Til millatning qiyofasini ko‘rsatar va demakki, uning kimligini anglatar ekan, til uchun qayg‘urish qanchalik ahamiyat kasb etishini ta’kidlash ortiqchadir. Adabiyotning, xususan, nasr tilining milliy til taraqqiyotidagi o‘rni kattaligi hech kimga sir emaski, adabiyotshunos olim B.Karim to‘g‘ri ta’kidlaganidek, “O‘lik tilni tiriltiradigan ham, tirik tilni o‘ldiradigan ham yozuvchilardir”. Bunga misollarni istagancha keltirish mumkin.
“O‘zAS”da e’lon qilingan “Badiiy nasr tili va davr” mavzusidagi davra suhbatida bugungi kunda dolzarblik kasb etgan masalalar — milliy til, adabiyot tili, ularning o‘zaro munosabati, til ma’naviyati to‘g‘risida jiddiy fikrlar bildirildi.
Darhaqiqat, jonkuyar olim Q.Yo‘ldoshev ta’kidlaganiday, “…til buyruq bilan boshqarilmaydi. Lekin uni o‘z holiga tashlab ham bo‘lmaydi. Bu yerda adabiyot hal qiluvchi o‘rin tutadi”. Bugungi adabiy jarayondan o‘zini chetda bilmaganlar ayni masalaga jiddiy e’tibor berib, mas’uliyatni — So‘z mas’uliyatini chuqur his etganlarida, ustoz adabiyotshunos U.Normatov e’tirof etganiday, o‘tgan asrda ulkan missiyani bajargan — badiiy til tarixida tub burilish yasagan ziyolilar izini munosib davom ettirgan bo‘lardi. Adabiy jarayonimizda-chi?..
Bugun yoziliboq unutilgan, qayta tahrir maqsadida qo‘lga olinmagandek tasavvur uyg‘otadigan kitoblar ko‘p. Holbuki, daraxtdagi qushlarni sanagan Qodiriy, Navoiy davridagi Hirot xaritasi ustiga muk tushgan Oybek tajribalari bizga ko‘p narsani anglatishi lozimdek. “Yozayotganimda tinish belgilariga ham e’tibor beraman”, degan yozuvchilarimizdan yana biri Shukur Xolmirzayevdir.
Uning “Tabassum” hikoyasi har bir so‘z aniq, joyida ishlatilishi, qahramonlar nutqi ayni paytda o‘zlari haqida ma’lumot berishga xizmat qilishi, muallif nutqi juda kam, faqat zarur o‘rinlardagina qo‘llanilishi bilan diqqatga sazovor asardir. Yozuvchi qahramonlarini gapirtirib, o‘zining “xolis kuzatuvchi” printsipida qat’iy turadi.
“— Nima qilyapsan?
— Shu… Tongda ov…
— Ha-ha-ha!
— E-e!
— Shoshilma”.
Bu qisqa suhbatdan, bir qarashda, ko‘p narsa anglashilmaydi, ammo sinchiklab o‘rganilsa, matndan mard, tanti, o‘zining fojiali kelajagidan qo‘rqmay kulayotgan qo‘rboshining g‘oyatda xotirjamligi; quyonyurak, yuzsiz kimsaning shoshqaloqligi ko‘rinadi. Muhimi shundaki, matnda biror ortiqcha so‘z yo‘q, hatto tinish belgilari ham maqsadga aniq bo‘ysundirilgan.
Jamil boboning nevarasi Sadaf bilan suhbatida ham adib so‘zlarga qahramonlarning ichki kechinmalarini oshkor etish vazifasini mahorat bilan yuklaydi. Ayni paytda, biz muallifning bu bilan cheklanmaganini, bobo bilan nevaraning gap-so‘zlari millat ma’naviyatining nozik qirrasidan biri — andishani-da aks ettirishini ko‘ramiz:
“— Bobo!
— Gapir.
