldur murodim,
Xatimdek chiqsa imlou savodim.
Chun bu fard baytni ustodim nazarig‘a yetkardum, ko‘b istehsonlar aylab, haqqimda duoyi xayrlar qildi».
Furqatning matbuotda e’lon qilingan «Ahvolot»idan olingan yuqoridagi lavhaning alohida ibratli ikki jihati bor. Bular, avvalo, Alisher Navoiyning oq fotihasi, ikkinchidan, mahalla masjidi qoshidagi oddiy maktabning oddiy domlasi bo‘lmish Muhammad Olimning o‘z shogirdi tushiga munosabati bilan bog‘liqdir. Hazrat Navoiyning oq fotihasi to‘qqiz yoshli bolakayning haqiqiy karomatga duch kelganini, keyinchalik bu karomat o‘zini to‘la-to‘kis oqlaganini ko‘rsatadiki, bu jihat o‘quvchida oliy diniy e’tiqodni mustahkamlashga xizmat qiladi. Mulla Olim domlaning shogirdi tushiga munosabati esa, sho‘ro davri mafkurachilarining go‘yo Turonzamindagi eski maktablarda «vazava-vazava, ot to‘rva»dan boshqa narsa o‘rgatilmasdi, ulardagi domlalar o‘z shogirdlariga o‘ta beshafqat, chalasavod kishilar edi, degan qabih tuhmatlari qanchalar asossiz bo‘lganini ko‘rsatuvchi yorqin dalillardir.
Domlasining oqilona munosabati Zokirjonning kelgusidagi butun faoliyatida, ayniqsa, buyuk Navoiy an’analarining betakror davomchisi va kamol toptiruvchisiga aylanishida alohida ahamiyat kasb etgan.
Dastlabki vaqtlarda hazrat ijodiga taqlidiy munosabatda bo‘lgan, keyinchalik esa, pog‘onama-pog‘ona yuksalib, o‘z buyuk ustozi bilan bemalol musobaqalashish darajasiga yetgan Zokirjon Furqat ijodining bu jihati ko‘p tomonlama va murakkab bir jarayonni tashkil etadi. Uzoq davom etmagan taqlidiy yondashuv davrida Furqat Navoiy qo‘llagan tayyor timsol va tashbehlarni, she’riy san’atlarni olib, ularga o‘zicha oro beradi, o‘quvchida yangi tuyg‘ular paydo qiladigan chizgilar kiritadi. Lekin Navoiyga shogirdlikning o‘sha ilk davridagi ma’lum darajada taqlidiy ijod namunalari ham uning o‘zigagina xos ulkan iste’dodi, aruz vazni sirlaridan puxta xabardorligi tufayli kattagina ta’sir kuchiga, ehtiroslarga ega bo‘lgan va oddiy she’riyat ixlosmandlarinigina emas, balki o‘sha davr peshqadam ijodkorlarining ham e’tiborini qozongan, ularda havas tug‘dirgan, hatto Furqat Navoiy g‘azallariga qilgan tatabbulariga taxmislar bog‘lanishiga olib kelgan hollar ham bo‘lgan. Shu o‘rinda Furqatning Navoiy g‘azallaridan biriga qilgan tatabbusini misol keltirish mumkin. Hazratning «o‘lturg‘usi» radifli ajoyib g‘azali keng o‘quvchilar orasida alohida shuhrat topganidan tashqari, o‘z zamonasining eng yetuk bastakor va xonandalari qalbiga o‘t solib, tez orada shuhratiga shuhrat qo‘shilganligi ma’lum. Yosh shoir Zokirjon buyuk ustoz merosiga mahliyo bo‘lib, uni kecha-kunduz tinimsiz mutolaa qila boshlagan yillarda ham “O‘lturg‘usi” qo‘shig‘i katta-katta davralarda Farzinxon, Makaylik, Abduqahhor, Madumar hofiz singari farg‘onalik