Sirojiddin Sidqiy Xandayliqiy XX asr boshlarida yashagan boshqa qalamkash birodarlaridan nafaqat turli kasb-hunarlarni mukammal egallagani, balki o‘z ijodida suronli davr manzaralarini yorqin va haqqoniy aks ettirgan shoir bo‘lganligi bilan ham farq qiladi. 1884 yili Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanining Xandaqliq qishlog‘ida tug‘ilgan Sirojiddinning milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyotining yirik namoyandalaridan biriga aylanishi, ehtimol, ajablanarlidir. Ammo shoirning toshkentlik mashhur mudarrislardan biri Shomuhiddin Oxund bilan birga o‘qigan otasi Mulla Mirzohidning ona qishlog‘iga qaytib kelib, madrasalar ochgani va tolibi ilmlarga yuksak saviyada saboq berganini eslasak, uning o‘z davrining peshqadam kishilaridan biri bo‘lib ulg‘ayishi sabablari ravshan bo‘ladi.
Dastlab “Rahmatulloh” (Kesakqo‘rg‘ondagi), keyin “Beglar begi” va “Ko‘kaldosh” madrasalarida tahsil olib, toshkentlik ilm, ijod va hunar ahli bilan yaqin aloqada yashash Sidqiyning shoir sifatida shakllanishi, shuningdek, rassomlik, xattotlik va muhrdorlik san’atlarini egallashida muhim omil bo‘ldi. Zamondoshlarining ma’lumot berishlariga qaraganda, u Karimbek Kamiydan aruz “sir”larini o‘rganib, Saidahmad Vasliy, Yusuf Saryomiy, Xislat, Miskin, Tavallo singari shoirlarning mushoira kechalarida ishtirok etib, she’riy iste’dodiga sayqal berib bordi. Mirza Hoshim Xo‘jandiy va boshqalardan arab yozuvining nash, ta’lih, ubaydiy, yoqutiy, lohuriy va boshqa uslublarini mukammal egallab, xattotlik kasbini yuksak san’at darajasiga ko‘tardi. “Shavqi guliston” (1909), “Alif va Layla” (1912-1914) singari kitoblarni yetuk rassom sifatida bezadi. Abdurahmon Sayyoh muharrir bo‘lgan “Al-isloh” jurnalini vyorstkachi-rassom sifatida nashrga tayyorladi.
U aruz vaznining rang-barang bahrlarini qunt bilan egallab, g‘azal va murabbalar, muxammas va musaddaslar yozdi. Lirik she’rlarida Ollohga, yorga bo‘lgan an’anaviy muhabbat tuyg‘ularini baland pardalarda ifodaladi. Tabiiyki, uning she’rlari qalamkash ustoz va do‘stlari davrasida o‘qilib, ular nazaridan o‘tish jarayonida sayqallanib bordi. Shoir “shavq ahli”ni “so‘z gavharlari” bilan qanchalik mamnun etsa, yer kurrasidagi “ahli karam” safi shunchalik ortib boradi, degan umid bilan yashadi. Hatto bir g‘azalida bunday deb yozdi:
So‘zingni gavharin shavq ahliga bazl aylag‘il, Sidqiy,
Ki qolmas ushbu ko‘k qasr ostida ahli karam kam-kam.
Ushbu satrlar yozilgan paytda yangi tarixiy-madaniy davr shabadalari esa boshlagan edi. Bu davr Sidqiy singari jadid shoirlaridan ilm va ma’rifatni targ‘ib qilishni, xurofot va bid’at ildizlariga bolta urishni, qoloqlik va jaholatga qarshi o‘t ochishni taqozo etdi. Sidqiy endi yangi tarixiy davrning muhim ijtimoiy masalalariga bag‘ishlangan she’rlar yozishga, Muqimiy va Zavqiyning hajvnavislik an’analarini davom ettirishga g‘ayrat va shijoat bilan kirishdi. U shu yillardagi hajviy she’rlaridan birida o‘nqo‘rg‘onlik qozining qilmishlarini hajv qiladi:
Bor erdi o‘nqo‘rg‘on elin qozisi,
Katta-kichik hukmin edi rozisi…
Omiyi mahz erdi-yu nodon edi,
Ya’ni savodi bor-u noxon edi…
Ya’nikim ul taryoku ko‘knoru bang,
Cho‘ntokida bo‘lg‘oy edi rang-barang.