— Meni…
— Ayt.
— Mo‘min boboning kichik nevarasiga…
Chol ko‘zini ochdi.
— O‘zingning ko‘ngling bormi?
— Voy, men uni tanimayman ham.
Chol birdan yayrab tabassum qildi.
— Esa…
— Xo‘sh?
Chol ko‘zini yumdi.
— Bobojon…
— Mendan domangir bo‘lmanglar… O‘zlaring bilasizlar”.
Bu o‘rinda ham ko‘p nuqtalar ko‘p narsani anglatadi: o‘zbek oilasida bo‘y yetgan qiz oiladagi erkaklar bilan turli mavzuda ochilib gaplashavermaydi, ayniqsa, turmush masalasida so‘zlashishga oriyati yo‘l bermaydi. Ammo hikoyada vaziyat boshqacha: qiz najotni ota-onasidan topolmaydi, yolg‘iz ishongani — bobosiga so‘zlaganda esa uning sukuti (ko‘p nuqtalar) — aytolmagan gapi, andishasi, ibo-hayosidir.
Muallif esa uch o‘rinda ko‘rinadi: “Chol ko‘zini ochdi”, “Chol birdan yayrab tabassum qildi”, “Chol ko‘zini yumdi”. Bu uch harakat Jalil otaning nevarasi gaplariga munosabatni ko‘rsatadi: birinchisida savol, ikkinchisida qanoat, uchinchisida ilojsizlik alomati. Ko‘rib turganimizdek, yozuvchi bu holatlarni izohlab o‘tirmaydi, fikrlashni kitobxonning o‘ziga qoldiradi.
“Shu oqshom uyda, hovlida janjal bo‘ldi. Shokir baqirib xotinini so‘kdi. Xotini itni tesha bilan urib vangillatdi. Sadaf o‘zicha yig‘ladi”. Bu matnga biror so‘z qo‘shib ham, olib tashlab ham bo‘lmaydi. Boshqa ijodkor, ehtimol, Shokirning boloxonador qilib so‘kkanini, xotinining nimalar deb qarg‘anganini, Sadafning yig‘layotgandagi holatini batafsil tasvirlardi, ammo bunda tasvir Sh.Xolmirzayevning asaridagidek aniq chiqishi gumon bo‘lardi, ustiga-ustak, hikoya janri ko‘p so‘zlikni xush ko‘rmasligi adabiyot ahliga yaxshi ma’lum.
Hikoya yozuvchining mahoratini yana bir bor namoyon etib yakunlanadi: “Hammani dahshatga solgan narsa — uning yuzida qotib qolgan tabassum bo‘ldi”.
Adib o‘g‘lining manfaatparastligi, xushomadgo‘yligi, Mo‘min(lar)ning riyokorligi, xudbinligi, kengroq olsak, dunyoning bir kamligi ustidan kulayotgan — tabassum qilayotgan Jalil otaning holatini tasvirlash uchun so‘zlarni “qizg‘anadi”, ammo bundan biz — kitobxon zarar ko‘rmaymiz, aksincha, xulosani ixtiyorimizda qolirgan adibning mahoratiga tan beramiz.
Boshqa bir yozuvchimiz Ismoil Shomurodovning “Mag‘lubiyat” romani mavzuga yangicha — o‘ziga xos yondashilgani, eskicha qarashlar ta’siridan xoliligi bilan diqqatni tortadi. O‘tgan asrning birinchi choragida yurtimizda kechgan dolg‘ali voqealarning keskinligi, jamiyatdagi murakkab jarayonlar ishtirokchilarining hammasi yoppasiga aybdor, bosmachi yoki aksincha yurt uchun kurashgan fidoyilar bo‘lmagani, o‘sha paytda besh barmoq baravar hisoblanmaganini ishonarli tarzda ochib beradi. Umuman, asar syujeti, obrazlar tizimi haqida uzoq gapirish mumkin, ammo asarning tiliga kelganda so‘zlash oson emas. Zero, romanda tahrirtalab o‘rinlarning ko‘pligi, muallif bilan qahramon nutqining aksariyat o‘rinlarda birxilligi, imlo xatolarning serobligi kishini ranjitadi.
