Begali aka bilan suhbatdosh bo‘lgan kishi ajoyib kitob o‘qigandek bahra olardi. Domla birov bilan tanishiboq darrov ochilib gaplashavermas, suhbatdoshi savollariga imkon qadar javob berib, uni obdon bilib olishga harakat qilardi. Biror masalada fikr so‘rasangiz hayajonga berilmay, bilganlarini chiroyli qilib aytar va sizni mamnun etardi. Nutqi ravon, ko‘p kitob o‘qiganlari bois, ulug‘ allomalarning purma’no so‘zlariga boy bo‘lardi. Bu odat domlaning nimaniki so‘zlamasin, avval yaxshi o‘ylangan va puxta bo‘lishiga amal qilib o‘rganganidan dalolat berardi. Ustoz ortiqcha, jo‘n gaplarni tilga olmasdi.
* * *
Domla ilmni qadrlar, igna bilan quduq qazgandek zahmat chekib, tadqiqotlariga manba to‘plagani Qrim, Qozonu Ufadan tortib, Turkiya, Olmoniyaga qadar safar qilgandi. Ayni chog‘da, qadim Turkiston kentlari bo‘ylab sayohat qilishni ham xush ko‘rardi. Qirq yilcha burun Ozod aka, Umarali aka va O‘tkir aka bilan birga yuk mashinasi kabinasida og‘ir tog‘ yo‘li orqali O‘shdan Badaxshongacha borib qaytishgan. Buni biz O‘tkir Hoshimovning shu safar taassurotlari bitilgan essesidan o‘qib bilganmiz.
Odatda biror uzoq-yaqin safarga borar bo‘lsak, domlani ham xabardor qilardik. Ekologiya harakati avj olgan paytlar telemarafonga hozirlik ko‘rayotib, Qarshidan Amudaryogacha borishga to‘g‘ri keldi. O‘shanda, domla jiddiy tadqiqotlar bilan bandligi bois ekologiya masalasiga vaqt ajratolmasa kerak deb, o‘zimiz “indamay” safarga chiqibmiz. TV rejissyorlari Qarshi va Qoraqum kanallari boshlanadigan joylarni tasvirga olaylik, deyishdi. Qurilish tashkiloti samolyot ajratdi…
Bir gurungda domlaga shu haqda aytib qoldik. Samolyotda Amudaryoga borganimiz, so‘ng oqim bo‘ylab yuqoriga — Kelif tomon uchganimiz, chegarachilar ruxsat bergan joygacha borib, daryo manzaralaridan zavqlanib, tasvirga olganimiz haqida so‘zladik. Domla qiziqib tinglab: “Xo‘sh, u yog‘ini ham aytinglar-chi”, deb qoldi. Qoraqum kanali boshlangan joyni aylanib, uning o‘zani bo‘ylab uchganimiz, shu joyda Amudaryoning suvi sahro qumliklariga singib, katta-katta ko‘llar hosil qilgani, ulardan oqib chiqadigan “bir qultum” tiniq suvgina kema suzadigan kanalga tushishini aytdik. Bu hol daryodan ming chelak suv olib, uning bir chelagini ichishday gap. O‘tgan asrning elliginchi yillari boshida sho‘rolarning “mohir” quruvchilari shunday ish tutishgan. “Orol ekspeditsiyasi” a’zolarining: “Bu, noyob suvni isrof qilish emasmi?”, degan savoliga gidrosozlar: “Yo‘q, bu — suvdan san’atkorona foydalanish. Loyiha mukammal tuzilgan”, deb javob berishgandi o‘shanda.
