Bugungi bolalar she’riyati haqida ayrim mulohazalar
Respublika ta’lim markazida o‘tgan navbatdagi kengash ancha munozarali bo‘ldi. “Boshlang‘ich ta’lim” jurnalining bosh muharriri Zuhra Shokirovaning aytgan mulohazalari o‘rinli edi:
— Ayrim darsliklarning mualliflari o‘z saviyalaridan kelib chiqqan holda ish yuritayotganlari oqibatida qo‘llanmalarga badiiy jihatdan sayoz asarlar kirib qolayotir. Buning oldini olish uchun ijodiy uyushmalarning vakillarini ko‘proq jalb etishimiz kerak.
Metodik bo‘lim boshlig‘i Nazira Ahmedova yig‘ilishga yakun yasaganidan keyin ham munozara yo‘l-yo‘lakay davom etdi. Kengash a’zosi, taniqli olim akalarimizdan biri 1980 yilda bosmadan chiqqan “O‘zbek sovet bolalar she’riyati antologiyasi”dan asarlari o‘rin olgan M.Muhammadqulov, O‘.Rashid, E.Rahimov, N.Orifjonov singari ijodkorlarning she’rlari yaqinda chiqqan “Antologiya”ga ham kirmay qolganidan o‘kindi. Men, o‘z navbatida, ustozga yuqorida nomlari qayd etilgan shoirlarning asarlari hozirgi kitobxonlarning talablari darajasida emasligi, boz ustiga, ular mustabid tuzumning shart-sharoitlariga moslab yozilganligi to‘g‘risida misollar keltirdim. Chunonchi, “Ko‘ksimdagi yulduzcham”, “O‘qing a’lo, bo‘ling dono”, “Eksang makkajo‘xori, hosil bo‘lur yuqori”, “Asta-asta, ketmon dasta” qabilidagi zamonasoz she’rlar allaqachon o‘z xizmatini o‘tab bo‘lgan, dedim.
Meningcha, o‘zbek bolalar she’riyatining yuksalish jarayonini bosqichma-bosqich o‘rgansak, aniq manzara namoyon bo‘ladi. Masalan, o‘tgan asrning 60-yillarida ustoz Qudrat Hikmatning ravon, to‘q mag‘izli she’riyati adabiyotimizda o‘ziga xos voqea bo‘lgan edi. 70-yillarda shoir Miraziz A’zamning, asosan, o‘smirlarga atab yozilgan falsafaga yo‘g‘rilgan ijodi kitobxonlar o‘rtasida e’tibor topdi. 80-yillarga kelib Anvar Obidjon bolalar she’riyatidagi ob-havoni bir yo‘la yangiladi. Uning “kosa tagidagi nimkosa” asarlari tilga tushdi.
So‘nggi paytlarda ayrim gazetalar sahifalarida hozirgi o‘zbek bolalar adabiyoti haqida noto‘g‘ri tasavvurlarni paydo qiladigan maqolalar ko‘zga tashlana boshladi. O‘z navbatida, “Ma’rifat” gazetasida bunday noto‘g‘ri talqinlarni inkor etuvchi maqolalar bosilayotgan bo‘lishiga qaramay, gohida o‘sha aks-sadolar eshitilib turibdi.
Xo‘sh, bugungi o‘zbek bolalar she’riyatining iqtidorli vakillari kimlar, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Quyida ana shu o‘rinli savolga javob berishga harakat qilaman. Hamza Imonberdiyev bilan oldinma-keyin adabiyotga kirib kelgan Rustam Nazar, Dilshod Rajab va Abdurahmon Akbar o‘zlariga nisbatan o‘ta talabchan, kamtar shoirlar sirasiga kiradi. Ma’lumki, bolalar bahs-munozarani yaxshi ko‘radi. Rustam bunga quyidagicha yondoshadi:
Osmon nega zangori,
Emas qizil, yo yashil? —
Charchamaymiz kechgacha
Ikki jo‘ra bahslashib.
Engilishni kim istar
O‘jar yetti pushtimiz,
Ovozimiz bo‘g‘ilsa
Ishga tushar mushtimiz.
Osmon nega zangori? —
Bahsni kanda qilmaymiz,
Sababini aslida
Ikkimiz ham bilmaymiz.
