Quyidagi mo‘jazgina maqolani tarjima qilib bo‘ldim-u, Bern janoblari1 qilarga ish topolmay, azbaroyi bekorchilikdan ertaklarni g‘alvirdan o‘tkazibdilar-da, deya o‘ylab qoldim. Axir, har bir xalqning ertaklari ming yillar avval to‘qilib, og‘izdan-og‘izga o‘tib yashab keladi. Undagi qahramonlar, afsonaviy hodisalar millatning qon-qoniga singib ketadi. Axloqiy-tarbiyaviy, estetik g‘oyalari nafaqat yosh avlodni, balki butun jamiyat a’zolarini ezgulik sari undab turadi…
Va shu yerda e’tiboringizni to‘qilib so‘ziga qaratmoqchimiz, ertak to‘qilgandan keyin uning syujetiga, mantiqqa mosmi-mos emasmi, xohlagancha mubolag‘ali voqealarni qo‘shib-chatish mumkin. Ustiga-ustak, ertak bolalarbop asar, undan ortiqcha mukammallik izlash ham noo‘rin. Muhimi, kichkintoylarni ovuntirsa bo‘ldi-da.
Lekin bu maqola keyinchalik miyamga chippa yopishib oldi. Istasam-istamasam, shu haqda o‘ylay boshladim. Va tushundimki, muallifning asl maqsadi umuman boshqa masalaga qaratilgan ekan. Bu haqda Bernning maqolasidan keyin…
Erik BERN
“Qizil qalpoqcha” ertagi marslik nigohida
…Kunlarning birida oyisi Qizil qalpoqchali qizining qo‘liga somsa va ko‘vachadagi yog‘ni tutqazib, buvisining yoniga jo‘natadi. Qizaloq yo‘lda bo‘riga duch keladi. To‘xtang, shu yerda savol tug‘iladi: qaysi ona yosh bolani bo‘rilarga to‘la o‘rmonga yuboradi? Nima uchun somsani o‘zi olib bormadi yoki qiziga hamroh bo‘lmadi? Kampir shunchalik yordamga muhtoj ekan, nega uning kulbada yolg‘iz yashashiga yo‘l qo‘yildi? Xo‘p, qizaloq bir o‘zi borishi kerak ham deylik, lekin unga onasi yo‘lda to‘xtamaslikni, bo‘ri bilan gap sotib o‘tirish kerakmasligini nega tayinlamadi? Ertakdan ma’lumki, Qizil qalpoqcha bu xatarlardan mutlaqo bexabar edi. Biroq hayotiy tajribasi bor har qanday ona bunchalik beg‘am bo‘lmaydi-ku! Demak, onaning hech nimadan xavotir olmasligi xuddi qizalog‘idan tezroq qutulmoqchidek tasavvur uyg‘otadi. Qizig‘i esa, uning shu norasida qizidan boshqa hech kimi yo‘q edi. Qizaloq buvisinikiga borgach, bo‘rini (uning ko‘zlari, quloqlari, oyoqlari va tishlarini) ko‘rgandan keyingi ahvolini eslang. Nega u o‘sha zahotiyoq kulbadan qochib ketmadi? Har qanday holatda ham, deylik, u o‘ta mehribon qiz bo‘lganda ham, bo‘riga duch kelgandan keyin xotirjam gul terib yurmasligi kerak edi, qaytanga: “Yirtqich buvimni yeb qo‘yishi mumkin, tezroq yordamga shoshishim kerak”, deb o‘ylashi lozim emasmidi?
Ertakdagi buvi va ovchi obrazlari ham shubhali. Agar bu cho‘pchakka real kishilar ishtirok etayotgan hodisa deb qaraydigan bo‘lsak, xuddi ularning har biri uchun alohida stsenariy yozilgandek ajablantiradi. Faqat bu taqdirlar majburan bir-biriga tirkab qo‘yilgan. Bu nimalarda ko‘rinadi:
— qandaydir “baxtsiz hodisa” yordamida qizidan qutulmoqchi bo‘lgandek tasavvur qoldiradigan ona qiyofasida;
— bo‘rining (quyon va shunga o‘xshash jonivorlarni ovlab yuruvchi, xullas, o‘zi xon — ko‘lankasi maydon bo‘rining) bila turib o‘z jonini xatarga qo‘yishida. Chamamda, u yoshligida Nitssheni o‘qigan ko‘rinadi (Gapira oladigan, kampir qiyofasiga kirib olishga aqli yetgan bo‘ri kitob ham o‘qiy oladi-da). Bunday deyishimga sabab, yirtqich go‘yo o‘ziga Nitsshening so‘zlarini shior qilib olgandi: “Xavf-xatar ichra yasha, ammo sharaf bilan o‘l!”
