Yigirmanchi asr o‘zbek adabiyotshunosligiga salmoqli hissa qo‘shgan zahmatkash olim va adib To‘xtasin Jalolov «Go‘zallik olamida» kitobida: “Otam Mulla Jalol Qoratepaning tubjoy aholisidan bo‘lib, onam Xayriniso Shahrixon rayonining Yakkatut mahallasidan bu yerga tushgan ekan. Otam madrasada tahsil ko‘rgan, xatimkarda mulla bo‘lsa ham, ota meros yerlarida dehqonchilik, bog‘dorchilik qilar edi. To‘g‘ri, u kishining maktabdorlik qilgan yillari ham bor, men o‘zim ham, besh yoshimda, birinchi saboqni otamdan olganman, xuddi shu ma’noda u kishi men uchun “Ustozi avval”, albatta”, deb yozgan edi.
Bo‘lajak olim 1914 — 1918 yillarda eski usuldagi mahalliy maktablarda, 1917 yilgi oktyabr to‘ntarishidan so‘ng Farg‘ona shahridagi ikki yillik muallimlar tayyorlash kursi(pedkurs)da tahsil oladi. 1926 yildan 1930 yilga qadar Shahrixon tumanida o‘qituvchi bo‘lib ishlab, Samarqanddagi Pedagogik akademiyada o‘qiy boshlaydi. Yoz va kuz oylarida beriladigan ta’til chog‘larida o‘qituvchilik kasbi bilan shug‘ullanadi.
Odatda, har bir inson hayotida uning kelajagini belgilaydigan, taqdir yo‘llarini boshqa o‘zanlarga burib yuboradigan ta’siri bilan bir umr yodda qoladigan kunlar, hodisalar bo‘ladi. 1936 yil To‘xtasin Jalolov uchun ana shunday qutlug‘ yil bo‘ldi. O‘sha paytdagi O‘zbekiston Maorif komissarligi uni Shahrixondan Toshkentga chaqirtirib oladi. Toshkentda u dastlab qishloq xo‘jalik oliy maktabida, keyinroq respublika maorif uyida va huquq institutida dars bera boshladi. Poytaxtdagi nufuzli o‘quv dargohlarida muallimlik qilish bilan birga, pedagogika institutiga kirib o‘qidi. U yerda yirik adabiyotshunos olimlar — professor Hamid Sulaymon va Olim Sharafiddinov bilan yaqindan tanishdi, ularning o‘zbek adabiyoti, antik dunyo adabiyoti, o‘rta asrlar va g‘arb adabiyotlari tarixidan o‘qigan ma’ruzalaridan katta ma’naviy oziq oldi. Institutni imtiyozli diplom bilan tugatib, ilmiy kengash qaroriga ko‘ra, sharq adabiyoti muallimi lavozimida ishlashga tavsiya etildi.
Ana shu yillarda o‘zbek xalqining ulug‘ farzandi, davlat arbobi, shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavallud topgan kunning 500 yillik to‘yi tantanalariga tayyorgarlik ishlari boshlanib ketgan edi. Alqissa, ana shu to‘yga tayyorgarlik chog‘larida Olim Sharafiddinov Alisher Navoiy hayoti va ijodi haqida salmoqli risola yaratdi. Mazkur risola katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi, chunki bu risola e’lon qilingunga qadar shoir shaxsiga turlicha baho berib kelinar edi.
Olim Sharafiddinov risolasi Alisher Navoiy haqidagi tor, biryoqlama qarashlarni rad etdi, ulug‘ shoir asarlarini keng tashviq qilish, ijodini chuqurroq o‘rganish kabi jiddiy masalalarni kun tartibiga qo‘ydi. Yosh tadqiqotchi To‘xtasin Jalolov ustozi Olim Sharafiddinov madadi va ko‘magiga tayanib hamda maslahatlaridan ilhom olib, ulug‘ shoirning shoh asari — “Xamsa” bo‘yicha tadqiqot ishlari olib bordi. Bu izlanishlarning mahsuli o‘laroq yuzaga kelgan “Xamsa” talqinlari” ilmiy asari adabiyotshunoslik maydoniga o‘ziga xos iste’dod kirib kelganidan darak berdi.
