Bir necha yil muqaddam Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyiga yuzi nurli, qiyofasi ulug‘vor bir ayol kirib keldi va muzey ekspozitsiyasi bilan tanishish istagida ekanligini aytdi. Navoiyga ehtiromi yuksak ziyrak nigohli bu ayoldan suhbat davomida kimligini so‘rashga istihola qildim, ammo xayolimdan u ozarboyjonlik mashhur olima Jannatxonim Nagiyeva bo‘lsa kerak, degan o‘y o‘taverdi. Adashmagan ekanman…
Opa ko‘rgazmalarni tomosha qilar ekan, Navoiy ijodini o‘rgangan olimlardan professor Hamid Sulaymon va akademik Hamid Orasli suratlari oldida bir muddat ma’yus turib qoldi. So‘ngra zaldan chiqar ekanmiz, nimtabassum bilan: «Azbaroyi Alisher Navoiy ijodi bilan uzoq shug‘ullanganim va bu haqda ko‘p chiqishlar qilganim uchun meni Ozarboyjonda “Navoiyning qizi” deyishadi», deb qoldi.
Filologiya fanlari doktori Jannat Nagiyeva Ozarboyjonda Alisher Navoiy ijodi bilan ko‘p yillardan beri izchil shug‘ullanib kelayotgan va bu borada salmoqli tadqiqotlar qilgan olimadir. Uning Navoiy asarlarining Ozarboyjondagi qo‘lyozmalari va Navoiyning ozarboyjon adabiyotiga ta’siri haqidagi doktorlik dissertatsiyasi himoyasida taniqli o‘zbek navoiyshunoslari ham qatnashgan edilar.
J.Nagiyevaning Navoiy ijodiy merosi yuzasidan o‘nlab maqolalari hamda “Bakinskiye rukopisi Alishera Navoi” (Boku, 1986) va “Navoi i azerbaydjanskaya literatura (XV — XIX vv.)” (Toshkent, 1990) kitoblari chop etilgan. Olima izlanishlarini davom ettirib “Ozarboyjonda Navoiy” nomli salmoqli tadqiqotini ham e’lon qildi.
Kitobning mundarijasi juda boy. Tadqiqotda Navoiyga bag‘ishlangan avvalgi ilmiy ishlariga kirmagan yangi ma’lumotlar, yangicha mulohazalar aytilgan, salmoqli manbalar qamrab olingan. Kitobning “Navoiy Nizomiy haqida” faslida Nizomiy dahosining hazrat Navoiy tafakkuridagi o‘rni va, albatta, bu mavzudagi avvalgi tadqiqotlarda aytilgan fikr-mulohazalarning mantiqiy xulosasi o‘rin olgan.
“Navoiy asarlari qo‘lyozmalarining Ozarboyjonda tarqalishi masalasiga doir”, “Alisher Navoiy she’rlari jung(bayoz)larda” va “Ozarboyjon klassiklarining asarlari Navoiy kutubxonasida” nomli fasllarda manbashunoslik nuqtai nazaridan juda qimmatli ma’lumotlar keltirilgan. Masalan, Nizomiy asarlarining eng go‘zal va nodir nusxalari Navoiyning kutubxonasida saqlanganligi haqida ayrim qimmatli faktlar keltirilgan.