Pirmat aka ikkimiz shu haqda gapirib berdik, domla jim o‘tirib tinglardi. O‘shanda kanal trassasi bo‘ylab chamasi ellik kilometrlar uchib, Jayxun suvining to‘rtdan bir qismi behuda ketayotganiga guvoh bo‘lgandik. Shu jarayonni tasvirga olib, ortga burilgancha quyi oqim bo‘ylab ucha boshladik. Rejissyorlar Qarshi dashtining zovur suvlari Amudaryoga tushishini eshitgan ekan, uni ham tasvirga olamiz, deyishdi. Daryo bo‘ylab Chorjo‘y sari bir yuz ellik kilometr uchib, so‘ng aeroportga qaytishimiz kerak edi. To‘rt soatdan beri motori tinmay tarillayotgan samolyot ichida o‘tiribmiz. Quloqlar batang bo‘lsa-da, necha ming yillardan beri cho‘lu sahro bag‘ridagi el-ulusga ne’mat ulashib kelayotgan buyuk daryoning tengsiz orollariyu sohilbo‘yi manzillari ustidan uchib o‘tish zavqli ekanini aytganimizda, domlaning ko‘zlari quvnadi.
Daryo goh yoyilib, goh tor burumlarda ingichka tortib, Orolga intiladi. Goho bir katta irmoq ajralib, yana daryoga kelib qo‘shilganini ko‘ramiz. Termiz va Chorjo‘y oralig‘ida qatnayotgan yuk kemalari ulug‘ nahrning qadim manzarasini esga soladi. Sultontog‘ degan joyda daryo qayirlariga tushayotgan zovur suvlari tasvirga olindi. Shu yerdan Qarshiga burilamiz desak, uchog‘imiz yonilg‘isi yetmas ekan, samolyot Chorjo‘ydan yonilg‘i oladigan bo‘ldi. Tag‘in oltmish chaqirimlar uchgach, Chorjo‘y aeroportiga qo‘ndik.
So‘ng yo‘limiz Dengizko‘l osha davom etdi. Amu — Buxoro kanali suv oladigan joydan o‘tgach, ko‘z oldimizda qirg‘oqlari olis katta havza namoyon bo‘ldi. Buxoro zovurlari suvi tushadigan bu sun’iy havza ustidan o‘n besh daqiqacha uchdik…
Begali aka taassurotlarimizni qiziqib tinglagach, “Ey, nomardlar, shunday reja bor ekan, nega aytmadilaring?”, deb ginaxonlik qildi. Kelifdan Chorjo‘ygacha Amudaryo ustidan samolyotda uchib o‘tish imkoni tasodifan — Pirmat akaning viloyat rahbariyatida ishlovchi do‘stlari himmati bois tug‘ilib qolganini aytib, izoh berdik. Baribir Begali aka gapni hazilga burdi:
— Yo‘q, sizlar atay shunday qilgansizlar! O‘zlaring bizni aytmay, rosa tomosha qilibsizlar. Bu hisob emas, safarni qaytadan boshlanglar. Biz ham boraylik.
Domlaning shu o‘kinchi bois hayratib oshib so‘radim:
— Siz ham Amudaryoni sevarkansiz-da, a?!
— Nima desam ekan?! Qiziquvning asl sababi Avloniyning “Afg‘on sayohati” xotiralarida. 1919 yil iyul oyida sho‘rolar topshirig‘i bilan Afg‘onistonga yuborilgan vakillar safida Avloniy ham bo‘lgan. Ular Chorjo‘ydan Karkigacha daryo orqali bormoqchi bo‘lishgan. Avloniy RSFSR Tashqi ishlar xalq komissariati vakili N.Z.Brovinga muovin bo‘lib borgan. Biroq Chorjo‘yda eski bir kema va unga arqonlar bilan bog‘langan barjaga tushgan ellikdan ortiq odamga — ularning ichida rasmiy vakillardan tashqari askarlar, afg‘on hukumati vakillari, vataniga qaytayotgan hindistonlik hamda yevropaliklar ham bo‘lishgan — ular Burdaliqqa