Abdurahmon Akbarning falsafiy mulohazalar bilan sug‘orilgan asarlarini o‘qigan kitobxon muallifning mushohadalaridan qoniqadi. Abdurahmonning “Musicha” to‘g‘risida yozgan quyidagi she’ri hayotiyligi bilan ajralib turadi:
Necha kunki ahvol shu —
O‘zini bosar arang.
To‘rtta xasni bo‘g‘otga
Qo‘ndira olmay garang.
Musichaning holiga
Achingan ko‘p, kulgan ko‘p
Erga tushar tuxumi,
Ko‘zdan tomgan yoshdek bo‘b.
Tumshuqda loy iylagan
Qaldirg‘ochlar chayqar bosh:
— Hasharga aytsang bizni
Bo‘larmidi, qarindosh…
O‘tgan o‘ttiz yil ichida bolalar she’riyati juda tez rivojlandi. Quruq bayonchilik, pand-nasihat o‘rnini kichkintoylarga xos bo‘lgan hayotiy yumor, voqeabandlik asosiga qurilgan quvnoq she’rlar egalladi. Fikrlashga, mulohaza yuritishga chorlaydigan, o‘g‘il-qizlarimizning tillarini burro qilishga, aqlini qayrashga xizmat qiladigan asarlarning soni ko‘paydi. Otash Xolmirzayev, Hamidulla Murodov, Nurilla Oston, Xudoyberdi Komilov, Ma’mur Qahhor, Kavsar Turdiyeva, Muqimjon Qodirov, Vali Ahmadjon va Qo‘zi Ismoil kabi qalamkashlarning asosiy kasblari muallimlik bo‘lgani uchun, ularning she’rlarida bolalarning turmushi bilan bog‘liq voqealar juda ishonarli tarzda ifoda etilganini ko‘ramiz.
Shoir Ma’mur Qahhorning “8-“B”dagi hodisa” sarlavhali she’rida Sevarani Anvar, Akbar va Rahim ismli sinfdoshlari yaxshi ko‘rib qoladi. Kunlarning birida Sevaraning chizg‘ichi — jazvari yo‘qoladi:
…Sevara der: — Ajabo,
Yo‘qolibdi chizg‘ichim.
Yalt etib boqdi birdan
Anvar, Akbar va Rahim.
Tanaffusdan keyin-chi,
Eh, qiziq bo‘ldi juda
Paydo bo‘ldi uch chizg‘ich,
Sevarning sumkasida…
Xudoyberdi Komilovning “Tarjimon” deb nomlangan she’ri ham o‘quvchilar hayotidan olib yozilgan bo‘lib, ijodkorga xos kuzatuvchanlikning mevasidir:
Garchand chet tilidan
Bahoyim yomon.
Ammo uyimizda,
O‘zim tarjimon.
Dadam der: “Oyingga
Aytib qo‘y Omon!
Sigiring och qoldi,
Tashlasin somon”.
Oyim der: “Dadangdan
So‘rab ko‘r, Omon!
Kechqurun ne qilay,
Sho‘rvami, lag‘mon?”
Bir hafta bo‘ldiki,
Tilmochman hamon.
Bu gal tarjimonlik
Cho‘zildi yomon…
Qo‘zi Ismoil bilan bundan o‘n yil avval Nukus shahrida o‘tgan ijodkor o‘qituvchilarning respublika seminar-kengashida tanishgan edik. Bu orada uning “Balli bolakay”, “Bir Vatan bor” deb nomlangan kitoblari Toshkentda bosmadan chiqdi. Qo‘zi Ismoil ham kasbdoshlari kabi o‘ta izlanuvchan. Uning “Qora mushuk” sarlavhali quyidagi she’rini sharhlab o‘tirishning hojati bo‘lmasa kerak:
Qora mushuk oldingdan,
O‘tsa yo‘ling bo‘lmasmish.
Shu kun qilgan ishingdan,
Sira ko‘ngling to‘lmasmish.
Bu gapning yolg‘onligin,
Kecha bilib oldim man.
Borayotsam maktabga,
Mushuk o‘tdi oldimdan.
O‘ylagandim: “Endi eh!
Yo‘lim bo‘lmas mutlaqo”.
