O‘zbekiston Milliy universiteti professori Shavkat Rahmatullayevning “Hozirgi adabiy o‘zbek tili” darsligi 2006 yili ming nusxada chop etildi. 460 sahifadan iborat bu darslik muallifning 60 yillik ilmiy-pedagogik izlanishlari mahsulidir. Shu kungacha o‘zbek tilshunoslari jazm etmagan vazifani Shavkat aka bajardi: mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari bakalavrlik bosqichida o‘qitiladigan asosiy ixtisoslik fanini izchil ravishda to‘liq bayon qilib berishga erishdi. Ushbu darslik tilshunoslikda chop etilgan o‘quv qo‘llanmalaridan nusxa olish usulida emas, balki mustaqil fikrlash yo‘li bilan, tilimizning milliy xususiyatlariga asoslanilib yozilgan. Unda hozirgi adabiy o‘zbek tilining qurilishi ilmiy-metodik asosda teran yoritib berilgan.
Muallifning mustaqil fikrlashga intilgani darslikning nomlanishidayoq o‘z aksini topgan. Hozirgacha ishlatib kelingan “o‘zbek adabiy tili” termini boshqa tilshunosliklardagi atamaga taqlidan paydo bo‘lib qolganini olim ishonchli tarzda izohlab, bu boradagi mantiqiy xatolikni bartaraf etgan. Zero, til, avvalo, uning sohibi bo‘lmish jamoaga nisbat beriladi (til — o‘zbek tili), keyingina bu ajralmas birikmaga tashqi sifatlovchi qo‘shiladi (o‘zbek tili — adabiy o‘zbek tili). Shu yo‘sindagi mustaqil fikrlash darslikning oxirigacha izchil davom etadi.
Hozirgi adabiy o‘zbek tiliga doir manbalarda til bilan nutq munosabati haqida ma’lumot berilmasdi. Bu masalaga keyingi yillarda jiddiy e’tibor qaratila boshlandi. Chunonchi, til va nutq ikkiligi (dixotomiyasi), zidlanishi (oppozitsiyasi) haqidagi fikr o‘zbek tilshunosligiga tadbiq qilindi. Shavkat Rahmatullayev bu yangilikni ijobiy baholash bilan birga, ayni masalaga doir izohlar nuqsonli ekanini ro‘y-rost aytdi. Darslikda tilshunoslikning ushbu bosh masalasi boshqa manbalardagi chalkash yondashuvlardan xoli tarzda ancha chuqur bayon qilingan. Nutq tilga zid qo‘yiladigan hodisa emasligi, til deganda ijtimoiy hodisa bir butun holda tushunilishi, nutq deganda esa ana shu ijtimoiy hodisaning ma’lum bir holati nazarda tutilishi ishonarli asoslangan. Asli “til — nutq” ikkiligi haqida emas, balki tilning nutq hosil etish uchun manba bo‘lib xizmat qiladigan holati bilan nutq orasidagi munosabat haqida gapirish o‘rinli bo‘lishini ta’kidlab, olim tilning ana shu holatini lison deb nomlashni tavsiya qilgan. Natijada tilni va uning ikki holati — lison va nutqni to‘g‘ri baholashga erishilgan. Demak, til va nutq ikkiligi, zidlanishi haqida gapirish o‘rinli emas. Lison bilan nutqning o‘zaro munosabatini ikkilik (dixotomiya) deyish mumkin-u, lekin zidlanish (oppozitsiya) deyish to‘g‘ri emasligi, lison nutq hosil etish uchun asos ekanligi, bular orasidagi munosabat asli ikki tomonlamaligi ta’kidlangan.
Darslikda “til: lison va nutq” munosabatidan kelib chiqib odatdagi “til birligi — nutq birligi” munosabatiga ham o‘zgartish kiritilgan: “til birligi: lisoniy birlik va nutqiy birlik” munosabati belgilangan.
Muallif darslikning bo‘limlarini an’anaga ko‘ra fonetika, morfologiya, sintaksis deb nomlashdan voz kechgan. Chunki bu terminlar til qurilishiga mansub birliklarni emas, balki shularni o‘rganadigan fan sohalarini anglatadi. Darslikda esa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri til qurilishining o‘zini bayon etish maqsad qilib qo‘yilgan. Shuning uchun darslikdagi bo‘limlar “Tovushlar tizimi”, “Leksemalar tizimi”, “Morfemalar tizimi” kabi terminlar bilan nomlangan.
Darslikda fonemani til birligi deb, tovushni nutq birligi deb talqin qilish to‘g‘ri emasligi aytilgan. Muallifning fikricha, “Fonema til qurilishidagi alohida bir hodisa, alohida birlik emas, balki til qurilishiga mansub tovushlarning ijtimoiy vazifa bajarish holati, xolos” (22-bet).
Muallif tovushni faqat moddiy deb baholashga ham qo‘shilmaydi. Nutqning ikki — tashqi va ichki holati farqlanganidek, tovushning ham ana shunday ikki holati farqlanishi lozim. Tovush talaffuz birligi sifatida moddiy birlik bo‘ladi. Ichki nutqda tovush moddiylikka ega bo‘lmaydi. Demak, til tovushini moddiy birlik deyish qisman to‘g‘ri.
