Bundan necha ming yillar avval G‘arb tsivilizatsiyasining qoq markazi — “mangu shahar” Rimda “Lux viene dell’ Oriente!” (Nur — Sharqdandir!) deb atalmish haqiqat ilk bor yangragan. Asrlar o‘tib, bu dono fikr ayni Yevropaning o‘zida bot-bot takrorlanib kelmoqda: “Per Bulezning “Alea” (1957) ilmiy asari yoinki Igor Stravinskiyning 1960-yillarga oid vasiyatnamo fikrlari buning yorqin isbotidir.
Sharl Monteskyoning (1689 — 1755) “Forsiy maktublar”idan (1721) boshlab, Yevropa badiiy va ilmiy hayotiga O‘zbek ismli aristokrat-qahramon kirib keldi. Bu nom keyinchalik butkul G‘arb san’ati va fani olamida forslardan-arablarga, turklardan-mavrlarga o‘zgarib boradi. Shu bois, buyuk ajdodlarimizdan Abu Nasr Forobiy, garchi u musiqashunoslik sohasida shubhasiz birinchi muallim bo‘lgan bo‘lsa-da, ko‘p asrlar mobaynida G‘arbda “arab olimi”, Aristoteldan keyingi “ikkinchi muallim” (“muallimi soniy”) deb atalgan. Umumsharqiy mavzularda ko‘plab asarlar yozgan Gendelning “Tamerlano” (1724) operasida esa Sohibqiron Amir Temur “tartar xoni” sifatida gavdalantirilgan.
Quyida baholi qudrat O‘zbekiston musiqashunosligida ilk marotaba o‘zbek kuy va ritmlari, xalqimiz hayoti, tarixi, mumtoz adabiyoti asosida uzoq va yaqin xorij (Evropa, qisman Osiyo) kompozitorlari, monodik uslubda ijod qilayotgan mualliflar yaratgan asarlarni tahlil qilishga bel bog‘ladik.
G‘arb kompozitorlarining Amir Temur haqidagi 30 dan (!) ortiq asarlaridan tashqari, G‘arbiy va Sharqiy Yevropa ijodkorlari ham o‘zbek mavzulari (tematikasi)ga murojaat qilganligini aniqladik.
Atoqli ingliz kompozitori va dirijyori Grenvill Bantokning (1868 — 1946) umumsharqona mavzudagi “Eron gavhari” operasi, “Lalla Ruk”, “Misr” baletlari, xor va orkestr uchun uch turkumdan iborat “Umar Xayyom” asari, ovoz va fortepiano uchun “Xaram qo‘shiqlari”, “Hofizning besh g‘azali”, “Sa’diyning atir gul bog‘lari” kamer turkumlaridan tashqari, “Samarqandga oltin sayohat” (“The Golden Journey To Samarkand”) nomli noyob asar ham mavjudligi ma’lum bo‘ldi. 1922 yilga mansub ushbu partitura kompozitorning bevosita ko‘hna Samarqanddan olgan taassurotlari asosida xor va simfonik orkestr uchun yozilgan. G.Bantok uzoq (Genri Parsell) va yaqin (Gustav Xolst) o‘tmishdoshlarining “arabcha” yoinki hind uslublarga tayanishlaridan farqli o‘laroq, qulog‘iga chalingan turfa o‘zbekona musiqiy uslubga yanada yaqinlashib kelgan.
