Hajvchi do‘stlarimizdan biri yaqinda tahririyatga bir quchoq kitoblarni qo‘ltiqlab, ularning muallifi to‘g‘risida to‘yxat yozib kirib keldi.
— Nabijonni bilasiz, salom devordi, do‘stimiz ellikka to‘lyapti, — dedi u to‘yxatni menga uzatar ekan. — Kitoblari qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qilyapti, ba’zilari qayta nashr ham bo‘ldi, yoshlar o‘rtasida ja mashhur. Gazetada qutlov chiqsa xursand bo‘lardi-da…
Nabijonni bilaman, Oltiariqning mashhur Povulg‘on qishlog‘ida tavallud topgan, durustgina qalami bor, suhbati ma’noli yigit, ammo keyingi ikki-uch yil ichida o‘nga yaqin sarguzasht kitoblari chop etilganidan, sarguzasht-detektiv janrida astoydil mehnat qilayotganidan bexabar ekanman. “Erlibosli ayol” — roman, “Arosat dunyo” — uch kitobdan iborat sarguzasht qissa, “Chimildiqli uy nolasi” — sarguzasht roman, “Yovvoyi kelin” — detektiv roman, “Toptalgan gulbadan”, “Alamli muhabbat”, “Poklangan firibgar”, “Zebuzar” — sarguzasht qissalar va yana bir necha piyesalar, kinostsenariylar… “Qoyil-e!” devorganingni o‘zing ham bilmay qolasan.
Sarguzasht romanlari bilan dunyoga mashhur yozuvchilar qanday ishlashganini eslasak, ajablanarli joyi yo‘q, bugun dunyoning o‘zi sarguzasht voqealarga boy. Bundan sal avval o‘zimizda ham bir yosh yigitcha o‘zi tengi gazetalardan biridagi suhbatida: “Men bu yil kamida qirqta qissa yozishni rejalashtirganman”, dedi. Hech kim “vahh” deb yuborgani yo‘q. Ammo bizning ong-shuurimizga, ma’naviy olamimizga, axloqimizu turmush tarzimizga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan chinakam badiiy adabiyotni ko‘zda tutadigan bo‘lsak, kimning qancha asar yozgani muhim emas, qanday yozgani va yozganlaridan qanday ma’no anglashilgani muhim. Ba’zi mualliflar bor-yo‘g‘i bitta kitob bilan ham mashhurlik cho‘qqisiga ko‘tarilib, bu joyni ancha vaqt zabt etib turishgan.
Shu mulohaza bilan Nabijonning sarguzasht kitoblarini, garchi vaqt tig‘iz bo‘lishiga qaramay, o‘qishga boshladim. Birinchi bo‘lib “Arosat dunyo”ni qo‘limga oldim. Asarda o‘tgan asrning o‘ttizinchi yillarida sho‘rolarning qatag‘on siyosati qurboniga aylangan Mamajonboyning ko‘rgan-kechirganlari, chidab bo‘lmas darajadagi azob-uqubatlarga duchor bo‘lganida ham, xuddi mashhur Robinzon Kruzo, Dersu Uzala, graf Monte Kristo kabi umidsizlikka tushmay, hayot uchun kurashgani batafsil hikoya qilinadi. Alg‘ov-dalg‘ovli bu davr mavzusida ko‘p o‘qiganimiz, qatag‘on qilingan vatandoshlarimizning ayanchli hikoyalarini ko‘plab tinglaganimiz uchun ham, asar qahramonining olis Taygada yolg‘iz bir o‘zi o‘lim bilan necha bor yuzma-yuz kelishi tafsilotlari o‘quvchini benihoya qiziqtiradi. Buning yana bir boisi, asar voqealari muallifning badiiy to‘qimasi emas, real hayotiy voqealarga asoslanganida.