Shunday satrlar bilan boshlangan va qozining barcha g‘ayriaxloqiy qilmishlari “ta’rif va tavsif” etilgan asar Sidqiyning boshiga balo toshlari bo‘lib yog‘ildi. U o‘z yurtini tark etib, Andijonga borib yashashga majbur bo‘ldi. “Bu so‘zlarim, — deb yozgan edi shoir keyinchalik, — barchaga quyosh kabi fosh bo‘lg‘och, ul zolimi bangi qozi o‘zi kibi zolim va mustabidlarni yollab, men kambag‘alni Sibiriyag‘a surgun (avoq) va turma ichra turg‘un qilmoqg‘a ancha cholishdi. Mavlono Firdavsiy Sulton Mahmud G‘oziyni hajv qilib, Tus shahrig‘a qochqondek, ul zolim amaldin qolg‘uncha men ham Farg‘onalarda qochub yurdum va ikki yilcha umrimni kechurdim. 1329 sanali hijriyada, qish havosinda toki ul zolim taxtdan tobutga tortildi, men ham o‘z vatanim daru devonig‘a ortildim”.
Sidqiy Birinchi jahon urushi o‘zbek diyoriga qanday musibatlarni keltirgan bo‘lmasin, yangi davrning har bir qadamini olqishlovchi asarlar yozib, ko‘hna dunyo ustunlarining chiriganini vatandoshlari ongiga yetkazmoqchi bo‘ldi. Shoir “Dar ta’rifi otasharoba” deb nomlangan she’rida Turkistonga poyezdning kirib kelishini hayajon bilan tasvirlagan bo‘lsa, “Ilm yo‘liga kirmaduk bizlar…” satrlari bilan boshlangan she’rida esa, ilm olishga mayl sezmagan zamondoshlari qiyofasini hajviy bo‘yoqlar bilan aks ettirdi. Sidqiy singari jadid shoirlari nazarida, xalq boshiga tushgan barcha ko‘rgiliklarning asosiy sababchisi “eski hukumat” edi. Shuning uchun ham Sidqiy 1917 yil fevral inqilobini katta quvonch va umid bilan qarshi olib, hurriyat taronalarini kuyladi. Ammo bu hali “chin hurriyat” emasligini u yaxshi bilardi. Shu sababdan shoir xalqning ilg‘or kishilari orzu qilgan kunning tezroq kelishi uchun taraqqiyparvar yoshlarning yelkasini silab, bunday satrlarni yozdi:
Zamonning ofatidan doimo bo‘lsun omon yoshlar,
Sitamgar charxdin ham ko‘rmasun ziyon yoshlar.
Taraqqiyparvar o‘lsun, sarvar o‘lsun el borasig‘a,
Amon bo‘lsun, eson bo‘lsun, yashab necha zamon yoshlar…
Boshqa jadid birodarlari qatori, Sidqiy ham millat va Vatanni har bir insonning ma’naviy olamini belgilovchi abadiy qadriyatlar sifatida tasvirlaydi. U millatning “tamaddun charxi”da “mehr va anvar nurlari”ni sochib, “jahon zulmati”ni tarqatishi lozimligini aytadi, uning raftorini buzmoqchi bo‘lgan badkorlarning yuzi qora bo‘lishini istaydi. Har bir insonning “o‘roq birla xoru xasni o‘rg‘on” yerini “chet shaharning gulzori”dan afzal, deb biladi. Shoir ijodidagi vatanparvarlik va millatparvarlik g‘oyalari ana shunday poetik obrazlar silsilasida shakllanib boradi.