“Xamsa” talqinlari” yosh olimning dastlabki jiddiy tadqiqoti, ham e’tiborga loyiq salmoqli asarlaridan biri bo‘lib qoldi. Yillar o‘tdi. Bu qaldirg‘och tadqiqot yuzlab, ehtimol minglab yosh adabiyotshunoslar qalbiga o‘t soldi, ularda mumtoz adabiyotimizga, Navoiy hazratlari ijodiga mehr-muhabbat uyg‘otdi. Asarning 1968 yildagi nashriga muallif mo‘jaz kirish so‘z yozishni lozim topadi va uning nihoyasida jumladan shunday satrlarni bitadi: “Xamsa” talqinlari” mening adabiyot sohasidagi birinchi qadamimdir. Men bu dargohga ulug‘ bobomiz Navoiyning muborak qo‘llarini o‘pib kirganman”.
Risolada muallif “Xamsa” epopeyasidagi har bir dostonni alohida-alohida tahlil qilish yo‘lini tanlaydi. Besh dostonni batafsil tahlil qilgach, “Xamsa”ning tilini va badiiy xususiyatlarini tahlil qilishga o‘tadi, g‘oyaviy-badiiy xususiyatlariga e’tibor qaratadi, dostonlar yaratishda Navoiy oldida turgan maqsad va vazifalarni oydinlashtirishga intiladi. Xarakterli joyi shundaki, shu munosabat bilan o‘sha davrda tilga olish g‘oyat xavfli bo‘lgan Amir Temur shaxsiga ijobiy munosabat bildiradi.
Bu yillar To‘xtasin akani ilmiy-adabiy jamoatchilikka qalami o‘tkir jurnalist sifatida ham tanitdi. Olim dastlab “Qizil O‘zbekiston”(hozirgi “O‘zbekiston ovozi”) gazetasida san’at-adabiyot bo‘limi mudiri lavozimida ishladi va Alisher Navoiy yubileyiga tayyorgarlik ishlariga bosh-qosh bo‘ldi, Navoiy davri adabiy muhiti, bebaho asarlari to‘g‘risida maqolalar e’lon qildi, shu bilan birga, oliy ta’lim muammolariga doir masalalar bilan ham shug‘ullandi. Jumladan, 1939 — 1940 yillarda pedagogika institutlari uchun “O‘zbek adabiyoti tarixi xrestomatiyasi (VIII — XV asrlar)”ni tuzib, nashr ettirdi. Bu xrestomatiya o‘sha yillari ham, undan keyingi yillarda ham mumtoz adabiyotimizni o‘rganishga qulaylik tug‘diruvchi manbalardan bo‘lib qoldi.
Biroq shaxsga sig‘inish davrining yovuz shamollari To‘xtasin Jalolovni chetlab o‘tmadi, uni 1941 yil 6 iyul kuni qamoqqa olishdi va roppa-rosa 14 yil olim Sibir va Uzoq Sharqdagi turmalarda, lagerlarda, surgunlarda sarson-sargardon hayot kechirdi. Og‘ir uqubatli kunlarni, azobu xo‘rlanishlarni boshdan kechirdi. Yurmagan yo‘li, qilmagan ishi qolmadi.
Stalin o‘limidan bir yarim yil o‘tgach, 1954 yil oktyabr oyida uni oqlab, ozodlikka chiqarishadi. Shunday qilib, sarson-sargardonlikda o‘tgan 14 yildan so‘ng 1955 yil yanvarida T.Jalolov Toshkentga qaytib keladi. Biroq mustabid hukmdor o‘rnatgan ma’muriy-buyruqbozlik tizimining yozilmagan qonun-qoidalariga ko‘ra, qamoqdan qaytgan va hatto oqlangan bo‘lsa ham, “sobiq siyosiy mahbus”ga nisbatan ishonchsizlik ko‘zi bilan qarash, mas’ul lavozimlarga yaqin yo‘latmaslik kayfiyati saqlanib qolgan edi. Uzoq sansalorliklardan keyin, nihoyat 1955 yil iyunida uni «O‘zbekiston» davlat nashriyotiga ishga qabul qilishadi.