xonandalar, Mulla To‘ychi hofiz, Abdulla bulbul taxlitidagi Toshkent xonandalari tomonidan zavq-shavq bilan ijro etilar edi. Hazrat Navoiy devonlarini mutolaa qilar chog‘ida Furqat e’tiborini jalb etgan g‘azallarining biri ham “Badoyeul vasat”dan o‘rin olgan xuddi shu “o‘lturg‘usi” radifli g‘azal edi. G‘azal “Chor devon”ning uchinchi kitobiga kiritilganining o‘zi ham noyob san’at namunasi hazrat kamolot cho‘qqisiga ko‘tarilgan bir asnoda yaratilganidan dalolat beradi. Shunga qaramay, Zokirjon Furqat o‘z “Ahvolot”ida qayd etganidek, Muhyi, Muqimiy, Zavqiy, Nisbatiylar bilan birgalikda Qo‘qon adabiy muhitida ijod etgan qizg‘in damlarda yosh shoir buyuk ustozining xuddi shu g‘azaliga tatabbu bitishga jazm qilganligining o‘zi, ayniqsa, e’tiborga loyiqdir. O‘sha vaqtda 25 — 27 yoshlarda bo‘lgan Furqatning bu tatabbusi Qo‘qonda ham, undan olis-olislarda ham shunchalik keng shuhrat topadiki, o‘nlarcha yirik xonandalar uni eng suyukli xonishlaridan biriga aylantirib oladilar. Yanada xarakterli bir jihat shuki, Furqatning buyuk zamondoshi va eng qalin do‘sti Muqimiy “o‘lturg‘usi” radifli g‘azaliga taxmis bog‘lashga kamarbasta bo‘larkan, buyuk Navoiy g‘azalini emas, balki o‘z qalamkash do‘stining bu g‘azaliga qilingan tatabbusini tanlaydi. Muqimiyning bu ishidan u o‘z yosh do‘stini Navoiydan ham ortiq ko‘rgan edi, degan xulosa chiqmaydi, albatta. Uning bu tantiligida Zokirjon Furqatni buyuk Navoiyning eng iste’dodli, eng munosib davomchilaridan biri sifatida mardona tan olganini ko‘rish mumkin, deb o‘ylaymiz.
Zokirjon Furqatning o‘zi esa, daho ustoz merosining eng noyob namunalariga qayta-qayta murojaat etib, o‘quvchi tasavvurini lol qoldiradigan benazir timsollar topishga, hazrat Navoiydek tengsiz qalam sohibi bilan eng yaxshi ma’noda musobaqalashuvga unnab ko‘radi. Endi u Navoiy nazmida cho‘qqi hisoblangan qanchadan-qancha timsollarga yangicha munosabatda bo‘la boshlaydi, ularning daho ijodkor asarlarida pinhon qolgan yangi-yangi qirralarini ochish darajasiga yetadi.
Hazrat Navoiyning “aylab” radifli shoh g‘azallaridan biri qariyb besh asr mobaynida qanchadan-qancha azamat shoirlarni lol qoldirganining, ular buyuk ustozning bu g‘azaliga necha-necha taxmislar, tatabbular qilganliklarining hisobiga yetish ham amri maholdir. Ammo ana shu ijod mahsullari orasida Zokirjon Furqat bog‘lagan taxmis bilan bemalol raqobat qiladigan biror asar topilmasa kerak. Chunki Furqat taxmisida har bir band go‘yo hazrat Navoiy qalbidan kechgan, ammo o‘quvchilardan ma’lum darajada pinhon qolgan g‘oyat zarur va nozik tuyg‘ularni o‘quvchi tasavvurlarida hayratomuz bir mahorat bilan gavdalantiradi. Mana, g‘azal matla’i bo‘lmish ilk bayt:
Tun oqshom keldi kulbam sori ul gulruh shitob aylab,
Xiromi sur’atidin yuz uza xaydin gulob aylab.
