Naim Karimov. Hurriyat bayrog‘i (2008)

Yurtboshimiz o‘zbek davlatchiligi tarixida buyuk rol o‘ynagan Sohibqiron to‘g‘risida so‘zlab: “Amir Temur — xalqimiz dahosining timsoli, ma’naviy qudratimiz ramzidir”, deb aytgan edi. Ushbu haq so‘zlardan kelib chiqqan holda aytishimiz mumkinki, Amir Temur uzoq asrlar mobaynida xalqimiz jangovar jasorati va ma’naviy qudratining timsoli bo‘lib kelgan.
1917 yil fevral voqealarining ro‘y berishi mustamlakachilik kishanlari ostida ezilgan xalqning peshqadam vakillarida erk va hurriyat orzularini uyg‘otib yubordi. Shunday kishilardan biri Fitrat 1917 yili o‘zi muharrirlik qilgan “Hurriyat” gazetasining 28 iyul, 18 avgust, 31 oktyabr va 29 dekabr sonlarida milliy istiqlol g‘oyasi bilan yo‘g‘rilgan “Yurt qayg‘usi” nomli turkum she’rlarini e’lon qildi. Shu she’rlardan biri “Temur oldinda” degan izoh bilan berilgan bo‘lib, Fitrat unda Amir Temurning barhayot ruhiga lirik qahramon nomidan murojaat etib, “egilgan boshim, qisilgan vijdonim, kuygan qonim, o‘rtangan jonim uchun bu sag‘anangdan davo izlab keldim», deydi. So‘nggi yuzyillikda sodir bo‘lgan voqealar oqibatida xalq va mamlakat boshiga tushgan ko‘rgiliklarda o‘zining ham gunohkor ekanini tan oladi va, jumladan, bunday yoniq so‘zlarni aytadi:

“…Men yolg‘iz yoziqlarimni iqror etarg‘a emas,
Turonga berdigim zararlarni to‘lamoq uchun keldim, Xoqonim.
Mendan nafrat etma!
Ey, arslonlar arsloni!
Mening yozuqlarimdan o‘t,
Meni qo‘limni tut,
Belimni bog‘la, muqaddas fotihangni ber!
Sening dunyoga sig‘magan g‘ayratingga ont ichamanki, Turonning eski sharaf va ulug‘ligini qaytarmasdan burun ayog‘laringda o‘tirmasman”.