Boshqa jadid shoirlaridan farqli o‘laroq, Sidqiy 1916 yil voqealariga bag‘ishlangan bir-ikki she’r yozibgina qolmay, mahalliy xalq farzandlarining mardikorlikka olinishi va 1916 yil qo‘zg‘olonlarining shafqatsiz bostirilishini chor hukumati mustamlakachilik siyosatining avj nuqtasi, deb baholadi. U 1917 yil fevral inqilobi va Romanovlar sulolasining taxtdan ag‘darilishiga bag‘ishlangan “Rusiya inqilobi”, “Toza hurriyat”, “Vatan qahramonlari” dostonlarini yaratdi. “Rusiya inqilobi” dostonidagi “Sababi nazmi inqilob”, “Petrogradda voqealar nechuk boshlandi va ne ravishda o‘sdi”, “Vazirlarning qamaluvi”, “Podshohning taxtdan tushuvi” singari boblar nomining o‘ziyoq uning fevral inqilobini diqqat-e’tibor bilan kuzatib, o‘zbek xalqi uchun hurriyatli zamonlarning kelishini orziqib kutganidan darak beradi. Afsuski, voqealarning keyingi rivoji Sidqiy kutgandek bo‘lmadi. Shuning uchun ham u, kichik hajmdagi ayrim asarlarini e’tiborga olmaganda, avvalgidek to‘lib-toshib ijod qilmadi.
Sidqiy ijodiy hayotidagi turg‘unlikni izohlab bunday yozgan edi:
“Barchaga mashhurdirki, har bir mol xaridor birla rivoj topdig‘i kabi so‘z ham xaridor ko‘plug‘i birlan va talabgor jo‘shishi ilan taraqqiy etar. So‘z xaridori o‘lmog‘ondurki, hozirgi asrimizda qadimgi shoirlarimizning amsolini ko‘rmaydurmiz…
Bechora Sidqiyning oz she’r aytmog‘iga bois so‘z xaridorining yo‘qlig‘idur”.
Shoir ijodi bulog‘ining sho‘rolar davrida qaynab toshmaganiga qaramay, uning “Tuhfai Shavkat” (1913), “Savg‘oti Shavkat” (1914) she’riy majmualari va yuqorida nomlari qayd etilgan dostonlari milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyotining oltin xazinasidan o‘rin olgan. Sidqiy bu asarlardan tashqari “Bazmi Ishrat”, “Tazkirai Imomi A’zam”, “Mezoni shariat” (1914) kabi asarlar ham yozgan. Uning qalamiga mansub tarjimalar orasida esa “Hikoyai latifa” (1911), “Alif va Layla” (“Ming bir kecha”, 1912 — 1914), “Rahimo — tarjimai Karimo” (1912), “Safari g‘am” (1916), “Ajoyib ul maxluqot” (1917), “Durdi va qozi”, “Non va holva” (1920) kabilar bo‘lgan.
Sidqiy 1919 yildan boshlab hayotining so‘nggi davrini Bo‘stonliq tumanidagi Pargiztepa qishlog‘ida o‘tkazdi va 1934 yili shu yerda bandalikni bajo keltirdi.
Sidqiy Xandayliqiy g‘oyat serqirra ijodkor bo‘lishi bilan birga tabiatan sinchkov, tikso‘z, hozirjavob, riyokorlik, ta’magirlik, poraxo‘rlik, qalloblik kabi illatlar bilan aslo murosa qila olmaydigan pok va olijanob qalb sohibi edi. Shoirning eng yaxshi g‘azal va murabbalari, muxammas va musaddaslarida kitobxon uning g‘aroyib insoniy fazilatlarini xuddi ko‘zguda ko‘rgandek bo‘ladi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 32-sonidan olindi.