Hayotda qanchalik qulayliklar ko‘paymasin, elektron vositalar bizni qanchalik qurshab olmasin, ijodkor so‘zining, qalamining mavqei aslo pasaygani yo‘q. Zero, donishmandlar inson qalbini “olami kubro”, ya’ni “olam ichidagi eng katta olam”, deb atashgan. O‘zi jisman zaif bo‘lsa-da, fikri-shuuri osmondagi yulduzlarga yetadigan Inson qalam bilan yanada sharaflandi, obro‘-e’tibor, e’zoz topdi.
Shoir aslida kim? U o‘z xalqining ma’naviy-ma’rifiy ganjinalarini asrab-avaylab, yanada boyituvchi xazinabon, o‘z davrining nafasini, shukuhini keyingi davrlarga eltuvchi tarixchi va charog‘bon, nihoyat, kelajakka tomon qadam tashlayotgan Vatanining oldingi saflarida ketayotgan ruhbondir. Shoir o‘z Tilining lug‘at boyligini, salohiyatini oshiruvchi, adabiy-estetik hodisalarni birlashtirib, insoniyat shu paytgacha erishgan tafakkur maqomining simmetriyalarini kashf qila oladigan, bashariyatni uyg‘otuvchi Komil Insondir.
Har bir shoir o‘z navbatida, qaysi darajada bo‘lmasin, shunga intilib kelgan. O‘zbek adabiyoti tarixiga nazar solsak ham, ana shu tamoyilning belgilarini ko‘ramiz. To‘g‘ri, adabiyot ishiga ko‘p davrlarda sinfiylik nuqtai nazaridan yondashildi, adabiy an’ana va metodlar, adabiy yutuqlar partiyaviy jihatdan baholandi. Lekin o‘zbek adabiyotida yaratilgan haqiqiy asarlar o‘z hayotchanligini yo‘qotmadi. Chunki zohiran sinfiylik xarakteriga egadek tuyulgan bu asarlarning o‘z ruhi, ichki mazmunida umuminsoniylik kontseptsiyasi, jahon xalqlarini baxtli, farovon va ahil ko‘rish g‘oyalari mujassam edi.
Buni jadid davri adabiyoti vakillari ijodini o‘rganganimizda ham kuzatishimiz mumkin. Fitrat, Hamza, Avloniy, Ibrat, Tavallo, Sidqiy, Cho‘lpon kabilar ijodi haqida so‘zlaganda adabiyot o‘z davrining badiiy in’ikosi, bu ijodkorlar esa o‘zi yashab turgan voqelikning ongli, hushyor a’zosi bo‘lganligining guvohi bo‘lamiz. Ha, haqiqiy ijodkor chor-atrofdagi voqea-hodisalarga shunchaki guvoh emas, balki ularni baholay oluvchi tarozubon, misoli oltinni misdan ajrata oluvchi zargar kabi haqiqatni yolg‘ondan ajrata oluvchi nozik kuzatuvchidir.
Jumladan, o‘zbek jadid ma’rifat¬parvar¬larining zabardast vakili Hamza Hakimzoda Niyoziy hayoti ham katta tashvishlarga yo‘g‘rilgan bo‘lsa-da, o‘zbek milliy adabiyotida chuqur iz qoldirishga erishdi. Avvalo, shoir jadid adabiyoti o‘z oldiga qo‘ygan ulkan vazifalarni chin dildan his etdi va elni ma’rifat, keng dunyoviy ilmga chaqirdi, istibdodga qarshi ma’rifat bilan kurashish zarurligini anglab, o‘z asarlarida intellektual ruhni namoyon etdi.
Mustaqillik yillariga kelib, Hamza ijodi va hayotiga ob’ektiv yondashilgan maqolalar, tadqiqotlar matbuotda e’lon qilindi. Ular sirasiga taniqli olimlar Naim Karimovning “Hamzani kim o‘ldirgan?”, “Hamza va muxtoriyat”, O.Sharafiddinovning “Istibdod qurboni”, B.Qosimovning «Yangi tafakkur: izlanishlar, mashaqqatlar», L.Qayumovning «Biz bilmagan Hamza» va tadqiqotchi Abdumalik Yoqub¬ning «Tikansiz gul: jadidchilik va Hamza» kabi maqolalarni kiritishimiz mumkin.