Amir Temur Fitratning bu va boshqa nasriy she’rlarida xalqning najot bayrog‘i o‘laroq gavdalanadi.
1917 yilgi fevral voqealari mudroq Turkistonni uyg‘otib yubordi. Ilg‘or shoir va yozuvchilar xalqni vatan ozodligi uchun kurashga da’vat etuvchi asarlar yoza boshladilar. Shunday bir sharoitda yozuvchilar o‘tmishda yer yuzini titratgan sarkardalarni najot farishtasi o‘laroq “tiriltirib”, ulardan xalqning hurriyat uchun boshlayajak kurashida madad berishni so‘radilar. Fitrat 1918 yili yozgan “O‘g‘uzxon” va “Temur sag‘anasi” dramalarida qadimgi turk xoqonlaridan biri O‘g‘uzxon va Amir Temur ruhlariga murojaat etgan.
San’atshunos Sirojiddin Ahmad va adabiyotshunos Boybo‘ta Do‘stqorayevning ma’lumot berishlaricha, “Ishtirokiyun” gazetasining 1919 yil 4 sentyabr sonida “Navoiy kechasi” degan xabar bosilgan. “Ishchi” (G‘ozi Yunus) qalamiga mansub shu xabarda aytilishicha, o‘sha yilning 16 avgust kuni Toshkentdagi “Rohat bog‘cha” nomi bilan mashhur bo‘lgan teatr binosida Alisher Navoiyga bag‘ishlangan kecha bo‘lib o‘tgan. Kechada G‘ulom Zafariyning “Bahor”, Fitratning “O‘g‘uzxon” va “Temur sag‘anasi” bir pardali dramalari namoyish etilgan. O‘sha yillarga oid matbuot xabarlariga qaraganda, bu asarlar avval ham namoyish etilgan. Ularning 1918 yili, fevral voqealaridan keyin yozilgani haqidagi fikrlarda jon bor.
Fitratning “Temur sag‘anasi” dramasi to‘g‘risidagi tahliliy ma’lumot ilk bor Hamid Olimjonning “Fitratning ijodiy yo‘li” (1936) degan maqolasida berilgan. Mazkur maqola o‘sha davr talabi bilan Fitrat singari “keksa” yozuvchilar ijodining “aksilinqilobiy” mohiyatini fosh etish maqsadida yozilgan. Shuning uchun muallif Fitratning hurriyatparvarlik ruhidagi asarlariga vulgar sotsiologizm nuqtai nazaridan yondashgan. Shunga qaramay, bu maqolaning qimmatli tomoni shundaki, unda bizgacha yetib kelmagan mazkur asardan kichik bir lavha berilgan. Yaqin-yaqingacha kimki shu asar to‘g‘risida fikr yuritgan bo‘lsa, Hamid Olimjonning ko‘pjildlik asarlarida berilgan o‘sha yagona parchadan kelib chiqqan. Holbuki, “Sovet adabiyoti” jurnalining 1936 yil 4-5-sonlarida bosilgan bu maqola Hamid Olimjon asarlarining keyingi nashrlarida, hatto “Mukammal asarlar to‘plami”da ham qisqartirilgan edi.
Shu maqolaning asl nusxasida berilgan ma’lumotga qaraganda, Sohibqiron sag‘anasini ziyorat qilish uchun kelgan Yigit Amir Temur ruhiga murojaat etib, bunday so‘zlarni aytadi:
“Xoqonim, ezilib talangan, talanib yiqilgan, yiqilib yaralangan turk elining bir bolasi sendan ko‘mak istarga keldi. Bog‘lari buzilgan, gullari so‘lgan, bulbullari uchirilgan Turonning bir qorovuli senga arz etarga keldi.
Xoqonim, Turonning Qofqozi yondi, ozarlisi bitirildi, turkmani aldandi, tatari talandi, o‘zbegi yemirildi, qirg‘izi ochlikdan o‘ldi, ko‘tar boshingni, Xoqonim!..”
Yigit monologining qisqartirilgan qismini birinchi bo‘lib tiklagan Sirojiddin Ahmad “Oshiq ishi – chin sevish”(1998) degan maqolasida mazkur parchani keltirishdan avval bunday yozadi: “Asrlar mobaynida tinch yotgan Sohibqiron yana shu faryod va iltijoga chidash bera olmay, sag‘anani gumburlatib yorib chiqishga majbur bo‘ladi. Temur vatanni suyguchi Yigit va yuksak tabiatli Cholga qarata xitob qiladi: “Men sizlarga ko‘p narsalarni qoldirdim… Ne bo‘ldiki, bu zamonlarning sharafli va jasur millatimning avlodlari hozir boshqa bir millatning zulmi ostida qolmish, kimlar bog‘larimning qushlarini quvmoqda. Otalar merosidan nima qildingizlar? Sizlardan talab edalim, qalqingiz! Sizlarga amr qilaman, qalqingiz! O‘lkamizni tuzatingiz! Avlodlarimni(ng) hur yashashini ta’min etingiz! Agar bunday qilmasangizlar, o‘lka, mamlakat buyuk bir mozorlik holiga kelajakdir!”.