yetganda Karkidagi ruslar vahshiyligidan norozi bo‘lib, “Yo najot, yo o‘lim”, deya isyon ko‘targan turkmanlar hujum qilishadi. Brovin va Ivanov Avloniyni turkman beklari bilan gaplashgani jo‘natadi. Avloniy, hindistonlik Zikriyo afandi va oq bayroq ko‘tarib olgan tarjimon Abdulmatlab afandi turkmanlar huzuriga borishadi. Beklar ularni izzatlab kutib olishadi, vaziyatni tushuntirishadi. “Karkida ruslar bizlarga ko‘p jabru zulm qildi, bir necha beklarimizni tutib o‘ldirdi. Uylarimizni yondirdi. Bola-chaqamizni ham o‘ldirmoqdan toymadi… Shu bois biz Chorjo‘y tarafindan kelgan paroxo‘dni o‘tkazmaslikka qaror qilganmiz. Elchiga o‘lim yo‘q! Sizlarni boshimizga ko‘taramiz. Ot ila, aroba ila, bir qo‘ndurib, ertasi kun Afg‘oniston chegarasiga yetkazamiz”, deb iltifot ko‘rsatishadi. Turkmanlar kemada Karkidagi buzg‘unchilarga yordam uchun o‘q-yaroq olib ketilayotgan bo‘lishi mumkin, deb xavfsirashgan ekan. Avloniy boshliq uch “elchi” bu gapni kemadagilarga yetkazib, “yo taklifga ko‘nish, yo ortga qaytish” fikrini aytganida janob Brovin ko‘nmaydi: “Askarimiz, qurol-yarog‘imiz yetarli, turkmanlarni yorib o‘tib ketamiz”, deb olg‘a suzishga buyruq beradi. Biroq daryoning torroq joyiga kelganda turkman beklari har ikki tomondan siquvga olib, kemadagilarni tutday to‘ka boshlaydi. Hatto bir o‘q kemaning bug‘ qozonini shikastlaydi. Kema to‘xtab qolib, oqim kuchi bilan qiyshayib, ortga burila boshlaydi. Ular zo‘rg‘a qochib ulgurishadi… So‘ng Chorjo‘ydan Kushkaga qadar poyezdda, u yerdan Hirotgacha va undan so‘ng turli rabotlar orqali o‘tib, otlarda Kobulga yetib olishadi. Vakillarni Afg‘onistonning o‘sha paytdagi yosh amiri Omonullaxon qabul qilib, muzokara olib boradi. Shundan so‘ng Avloniy 1919 yilning 28 sentyabridan 1920 yilning iyuligacha Hirotda bosh konsul bo‘lib turadi. “Afg‘on sayohati”ida yozganidek, bu safar Avloniydagi bolsheviklar hukumatiga bo‘lgan shubhani kuchaytirib yuboradi. O‘zlarini haqiqatchi, deb jar solgan rus bolsheviklarining sobiq chor generallaridan qolishmasligiga u amin bo‘ladi…
Abdulla Avloniyning “Ma’naviyat” nashriyoti chop etgan ikki jildli “Tanlangan asarlari”ni Begali aka to‘plab nashrga tayyorlagan va qariyb sakson sahifali “Oq tonglarni orzulagan shoir” sarlavhali so‘zboshi yozgan edi. Domla mazkur iqtiboslarni bejiz keltirib o‘tmagan ko‘rinadi: “Oh, na insoniyat, na barobarlik, na sotsialistik, na millat tafriq qilmaydurg‘on internatsionalistlar dunyo yuzinda topilarmukin? Balki bordur, topilur, lekin vujudi anqoning tuxumidek kamyob ekanlig‘in Afg‘oniston safariga chiqg‘onda aniq bildim. Afg‘onistongg‘a chiqg‘on besh hay’ati vakolaning ichida birgina musulmon man o‘ldig‘imdan har bir og‘ir mehnatlar, har bir kulfat va aziyatlar meni ustimga yuklandi… o‘rtoq Brovin Afg‘on tufrog‘iga o‘tgandan so‘ng o‘zini jenerol chor noil e’lon qilmish edi”.