Mustaqillik yillarigacha shoir ijodiga bir tomonlama, sub’ektiv yondashuv mavjud bo‘lgan. Shoir ijodini baholashda sotsialistik realizm metodiga asoslanilgan. Hatto shoirning diniy-dunyoviy qarashlariga ham “ateistik” yorliq yopishtirilgan.
Ammo Hamza ijodining ruhiyatiga, ichki mazmuniga chuqur nazar tashlasak, bunday tafsilga hojat qolmaydi.
Yo iloho, sangadur hamdu sano,
Qodiro, hayyu tavono zula’lo.
Ham qadimsan, ham azal, loyazal,
Vorlig‘ingga yo‘q sani hech intiho.
Vorlig‘ingga ul shahodat verg‘usi,
Oy ila xurshidu ham arzu samo.
Bir sifoting qulhu ollohu ahad,
Yo‘q sheriging, yakkasan, yo rabbano.
Shoirning “To‘la asarlar to‘plami” dan o‘rin olgan ushbu g‘azali munojot ruhida yozilgan bo‘lib, Yaratganning birligiyu, ulug‘ligi va sifatlariga e’tibor qaratadi. Shu bilan birga ojiz va shikasta qalbning dil izhorlarini qalamga oladi. Ham azal, ham boqiy bo‘lgan, avval va oxirda mavjud bo‘lgan Rabbining sifatlarini bir-bir aytar ekan, hatto oyu quyosh ham Sening borligingga guvohdir, deb shukrona keltiradi.
U dindorlarni tanqid qilar ekan, dinga emas, mutaassib, bid’atchi ulamolarga qarshi chiqadi, diniy ahkomlarni o‘z foydasiga talqin qiluvchi, fuqaro g‘amidan o‘z rohatini ustun qo‘yuvchilarni tanqid tig‘i ostiga oladi. Olim T.Zufarov hamda tadqiqotchi Sh.Amonovlar olib borayotgan tadqiqotlarda ko‘rsatilishicha, shoirning turg‘unlik yillari chop etilgan “Mukammal asarlar to‘plami” da ham, “To‘la asarlar to‘plami” da ham uni asl manbalarga solishtirganda qator matniy tafovutlar borligi ko‘zga tashlanadi. Olim T.Zufarov ta’kidicha, bu tafovutlar uch xil shaklda namoyon bo‘ladi: qisqartirishlar (ya’ni, shoir she’rlaridagi misra va satrlar asossiz ravishda tushirib qoldirilgan), o‘zgartirishlar (shoir qo‘llagan “bitsun”,” qisun” kabi so‘zlar “bitsin”, “ qisin” tarzida o‘zlartirilib, zamonaviylash¬tirilgan) va ma’naviy o‘zgachaliklar (ma’nosiga e’tibor berilmay o‘zgartirilgan so‘zlar). Tadqiqotchi Sh.Amonov to‘g‘ri aytganidek, bu matniy tafovutlar o‘sha paytdagi hukmron mafkura ta’sirida yuzaga kelgan.
Shoirning 1988 yilda chop etilgan “To‘la asarlar to‘plami” 2-jildida e’lon qilingan “Eski Turon” deb nomlanuvchi xalq ashulasining poetik intonatsion xususiyatlari asosida yozilgan ”Darmon istariz” deb nomlanuvchi ashula matnida ham o‘zgarishlar mavjud :
Ey musulmonlar, qachon biz darda darmon istariz,
Bu qorong‘u kechamizga mohi tobon istariz,
Biz vatan avlodina ilm ila urfon istariz,
Yodgori qolgudek isloma unvon istariz,
Ey musulmonlar, kelinglar xatmi Qur’on istariz.
Millata shavkat, taraqqiy, sha’nu davron istariz.
Sh.Amonov ta’kidlashicha, ushbu ashula naqo¬ratidagi “xatmi Qur’on istariz” so‘zlari asl matnda “hukmi Qur’on istariz” ekan. “Xatmi Qur’on” – bu Qur’onni xatm qilish, qiroat bilan o‘qish demakdir. “Hukmi Qur’on istariz” deganda ma’no yuki yanada ortib, shoir musulmonlarni Qur’on hukmlari, ahkomlari asosida yashashga chaqirayotgani anglashiladi.
