Samimiy, chin dildan yozilgan o‘tli, purhikmat asarlarni o‘qib, dunyoning rang-barangligiga, so‘zning mo‘jizaviy kuchiga imon keltirasan kishi. Shoirlarning fikr va tuyg‘u uyg‘unligida yaratgan quyma satrlari ularning ma’naviy dunyosi naqadar keng, tafakkur olami chegara bilmasligini namoyon etadi.
She’r, avvalo, iste’dod mahsuli. Tom ma’nodagi she’r yozilmaydi, balki shoirning ongi va tuyg‘usiga yo‘g‘rilgan holda yaralib, qog‘oz yuziga tushadi. Shu boisdan ham ustoz shoirlarimizning hayot yo‘llari, ijodlari, yo‘l-yo‘riq, maslahat va mulohazalari boshlovchi ijodkorlarga yo‘lchi yulduz vazifasini o‘taydi.
Kichkintoylarning sevimli shoiri, mohir tarjimon, bolalar adabiyotining tolmas targ‘ibotchisi Tursunboy Adashboyevni taqdir Qudrat Hikmatdek talabchan so‘z ustasiga ro‘baru qilganidan uning ijod yo‘lini tutib, sobitqadamlik bilan mag‘zi to‘q she’rlar, ertak va balladalar, dostonlar yozib kelayotganidan quvonaman. Ustoz Qudrat Hikmat 60-yillar avvalida yosh shoirga pishiq-puxta asarlar yozish hunarini «yuqtirgani», uning bolalar she’riyatiga havas va ishtiyoqini to‘g‘ri o‘zanga solib, olovlantirgani uchun ham T. Adashboyev yillar davomida ko‘plab qo‘rli va cho‘g‘li asarlar yaratish baxtiga musharraf bo‘ldi.
Darhaqiqat, T. Adashboyevning adabiyot olamidagi ilk yutug‘i o‘ziga munosib ustoz tanlay bilgani bo‘ldi. Q.Hikmat bilan ustoz-shogirdlik munosabatlari nafaqat Tursunboy akaga, keyinchalik ustoz deya u kishining etagini tutgan iste’dodli shoirlar Hamza Imonberdiyev, Sodiqjon Inoyatov, Xudoyberdi Komilov, Zafar Isomidinov, Ma’mur Qahhor, Qo‘zi Ismoil, Erpo‘lat Baxt, Ravshan Isoqov, jumladan, kaminaga ham naf keltirdi, ularning ijodkor sifatida tezroq oyoqqa turib olishlariga dalda bo‘ldi.
Shogirdlar T. Adashboyevdan, avvalo, ko‘ngil buyurganini yozish lozimligini o‘rgandilar. Quruq pand-nasihat, siyqasi chiqqan mavzulardan iborat misralarning umri qisqa bo‘lishini tushunib yetdilar. Shoir umr bo‘yi o‘qishi, so‘z ustida ishlashi zarurligini dildan his etdilar. Albatta, ular ustoz nimani chizgan bo‘lsa shuni chizib, nimani o‘chirgan bo‘lsa, shuni o‘chirib, ijod qilmadilar, aksincha, o‘z ovozlarini topib, bolalarga manzur she’rlar yozdilar. Eng muhimi, asar, avvalo, tafakkur mahsuli bo‘lib, xalqqa xizmat qilishi lozimligini angladilar. Bularning bari ustoz Tursunboy Adashboyevning serqirra ijodkor, shogirdparvar inson, bolalar adabiyotining zahmatkash targ‘ibotchisi ekaniga dalil.
Ellik yildirki, bolajonlarga atab, bola bo‘lib quvnoq asarlar yozib kelayotgan shoirning ijodiy yutuqlari bisyor. T. Adashboyev she’r yozar ekan, birinchi navbatda, yosh kitobxonlarning vaqtini olmaslik payida bo‘ladi: qisqa va lo‘nda yozadi. Uning har bir she’ridan o‘ziga xos “qissadan hissa” aniq-tiniq anglashilib turadi. Shoir she’rlarini o‘qigan bolalar ulardan uzoq vaqt ta’sirlanib, ruhlanib yuradilar Masalan:
Boychechaklar nish urib,
To turguncha o‘rnidan,
Bahor qishni tarnovga
Osib qo‘ydi burnidan.