Fikrimcha, domla shu xotiralar ta’sirida nimadir yozishni ko‘ngliga tukkan bo‘lsa ajabmas. Ehtimol, Amudaryoda suzib borayotgan kemani har ikki yondan isyonchi turkmanlar o‘qqa tutib, oldinga yurgani qo‘ymagan hamda Avloniyning ular huzurida bo‘lgan qisqa “elchilik lahzalari”ni biror nasriy asarda gavdalantirishni niyat qilib yurganu, buning uchun ko‘hna Jayxunning o‘sha sohillarini ko‘zdan kechirib, Avloniy boshidan kechirgan tuyg‘ularni aniq tasavvur etishga ehtiyoj bo‘lgan… Domla boshqa izoh bermagan bo‘lsa-da, uning mavzuga astoydil qiziqqani ayon sezilib turardi. Endi esa, bu bir armon bo‘lib qoldi.
* * *
Talabalik yillarimiz paxta yig‘im-terimiga chiqqanimizda doim jiddiy qiyofada yuradigan domla oqshomlari gulxan atrofida bo‘ladigan yoshlarning o‘yin-kulgi va mushoira anjumanlarida, kamdan-kam bo‘lsa-da, butunlay o‘zgarib, ajoyib she’rlar o‘qib, hammani qoyil qoldirgani xuddi kechagidek yodimizda. Anchayin bosiq-vazmin domla gulxan atrofidagi kechalarning birida Abdulla Oripovning “Men Yerevan ko‘chasida ozor qizin uchratdim…”, deb boshlanuvchi go‘zal she’rini maroq bilan aytganini tinglab, hayratga tushganmiz.
Avloniyning safariga doir o‘sha gurungdan so‘ng biror yoqqa boradigan bo‘lsam, albatta, domlaga ham aytadigan, vaqtlariga qarab birga safar qilishni taklif qiladigan bo‘ldim. 2003 yilning yoz oylari, rahmatli Nurilla Ahmedov: “Ancha toliqibsiz, vaqt toping, besh-olti kun Zomin tog‘lariga chiqib kelaylik”, deb qoldi. Bir oycha avval Qashqadaryoga ijodiy safarga birga borib qaytganimiz uchun Begali aka va Qozoqboy Yo‘ldoshevni ham taklif qildik. Juma kuni yo‘lga chiqib, payshanbada — gazetani sahifalash boshlangunga qadar yetib kelishni rejalab qo‘ygandik. Domla taklifni eshitib: “Bir-ikki soatlik darsim bor, dekanat bilan gaplashay-chi, o‘rin almashtirish mumkin bo‘lsa, albatta, boraman, tog‘ning musaffo havosini simirib, qimizga to‘yib qaytamiz”, dedi.
Nurillaxonning mashinasida Zomin tog‘i sari yo‘l oldik. Ismoil To‘xtamishev taklifi bilan “Tohir-Zuhra” yodgorligi ochilishiga borganimiz, o‘sha yerda viloyat hokimi bilan uchrashib qolganimiz haqida gaplashayotib, Begali akadan qishloqdagi hovli-joy masalasini so‘radim. Domla: “Hozircha hech gap yo‘q-ku”, deb qo‘ydilar. O‘sha safar chog‘i hokim buva ijodkorlar tashrifidan quvonib, viloyatda amalga oshiriladigan ulkan ishlar rejasi haqida so‘zlab bergan, so‘ng Kitobdagi ziyoratgohlarni tomosha qilib, dam olib ketishimizni taklif qilgandi. Gap orasida domlaning oynai jahondagi chiqishlarini maroq bilan tinglashini aytgan va tug‘ilib o‘sgan Denov qishlog‘ida o‘zining biror uy-joyi bor-yo‘qligini ham surishtirgandi. Domla: “Nafaqaga chiqsak, kelib turarmiz, deb biror imorat solish niyatimiz yo‘q emas, shunga ukalarga yer topinglar deganman”, dedi. “Yaxshi o‘ylabsiz. Har bir olimu ijodkorning o‘z tug‘ilib o‘sgan joyida, albatta, bemalol kelib-ketadigan, imkonga qarab to‘rt-besh kun turadigan joyi bo‘lishi kerak. Qolaversa, bolalaringiz katta bo‘lyapti, ular ota yurtidan uzilib ketmasligi kerak… Men tuman hokimiga aytib qo‘yaman, sizga qurilish uchun, albatta, yer berishadi”, dedi hokim.