Yana bir o‘rinda shoirning “Dardiga darmon istamas” she’rida:
«Jamshid» u «Zarqum», «Bayoz» ahli salohni ilgida,
Yo aqoid, yo hadis, tasviri Qur’on istamas,
Uxlama, ko‘p o‘zbek eli, asri taraqqiy vaqtida, –
deyiladi. Asl matnda ”tasviri Qur’on “emas, balki “tafsiri Qur’on istamas” bo‘lar ekan. Bunda ham misra mazmuni bir so‘zni almashtirish bilan katta o‘zgarishlarga uchragan.
Millat uchun jon kuydirish, uni ijtimoiy ongli bo‘lishini chin dildan istash, jaholat va bid’atlarga qarshi ma’rifat bilan kurashishga chorlash Hamza ijodiyotining asl mehvari edi. 1915 yildayoq «Milliy ashulalar uchun milliy she’rlar majmuasi»ning birinchi bo‘limi tuzilib, Qo‘qonda toshbosmada chop etilishi undagi asarlar milliy o‘ziga xoslikni namoyon etishi, ilm va tarbiyaviy nuqtai nazaridan katta ahamiyat kasb etishi bejiz emas edi. Birgina “Yig‘la,Turkiston” nomli she’ri katta falsafiy-ma’rifiy mazmunni ifoda qiladi:
Yig‘la, yig‘la, Turkiston, yig‘la, Turkiston,
Ruhsiz tanlar tebransun, yig‘la, Turkiston,
Turgil darddan, jismingni sog‘la, Turkiston,
Donish o‘tiga bag‘ring dog‘la, Turkiston,
Belga himmat kamarin bog‘la, Turkiston,
Ma’rifatga yetmoqni chog‘la, Turkiston.
Hamza ijodining leytmotivini millatga o‘z og‘ir holini anglatish, uni keng dunyoga yangicha, yuksak ma’rifiy nazar bilan qarashga undash tuyg‘usi tashkil qiladi. Shu bois ham bu yo‘lda barchamiz, ulamolardan tortib boyonlargacha, oddiy fuqarodan to amaldorgacha birlashib millat uchun jon kuydirishga bel bog‘laylik, deya murojaat qiladi. Buni “Yashil gul” to‘plamiga kirgan she’rlardan ham bilish mumkin:
Haq yo‘lida jon bersak, bo‘lsak millat qurboni,
Din xizmatina kirsak, bo‘lsak millat qurboni.
Kelinglar, dindoshlar, bir ittifoq etaylik,
Maktab ochub, ilm o‘qub, shoyad olg‘a ketaylik.
Shoir “ilmsizlik”ni bir jarohat deb biladi, uni zo‘raymasdan oldini olishlikka undaydi:
Zo‘raymasdan jarohat, davo qiling, davolat,
To yetmasdan falokat, bo‘lsak millat qurboni.
Millat dardini teran tomirlar bilan his qilish shoirlik rutbasiga o‘ta katta mas’uliyat bag‘ishlaydi. Asrdan asrga qadam tashlash chog‘ida Turkiston boshiga kelgan kulfatlar, mustam-lakachilik keltirgan balolar va bunga yarasha millat ibrat oladigan, ular ergashadigan ulamolarning befarqligi, boylarning ham o‘z millati rivoji uchun qadam tashlamasligi, natijada yosh-yalanglar tarbiyasidagi noqisliklar, bilimsizlikning avj olishi, buning oqibatida ijtimoiy huquqsizlik kelib chiqishi, butun jahon taraqqiyoti yuz berib turgan paytdagi davrlarda o‘lkadagi bu bosh¬boshdoqliklar hushyor qalbli shoirning eng katta dardu alamiga aylangan edi. Bu qayg‘u butun jadid ma’rifatparvarlari uchun ham umuminsoniy qayg‘uga aylandi. Va shu davrda yaratilgan har bir she’r, nasriy yoxud dramatik asarlar o‘zida tashiyotgan asl ma’nolar javhari ana shundan iborat edi.
«Yoshlik» jurnali, 2009, № 6