So‘z oningdurkim, talabgoridur,
Aningdur guharkim, xaridoridur.
Alisher NAVOIY
Ma’lumki, Sharq mumtoz adabiyoti islom zaminida dunyoga kelgan tasavvuf ta’limoti bilan uzviy aloqadorlikda taraqqiy topgan.
Buyuk ozar san’atkori Husayn Jovid XX asr avlodini “mustabid avlod”, deb atagan edi. Uningcha, ushbu asrda aql kashf etgan qonun-qoidalar bashariyatning ma’naviy-ruhiy hayotiga farah va sevinch olib kela olmagan. Jamiyat yaratgan qonun-qoida, urf-odatlar insoniyatni mahkumiyat va tobelikning og‘ir, ezuvchan tazyiqidan, qalbni tanholik azobidan qutqarishga qodir emasdi. Darhaqiqat, bashariyat hayotda bosh ko‘targan yomonlik, razolat va ziddiyatlardan qutulish uchun ma’lum bir zaylda xayolga tutqun bo‘lgandi. Oxiri ko‘rinmas turg‘unlik olami, sovuq va achchiq haqiqatlarni unutish, yoddan chiqarish uchun taxayyul yakkayu yagona tasalli vositasiga aylanib qolgandi. Shu tarzda voqelikka yondashuv esa o‘z-o‘zidan faqat aldanish, ko‘nikishga yo‘l ochardi. Ammo aksariyat kishilar bu fojianing tub sababini mushohada etolmasdi. Chunki o‘shanda yarim ilmiy, yarim mafkuraviy bir xomxayolga do‘ngan “kelajak” tushunchasidan diniy mohiyat chetlatilgandi.
E’tiqod tuyg‘usini boy bergan shoir yerni ham, samoni ham, qalb va vijdonni ham bo‘m-bo‘sh ko‘radi. Va shu bo‘shlik bag‘rida o‘zini yolg‘iz his etadi. Axir, ichida yashayotgan olamda insonga ma’ni bag‘ishlab, uni muqaddas ma’nolarga ilhomlantiradigan, eng avvalo, Tangridir. Diniy mohiyatdan ajralgan koinot Fikrat haqqoniy ta’kidlaganidek, “kasofatan iborat bir modda olami” shakliga kiradi. Natijada, inson oliy haqiqatning bir zarrasini ham ko‘rolmaydi. Din va diyonat yo‘liga nechog‘li to‘siq qo‘yilmasin, mumtoz adabiyotmiz xalqimizni ma’naviy-axloqiy balo-qazolardan asrab-avaylashga yaqindan yordam bergandi. Chunki unda haq ishqi va irfon barqaror, demakki, barhayot edi. Har qancha noto‘g‘ri talqin qilib, yolg‘onlar to‘qilmasin, aytaylik, Navoiyni ulug‘ Naqshband shaxsiyati va naqshbandlik ma’rifatidan ajratish mumkin emasdi. Navoiy fikr-qarashlarining favqulodda baland maqomga yuksalishiga asosiy bir sabab ham ana shu. Navoiyda shunday bir bayt bor:
Er esang maqsudi asli ko‘zlagil,
Har nekim so‘zlarsen — ondin so‘zlagil.
Darhaqiqat, bu dunyoda nima qiyin — asl maqsadni aniqlash va anglash qiyin. Chindan ham bu uchun ma’rifat va tafakkur pahlavoni bo‘lish kerak. Ana shunda odam o‘zidan boshqa bir nimani emas, odamlikni talab qila boshlaydi. Xuddi shu ma’noda Navoiy bobomiz aytgan quyidagi fikr — hech eskirmaydigan durdona fikr:
Netarsen tilab har ajoyibqa yo‘l,
Ajoyib erur senda, ogoh bo‘l!