O‘tgan asrda, monodiya (bir ovozlilik) asosida ijod qiluvchi xorij kompozitorlari orasida Aram Xachaturyan muayyan o‘zbek ohanglari va ayrim ritmoformula (usul)lariga murojaat qilgani ham aniqlandi. 30-yillarning boshlarida yaratilgan “Klarnet, skripka va fortepiano uchun trio”, simfonik orkestr uchun “Raqs syuitasi”da arman va gruzin xalq ohanglari qatori kompozitor o‘zbek musiqa folkloridan ham foydalanadi. Ushbu ikki asar ko‘p jihatdan bir-biriga yaqin. Ikkalasi ham Moskva konservatoriyasi talaba-kompozitori uchun bir opusda — turli millatlar folkloridan ijodiy foydalanish borasida sinov bo‘ldi. Agar “Trio”da muallif ikki arman va bir o‘zbek kuyi bilan cheklangan bo‘lsa, “Syuita”da baravariga ikki arman, ikki o‘zbek va bitta gruzin kuyiga murojaat etadi. Ikkala asar ham yaratilgan yiliyoq taniqli cholg‘uchilar tomonidan ijro etildi: “Trio” konservatoriyaning Kichik zalida A.G.Semyonov (klarnet), G.K.Bogdanov (skripka) va N.M.Musinyan (fortepiano)lar tomonidan taqdim etilib, keyinroq Parijda “Triton” jamiyati kontsert dasturiga kiritildi. “Raqs syuita”sining premerasi esa konservatoriyaning Katta zalida, atoqli maestro N.P.Anosov rahbarligida ijro etildi.
“Klarnet, skripka va fortepiano uchun trio”ning xotimasida A.Xachaturyan o‘zbek xalq ommabop qo‘shig‘i “Qora soch” (“Sochingni qaro deydilar”) kuyidan ijodiy foydalangan.
Yosh Aram Xachaturyan e’tiboriga mazkur laparning cholg‘u (N.N. Mironov yozgan) varianti tushganligini ko‘ramiz (va albatta eshitamiz!). Klarnet solosidan so‘ng iqtibos qilingan ohang fortepiano partiyasida aniq usulli fakturalar va keyingi arman melosi ohanglariga xos bo‘lgan intonatsion bezaklar bilan jozibali yangraydi.
Keng ko‘lamli kompozitorlik tafakkuriga ega Xachaturyan (ayniqsa, ijodining yetuk davrida) o‘zbek ohangi o‘lchovini ikki hissa orttirib qo‘llaydi, bu esa, kuyga salobat va epiklik xususiyatlarini baxsh etadi. So‘nggi, ritmik jihatdan o‘ta nafis bo‘lgan Prestoda esa, “Trio”ning oldingi qismlaridagi mavzular bilan birlashgan o‘zbek mavzusi jo‘shqin, jozibali yangraydi.
XX asrning mashhur arman klassigi O‘zbekistonda deyarli ma’lum bo‘lmagan (bizning sozandalarimiz tomonidan negadir ijro etilmaydigan), bundan 75 yil avval yaratgan asarida, sirtdan qaraganda, bir-biridan uzoq, lekin uslubiy jihatdan turdosh bo‘lgan ikki xalq monodoniyasining organik sinteziga xos cheksiz imkoniyatlardan o‘ta unumli foydalangan.
* * *
Boy an’analarga ega har bir xalqning uzoq va yaqin o‘tmishida tengi yo‘q shaxs-korifeylari mavjud bo‘lib, ular merosi hamisha ijodkorni, bastakorlar va zamonaviy kompozitorlarni ilhomlantirib keladi. Besh yarim asrdan buyon jahonni hayratga solib kelayotgan Mir Alisher Navoiy shunday shaxslardandir. Buyuk shoirimizning nazmiy satrlari hayotligidayoq nafaqat mahalliy mualliflar, balki ko‘pgina boshqa musiqa madaniyatlari vakillari tomonidan ham kuyga solina boshlangan.
Eslatib o‘tish joizki, Alisher Navoiy she’ri asosidagi mashhurlikda tengi yo‘q ilk vokal asar marvlik bastakor Hoji Abdullo Marvarid (ba’zi manbalarda — Marvaziy) tomonidan yaratilgan va u quyidagi jozibali satrlar bilan boshlanadi:
Din ofati bir mug‘bachai, mohliqodur/a/,
mayxorayu bebok,
Kim ishqidin oning vatanim dayri fanodur,
sarmastu yaqom chok.