O‘sha kuni qaytaga
Olib keldim “besh” baho…
Sodiqjon Inoyatovning bolalarga bag‘ishlangan kitoblari “Cho‘lpon” nashriyotida bosilib chiqqan. O‘tgan yili esa “Xato” deb nomlangan qissasi “Sharq yulduzi” jurnalida chop etildi. Ayni vaqtda u Gurlan tumanidagi Vazir shirkat xo‘jaligini boshqarish bilan birga, kichkintoylarga bag‘ishlab serzavq asarlar yozayotir.
Sodiqjon qishloq bolalarining hayotini o‘ziga xos yo‘sinda bayon etadi. Uning “Dehqon bolasi” deb nomlangan she’ridagi xarakter tengdoshlaridan, ularning qahramonlaridan keskin farq qiladi:
Ishlayverar yuz-ko‘zin,
Oftob seli yesa ham.
Otasining nigohi
“Qo‘y, bas, bolam”, desa ham.
Saratonning hovuri
Taralib bast-bo‘yiga,
Horg‘in qaytar shom chog‘i
Ko‘hnagina uyiga.
Tun cho‘kar. Gal hordiqqa
Oy ham to‘lar yorishib,
Uxlar u tushi yorug‘
Umidlarga qorishib…
Zafar Isomiddin ham bir necha to‘plamning muallifi. U tabiat manzaralarini nozik his qiladi. O‘z qahramonlarini parrandalar olami bilan yaqindan tanishtirishni xush ko‘radi. Ifoda usuli musavvirlarga xos. Atirgulning isini birinchi marta tuygan Sassiqpopishakning holatini quyidagicha tasvirlaydi:
Voy, Atirgul… hidini
Tolga qo‘ngach, ko‘rdi-da,
O‘z-o‘zicha didini
Birpas maqtab turdi-da,
Tashlab turar tol soya
Cho‘chib ketdi sho‘rlik qush,
“Ismim so‘rab qolmasin” deb,
Uchib ketdi sho‘rlik qush.
Adabiyotimizga keyingi o‘n besh yil ichida kirib kelgan Xurram Raimov, Ne’mat Dushayev, Ravshan Isoqov, Erpo‘lat Baxt, Yusuf Miryusufzoda singari ijodkorlarning vaqtli matbuotdagi chiqishlarini kuzatar ekanman, ko‘nglim g‘ururga to‘ladi, kichkintoylarning katta adabiyoti iqtidorli yoshlar hisobiga o‘sib borayotganidan behad quvonaman.
Bugungi o‘zbek bolalar adabiyotida jiddiy izlanishlar olib borayotgan yoshlarimizning asarlari “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida ham tez-tez bosilib turadi. Ba’zi sinchkov mushtariylarning xayolidan: “Nahotki, she’rlaridan namunalar keltirilgan shoirlarning ijodi nuqsonlardan xoli bo‘lsa”, degan mulohazalar o‘tishi tabiiy. Nomlarini qoniqish bilan ta’kidlab o‘tgan ukalarim respublikamizning turli viloyatlarida yashab, mehnat qilishadi. Ularning ijodidagi asosiy qusur — misralar ustida ishlash san’atining yetishmasligida. Ayrim hollarda ular fe’l qofiyalarga me’yordan ortiq darajada berilib qolishayotir. Bu borada jahon adabiyotidan o‘rganish va undan tarjimalar qilish qalamni charxlashda o‘ziga xos mahorat maktabi ekanligini unutmaslik kerak.
Buyuk ustoz Abu Nasr Forobiy: “Tarix — xotiraning o‘g‘li, falsafa — idrokning farzandi, she’riyat esa tasavvurning qizidir”, deb behuda aytmagan. Mazkur maqolada bir-biriga o‘xshamagan iste’dodli ukalarimning tasavvurlaridan yaralgan kamtarin ijodlari haqida imkon qadar o‘z qarashlarimni bayon etdim. Dilimizga iliqlik olib kirgan yana bir yangilik: 2008 yil Yoshlar yili, deb e’lon qilinganligi. Ana shu munosabat bilan “Sharq” nashriyot-matbaa aktsiyadorlik kompaniyasi Bosh tahririyati Zafar Isomiddin bilan Sodiqjon Inoyatovning kitoblarini bosishga tayyorlamoqda. Bu, o‘z navbatida, yoshlarimizga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning yana bir namunasidir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2008 yil 10-sonidan olindi.