Bu gaplarni eshitib, hammamiz hokimning e’tiboridan xursand ham bo‘lgan edik. Biroq rahbarlarning ishi ko‘p, vaqti oz, birda aytgan gapi, birda bergan va’dasi xayoldan faromush bo‘lishi yo buyurilgan odam ishni ko‘ngildagidek ado etmasligi bo‘lib turadigan hol. Hokim ziyolilar, ma’naviyat va ma’rifat ahliga nihoyatda e’tiborli bo‘lsa-da, o‘sha “gap”ni qaysidir yer o‘lchovchi biroz paysalga solgan ko‘rinadi.Oradan bir yildan sal ko‘proq vaqt o‘tib, domla bevaqt vafot etganlarida bildikki, marhum otalariga tegishli tomorqaning bir chetini chegirib uy qurishga ruxsat bo‘lgan ekan. Domla nihoyatda kamtar, ba’zilardek: “Menga u kerak, bu kerak”, deb atay rahbarlarni bezovta qilmasdi. So‘raganlariga suyunib yuraverardilar. Lozim ko‘rishsa, e’tiborga olishar, deb umid qilib qo‘ya qolardilar.
…Zominda har kuni tong-la atrofdagi baland qoyalarni qoplab yotgan asriy o‘rmonlarga chiqib ketardik. Osmonga bo‘y cho‘zgan quyuq archalar go‘zalligi bizlarni tamom sehrlar, manzaralar bahri dilimizni ochardi. Tabiat ulug‘vor, ko‘ngil erka hislarga limmo-lim, hayot zavqi so‘z bilan ifodalab bo‘lmas darajada. Domla dunyo ko‘rgan, ne-ne xorijiy ellarda bo‘lgan esa-da, moviy osmondagi oppoq bulutlarga, tepamizda soyadek osilib turgan viqorli qoyalarga uzoq tikilib qolar, archalar xushbo‘yidan yayrab nafas olarkan, ajib mamnunlik yuz-ko‘zlarini yashnatib yuborar edi. Ba’zan yurish qiyin bo‘lgan og‘ir so‘qmoqlarda bir-birimizga qo‘l berib, balandliklarni “ishg‘ol” etardik.
Tog‘ ustidan tevarakni kuzatish yanada gashtli edi. Pastda mavjlanib oqayotgan O‘riklisoy, o‘rmon uzra oppoq kemadek bo‘lib ko‘rinayotgan sihatgohlar, tog‘ning eng yuqorisidagi xalqaro observatoriya joylashgan supaga olib chiquvchi dovon yo‘li o‘ziga mahliyo etib, qalbingizni sehrli tuyg‘ularga chulg‘aydi. Shunday ulug‘ allomaning ona tabiat go‘zalliklaridan samoviy hislarga to‘lib-toshgancha faylasuf shoirga aylanib qolganini ko‘rish bundan-da hayratli edi. Quyiga enish yanada zavqli bo‘lardi. Bu yo‘lda bizning o‘z “Yasnaya polyana”miz bor edi. Biroz o‘tirib, nina barglilarga ingan shudringning zarrin oftob taftida erib, archa iforila taratayotgan xushbo‘yidan mast bo‘lardik.