Olimning sermahsul ijod davri elliginchi yillarning o‘rtalaridan boshlanadi. U muharrir, ilmiy xodim, adabiy xodim lavozimlarida faoliyat yuritib, turli mavzudagi maqolalari bilan jamoatchilik nazariga tushadi, Mirtemir ta’biri bilan aytganda “bilgich olim va tarjimon” sifatida nom chiqardi. Birin-ketin nashr etilgan “O‘zbek shoiralari”, “Xamsa” talqinlari”, “Pahlavon Mahmud”, “Bonu”, “Yashasin, tabassum”, “Nafosat olamida”, “Go‘zallik olamida”, “Qizlar qasidasi” kabi risolalari el-yurt mehr-muhabbatini qozondi, o‘ziga muxlislar orttirdi.
Olim, avvalo, yangi davr navoiyshunosligiga ulkan hissa qo‘shdi. Ikkinchidan, adabiyotimizdagi ayol shoiralar ijodini o‘rganish va tadqiq etishga kirishib, muhim natijalarga erishdi. Keyinchalik yana shu mavzuni davom ettirib, zamondosh shoiralar ijodini o‘rganishni boshlab berdi, yangi iste’dodlarni kashf etdi. Uchinchidan, jahon adabiyoti va qardosh xalqlar adabiyotidan tarjimalar qilib, o‘zbek kitobxonini mumtoz so‘z san’ati namunalari bilan tanishtirishdi .
Chinakam olim salaflari ochgan so‘qmoqlardan ilm-fan cho‘qqilari sari yuqori ko‘tarilishni o‘ziga ep ko‘rmaydi, balki qiynalib bo‘lsa-da, sinalmagan so‘qmoqlar ochishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Bu yo‘lda duch keladigan mashaqqatlarni yengib o‘tishda jasorat namunalarini ko‘rsatadi, uchraydigan to‘siqlarni yengib o‘tishni o‘z hayotining mazmuni deb biladi. To‘xtasin Jalolov faoliyatini ko‘zdan kechirganda kurashchanlik tuyg‘ularini tuygandek bo‘ldik. Zero, ruboiy janrida Umar Hayyom bilan bo‘ylasha oladigan Pahlavon Mahmudni, sehrli g‘azallar va “Layli va Majnun” dostonini yaratib, ustozi Navoiy bilan ijodiy musobaqa qilishga jur’at etgan ozar Fuzuliyni kashf etish, ularning nazmiy merosidan xalqimizni bahramand etishga jahd etish hamma tadqiqotchining qo‘lidan kelavermas edi. To‘xtasin Jalolov bulardan tashqari hind xalq kitobi “To‘tinoma” va “hind ertaklari”ni, mashhur tojik yozuvchisi Sotim Ulug‘zodaning “Yoshligimiz tongi”, “Vose’” romanlarini, “Gavhari shamchiroq” komediyasini, Sadriddin Ayniyning “Esdaliklar”ini, rus adibasi V.Smirnova-Rakitinaning “Abu Ali ibn Sino qissasi” asarini o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qildi. Ayniqsa, ulug‘ hind mutafakkiri Robindranat Tagor ijodidan qilingan tarjimalar o‘zbek badiiy tarjima san’atida yangi sahifa ochdi.
Bulardan tashqari, badiiy ijod bilan ham shug‘ullanib, ko‘p yillar davomida “Oloy malikasi” tarixiy romani ustida ish olib bordi, “Oltin qafas”, “Asl aynimas” nomli avtobiografik qissalar yozdi, Alisher Navoiy dunyoqarashi xususida bahs yurituvchi “Falsafiy talqinlar” nomli risola tayyorladi.
Bu yil atoqli olim To‘xtasin Jalolov tavalludiga yuz yil to‘ldi. Afsuski, umr deganlari o‘tkinchi va bebaqodir. Tasalli beradigani shuki, olimdan sermazmun risola va kitoblar qoldi. Bu kitoblar yana yuzlab ta’bi nazm shogirdlarni tarbiyalab voyaga yetkazdi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 44-sonidan olindi.