Tadqiqotning keyingi qismlaridagi “Navoiy va XV — XVII asr ozarboyjon adabiyoti”, “Kishvariyning Alisher Navoiyga munosabati”, “Navoiy va Fuzuliy”, “Sodiqiy Kitobdorning Navoiy bilan yaratuvchilik aloqasiga doir”, “Navoiy va XVIII — XIX asrlar ozarboyjon adabiyoti”, “Navoiyning XVII — XIX asrlar ozarboyjon adabiyoti bilan aloqasini shartlantirgan jihatlar”, “XX asrda Ozarboyjonda Navoiyga munosabat”, “Navoiy dahosining Ozarboyjonda o‘rganilish tarixiga doir” va “XX asr ozarboyjon shoirlarining Navoiy ijodiyoti bilan aloqalariga doir” fasllarning nomidan ham ko‘rinib turibdiki, kitob olimaning adabiy aloqalar masalasi doirasidagi muhim ilmiy kuzatuvlaridan tarkib topgan. Shuningdek, kitobdagi bir necha faktlar o‘zining yangiligi bilan ahamiyatli bo‘lib, ular olimaning zukko nazaridan dalolat beradi. Misol uchun, Sodiq Kitobdor va uning tazkirasi hamda shu orqali Navoiy ijodiyoti bilan aloqador o‘rinlar yoki Fuzuliyning Navoiy asarlaridan o‘rgangan jihatlarini yoritishda J.Nagiyeva o‘zining daqiq kuzatishlarini kitobxon bilan o‘rtoqlashadi. Bir o‘rinda olima shunday yozadi: “She’rda san’atkorlik masalasiga kelsak, Fuzuliy o‘z ustozi (Navoiy nazarda tutilmoqda — O.J.) an’analarini davom ettirish bilan birga, lirizmning eng go‘zal namunalarini yaratdi. Fuzuliy Navoiydan olgan har bir fikrni poetik jihatdan originallashtirib, yangi lirik va romantik ohang bilan muayyanlashtirdi”.
Kitobning ba’zi o‘rinlarida muallif XIX asr o‘zbek shoirlaridan Amiriy va Ado haqida ham to‘xtaladi. U Amir Umarxon davridagi adabiyotga bo‘lgan yuksak e’tibor, jumladan, Fuzuliy asarlarining nusxalaridan bir nechasi o‘sha vaqtda ko‘chirilgani va ular hozirda Ozarboyjon FA Qo‘lyozmalar institutida saqlanishi haqida ma’lumot beradi. Yana shu fonddagi Sultonxon Ado Ahroriy (vafoti 1836 yil) tomonidan tartib berilgan bir manba haqida ham xabar beradi. Shunisi e’tiborliki, asosan, ruboiylar jamlangan bu nodir qo‘lyozmada Navoiy va Fuzuliy ruboiylaridan bir nechasi Ado tarafidan ruboiy-mustahzod qilingan ekan. Masalan, Navoiyning:
Soqiy, meni xor-xordin ayla xalos,
Kel, gul yuzung och, bahordin ayla xalos.
Yo may beru intizordin ayla xalos,
Yo o‘ldurubon, xumordin ayla xalos —
ruboiysini Ado shunday ruboiy-mustahzodga aylantirgan:
Soqiy, meni xor-xordin ayla xalos,
ey soda yuzum.
Kel, gul yuzung och, bahordin ayla xalos,
jon afro‘zum.
Yo may beru intizordin ayla xalos,
og‘ridi ko‘zum.
Yo o‘ldurubon, xumordin ayla xalos,
eshit bu so‘zum.
J.Nagiyeva tadqiqotida ozarboyjonlik bir qator mumtoz va zamonaviy shoirlarning Navoiy ijodiyotidan bag‘oyat ta’sirlanganliklari ko‘plab misollar yordamida ko‘rsatib berilgan. Kitob nihoyasidagi ilovada esa “Ozarboyjon mashhurlari Navoiy haqida” va “Navoiy g‘azallariga mumtoz ozarboyjon shoirlarining taxmislaridan” (Kishvariy Tabriziy va Nobari Qora Aliyevning beshtadan muxammaslari, Mikoil Saydining ikki muxammasi, Haydariy Tabriziy, Kiromiy va Husaynning bittadan muxammaslari) namunalar o‘rin olgan. Bu kabi jihatlar olima tarafidan alohida e’tiborga olinishining naqadar to‘g‘ri bo‘lganligini uning quyidagi fikri ham ko‘rsatib turibdi: “Navoiyning yuzaga chiqishi bilan ozarboyjon — o‘zbek adabiy aloqalarining tarixida yangi va maroqli hodisalar bo‘y ko‘rsatganini ko‘rdik. Navoiyning tili, iste’dodi, san’atkorlik qudrati, asarlarining ruhi, shakl va mazmuni uni ozarboyjon xalqiga bog‘ladi, sevdirdi…”.
Navoiyshunos olima Jannat Nagiyevaning bu kitobi nafaqat Ozarboyjon, balki O‘zbekistondagi ahli ilm uchun ham munosib tuhfa bo‘ldi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 28-sonidan olindi.