Behbudiy, Fitrat va Avloniy yashab o‘tgan erk va ozodlik yo‘liga doir savollarimga domla kitoblarida yozib ulgurmagan izohlarni ham qo‘shib javob berar, bu buyuk zotlarning armonlarini o‘ziga singdirgan qalbi ilm ziyosi, milliy uyg‘onish zahmatlari bilan to‘lib-toshgan edi. Istiqlol yillarida Milliy universitetimizda milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti kafedrasini tashkil etib, unga rahbarlik qilib kelayotgandi. Hali bu borada ro‘yobga chiqarish, darslik va qo‘llanmalar yaratish bo‘yicha amalga oshiradigan ishlar taxlanib turardi. Domlaning fikru xayoli, tafakkur dunyosi mana shu ishlar, rejalar bilan band edi…
Boshqa so‘qmoqdan tog‘ning yanada balandroq joyiga chiqib ketgan Nurillaxon bilan Qozoqboy bizlarni ko‘rib, yuqoridan “oh-oy”lab tovush berishadi. Bu ovozlar tog‘ uzra ajib aks-sado qaytarar, biz ham ularga javoban yashil maydonchadan turib qo‘limizni silkiymiz. Ertalabki sayrdan so‘ng kuvida pishilgan sariyog‘ga toblangan qozon patir nonushtamizga fayz bag‘ishlaydi. Bir oz hordiq olib yo kitob mutolaa qilib, tushlik qilardik-da, topilsa toza qimiz ichib, yana tog‘ oralab qora tasmaday cho‘zilgan asfaltdan O‘riklisoygacha, undan yuqoridagi so‘qmoqlargacha ko‘tarilib, yangi-yangi manzillarni kashf etib qaytardik…
Salkam qirq yil talaba va yurtdosh, kitobu suhbatlaridan bahramand jurnalist, dolzarb mavzudagi ko‘pgina maqolalarini nashrga tayyorlab chop etgan muharrir, sayohatlardagi hamroh va shogird bo‘lib domlani bilganlarim ham bir bo‘ldiyu, Zomin tog‘larida kechgan o‘sha besh kun mobaynida bilganlarim bir bo‘ldi. Odam odamni, ayniqsa, safarda yaxshi tanib olarkan. Ko‘ngilni tushunish, qalbni anglash, go‘zallikni his etish, insonni yangidan kashf etishda sayohatdan qulay vosita yo‘qday…
* * *
2004 yil 24 sentyabr kuni erta tongda domlaning o‘g‘illari Behzod qo‘ng‘iroq qilib qoldi: “Dadamiz vafot qildilar, — deganida ichimda bir nima uzilib ketgandek bo‘ldi. — Hozir… hammamiz Kasbiga jo‘nayapmiz. Marosim Denov qishlog‘ida bo‘ladi. Iltimos, do‘stlariga bildirsangiz…”.
Go‘shakni qo‘ydimu joyimga behol o‘tirib qoldim. “Eh, attang! Nega bunday bo‘ldi? Hali oltmish ikki yoshga ham to‘lmagan edi. Bu yomon dard qaydan ham yopishdi? Olti oydayoq adoyi tamom qilib qo‘ydi. Atigi bir yil avval Zomin tog‘larining baland cho‘qqilariga qadar chiqib borganimizdagi g‘ayratlari qanday edi! Dunyo qiziq: ertaga nima bo‘lishini bilmaysan. Yelib-yugurib, tashvish tortib, o‘zingni o‘ylamay jon kuydirasan… va bir kuni, hech kutilmaganda…
O‘sha kuni ikki-uch soat kechi bilan jo‘nab ketganlarning ortidan Denov qishlog‘iga yetib bordik. Havo issiq edi. Ko‘chalarga suv sepilgan. Motam odamlar yuziga soya solgan. Tuman va viloyat markazidan domlaning muxlislari, qadrdonlari, el kayvonilari, rahbarlar kelib-ketib turishibdi. Shunday el sevadigan ulug‘ inson, katta allomaning vafot etganiga hech kimning ishongisi kelmaydi.
Men ilgari domla tug‘ilib o‘sgan uyni ko‘rmagan ekanman. Hozir unda ukasi turadi. Bir vaqtlar otalari yashagan o‘sha hovli oldida, aftidan, domla betob bo‘lib qolganlaridan so‘ng, tomorqaning bir chetini chegirib, tezlik bilan paxsadan uch-to‘rt xonali chog‘roqqina uy tiklanib, usti yopilibdi. Hali suvoqdan chiqarib ulgurilmagan. Eshik-romi kechagina qo‘yilgani kesakidagi loyning qurimaganidan bilinib turibdi. Domlaning vujudini shu uyning o‘ng tarafidagi xonaga olib kirishibdi. Shu yerga kirib, ma’yus bosh egdik. Biroz o‘tib, olisdan yetib kelgan qadrdon do‘stlariga domlaning yuzini ochib ko‘rsatdilar. Abadiy uyquga ketgan odamning sokin qiyofasi ko‘nglingizda g‘alayon qilayotgan tuyg‘ularni bosib qo‘yar ekan. “Bu hammaning boshida bor savdo. Bandasi o‘lim muqarrar ekanini hamisha his etib turishi va unga tayyor bo‘lib yashashi kerak!” Beixtiyor xayoldan shu o‘ylar kechdi.