Fitrat nazarida, bir zamonlar jahonning eng qudratli davlatlaridan biri bo‘lgan Temuriylar saltanatining so‘nggi asrlarda parchalanib, mustamlaka holiga tushib qolishidan, mamlakat aholisining esa mustamlakachilik zulmi ostida yashashidan Amir Temur ruhining bezovta bo‘lmasligi g‘ayritabiiy edi. Fitrat shu fikrdan kelib chiqqan holda, Yigitning ezilib-talangan, talanib-yiqilgan, yiqilib-yaralangan el haqidagi faryodini eshitgan Sohibqironning sag‘anani yorib chiqib, elni qalqishga, o‘lkani tuzatishga, avlodlarning hur yashashini ta’minlashga da’vat etishini mumkin, deb biladi. O‘zining iztirobli dard va alamlarini Yigit obrazi orqali ifodalagan Fitrat uchun shu davrda na tiriklar va na o‘liklar orasida Amir Temurning ruhidan bo‘lak biror najotkor bor edi. Shuning uchun ham u o‘z asarida Amir Temur ruhini markaziy obraz darajasiga ko‘targan. Amir Temur va uning ruhi Fitrat uchun najot bayrog‘i bo‘lgan. U vatandoshlarini ana shu bayroq ostida erk va ozodlik uchun kurashga chaqirmoqchi va birlashtirmoqchi bo‘lgan.
Kamina avvalgi maqolalaridan birida “Temur sag‘anasi”ning matni bizgacha yetib kelmaganligi bois bu asarning g‘oyaviy yo‘nalishini Fitratning “Yurt qayg‘usi (Temur oldinda)” nasriy she’ri yordamida tasavvur etmoqchi bo‘lgan edi. Bu o‘sha paytda, balki, to‘g‘ri bo‘lgandir. Negaki, “Temur sag‘anasi”, istaymizmi yo yo‘qmi, “Yurt qayg‘usi”dan o‘sib-unib chiqqan. Taxmin qilish mumkinki, bu asar uni sahnalashtirgan va Amir Temur rolini ijro etgan Mannon Uyg‘urning iltimosi bilan yaratilgan bo‘lishi mumkin. Nari borsa, maktab va maorif, giyohvandlik, juvonbozlik haqidagi badiiy va publitsistik asarlar chop etilayotgan bir zamonda “Hurriyat” gazetasida xalqni erk, ozodlik uchun kurashga chorlovchi “Yurt qayg‘usi” she’rlarining nashr etilishi hatto ilg‘or ziyolilarni, shu jumladan, Uyg‘urni ham larzaga solgan bo‘lishi va uning Fitratdan shu asar asosida piyesa yozib berishni so‘ragan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. O‘zi ham “Turkiston tabibi” singari piyesalarni yozgan va bir necha piyesalarni sahnalashtirgan Uyg‘ur “Temur sag‘anasi” dramasining qanday bo‘lishi lozimligi masalasida Fitrat bilan fikrlashmagan, deb ayta olmaymiz. O‘sha yillari teatr san’atidan targ‘ibot va tashviqot ishlarida samarali foydalangan Uyg‘ur “Temur sag‘anasi”ning shunday tashviqot ruhidagi asar bo‘lishini istagani shubhasizdir.
“Temur sag‘anasi” haqida Hamid Olimjonning maqolasi va “Ishchi”ning xabaridan tashqari, uzuq-yuluq bo‘lsa-da, yana ikki-uch manbada ma’lumot uchraydi…
“Milliy Turkiston” jurnalining 1952 yilgi sonlaridan birida bosilgan “Abdulrauf Fitrat” maqolasida M.H.Erturk taxallusli muallif bunday ma’lumotni bergan: “U (ya’ni Fitrat – N.K.) “Temur sag‘anasi” asarinda, sahnada ko‘k o‘rmon va uni(ng) kesilib turganligini ko‘rsatadir. Shu vaqtda Temur kelib: «Bu o‘rmonlarni kimlar kesayotirlar? Kimlar bog‘chalardan qushlarni quvmoqdadirlar? Bobolarning meroslari ne holga tushdi?” — deb chaqiradir. Fitrat bu usulda bobolar qoldirgan merosni qo‘rumoq lozimligini xalqg‘a uqdirmoqchi bo‘ladir».
Maqola muallifi “meros” deb vatanni tushunadi. Fitrat ota-bobolardan qolgan meros — vatanni himoya qilish va pok saqlashni har bir xalqning muqaddas burchi, deb bilgan. Erturk yuqoridagi so‘zlari bilan mazkur asarda ana shu g‘oyaning olg‘a surilganiga e’tibor qaratadi. Ammo uning bu maqolasida ham “Temur sag‘anasi”ning bizga Hamid Olimjon orqali ma’lum bo‘lgan lavhasi birmuncha buzib berilgan.
1922 yili Gyote yurtiga o‘qishga borgan talabalardan biri Sattor Jabbor zamonaviy o‘zbek adabiyoti va uning ayrim namoyandalari ijodidan yaxshi xabardor bo‘lgan. U nemis xalqining o‘zbek madaniyati, shu jumladan, adabiyotiga bo‘lgan qiziqishini ko‘rib, dastlab shu mavzuda gazeta maqolalarini yozgan. 1931 yili esa, Hodi To‘qay degan turkiyalik talabaning taklifi bilan “Najot yo‘lida” kitobini yozib tugatgan. Miriydan Botugacha bo‘lgan “yangi o‘zbek adabiyoti” namoyandalari ijodiga bag‘ishlangan ushbu kitob 2000 yili “Qurtulush yo‘lunda” degan nom bilan Istanbulda nashr etilgan. Ushbu kitobda “Temur sag‘anasi” dramasidagi Amir Temurning noma’lum bir monologi e’lon qilingan bo‘lib, quyida shu monologni, Sattor Jabborning kirish so‘zi bilan birga, o‘zbek kitobxonlari e’tiboriga ilk bor havola qilamiz:
“Fitratning turkchilik va erkli (mustaqil) Turkiston uchun yuragida saqlagan hayajoni uning “Temur sag‘anasi” va “O‘g‘uzxon” nomli ikki go‘zal teatr asarida to‘planmishdir. Har ikki asar garchand bosilmagan bo‘lsa-da, Turkistondagi butun sahnalarda qo‘yilgan g‘oyat yaxshi operettadir. Mana, “Temur sag‘anasi” dan bir parcha:

