Rustam Musurmon. Yonib turar derazam har tun (2009)

O‘zbekiston xalq shoiri Aleksandr Faynbergning she’rlarini bundan o‘n yil burun tahririyat topshirig‘iga binoan tarjima qilganman. Ertasiga gazeta sahifalanadigan kun bo‘lgani uchun bir kechada “Priisk” kitobidan beshta she’rni rus tilidan o‘zbekchaga o‘girishimga to‘g‘ri keldi. Noyabr edi. Eski hovlidagi so‘rida qog‘ozga yozganlarimni chizib o‘chiraman, so‘zlarni pishitishga harakat qilaman… Shu tariqa ilk tarjimam “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida bosilib chiqdi. Ushbu misralar Aleksandr Faynbergdan men dastlab tarjima qilgan she’rdan:

Qabristonga bordim, qish — bahor emas,
Yuragimga esdi mezon shamoli.
Osmondan yog‘ayotgan oppoq qor emas,
Onamning bor-yo‘g‘i bitta ro‘moli.

Shoir she’riyati o‘shanda meni mahliyo etdi. Shu-shu Aleksandr Faynbergni majburiy emas, ixtiyoriy ravishda tarjima qiladigan bo‘ldim.

* * *

“Peshonamga bitilgan baxtim bor ekan, — deb yozadi Aleksandr Faynberg. — Men mustaqil O‘zbekistonda yashayman. O‘z umrim davomida milliy kamsitishni hech qachon his etmaganman.
Adabiyot yo‘lida menga o‘zbek yozuvchilari juda ko‘p bora yordam berishdi. Butun ijodim davomida Abdulla Oripov, Erkin Vohidov va ko‘pdan-ko‘p yozuvchilar, rassomlar, musiqachilar, boshqa turli kasb egalarining yaxshiliklaridan bahramand bo‘lib kelmoqdaman”.
O‘z navbatida, Faynberg ham o‘zbek adabiyotiga ehtiromi ramzi sifatida Navoiy bobomiz g‘azallarini, Asqad Muxtor, Jumaniyoz Jabborov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Usmon Azim, Sirojiddin Sayyid, Azim Suyun she’rlarini rus tiliga mahorat bilan tirjima qildi.
Bu katta do‘stlik, yuksak ijodiy hamkorlikning yorqin namunasidir. Men ustozimiz, O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning Faynberg haqidagi e’tirofini eshitganman: “O‘zbekistonda yashaydigan rusiyzabon shoirlar orasida Aleksandr Faynbergga tenglashadigani chiqqan emas. Umuman, sobiq ittifoq doirasidagi rus she’riyatida Aleksandr Faynberg eng yuksak maqomlardan birini egallaydi. Uning ijodi O‘zbekistonda g‘oyat qadrlandi. Biroq hali shoir katta rus adabiyoti miqyosida munosib bahosini olgani yo‘q”.
Abdulla aka Faynbergning bir she’rining mazmunini aytib yuradi: men qing‘ir-qiyshiq oynaga qarab kulaman, yig‘lash uchun esa oddiy oynaga qarasa ham bo‘laveradi… Naqadar teran teshbeh!
Ustozning shu gapidan so‘ng men shoirning o‘sha she’rini topib tarjima qildim.

* * *

Aleksandr Faynbergning “O‘n bir metrlik jarima to‘pi” degan she’ri bor. Unda futbol maydonidagi o‘yin, darvozabon obrazi ifodalangan. She’rda darvoza — Vatan, futbol jamoasi — xalq, darvozabon — Vatan daxlsizligini, xalq g‘ururini, ozodligini qo‘riqlovchi posbon ramzida tasvirlanadi. Unda shoirning butun mahorati bor bo‘yi bilan namoyon bo‘ladi.

Darvozaga qulf kabi osildim.
Har tepilgan to‘pga o‘qdek otildim —

deydi dervozabon. No‘noq himoyachining xatosi tufayli darvozaga o‘n bir metrli jarima to‘pi belgilanadi. “Tushunmadim nechun himoyachimiz bekorga yiqitdi “to‘qqizinchi”ni”, deb o‘kinadi darvozabon. Bu futbol o‘yinidan reportaj yoki sharh emas, balki jonli tasvirdir. U hujumchi bilan yuzma-yuz maydonga, kurashga chiqadi.

“To‘qqizinchi” bilan chiqdim
birga-bir.
U yugurib keldi…
To‘p tepdi, og‘ir!
Oh, uning zarbida buncha qahr-g‘am!
Men to‘pni osmonga o‘ynab yubordim.
Temir shtangaga tegib qobirg‘am
Zafar burg‘usidek kuylab yubordi.