Soat to‘rtlarga yaqin Toshkentdan Begali akaning kursdosh do‘sti va yaqin safdoshi Abdulla aka yetib keldi. Janoza oldidan xayrlashuv so‘zlari aytildi. Abdulla akaga ham so‘z berildi. Yaqin do‘stni so‘nggi yo‘lga kuzatayotib, bir so‘z deyish oson emas. Abdulla aka o‘zini bir oz tutib olib, vidolashuv so‘zlarini aytar ekan, shu kuni yo‘lda yozilgan she’rini o‘qiyotib, ovozi titrab chiqdi va odamlar bir qalqib olishdi.
Tonglarim tiyradir, oqshomlar purg‘am,
Bir-bir ketayotir jo‘ralarim ham.
Birovin yo‘lini kasallik to‘ssa,
Birovin yiqitdi g‘am bilan g‘ussa.
Boshiga tushsa ham qanchalik savdo,
Noshukur bo‘lmadi ular, ajabo!
Bildimki, nolishni nainki zamon,
Olloh ham yoqtirmas ekan hech qachon.
Domlani so‘nggi yo‘lga kuzatish marosimiga ko‘pchilik yig‘ildi. O‘sha yangi qurilgan-u, biroq egasini nochor holda kutib va kuzatib qo‘yayotganidan xijolat chekkandek mung‘ayibgina turgan paxsa uydan tobutni olib chiqayotganimizda ko‘zimga tirqirab yosh quyilib keldi. “Eh, biri kam dunyo! — Ko‘nglimdan o‘tdi. — Kim ham shunday bo‘lishini kutgan edi? Domla tug‘ilib o‘sgan ota yurtida ham o‘zlari orzu qilgandek qilib, yaxshigina uy-joy solib, unda eng mas’ud damlarini o‘tkazib, boy kutubxonasidagi kitoblardan shu uyga atalganlarini ham olib kelib, buyuk ustozlari Behbudiy, Fitrat va Avloniydek ma’rifatu ma’naviyat chirog‘ini yoqib o‘tirishni qanchalar istagan va o‘shanday lahzalar kelishiga astoydil ishonib, unga talpinib yashagandi. Lekin ulgurmadilar…”.
Domla ilm sohasida, milliy istiqlol uchun kurashgan jadid bobolarimizni ro‘yobga chiqarishda belni qattiq bog‘lab amalga oshirgan ishlari, yozib qoldirgan kitoblari, kamolga yetkazgan shogirdlari, odamlar qalbiga taratgan ziyosi shu qisqagina umr mobaynida uddalash mumkin bo‘lgan ishlarga ziyodalik ham qiladi. Biroq bu dunyodan kim ham armonsiz ketibdi, deysiz.
…Ko‘hna Nasaf bilan Mirishkorni bog‘lovchi katta yo‘l yoqasida necha asrlarga guvoh ko‘hna qabriston bor. Har safar yo‘lim tushganda shu joydan o‘tayotib, goh ichkari kirib, goho yo‘l ustida ustozning ruhlariga Qur’on tilovat qilib o‘tayotib, shu armonlar haqida o‘ylayman… Begali akaning bir necha avlod bobolari ham shu tuproqqa bosh qo‘yishgan. Otalari Abulqosim Muhammad Murod boboning turbatlari ham shu yerda. Ota yotgan tuproqqa uning poyidan joy so‘rab, farzand ham o‘z abadiy makonini topib keldi.
Bu manzil ilm ziyosidan bahramand avlodlar ziyoratgohidir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 38-sonidan olindi.