Lekin insonni zohiriy go‘zallik baribir ko‘proq qiziqtirib, botindagi ajoyibotlarni kashf qilishga nisbatan tashqi dunyo go‘zalliklari uni ortiqroq sehrlagan. Insoniyatning fikr hayotidagi adashish, xato va nuqsonlarning uzliksiz takrorlanishiga bir sabab ham ehtimol mana shudir. Bashariyat olamni bilishda naqadar ilgarilagan bo‘lmasin, o‘zini anglashda, aytaylik, asrdan asrga ildamlab ketgani yo‘q. Mag‘oralarda topilgan rasmlarni ko‘rgan buyuk musavvir Pikasso “olis zamonlarga qaraganda bugun biz juda ilgarilaganmiz deb aytolmaymiz”, degan. Chunki inson san’at usullari yoki texnikasi bilan emas, ruhi bilan chinakam san’at yaratadi. San’atkorlik insonning o‘zidagi bir imkoniyatdir. Odamiylik “san’ati” ham shunday. Asosiy muammo ichkarida hal etilmasa, zohiriy va zohirdan o‘tkazilgan eng ijobiy, eng kuchli ta’sirlar ham insonni g‘aflat domidan qutqazolmaydi. Shu uchun Navoiy g‘aflat ichida xush ko‘ringanni yaxshi deb, ogohlik maqomiga yuksalgach, so‘ngra pushaymon yema deydi:
G‘aflat aro xush ko‘rubon xush dema,
Voqif o‘lub so‘ngra pushaymon yema.
Zero, nafs va ruh yo‘li bir bo‘lmagani singari, haq va xalq yo‘li ham to‘la monand emas:
Sen agarchi bir ulusqa shohsen,
Tengri yo‘lunda vale gumrohsen.
“Shoir kim? She’r nima?”, degan savol Sharq adabiyoti tarixida juda ko‘p marotaba o‘rtaga qo‘yilgan. Ayniqsa, “ma’no” atrofidagi bahsu munozaralar oxir-oqibatda “she’r” va “nazm” bir-biridan ayri narsalar, degan xulosaga olib kelgan. Va boshqalar tomonidan idrok qilinmagan ma’no teranliklarini his aylab, shularni yangicha shakllarda ifodalay bilgan kashfi ochiq kishi shoir, aks holda, vazn va qofiyali so‘z so‘zlasa ham, u “nozim”dir, deyilgan. She’r kalimasining lug‘aviy ma’nosi shuur aylash, fahmlash, his etish, sezgi ila bilish mazmunlarini anglatgani uchun ham she’r bilan shuur orasida bevosita aloqa mavjudligini ta’kidlagan. Alisher Navoiy shu boisdan ma’niga asoslangan zavqni, shuurni yangilovchi mohiyatni she’rda birinchi o‘ringa qo‘yadi:
Nazmda ham asl anga ma’ni durur,
Bo‘lsun aning surati harne durur.
Nazmki ma’ni anga marg‘ub emas,
Ahli maoniy qoshida xub emas.
Ma’ni deyilganda biz, asosan, so‘zning mazmuni, fikr, tushuncha yoki g‘oyani anglaymiz. Holbuki, mumtoz shoirlar ijodida ma’ni ruh, ilohiy va irfoniy haqiqat, dunyoning yaralishiga tegishli bosh mohiyat kabi mazmunlarni ham ifodalagan.
Alisher Navoiy dunyoning asosiy haqiqat va hodisotlarini bitta tebranmas o‘lchov bilan baholaydi. Bu — rostlik va to‘g‘rilik. Uningcha, insoniy qiyofa degani ham rostlikning shaxsdagi tazahhuridir. Yolg‘on esa kishining yuzinimas, yuzsizligini namoyon aylaydi:
Agar so‘zi chindir — ko‘rinur yuzi,
Ko‘rinmas yuzi — bo‘lsa yolg‘on so‘zi.
To‘g‘rilikdan ajralib yoki to‘g‘rilikning ko‘ziga cho‘p suqib yashashdan ko‘ra, odamman deb bosh ko‘tarib yurmaslikni Navoiy afzal biladi:
Birovkim erur rostliqdin yiroq,
Aningdek kishi bo‘lmagan yaxshiroq.
Hech bir buyuk shoirning fikriy-axloqiy istaklari bilan davr va jamiyat o‘z vaqtida hisoblashmagan. Eng yolg‘izlik holatlarida ham shoir buni bilmog‘i, o‘zgalarga nechog‘li nohaq ko‘rinmasin, iztirobdan aslo chekinmasligi lozim. Navoiy bir baytida o‘tib ketgan va hali yetib kelmagan kundan gapirib o‘tirma, unisi ham yo‘qlik, bunisi ham bir yo‘qlik deydi:
Burung‘i kunu tongladin urma dam
Ki, ul bir adamdur, bu dog‘i adam.