Satrlarning bo‘linib-bo‘linib yozilishi, shiddatli ohang darvozabonning harakatini ko‘rsatadi. She’rda darvozabonning ruhiy holati, iztirobi, orzu va quvonchi mahorat bilan qalamga olingan.

Hujumchi shuhrati menga ne darkor,
Hech qachon urmasman darvozaga gol.
O‘zimni nishonga qo‘yib fidokor,
Jamoam sha’nini asrayman halol.

Toki mana shunday fidoyi, mard va jasur darvozabon bor ekan, hech qanday hujumchi o‘z maqsadiga erisha olmaydi. Bu hayot o‘yinlarida qahrli hujumchilar, g‘irrom hakamlar, aldab o‘tadigan o‘yinchilar emas, irodasi mustahkam posbonlar g‘olib bo‘laveradi, degan mantiqiy xulosa bilan tugaydi she’r.

* * *

«Bulbulning xushovoz sayrashi hammaga birdek yoqimli eshitilganidek otashnafas shoirlarning she’ri ham dunyoning barcha burchagida birdek jaranglaydi, hammani o‘ziga maftun etadi, hayratlantiradi», degan edi ustozlardan biri.
Demak, she’riyat tili san’at va musiqa tilidek chegara bilmaydi.
Aytmoqchimanki, Aleksandr Faynberg rus tilida yozsa ham, uni tushunish men uchun unchalik qiyin bo‘lmadi. Chunki shoir she’rlarining obraz va timsollarini, ruhini, shakl va mazmunini tushunib olish kifoya. Men tushunganlarimni o‘zbek tilida so‘zlab berdim, xolos. Bu noyob me’moriy obidani tomosha qilib, uni ko‘rmaganlarga naqshi bunday ekan, ustunlariyu koshinlari, mahobati bunday ekan, deb ta’riflab berishga o‘xshaydi. Shu o‘rinda Aleksandr Faynberg she’riyati mo‘jizalaridan, badiiy san’atlaridan bir necha misollar keltiraman va ularning o‘zbekcha shakllariga diqqatingizni jalb etaman.
Asliyat:

Ya vis na setke, kak zamok.
Bыl bog,
Myachi snimaya s nog.
Ya oba tayma bыl storuk.
Teper «odinnadtsat».
Kayuk.

Tarjima:
Darvozaga qulf kabi osildim.
Har tepilgan to‘pga o‘qdek otildim.
Ikkala taymda ham
zo‘r qalqon bo‘ldim.
Endi «o‘n bir metr».
Endi men o‘ldim.

Asliyat:
Ya razminayu ruki,
plechi.
Ya ubirayu chub so lba.
Nu chto j,
tseluy menya pokrepche,
moya futbolnaya sudba!

Tarjima:
Qo‘l-elkalarimga tob beraman xo‘b.
Qayiraman ko‘zga tushgan sochimni.
Mana, endi mening peshonamdan o‘p,
Futbol — taqdirimsan, sila boshimni.

Asliyat:
V ladoni gryanuvshiy ogon.

Tarjima:
Kaftlarimda yonda lov etib olov.

Asliyat:
A veterok kolыshet setku
I probegayet po trave.

Tarjima:
Shamol hilpiratib erkalar to‘rni,
Maysalar ustida o‘ynar bearmon.

Asliyat:
… A myach po garevoy katilsya.
Stoyalo nebo v vыshine.
I nol
vo vse tablo svetilsya.
I jal «devyatku» bыlo mne.

Tarjima:
To‘p yumalab ketdi chetga shoshqaloq.
Falakdan yulduzlar boqdi,
lol qildim.
Tabloda nol yondi
to‘pdek yumaloq.
«To‘qqizinchi»ni men «biru nol» qildim.

Shunday qilib, Aleksandr Faynberg she’rlari o‘zbekcha so‘zladi. O‘zbek tilida «Chig‘ir» nomli kitobi nashr etildi («Sharq» NMAK, Toshkent–2007).
Ona tilimizning imkoniyatlari shunchalik kattaki, u har qanday tildan tarjima qilinayotgan asarni o‘z ko‘zgusida quyosh bo‘lsa quyosh, yulduz bo‘lsa yulduz qiyofasida aks ettira oladi.