TEMUR SAG‘ANASI USTINDA

Yuvosh es, tong yeli, to‘xta, bu yerlarni ko‘rarsenmi?
Bu toshning ostida kimdir yotib qolgan, bilursenmi?
Butun ochunni titratgan buyuk xonning tug‘u toshin
Ziyorat etmayin, yuz surtmayin ildam o‘tarsenmi?

Bu sip-siydam qora tosh ostida bor o‘yla bir xonkim,
Yoritgandi qorong‘ularda qolgan turk dunyosin.
Og‘ir tuproqlar ichra yon bosib tingan bu arslondirkim,
Turardi yerindan-da eshitgan chog‘da “urho”sin.

Bu xoqonning qilichlar sindirib tuzgan ulug‘ mulki —
Esizlar, ohlar, munglar, yozishlarkim buzilmishdir.
Bugun qonlar to‘kib, jonlar sochib ko‘rgan chechak bog‘i
Fig‘onlar, qayg‘ular va hasratlarkim, buzilmishdir.

Yoril, ey turk baxtini esga solgan tosh, yoril ildam,
Yorilkim, ko‘kraging ichra yotib qolgan xon uyg‘onsin!
Talangan, yondirilgan yurtini — Turonini ko‘rsin!
Ezilgan, yaralangan boyqish elga yo‘lni ko‘rsatsin!

“Temur sag‘anasi” dramasi matniga oid mavjud ma’lumotlar shulardan iborat. Ko‘ramizki, bu ma’lumotlarning barchasi asarning birinchi qismi, ya’ni “yurtni suyguchi” Yigit bilan “yuksak tabiatli” Cholning Sohibqiron sag‘anasiga kelib, nola qilib, najot so‘rashi va Amir Temurning sag‘anani yorib chiqib, xalqni qalqishga, mustaqillik uchun kurashga da’vat etishi bilan cheklanadi. Balki, asar faqat shu voqeadan iborat bo‘lgandir? Balki, spektakl Amir Temurning: “Sizlarga amr qilaman, qalqingiz! O‘lkamizni tuzatingiz! Avlodlarimni(ng) hur yashashini ta’min etingiz! Agar bunday qilmasangizlar, o‘lka, mamlakat buyuk bir mozorlik holga kelajakdir!” degan so‘zlari bilan yakunlangan va spektaklning g‘oyasi shu so‘zlarning o‘zida yorqin mujassamlangandir?..
Mazkur spektaklda Yigit rolini O‘ktam (Qayum Ramazon), Amir Temur rolini esa, yuqorida aytilganidek, Mannon Uyg‘ur katta mahorat bilan ijro etgan. “Ishtirokiyun” gazetasining yozishicha, Uyg‘ur Amir Temurning qabrdan chiqqandagi harakatlarini g‘oyat ustalik bilan ado etgan. O‘sha unutilmas spektaklda hozir bo‘lgan Sattor Jabbor, Zaki Validiyning xotiralashiga ko‘ra, unga bunday degan ekan: “Inqilobdan so‘ng Toshkentda tashkil etilgan “Chig‘atoy gurungi” o‘zbek teatrchilik harakatining inkishofiga katta yordam etdi. Bu gurungning rahbarlaridan shoir Fitrat… buyuk va kuchli piyesalar yozdi. “Hind ixtilolchilari” va “Temur sag‘anasi”ni ko‘rgan tomoshabinlarning ko‘z yoshlari tinmay oqar edi”.
Fitrat 1918 yilning olovli kunlarida yozilgan “Temur sag‘anasi” asari bilan Sohibqiron obrazini zamonaviy o‘zbek adabiyotiga ilk bor najot bayrog‘i sifatida olib kirdi. Ne tongki, shu najotkor bayroqni baland ko‘tarmoq va sohibqiron Amir Temur vatanini istiqlolga erishtirmoq baxti 1991 yilga kelib, O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovga nasib etdi. Bu bayroq mustaqillik davri adabiyotida yangi-yangi jilolari bilan tovlanib turibdi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2008 yil 21-sonidan olindi.