— yolg‘iz, buning ustiga, eshikni qulflamay yashaydigan buvining xatti-harakatlarida. Bizningcha, u hayotdan juda bezgan, hech nimaga ishtiyoqi yo‘q. Hatto qarindoshlari bilan birga turishni ham istamaydi. Lekin shu o‘rinda “buvi”ning keksa ekanligiga ham ishonging kelmaydi, axir uning nevarasi hali go‘dak bo‘lsa!
— ovchining xuddi bu voqealarni avvaldan bilganday hodisa joyida hoziru nozir bo‘lishida. Bu o‘rinda uning vazifasi tushunarli — xaloskor, axir undan boshqa kim ham norasida qiz va keksa xonimga yordam bera olardi.
Qizil qalpoqcha buvisini (bu o‘rinda to‘shakda yotgan bo‘ri nazarda tutilmoqda) birinchi marta ko‘rib turgandek savolga tutishi, ustiga-ustak, karavotga xotirjam chiqib olishi kishini hayron qoldiradi. Qizaloq yirtqich bilan ochiqdan-ochiq o‘ynashayapti, degan xulosaga kelasiz. Qizig‘i esa, bu o‘yin qizaloq uchun omadli yakunlanadi.
Bu ertakdagi qahramonlarning hayoti hech qanday qimmatga ega emasdek tuyuladi. Go‘yo ertak yozishdan maqsad bo‘rini qanday qilib qo‘lga olish mumkinligini aytishdan iboratdek, xolos. Uni ilintirish uchun o‘zini laqma qilib ko‘rsatuvchi, aslida qopqon vazifasini o‘tovchi qizaloqdan foydalaniladi. Agar boshqacharoq bo‘lganda, masalan, Qizil qalpoqcha bo‘ri yashaydigan o‘rmonga bormasa yoki bo‘rini qizdan uzoqroq yurishini (shunda buvi ham bexavotir bo‘lardi) ta’minlasa bo‘lmasmidi? Xullas, ertakdan maqsad — bo‘rilar o‘rmonda hech qachon yolg‘iz sayr qilmasin, oxiri voy bo‘ladi, degan gapni uqtirish, shekilli… Bu holat qizini o‘rmonga yuborib, uning kun bo‘yi qaytmaganidan xavotir olmayotgan oyisining xotirjamligida ham seziladi.
Agar o‘quvchilar ushbu tahlilimizni beadablikka yo‘ysalar, ular real hayotda Qizil qalpoqcha bo‘lib yashab ko‘rishsin. Demoqchimizki, bunaqa “mehribon ona” va bunday “tajriba” bilan yashaydigan odam “ulg‘ayarmikan”?
Erik Bernday psixolog olim qimmatli vaqtini sarflab qariyb besh yuz yildan beri yashab kelayotgan, Sharl Perodek2 mashhur ertaknavis qalamiga mansub bu cho‘pchakni nega tahlil qildi? Uning ertakni mayda detallargacha ko‘zdan kechirishi boisi nimada? Niyati faqat asarning g‘aliz yozilganini (aniqrog‘i, to‘qilganini) isbotlab berish edimi yoki…
Anglashimizcha, muallif bu mitti tadqiqoti bilan boshqalar uchun “ko‘rga hassa” yasagan, hassa bo‘lganda ham bejirim, tutqichi to‘mtoq hassa. Modomiki, asarlardagi mantiqsizlikni taftish qilmoqchi ekan, biror qissa yoki romanni qo‘lga olib, hafsala bilan tahlil qilishi ham mumkin edi-ku. Ammo u “kosa tagida nimkosa” usulini qo‘llashni afzal bildi. Psixologiya fanida bemorni davolashning samarali yo‘li u haqda noxush gap aytmaslik hisoblanadi (E.Bernning shifokor ekanligini ham unutmaslik kerak!). Agar xasta odamga “Sen kasalsan” yoki “Sening ahvoling og‘ir”, deyilsa, hech qachon yaxshi natijaga erishib bo‘lmaydi. Aksincha, uni davolashda boshqa bemorlarni ko‘rsatib, “Sening holating bularnikidan yaxshiroq”, deyish uning sog‘ayishga bo‘lgan ishonchini oshiradi. Demoqchimizki, muallif ham xuddi shu — ikkinchi yo‘lni tanlagan. Bu yerda “Qizil qalpoqcha”dek mitti, insoniyat taqdiri uchun unchalik katta ahamiyatga ega bo‘lmagan ertak Bern uchun ana shunday ikkilamchi “ob’ekt” vazifasini bajaradi.