* * *

«Adabiyot tufayli o‘zgarishim mumkin ekanligini anglaganimdan buyon men adabiyotdan meni o‘zgartirishning yangi imkoniyatlarini kutaman. Chunki men hali unchalik barkamol emasman. Adabiyot sababli o‘zim o‘zgarishim, ongli ravishda yashashim mumkinligini tushunganimdan so‘ng esa, menda adabiyot bilan boshqalarni ham o‘zgartirishim mumkin, degan ishonch paydo bo‘ldi. Axir, Kleyst, Flober, Dostoyevskiy, Kafka, Folkner, Rob-Griye mening dunyo haqidagi tasavvurlarimni o‘zgartirishdi-ku», deb yozadi avstriyalik yozuvchi Peter Xandke.
Men ham Aleksandr Faynbergning she’rlaridan yangilik izladim — shoir o‘zini ham, o‘zgalarni ham o‘zgartirishni istab yozgan she’rlarini tarjima qildim. Aleksandr Faynberg she’riyatining janrlari xilma-xil: doston, ballada, she’r, sakkizlik, to‘rtlik, sonet. U o‘z sonetlarini erkin sonetlar, deb ataydi. Bunda u sonet shaklini saqlab qoladi, biroq asarning ifoda usuli, mazmuni va ruhida yangilik qilishni, erkin va ozod bo‘lishni istaydi. Shoirning «Til» sonetida ham mana shunday yangilik mavjud:

Kimning tili yo‘qdir, yo‘q unda huquq.
Ummonlar suviga biz og‘u qo‘shdik.
Delfinlar otilib qirg‘oqqa tushdi,
O‘lsa ham biror so‘z aytishgani yo‘q.

Daraxtlar gapirmas, kesilar o‘rmon.
Tog‘ boshiga yugan solar lokator.
Sahro osmonida lovullar yadro,
Yonadi tili yo‘q maysa, o‘t-o‘lan.

Suv gap qaytarmaydi, gap qaytarmas tosh.
Sher olovga sakrar ursang, egib bosh.
Uchar qushlar o‘lar to‘p otganda o‘q.

Yaralgandan buyon bu ko‘hna dunyo
Befarqmiz. Uyatdan o‘lganimiz yo‘q.
Ne uchun til berding odamga, Xudo?

Prezidentimiz Islom Karimov o‘zining «Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch» kitobida yoshlarni yuksak ma’naviyatli, mustahkam irodali qilib tarbiyalash zarurligini ta’kidlab: «Lekin birovning hayotiga, yon-atrofda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga betaraf va beparvo qarab, shunchaki kuzatuvchi bo‘lib yashaydigan odamdan qo‘rqish kerak», — deydi va mashhur faylasuflardan birining fikrini keltiradi: «Dushmanlardan qo‘rqma — nari borsa, ular seni o‘ldirishi mumkin. Do‘stlardan qo‘rqma — nari borsa, ular senga xiyonat qilishi mumkin. Befarq odamlardan qo‘rq — ular seni o‘ldirmaydi ham, sotmaydi ham, faqat ularning jim va beparvo qarab turishi tufayli yer yuzida xiyonat va qotilliklar sodir bo‘laveradi».
Aleksandr Faynberg she’rlarida oddiy insoniy tuyg‘ulardan tortib, olamshumul muammolargacha qalamga olinadi. U insonning sof, olijanob tuyg‘ularini asrab qolishga, inson tabiatini va dunyoni inqirozdan qutqarishga undaydi. Olamning farovonligi, insonning baxtu saodati u yashayotgan jamiyat taraqqiyoti bilan yaxlitdir, deb biladi. Boshqalar baxtli bo‘lsa, men baxtsiz bo‘lolmayman, boshqalar baxtsiz bo‘lsa, men baxtli bo‘lolmayman, deydi. Jamiyatning barcha a’zolarini Vatan taraqqiyoti yo‘lida birdamlikka chaqiradi.

Shoshilganimda ham visolga xushbaxt,
Kuylaganimda ham do‘stlar-la sarmast —
Meni tark etmaydi birovning dardi,
Birovning g‘amidan chekdim uqubat.

Hayotda nogahon xafa bo‘lsam gar,
Hasad va xiyonat so‘ndirsa shashtim —
Birovning quvonchi ko‘nglimni olar,
Yig‘lagani qo‘ymas birovning baxti.

Inson dunyoqarashini o‘zgartirishda, uni o‘zligini anglashga, ongli ravishda yashashga undashda, yosh avlodni komil inson qilib tarbiyalashda, ma’naviyatimizni boyitishda Aleksandr Faynbergdek shoirning she’rlari naqadar muhim.

* * *

Maqolani yakunlab turganimda tahririyat telefoni jiringlab qoldi. Go‘shakni ko‘tarsam, Faynberg. Toshkentning 2200 yilligiga bag‘ishlab yangi asar yozibdi. Maqolamni darhol matn teruvchiga topshirdimu yangi asar qo‘lyozmasini olib kelish uchun Aleksandr Faynberg bilan uchrashuvga otlandim.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 24-sonidan olindi.