She’riy asarlarda, ayniqsa, ular bolalarga atab yozilgan bo‘lsa, qofiyalar yangi va to‘la bo‘lishiga ne yetsin. Deylik, dastlabki satri «bahor» va «lola» so‘zlari bilan tugagan she’rning uchinchi va to‘rtinchi satrlari, albatta, «nahor» va «bola» yoki shu singari kutilgan ohangdosh so‘zlar bilan yakunlanadi. Biroq ustoz T. Adashboyev aksar she’rlarida bu taxlit qofiyaga, qofiyalanishlarga amal qilmaydi va… to‘g‘ri qiladi! Nega deysizmi? Chunki bunday texnik «shart»larga ko‘nish qaysidir ma’noda fikr va tuyg‘uni bir «qolip»ga olib keladi, shoir qofiyadosh so‘zlarni «tanlash»ga kirishib ketib, o‘zi istamagan va sezmagan holda so‘zlar «izmi»ga tushib qolishi hech gap emas. Oqibatda ko‘ngildagi gap she’rda ta’sirsiz, ohorsiz tarzda o‘quvchiga yetib boradi.
Qofiyadosh so‘zlarning me’yorida, kutilmagan ohanglar vositasida kelishi, shaklning odatiy, «silliq» emasligi o‘quvchi e’tiborini tezda o‘ziga tortadi. Uni fikr-mushohada yuritishga chorlaydi. Shoirning «Uyaladi» she’ri bola tasavvurini boyitishi bilan birga, unda tilimizning diltortar jilvalariga havas uyg‘otadi va shu tariqa bolani tarbiyalaydi:
— Dada, bulut ortiga
Quyosh nega berkinar?
— Yuz yuvmagan boladan
Uyaladi, Erkinoy…
T. Adashboyev she’rlaridagi «peshxari-peshlari», «yashil-tashir», «sang‘ib-chang‘i», «o‘pkalab-cho‘kkalab», «ko‘pchidi-o‘pchigi», «zaptiga kaftiga», «joy edi-koyidi» kabi ko‘plab kutilmagan qofiyalar o‘z vaqtida adabiyotshunos olimlarimiz tomonidan e’tirof etilib, ijobiy bahosini olgan.
Shoirning aksariyat asarlarini voqeband she’rlar tashkil etadi. Bu, albatta, yaxshi va aslo tasodif emas. Bolalar uchun yozilgan asarlar, avvalo, tushunarli, sodda, ravon bo‘lishi lozim. Mashhur bolalar shoiri e’tirof etganidek, bolalar uchun yozilgan she’rning har bir misrasiga rasm chiza olish mumkin bo‘lsin. Buning uchun istalgan voqea, hodisa she’rga «xamirturush» bo‘la oladi. Bolalar abstrakt tushunchalarni emas, ko‘proq konkret voqea, hodisa, predmetlarni tushunib, to‘g‘ri his etadilar. Bolalar shoirining vazifasi bolani zeriktirmaslik, unga quvonch hadya etish, ko‘ngliga sevinch solish, Vatanni ardoqlashga o‘rgatish, ota-onani qadrlashga chorlash, tafakkurni badiiyat orqali o‘stirish, shakllantirishdir. Shu boisdan ham, voqeband she’rlar yozish shoirni o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga tezroq yetkazadi. Jumladan, Tursunboy Adashboyev «Ayamadi mo‘ylabin» she’rida shunday yozadi:
Chalgan edi chigirtka
Sozni avjdan yuqori,
Tun yarmida uzildi
G‘ijjagining bir tori.
Xayriyatki, baxtiga
Ustaxona — do‘kon bor.
Lekin ishlar kunduzi,
Shoxdor qo‘ng‘iz — do‘kondor.
Tongni kutib o‘tirmay,
Ustani ketdi izlab.
Topib shoxdor qo‘ng‘izni
Iltimos qildi sizlab.
Chirildoqlar nag‘masi
Chiqdi avjga-zaptiga.
Qolmayin, – der ko‘rikdan,
Kaftin ishqab kaftiga.
— Do‘kon yopiq, ertaga
Kelgin — deb aytolmadi.
Chigirtkaning sazasin
Usta ham qaytarmadi.
Izzat-ikrom ko‘rsatdi
Shoxdor qo‘ng‘iz e’zozlab.