Naqdi nima? Naqdi — inson nafas olib turgan har bir dam, har bir lahza, umrni sarhisob etguvchi soatlar, odamni g‘aflat panjasidan qutqazolmay chinqirayotgan kun. Shuni anglagan kishi haqiqatda vaqt “keskir qilich”dan o‘zga bir nima emasligini chuqur fahmlaydi. Eng asosiysi, umr mazmunini har turli to‘qnashuv va adashuvlar to‘lqin urib yotgan hayotdan, voqelik bilan chambarchas bog‘liq tuyg‘u va tushunchalar olamidan axtaradi, ilm, iqtidor, ma’rifat va haqiqatga tayanadi.
Yoshlar tarbiyasi — bu, maktab, ilm-fan va komillikka g‘amxo‘rlik demak. Maktab ta’lim-tarbiya va ilm o‘chog‘iga aylantirilmas ekan, navqiron avlodga qaraganda yoshi ulug‘lar bundan ko‘proq zarar tortadi. Ya’ni:
Chu yoshlarg‘a bog‘lansa maktab yo‘li,
Bo‘lur gum qarilarg‘a mazhab yo‘li.
Yoki Navoiyning mana bu so‘zlarini olaylik: “Yorliq qayda ketdi yoronlar?! Yo‘q musulmonliq, ey musulmonlar!”
Do‘stlik, mehr-muhabbat, shafqat va muruvvat o‘rtadan ko‘tarilsa, musulmonlikning nima qiymati yo ahamiyati qoladi? Quruq gap, nafsoniy nayranglarga kim inonadi? Navoiy hamma joyda, hamma kori holda so‘z va fikrning isboti o‘laroq faoliyatga urg‘u beradi. Har qanday yomonlikka qaysidir go‘zal fazilat, xislat yoxud amalni qarshi qo‘yadi:
Sen agar zohir etting itlikni,
Men senga ko‘rguzay yigitlikni.
Bunday so‘zlardan ko‘ngil yayrab ketadi, o‘zini hurmat qilgan odam “itlik”, hasad hujumlarini qandoq bartaraf aylash zarurligini bexato anglaydi.
Biz Alisher Navoiyning “Xamsa”si va “Lisonut-tayr” dostonidan olingan ba’zi baytlar atrofida fikr yuritdik. Ularda bunday shohbaytlar juda ko‘p va ma’no-mohiyati bir-biridan go‘zal. Birgina bayt goho bir olam taassurot uyg‘otib, kishini hech o‘ylanmagan mulohaza va mushohadalarga chorlaydi. Zulm va zolimlik ofatlari haqida ko‘p o‘qib, ko‘p eshitganmiz. Lekin “Saddi Iskandariy” dostonidagi mana bu bayt zulmning eng mudhish va halokatli ta’siridan xabar beradi:
Aning hukmi boshimg‘au jonima,
Vale zulmidin kirmasin qonima.
Johil, gumroh bandalar qilgan ish, albatta, yaxshi bo‘lmaydi. Ammo oqil va dono kishi shulardan ham ziyon emas, foyda ko‘radi. Ya’ni ular yurgan yo‘ldan yurmaydi, ular qilgan ishlarga hech qo‘l urmaydi. Shunda yomonlik yaxshilikka xizmat qiladi:
Neki qildi johilki, erdi yomon,
Tutub aksi, topdim yomondin omon —
deydi mutafakkir shoir.
Xullas, Navoiyni o‘qish fikr va tuyg‘uga qanot bag‘ishlaydi, bilmaganni chuqur bilish, anglatmaganni teran mushohada qilishga keng yo‘l ochadi. Inson taqdiriga mutafakkir shoir nigohi bilan qaralsa, haqiqat o‘z-o‘zidan har turli mayda-chuyda narsalardan tozalanib, yarqirab, nur taratib ko‘rina boshlaydi. Bu esa, eng asosiysidir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 6-sonidan olindi.