Oradan besh asrdan ko‘proq vaqt o‘tib, zamondoshimiz — butun Sharqda mashhur xonanda, ud cholg‘uchisi va mulahxin Saloh al-Maxdiy (Tunis) Samarqandda bo‘lib o‘tgan musiqashunoslarning ikkinchi xalqaro simpoziumida (1983) buyuk Navoiyning “Qaro ko‘zim, kelu mardumlig‘, emdi fan qilg‘il” satri bilan boshlanuvchi g‘azalining o‘lmas o‘zbek kuyi — “Ushshoq” bilan uzviy bog‘langan asarini namoyish etdi. Arab ijodkori ushbu she’rning boshlanishi va “Ushshoq”ning ohang tuzilishini asos qilib, tunischa “Isfahon” maqomiga ijodiy tarzda uyg‘unlashtirdi. Natijada, geografik jihatdan uzoq, lekin usluban bir-biriga yaqin ikki an’ananing badiiy sintezi paydo bo‘ldi.
* * *
XIX–XX asrlardan e’tiboran Sharqiy Yevropa kompozitorlik ijodiyotida ham o‘zbek musiqa folklori va ayrim mumtoz kuylarimiz qator mualliflarning e’tiborini jalb eta boshladi.
Bunga XIX asr boshlarida I.Dobrovolskiyning “Aziatskiy muzыkalnыy jurnal”ida nashr etilgan (1816-1818) nota yozuvlari, xususan Markaziy Osiyo (o‘zbek, qirg‘iz, turkman) hamda Kavkaz xalqlarining cholg‘u kuylari va qo‘shiqlari asosiy nota materiali sifatida xizmat qilgan. Aynan I.Dobrovolskiy yozuvlari Moskva konservatoriyasida P.I.Chaykovskiyning ilk shogirdlaridan biri, odessalik N.S.Klenovskiyning (1853-1915) e’tiborini tortgan bo‘lsa ajab emas. 1893 yili u Moskvada “Etnografik kontsert” tashkil qildi va unda birinchi marta ovoz hamda simfonik orkestr uchun qayta ishlangan o‘zbek xalq qo‘shig‘i “Qarayversam, ko‘rinmaydi” nomli murakkab partitura tarkibida yangradi. Bir yildan so‘ng yuqoridagi kontsert dasturi asosida “Rus va boshqa xalqlarning qo‘shiqlari to‘plami…” nashr qilindi (1894). “Qarayversam, ko‘rinmaydi” qo‘shig‘ining mavjud (San’atshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti kutubxonasida saylanayotgan) klavir variantidan ko‘rinib turibdiki, N.S.Klenovskiy “etnografik” unsurlarni yengib o‘tib, badiiy, ma’lum darajada ishonchli ijodiy natijaga erishgan. Ta’kidlab o‘tish joizki, Markaziy Osiyo, ayniqsa Kavkaz (“Natashaning latofati” baleti, 1855; “Saroblar” simfonik manzarasi; “Gruzincha liturgiya”, 1902, va boshqa) kuylari bilan bog‘liq bir qator opuslar ana shu tashabbuskor kompozitor qalamiga mansub.
Oradan yarim asr o‘tib, asosiy faoliyati Rossiya va Belorusiyada o‘tgan kompozitor V.Zolotaryov (1872-1964) simfonik orkestr uchun “Farg‘ona marshi”, “O‘zbek rapsodiyasi” va “Raqs syuita”si bilan Moskvada o‘tkazilgan maxsus kompozitorlik konkursida I-III o‘rinlarni egallaganligi, buyuk Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligiga “Navoiyning 6 g‘azali” vokal simfonik partiturasini yaratganligi XX asrda o‘zbek mavzulariga murojaat etish odat tusini olganligidan dalolat beradi.
O‘n ikki jildli yangi “O‘zbekiston Milliy entsiklopediyasi” sahifalarida yuqorida aytgan fikrlarimizning in’ikosini ko‘rish mumkin. Buni old klassitsizm (F.Ramo, G.Gendel), Vena klassik kompozitorlari va Yangi Vena maktabi vakillari (A.Shyonberg), musiqiy romantizm (I.Brams, R.Shuman, K.Veber), ekspressionizm (G.Maler) namoyandalari hamda bir qator XX asr kompozitorlarining asarlarida aynan umumsharqona va aslsharqona (K.Shimanovskiy, S.Raxmaninov) opuslarga alohida urg‘u berilgani tasdiqlaydi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2008 yil 3-sonidan olindi.