“Chimildiqli uy nolasi” sarguzasht roman, deyilgan. Asarda o‘zaro ahdu paymon qilishgan, ammo visol nashidasini surish nasib etmagan ikki yoshning pok muhabbatlari, qalb iztiroblari qalamga olingan. Voqealar rivoji bobdan bobga quyuqlashib boradi, qahramonlar taqdir tutqichini tutish yo‘lida ayovsiz sinovlarga, xush-noxush voqealarga, turfa niyatli odamlarga duch keladilar. Voqea-hodisalar muallifning qistovi bilan tezlashib, badiiy to‘qima bo‘rtib ketgan joylari ham bor. Bunday holatlarda, boshqa ayni shunday kitoblarni o‘qiyotganingda ham bo‘lganidek, o‘quvchini muallifning yozuvchilik mahorati emas, voqealarning davomiga bo‘lgan shunchaki qiziqishi ushlab turadi. Ota-onasiga yordam berish uchun olis o‘lkalarga ishga otlangan yosh Qobilbekning boshiga tushgan savdolar nima bilan tugashini kutib, nihoyat asarning so‘nggi sahifasiga yetib kelasiz.
Menda ham shunday bo‘ldi. Har ikki asarni ayni shu qiziqish bois o‘qib tugatdim. Ularni tahririyatga olib kelgan hajvchi do‘stimiz to‘g‘ri aytgan ekan — kitob masalasida ancha injiq men ham o‘qib chiqdim-ku, demak, boshqalar, ayniqsa, yoshlar bunday asarlarni qo‘lma-qo‘l qilib o‘qishayotganiga ishonsa bo‘ladi. Toki shunday ekan, bugun ijodiy samaradorlikda hammamizdan peshqadam bo‘lib turgan Nabijon Hoshimovga yozilgan qutlovni bemalol e’lon qilaversak ham bo‘ladi. Ammo…
Men uning bor-yo‘g‘i ikkita asarini o‘qib chiqdim. Shu o‘qiganlarim asosida ba’zi xulosalarga keldim ham.
Nabijon o‘zi ixtiyor etgan janrda bitilgan ko‘plab mashhur asarlarni yaxshilab o‘qigan ko‘rinadi, har qanday qalamkash uchun shuning o‘zi maqtovga sazovor. Ikkinchidan, Nabijonda yozuvchilik salohiyati bor, voqeiy qissa yozadimi, sarguzasht roman bitadimi, o‘quvchini asarning oxirigacha hayajon va iztirobda “ushlab” tura olishi buni isbotlab turibdi. Bu juda muhim tajriba. “Chimildiqli uy nolasi”da menga keksa o‘rmonchi choldan Qobilbekka “meros” qolgan eski, sassiq fufayka detali ma’qul bo‘ldi. Qobilbek ishlash uchun yo‘lga otlanib, Rossiyaning ovloq bir hududiga borib qoladi. Rahm-shafqat nimaligini bilmaydigan kimsalarning qo‘lida quldek ishlaydi. Bir kuni sheriklari uni bir amallab qochirishadi. Qobilbek ayovsiz Taygada uzoq vaqt tentirab yuradi, sovuqda bir amallab jon saqlaydi. Oxiri qurollangan kishilar nimanidir axtarib kelib, chaylada bir o‘zi amal-taqal qilib kun kechirayotgan cholni qiynab o‘ldirishlariga guvoh bo‘ladi. Qobilbek cholni dafn etadi, uning eski fufaykasini kiyib, yo‘lga tushadi. Asar so‘ngida shu fufayka ichidan juda katta miqdorda xorijiy valyuta chiqib, qahramonlarning taqdirini butunlay o‘zgartirib yuboradi. Boshqa bir tajribali muallif bo‘lganida, bu kiyimning asar yakunidagi ijtimoiy yukini yanada oshirib yuborgan bo‘lardi. Masalan, Qobilbek hali joni uzilmagan cholni bahorgacha parvarish qilishi, davolashi, chol esa vafot etishidan oldin unga: “Rahmat senga, o‘g‘lim, farzandim yo‘q edi, seni Xudoning o‘zi yetkazdi, uyingga yetguningcha shu fufaykani egningdan yechma”, deyishi ham mumkin edi-ku…
Bugun xususiy nashriyotlarda peshma-pesh chop etilayotgan ayrim kitoblarning bir qusuri — ulardagi son-sanoqsiz xatoliklar, g‘aliz jumlalar, imlo qoidalariga amal qilmaslik. Xato shu qadar ko‘pki, qo‘lyozmani bosmaxonaga topshirishdan oldin biror kishi o‘qib chiqqanmi, korrekturasi muallif matniga solishtirilganmi yoki yo‘qmi, degan ishtiboh tug‘iladi. Asabga tegadigan bu qusur boshqa kitoblar qatori Nabijon Hoshimovning sarguzasht qissalarida ham uchraydi. Mana, ba’zi misollar. “Chimildiqli uy nolasi”, birinchi qism, uchinchi sahifa. Yo‘lovchilar avtobusga “g‘ala-g‘ovur qilib, tik turib joylasha boshladilar. Tevarak-atrof oqarib, shafaq qizara boshlaydi. Haydovchi bir esnab, kerishib oladi-da, o‘rnidan erinibgina turib, ko‘zlarini ishqay-ishqay kira haqini yig‘ishga boshlaydi. Tiqilinchdan betoqat bo‘lganlar esa endi go‘yo babaqxo‘rozday norozi qichqira boshlaydilar”.