“Razzoq shiringina uxlab yotgan ekan, turtkidan uyg‘onib ketdi.
— Tur, — dedi onasi. — Bir gap bo‘lgan, shekilli. Shubhali ovozlar eshitilayapti. Darvozadan chiqib quloq sol-chi, nima gap ekan”.
Odatda, “shiringina” sifati “beozorlik, beg‘uborlik” ma’nolarini ham anglatgan holda go‘daklarga nisbatan qo‘llaniladi, nainki, nojo‘ya qadam bosib (shuning o‘ziyoq yigitlarning yosh masalasini, har holda, aniqlashtirib qo‘yadi), o‘lar bir ahvolda yotgan yigitning tengdoshi go‘dak ko‘rinsa! “Shubhali ovozlar eshitilayapti”, degan gapni ham, agar izlasak, detektiv asarlardan topamiz, ammo asardagi ayolning bunday so‘zlashiga ishonish mushkul, uning uchun “bemahal, bevaqt eshitilgan shovqin” bo‘lishi mumkin.
Tilimiz boyligi, bir so‘zning bir nechta muqobili borligi, ularning ma’no qirralari bir-biridan farqlanishi ko‘p tasdiqlangan. Akademik B.Nazarov e’tirof etganidek, “Shevalarimiz va lahjalarimiz shu qadar boyki, jahonning istagan xalqi bunga havas qilishi mumkin”. Masalan, “ayol” deganda umuman ayol zotini tushunsak, qiz, juvon, kampir deganda aynan bir ma’noni anglamaymiz, ya’ni bu so‘zlar yosh, ijtimoiy holat sifatida turlicha ma’nolarni bildiradi. “Mag‘lubiyat” romani qahramonlaridan biri Oysarani muallif ko‘p o‘rinda juvon deb ataydi, garchi bu ayol bir o‘g‘ilni katta qilib, uylantirgan, hamma uni “Oysara xola” (gohida muallifning o‘zi ham), ba’zilar kampir desa ham. Juvon deyilganda turmushga chiqqan, bir-ikkita farzand ko‘rgan ayolni tushunamiz, Oysara xolaning bitta bolasi borligi esa uni juvon deyishga sabab bo‘lolmaydi. Aytmoqchimizki, so‘z qo‘llashdagi beparvolik anchayin noo‘rinlikni keltirib chiqargan.
Bugun biror so‘z yoki jumla emas, butun-butun matnlari “ortiqcha”, semiz kitoblar xohlagancha topiladi. Unday bitiklarda til originalligi u yoqda tursin, mavzu yangiligi ham qahatdir.
Aytilganlar bilan so‘z san’atkorlaridan birini ko‘kka ko‘tarib, boshqasini qoralash fikridan yiroqmiz. Bir o‘quvchi, adabiyot ixlosmandi sifatida shu olamdagi yutuqlardan quvonib, qusurlardan ozorlanganimizni aytmoqchimiz, xolos. So‘zimizni ko‘p cho‘zmasdan, ma’qul kelgan iqtibos bilan yakunlamoqchimiz: “Kimdir Aleksandr Blokdan so‘rabdi: “Oxirgi paytlarda kam yozyapsiz. Rossiya tashvishda. Sizning ishlashingizga biror nima xalaqit beryaptimi?” Shoir unga: “Ha, menga Lev Tolstoy xalaqit beryapti”, deb javob bergan ekan.
Ba’zi “ijodkorlar”dan so‘ragim keladi: “Sizlarga Navoiy yoki Qodiriy qachon “xalaqit” beradi? (Muhammad Toshboltayev).
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 5-sonidan olindi.