“…Bu taqdirlar majburan bir-biriga tirkab qo‘yilgan.” Bu jumla adolatli tahlil jarayonida qaysi yo‘ldan borish ma’qulligini ko‘rsatuvchi “kompas”. Ana shu kompas ertakdagi har bir intrigani shoshmasdan, orqa-o‘ngiga qarab nazardan o‘tkazish lozimligini ko‘rsatadi. Va, tahlilchi qahramonlarning bir-biriga zid, ehtimol, ertak maqsadiga ham mos kelmaydigan jihatlarini kashf qila boshlaydi. Bu kashfiyotlar shu darajaga borib yetadiki, muallif tili bilan aytganda, “beg‘am ona”, “sodda-mug‘ombir qizcha”, “Nitsshega ixlos qo‘ygan bo‘ri” va, nihoyat, “ertakni yakunlash uchun shartli ravishda kiritilgan ovchi” endi bizning ham ensamizni qotirib yuboradi.
“Ertak yozishdan maqsad bo‘rini qanday qilib qo‘lga olish mumkinligini aytishdan iboratdek, xolos.” Bu xulosani aytish uchun ertakdagi mantiqsizliklar (maqola avvalida muallif o‘rtaga tashlagan savollarni eslang) kifoya qiladi. Qarangki, butun Yevropa xalqlarining sevimli ertagi (bu ertak biz uchun ham qadrdon) hisoblangan “Qizil qalpoqcha”da shuncha g‘alizlik bor, buning ustiga, ertak besh asrdan omon-eson o‘tib kelmoqda, dedik. Demak, shuncha yillardan buyon shu g‘alizliklarni ko‘rib ko‘rmaslikka olayapmizmi?
Lekin psixologning xavotiri bunda emas. Aslida, ertak bundan ham battar voqealarga to‘lib-toshib ketsa ham unga baribir. Uni qiziqtirgan, aniqrog‘i, u xohlagan narsa — boyagi ko‘rga hassa edi. Bern shu maqolani yozar ekan, oddiy bir cho‘pchakka shuncha malomat-u nadomat qilishi adolatdan emasligini, albatta, bilardi. Ertak degani ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan ajoyibotlardan, yerga taroqni tashlasa haybatli o‘rmonga aylanadigan qadim-qadim zamonlardan olib yozilishini ham tushunardi. Uning asosiy maqsadi bu tahlil orqali boshqa “ertaknamo bayonlarga” o‘z fikri-xulosasini aytib olish edi. Yana ham to‘g‘risi, jamiyatlarni yemirib yotgan ommaviy saviyasizlik, san’at va adabiyotga daxl solayotgan soxta va surbet “iste’dodlar”, bachkana olqishbozlik, ma’naviy mardikorlikning urchishi, sof tuyg‘u bilan pul topishga ixtisoslashtirilgan mayda hislarning farqi haqida yozmoqchi edi u.
Bern o‘zi yashayotgan jamiyatda ham, boshqasida ham bu kabi tiyiqsiz harakatlar kechayotganini yaxshi ilg‘agan. U nashriyotlar “Qizil qalpoqcha”dan ham battar jo‘n, siyqa, havasga yozilgan, tahrir ko‘rmagan (ko‘rmaydigan ham), qahramonlari Nitsshedan ta’sirlangan bo‘ridan-da mujmal xarakterda bo‘lgan asarlar to‘lib ketganini, adiblar allaqachon “Menga tegma, senga ham tegmayman” yo‘liga o‘tib olganini, adabiyotshunos va munaqqidlar panaga o‘ta boshlayotganini aytmoqchi bo‘ladi. Ammo aytolmaydi, chunki u bu bilan hech nimaga erishib bo‘lmasligini, yozuvchi zotini bir xilda iste’dodli qilish mumkin emasligini, xom-xatala asarlar kamaymasligini ham tushunardi. Rahmon Qo‘chqor ta’biri bilan aytganda, agar yozuvchi o‘z asarining yomonligini bilganda, adabiyotda muammo qolmasdi, degan fikrga yaqin xulosaga kelgan bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas.