Shu birgina abzatsning o‘zida “boshlaydi” so‘zi to‘rt marta ishlatilgan. Imlo xatolarining son-sanog‘i yo‘q. Mana bu jumlalarga e’tibor bering (64-sahifa): “Nurbek ularning boshiga mag‘zava ag‘dargandek, b r dunyo qarzni ilib ketdi. Nurbek xotini Oynisani x yonatda ayblab uni butunday yomon ko‘rib qoldi. Bolalaridan yehri qochdi. Onasi, xotini va bolalarining taqdiriga yefarq bo‘ldi. Oynisaga endi tuman matlubot uyushmasida shlashni butunlay ta’qiqlab qo‘ydi va Rossiyaga tezlik ilan qaytib ketishga taraddud ko‘ra boshladi”.
Ushbu mulohazalarni qog‘ozga tushirar ekanman, bir muammo xususida o‘zim bilan o‘zim tortisha boshlayman: kitobxonlar, adabiy jamoatchilik, muhtaram tanqidchilarimiz oyoqqa turib, iste’dodli yosh mualliflarni yonimizga olib, kamchiliklarini to‘g‘rilab, noshirlarning mas’uliyatini oshirib, bunday nuqsonlarga barham berishimiz yoki… “Ha endi, bugun shu-da, nima ham derdik”, deya beparvo yuraverishimiz kerak. Metro vagonlaridagi deyarli yagona o‘zbekcha “Iltimos suyanmangiz” degan g‘aliz va xato yozuvga ko‘nikib bo‘dik-ku!
Nabijon Hoshimov va u darajasidagi faol ijodkorlar oldida, meningcha, ikkita yo‘l turibdi. Birinchisi: shiddatni susaytirmay, shu yo‘sinda, shu saviyada peshma-pesh kitoblar chiqaraverish, qayta-qayta nashr ettirish, menga o‘xshagan injiq muharrirlarning e’tirozlariga mutlaqo parvo qilmaslik. Ikkinchisi — ozroq bo‘lsa-da Xudo bergan iste’dodni hurmat qilish, shoshilmaslik, bir yilda beshta emas, bitta asar yozishu qoyil qilib qo‘yish. Yo bozorni qizitish, yo adabiyot rivojiga, ma’naviyat, ma’rifatga xizmat qilish. Nabijon Hoshimov iste’dodsiz, adabiyotga dahli yo‘q shunchaki bir havaskor qalamkash bo‘lganida, men bu gaplarni aslo yozmagan bo‘lardim. U anchayin shakllangan, qalami qayralgan, o‘quvchiga aytadigan gapi bor yozuvchi. Faqat ozroq qunt qilsa, qo‘lyozmalarini muhokamaga qo‘yib, bildirilgan mulohazalar asosida qayta-qayta ishlashga odatlansa bo‘ldi, adabiyotimizni yangi-yangi asarlar bilan boyitadigan yozuvchiga aylanishi shubhasiz. Bu ish uning qo‘lidan keladi, deb o‘ylayman. Chunki detektiv janridagi ur-yiqit, qochdi-quvdi, shilib ketdi-tilib ketdi, sirli qotillik qabilida bitilgan, tahrirsiz chop etilgan asarlar vaqti-soati bilan o‘quvchining me’dasiga tegadi. Bozor adabiyoti u yoki bu muallifga o‘z “bag‘ri”dan joy berar ekan, keyinchalik bu issiq go‘shani tark etish juda qiyin kechadi. Bunga endi misollar juda ham ko‘p…
Nabijon meni to‘g‘ri tushunadi va ushbu mulohazalarimni to‘yxat o‘rnida qabul qiladi, degan umiddaman.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 49-sonidan olindi.