Ko‘rinib turibdiki, hazrat Navoiy mahbubaning tun oqshomdagi shitobkorlik bilan, vujudi terga botgan tarzda oshiq kulbasiga kirib kelish holatidan gap boshlaydi. Lekin Furqatni mahbuba oshiq kulbasiga kirib kelguniga qadar uning sevgilisi qay alfozda bo‘lganini o‘quvchiga ko‘ratish ham juda-juda qiziqtiradi va gapni xuddi shundan boshlaydi:
Ko‘ngilda orzuyi vasli ul oliyjanob aylab,
Yotib erdim firoq anduhi jonimg‘a azob aylab,
Banogoh gul yuziga sunbuli zulfin niqob aylab…
Binobarin, mahbuba oshiq kulbasiga kirib kelguniga qadar firoq anduhi joniga azob bergan oshiq uning vaslini aztahidil orzu qilib yotgan bir alfozda, yana sunbul zulfini gul yuziga niqob qilgan holda, buning ustiga to‘satdan kirib kelgan. Taxmisning boshqa bandlarida shoh g‘azalga yanada mukammallik baxsh etuvchi, noyob timsollarni tiniqlashtiruvchi, mohiyatini yangicha ko‘rish bilan o‘quvchining “Ofarin!” deyishiga sabab bo‘luvchi benazir misralar mohirlik bilan payvandlangan. Furqatning betakror san’atkor sifatidagi kuchi shundaki, u Navoiy yaratgan eng ko‘rkam timsollarning ham yangi tomonlarini ochishdan, kerak bo‘lganida ularni inkor etib, ularga yangicha mohiyat kiritishdan cho‘chimaydi. Buni Navoiyning xuddi shu g‘azalidagi:
Quyoshdek chehra birla tiyra kulbam aylagach ravshan,
Menga titratma tushti zarra yanglig‘ iztirob aylab —
baytiga Furqatning munosabatida, ayniqsa, yaqqol ko‘rish mumkin. Oshiqning qorong‘u kulbasiga quyosh chehrali mahbuba kirishi bilanoq u iztirobdan zarra yanglig‘ titratmaga tushishi bilan bog‘liq dohiyona, tengsiz timsol har qanday zabardast shoirni ham hayrat maqomida qoldirishi, bu taassurot uni necha-necha kechalarni bedor o‘tkazishiga sabab bo‘lishi tushunarli bir holdir. G‘azalni o‘qigan Furqat ham shu alfozda bo‘lganini mantiq taqozo etadi. Biroq Furqatning Furqatligi shundaki, u har qanday hayrat maqomini yenga oladi, ma’lum fursat o‘tgach, u holatdan chiqib, eng hayratomuz jihatlarga ham bosiqlik bilan qaraydigan, ular mohiyatini makammal tushunib, yangi jihatlari haqida o‘ziga xos fikr yuritishga yetadigan qudrat va iste’dodini namoyish etadi. “Aylab” radifli g‘azalga taxmis boylagan Furqat o‘sha bayt oldiga yana uch misrani ko‘rkam payvand etadiyu biz yuqorida keltirgan bemisl timsol bilan bellasha oladigan timsol yaratish ishini keyinroqqa qoldiradi. Bu hayratomuz timsolga u:
Jomai zarkash kiyib, ot o‘ynatib chiqsang nigor,
Bo‘lmag‘aymu zarradek xurshidi xovar beqaror —
matla’li g‘azalida murojaat etganini ko‘ramiz. Endi Furqat har qanday ijodkorni hayrat maqomida qoldiradigan yuksak cho‘qqini egallaydi. Hazrat Navoiy baytida quyoshchehra mahbuba oshiq kulbasiga qorong‘u kechada kirib kelishi oshiqni ojiz bir zarradek titroqqa solgani haqidagina gap boradi. Furqatga kelsak, mahbubani quyoshga, oshiqni zarraga o‘xshatish ham shoirni qoniqtirmaydi. Buni qarangki, Furqat tasviridagi mahbuba zarrin libosda, samandini o‘ynatib chiqarkan, olamni nurga to‘ldirib turgan quyoshning o‘zi zarradek beqaror titroqqa tushadi.
Buyuk shoirning boshqa ko‘plab betakror ijodiy timsolariga ham Furqat mohiyat e’tibori bilan ulardan butunlay farq qiladigan, o‘quvchi titroq qalb bilan qabul qiladigan yangiliklar kiritadi. Navoiyning bir g‘azalidagi:
Ey Navoiy, bordi deb ahbob ta’jil etma ko‘p,
It kibi men irishib ul korvonni boraman —
degan benazir timsol ham Furqat qalami qudrati bilan yuksaklikka ko‘tarilganining, yangicha kuch-qudrat kasb etganining guvohi bo‘lamiz. Unda Navoiy o‘z lirik qahramonini do‘stlar tomonidan tashlab ketilgan, biroq vafodorligi tufayli o‘sha do‘stlar karvonini ko‘zlab borayotgan it timsolida tasvirlab, o‘quvchilar aqlini lol qoldirganligi ma’lum. Ana shu betakror timsol Furqatning butun halovatini yo‘qotib, kecha-kunduz xayolini band etadi. Furqat o‘z buyuk ustozi yaratgan o‘ta hazin timsol bilan bellasha oladigan, uning yangicha talqinini yaratadigan timsol yaratish uchun bir emas, bir necha yil fidoyilarcha mehnat qilgan ko‘rinadi. Zotan, shoirning turli davrlarda yaratgan turli g‘azal va muxammaslarida bu noyob tisolning turlicha tovlanishlariga duch kelamiz. Mana, ularning ba’zilari:
Sagi avvora yanglig‘ bormog‘im qayda bilolmasmen,
Qachon bo‘lg‘ayki topgayman yo‘qotgan korvonimni.