Darslikning “Tovushlar tizimi” bo‘limidagi eng muhim yangilikni olimning tovushlarni qadimgi dunyo fanida yuzaga kelgan unlilar va undoshlar deb ikkiga ajratishdan voz kechib, yangicha tasnifni tavsiya etganida ko‘rish mumkin. Rus tilshunosligidagi glasnыe, soglasnыe terminlari o‘zbek tiliga unlilar, undoshlar deb kalkalab olib qabul qilingan, undoshlarning ichki tasnifi va ularning nomlanishi ham ruscha terminlarning kalkasi bilan nomlangan. Tovush tarkibida ovoz (golos) va shovqinning (shum) ishtirok etishi tasnifda to‘g‘ri hisobga olinmaganini ta’kidlab, Shavkat Rahmatullayev til tovushlarini to‘rtga ajratishni tavsiya qiladi. Olim o‘zi tavsiya etayotgan tasnifda tovush turlarini an’anaviy termin bilan nomlashdan voz kechib, yangi terminlar ishlatgan. Muallif o‘rinli ta’kidlaganidek, “unli” termini “tarkibida ovoz bor” degan noto‘g‘ri tushunchani bildiradi. Vaholanki, bu tovush turi tarkibida faqat ovoz qatnashadi. Boshqa terminlar ham shu yo‘sinda izohlanib, ovozdor tovush, ovozli tovush, shovqin tovush kabi yangi terminlarga almashtirilgan.
Darslikning “Leksemalar tizimi”, “Morfemalar tizimi”, “Frazemalar tizimi” bo‘limlari ham o‘zbek tilining ichki tabiatidan kelib chiqib yozilgani bilan e’tiborga loyiqdir. Jumladan, “Morfemalar tizimi” bo‘limi yangi fikr-mulohazalarga boy. Xususan, morfemaga til (lison) asosida ta’rif berilgan, so‘z tarkibidagi har bir ma’noli qismni morfema deb atash xato deyilgan, “chunki bunday deyish bilan til qurilishining leksik bosqichi o‘ziga xos birligidan mahrum qilingan bo‘ladi”. Olim morfemani “eng kichik til birligi” deyish yetarli emasligini ta’kidlab, “grammatik ma’no ifodalashga xizmat qiladigan eng kichik segment til birligi”, deyishni tavsiya qiladi. Hozirgacha “yordamchi so‘z turkumi” deb qaralgan ko‘makchilar bu darslikda leksik tabiatli morfema deb baholangan va bu fikr ko‘makchi morfemalar singari so‘zning (leksemashaklning) tarkibiga kirishini asosga olib aytilgan. “So‘z turkumi” termini tarkibidagi “so‘z” qismi endilikda ortiqcha bo‘lib qolgani, turkumlanish frazemalarga ham xos ekani ta’kidlangan.
“So‘z” termini turli xil hodisalarning nomi sifatida ishlatilishi ma’lum. Masalan: uy ham, o‘yla tarkibidagi o‘y-asosi ham so‘z deyiladi. Shuni hisobga olib, darslikda so‘z termini ishlatilmagan. “Birlamchi sintaktik birlik” mundarijasi lekssmashakl termini bilan anglatilgan. Leksemashakl — tuzma til birligi bo‘lib, lisoniy birlik holatida formulaga teng bo‘lishi, bunday formula aniq leksema va morfema bilan to‘ldirilgach nutqiy birlik holatiga o‘tishi ta’kidlangan. Umumiy mulohazalardan keyin leksemashakllar har bir turkum bo‘yicha mufassal tasvirlangan.
Professor Sh.Rahmatullayevning til qurilishining kommunikativ birligi bo‘lmish gap haqidagi fikrlari darslikdan katta o‘rin olgan. Muallif gap termini o‘rniga gapshakl terminini ishlatadi. Asos qilib bu sintaktik birlikni tarkib toptiruvchi ega va kesim bo‘laklar tugal grammatik shakllangan birlik bilan, odatda, leksemashakl bilan ifodalanishini aytadi. Darslikning “Gapshakllar tizimi” bo‘limida diqqatni tortadigan fikr-mulohazalar ko‘p. Ulardan ayrimlarini ta’kidlab o‘tamiz. Chunonchi, muallif “O‘zbek tilida gapning asosi kesimdan iborat, bu — o‘zbek tilining milliy xususiyati”, deyilgan da’voga qo‘shilmaydi. Kelaman leksemashakl gapga teng bo‘lganidek, pridu ham gapga teng. O‘zbek va rus tiliga mansub shu ikki birlikni qiyoslashning o‘ziyoq yuqoridagi “da’vo” asossiz ekanini ko‘rsatadi.
Darslikning “Adabiyot” qismiga nazar tashlagan kishi ushbu qo‘llanmani yozishga muallif 50-yillardan buyon tayyorgarlik ko‘rib kelganini anglaydi. Undagi yangiliklar bugun dabdurustdan aytilmay, ko‘p yillar davomida qayta-qayta pishitib kelingan. Professor Sh.Rahmatullayev qalamiga mansub yangi fikr-mulohazalar ilm tarozisida o‘lchanib, o‘zining munosib bahosini, albatta, oladi, deb o‘ylaymiz.
Hasanboy JAMOLXONOV,
Rixsiboy YuNUSOV,
professorlar
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2008 yil 18-sonidan olindi.