Yulib bitta mo‘ylabin
G‘ijjagin berdi sozlab…
Shoir yarim asrdirki, jahon bolalar adabiyotini muntazam ravishda o‘qib, kuzatib keladi. Uning eng yaxshi namunalarini o‘zbek tiliga o‘giradi. Yosh kitobxonlar Uolter De-Lamer, Jovani Raboni, S. Marshak, K.Chukovskiy, Yu.Morits, O.Allanazarov, Q.Junushev, Qodir Mirza, Ye.Elubayev singari shoirlarning asarlarini T.Adashboyev tarjimasida o‘qishgan. Ustoz bu borada ham mahorat bilan qalam tebratishga, shaklni ma’no va mazmun bilan omuxta qilishga, asliyatdagi barcha badiiy unsurlarni to‘laligicha saqlab qolishga erishgan.
T. Adashboyev she’riyatining mavzu doirasi juda keng. Uni chigirtkadek mayda hasharotdan tortib, tog‘dek katta jismgacha bo‘lgan barcha narsa birdek qiziqtiradi, ilhomlantiradi, she’r yozishiga turtki beradi. Shoir ona-Vatanni o‘ziga xos ohanglarda kuylaydi, yosh kitobxonlarni tabiatni sevishga, uning giyohidan tortib, tog‘u toshlarigacha asrab-avaylashga chaqiradi. Biroq bunga u pandu nasihat bilan emas, avvalo, tasvirlash, qissadan hissa chiqarishga undash orqali erishadi. Shoirning, tabiat manzaralari chizilgan she’rlari kitobxonlar xotirasida uzoq vaqt saqlanib qoladi:
Qish ayozi tobida,
Qor erinmay bo‘ralar.
Shox-shabba orasidan
Ovchi sergak mo‘ralar.
Eman bargi tovusning
Quyrug‘iday serhasham,
Kiyik yurgan so‘qmoqlar
Qirda yo‘l-yo‘l beqasam.
Ayiq g‘orga yo‘l oldi,
Piymasini ivitgan.
Quyon po‘stin tikibdi
O‘ziga oq tivitdan…
Shoirning «Sharq» nashriyot-matbaa aktsiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan ishlari ham diqqatga sazovor. So‘nggi ikki yil ichida T. Adashboyev o‘zbek bolalar shoirlarining rus tilidagi antologiyasini chop ettirdi. Z.Isomiddinov, M. Qodirov, N. Oston, S. Inoyatov, M. Qahhor kabi umidli shoirlarning asarlarini nashrga tayyorladi. «O‘qituvchi» nashriyot-matbaa ijodiy uyida nashr etilgan «O‘zbek bolalar adabiyoti antologiyasi»ning she’riyat jildi ham T. Adashboyevning ko‘p yillik samarali izlanishlari natijasidir. Bundan tashqari, betakror shoir Qudrat Hikmatning saylanmasini kitobxonlar hukmiga taqdim etdi.
Ustoz o‘z shogirdlari bilan hamisha muloqotda. Ularning yangi asarlarini mamnuniyat bilan vaqtli matbuot nashrlariga tavsiya etadi. To‘plamlari chop etilgudek bo‘lsa, xuddi o‘zining kitobi chiqqandek quvonib, ularga “sim qoqib” tabriklaydi. O‘zining yangi-yangi she’rlari, parodiyalari, tarjimalari, nazariy-ilmiy asarlari bilan «O‘zAS», «Afandi», «Mushtum», «Gulxan», «G‘uncha», «Sog‘lom avlod», «Yoshlik» kabi gazeta va jurnallarda, ilmiy-metodik nashrlarda qatnashib turadi. Shu bilan birga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi Bolalar adabiyoti kengashini ham boshqarib kelayotir.
Ustoz bugungi tabarruk yoshida ham odamga, olamga boladek beg‘ubor nigohini, boladek orzularga limmo-lim qalbini, barchaga xolis, intiluvchan, samimiy muomalasini asrab kelmoqda. Mana shu gavhardek noyob fazilatlar uning bir chimdim hazilga, kutilmagan holatga va, albatta, donishmandga xos teran falsafalar singdirilgan she’rlari, dostonlari, ertaklari zamonaviy adabiyotimiz xazinasidan o‘rin olgani biz shogirdlarning ko‘nglimizni tog‘dek yuksaltiradi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 23-sonidan olindi.