Ajabki, Bernning bu hadik-xavotiri bugungi kunimizga ham birdek tegishli. Bugun ham adabiyot borasida talay urinishlar qilinayotgani sir emas, lekin bularning aksariyati mashq maqomidan nariga o‘tmayotgani achinarli. Biroq shu mashqlar ko‘p vaqt o‘tmay kitob holida o‘quvchilar qo‘liga yetayotgani undan ham yomon. Yo‘ldan adashgan biron qiz yoki yetimlikda o‘sgan yigitning boshidan o‘tganlari haqida erinmay bayon qilib beruvchi “qissa”lar, “romanlar” xuddi kitobxon didini tobora o‘tmaslashtirishga mo‘ljallangandek tasavvur qoldiradi. Qizig‘i, bunday asarlarning aksar qahramonlari ertakdan olingandek tuyuladi: bir zumda olijanob kishiga, bir zumda riyokor yoki jinoyatchiga aylanadi-qoladi. Vaholanki, asardagi har bir taqdirning ruhiy holati, shu o‘zgarishgacha bo‘lgan kechinmalari hisobga olinishi kerak emasmi?
Bunday saktaliklar she’riy mashqlarda ham tez-tez ko‘zga tashlanadi. “Oppoq qorlar yog‘ar osmondan”, deydi bir shoir yigit. Shu misraning o‘zidayoq ikki g‘aliz fikrga qoqilasiz. Birinchisi, qorning oqligi (boshqa rangdagi qorni ko‘rganmisiz) bo‘lsa, navbatdagisi qorning osmondan yog‘ishi. Bunga o‘xshash qancha she’rlar kitob bo‘lib, javonimizga joylashib bo‘ldi ekan… Agar bular Sharl Peroning ertagi holiga tushsa, nima bo‘ladi? Bernning hech bo‘lmaganda ikki varoq nimadir yozishiga (mayli, tanqid bo‘lsin) arzirmidi? Bizningcha, psixolog miyig‘ida kulib qo‘yardi, xolos.
Maqola so‘ngida e’tiboringizni olim tanlagan sarlavhaga qaratmoqchiman: “Qizil qalpoqcha” ertagi marslik nigohida”. Albatta, bu qitmir sarlavhaning achchiqdanagiga tushunib turibsiz. Gap bunda emas, gap — haqiqat mezoni sifatida “marslik nigohi”dan foydalanilayotganida. Bu endi nozik jihat. Nega endi olim ertakchiga ham emas, adabiyotshunoslarga ham emas, aynan uchinchi tomon — o‘zga sayyoralikning qarashlariga ko‘proq tayandi? Bu bilan yerliklarda xolis fikr qolmadi, demoqchimi…
Yaqinda ixtirochilar tomonidan kashf etilgan antiqa yangilik haqida eshitdim. Ular uyali aloqalarni endi koinotdan turib — sun’iy yo‘ldosh yordamida boshqarishni, aniqrog‘i, maxsus dastur yordamida mijozlarga xizmat ko‘rsatishni o‘ylab topishibdi. Unga ko‘ra, agar siz biror yaqiningizni topmoqchi bo‘lsangiz, uning raqamini terib dasturga jo‘natasiz. Qarabsizki, bir-ikki soniyadayoq o‘sha tanishingiz ayni paytda turgan joyning tasviri yetib keladi. Hatto uning kim bilan, qay holatda, nima ish ustida turganini ham aniq-tiniq bilib olasiz. Demak, kosmosdan turib yerning har bir nuqtasini tekshirish mumkin. Bundan chiqdi, Bern adabiyotdagi nozik nuqtalarni aniqlashda aynan marslikning fikriga ishonganini ham tushunish mumkin.
Gapning indallosi, psixolog o‘z ishini qoyilmaqom bajardi. U qaysi asar qanday qimmatga ega, insoniyat ruhiyatini sog‘lomlashtirishdagi foydasi nechog‘li, “badiiy adabiyot”larning asl qiyofasi qanday, shularni tahlil qildi. Siz bu o‘rinda qaysi badiiy adabiyot haqida gapirilayotganini tushunib turibsiz, albatta. Tabiiyki, bu gap “Qizil qalpoqcha”dek nodir va mashhur ertaklarga taalluqli emas. Faqat muallif, o‘zi ta’kidlaganidek, bunday beg‘amlik va tajribasizlik bilan unib-o‘sish, ya’ni jamiyatni ma’nan ulg‘aytirish mumkinmi, shu haqda bosh qotiradi. Bern shundan qayg‘uradi, xolos…
__________
1 Erik Bern (1910 — 1970) — amerikalik mashhur psixoanalitik. Uning “Harakatdagi psixika”, «Qo‘g‘irchoq odamlar” nomli kitoblari shuhrat qozongan.
2 Sharl Pero (1628 — 1703) — mashhur frantsuz ertaknavis yozuvchisi. “Qizil qalpoqcha”, “Zolushka”, “Etik kiygan mushuk”, “Ko‘k soqol”, “Sohibjamol va maxluq” kabi ko‘plab ertaklar muallifi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 21-sonidan olindi.