* * *
Adashgan it kabi Furqat qayon borg‘um bilolmasmen,
Qachon bo‘lg‘ayki topgayman xabar yoru diyorimdan.
Bu ikki baytdagi karvonidan adashgan ovvora it timsolining o‘zida yangiliklar bor, albatta. Negaki Navoiy baytida tasvirlangan ayanch ahvoldagi itning oldida u qoralab borishi mumkin bo‘lgan karvon mavjudligining o‘zi it qifasida tasvirlangan lirik qahramon uchun ma’lum darajada yengillik tug‘dirishi turgan gap. Lekin sinchkov Furqat bu yangilik bilan cheklanmaydi. qayta-qayta qilingan og‘ir mashqlar shoirning o‘zini ham hayratga soladigan kashfiyotlarga olib keladi. Mana har qanday o‘quvchi qalbini larzaga soladigan o‘sha bayt:
Yugursam har tarafg‘a ayb qilmanglar bu vodiyda,
Misoli telba itmen korvonidin adashganman.
Buni qarangki, Furqatning oldingi baytlaridagi karvonidan adashganiga urg‘u berilgan oddiy it timsolidagi lirik qahramon endi butun vodiyning u boshidan bu boshiga sarsari yuguruvchi telba it holatida namoyon bo‘layapti. Bunday dahshatli manzarani Furqatchalik tengsiz kuch bilan, bu qadar betakror tasvirlagan boshqa bir san’atkorni o‘zbek she’riyati tarixi hanuz bilmaydi.
Buyuk Navoiy maktabidan olingan bu bebaho saboqlar, buning ustiga Furqatga Allohning o‘zi ato etgan tengsiz iste’dod uni san’atkor sifatida juda ham yuksaklikka ko‘tarib yubordi. Endi u faqat Navoiygina emas, balki butun Sharq adabiyoti gigantlari yaratgan, buyuk kashfiyot darajasidagi timsollarning yangi-yangi qirralarini ochish, hatto butunlay rad etish orqali, g‘oyat betakror, ta’sir kuchi benazir timsollar yaratishda o‘ziga zamondosh eng yirik san’atkorlardan ham ilgarilib ketadi. Masalan, mahbuba chehrasini gulga, lolaga, qaddini shamshodga, jannat daraxti to‘biga, raftorini tovusga tashbeh etish orqali o‘quvchi qalbini rom etuvchi manzaralar yaratish, asrlar davomida mumtoz adabiyotimizda ko‘rkam an’ana bo‘lib kelgan. Biroq Furqat bu an’ana doirasini dadil yorib chiqadi, o‘sha an’anaviy tashbehlar asosida yaratilgan g‘oyat ta’sirchan timsollarni rad etish, ularning ayni aksi bo‘lgan timsollar olamini o‘z o‘quvchilariga taqdim etish yo‘li bilan hayratomuz kashfiyotlar qiladi. Mana, shunday tisollar namunasi bo‘lgan bir g‘azalning ikki bayti:
Bengzar nechun ruhingga sahro yuzinda lola,
Qolg‘on qazo cho‘lida bir qon yuqi piyola.
To‘big‘a etti tashbeh, jono, qadingni vosif,
Bilmay bu bog‘ sarvin bengzartti eski tola.
She’riy parvoz, shoirona idrok yuksakligini qarangki, ne-ne benazir mahbublar chehrasiga tashbeh etish iftixor hisoblangan yal-yal yonib turgan lola buyuk Furqat qalami kuchi bilan qazo cho‘lidagi qon yuqi piyola shaklini olsa, mahbuba qaddini jannat og‘ochi to‘biga tenglashtirish ne-ne shoirlar uchun kashfiyot hisoblangani holda, Furqat sevgilisining benazir qomatini to‘biga o‘xshatishni asl nafosat timsoli bo‘lgan sarv daraxtini eski, chirigan tolga tenglashtirishdek nomaqbul bir ish, deb hisoblaydi.
Furqat buyuk Navoiydan tashqari ham ko‘hna Sharq she’riyatining azaliy namoyandalaridan o‘rganib, yana buning ustiga Olloh ato etgan tug‘ma iste’dodi ko‘magida yaratgan ko‘rkam timsollarning, bu timsollarda yaqqol namoyon bo‘lgan asl shoirona parvozlarning chegarasi, haddi-hududi yo‘q. Ular hali ko‘plab yangi-yangi tadqiqotlarga mavzu bo‘lishi muqarrar, deb o‘ylaymiz.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 42-sonidan olindi.