Markaziy Osiyo xalqlari yozma adabiyotining tarixi ikki ming yildan ziyod davrni o‘z ichiga oladi. Uning ilk sarchashmalari zardushtiylik dinining muqaddas kitobi “Avesto” hamda O‘rxun-Enasoy bitiklariga borib taqaladi. Mashhur sharqshunos, forsiy tildagi adabiyotning yetuk bilimdoni, matnshunos, o‘nlab qadimiy manbalarni ilk bor ilmiy iste’molga olib kirgan mohir uslubshunos Yusufjon Salimov butun umrini adabiyotning yetakchi janri — nasr tadqiqotiga bag‘ishladi.
O‘tgan yillarda “Nuri ma’rifat” nashriyoti olimning ilmiy bisotini “Umr yodgori” nomi bilan uch jildda chop etdi. Majmuaga muallifning klassik nasrga doir tadqiqotlari bilan birga so‘z san’atining turli dolzarb
muammolariga bag‘ishlangan maqolalari, taqrizlari, badiiy-publitsistik ocherklari, nazariy, ilmiy mohiyatdagi asarlari ham kiritilgan.
Kitobni o‘qib chiqqach, ishonch hosil qilasizki, muallif fors-tojik adabiyotidagi nasr tarixini ancha jiddiy, har jihatdan mukammal tadqiq qilgan. Mumtoz nasr ishqiy sarguzasht, qahramonlik, fantastik, axloqiy-ta’limiy romanlar, qissalar, hikoyatlarga tasnif etilgan, “Samaki ayyor”, “Hotamnoma”, “Qahramoni qotil”, “Amir Hamza”, “Iskandarnoma”, “Barzo‘noma”, “Somnoma”, “Dorobnoma” singari asarlar izchil o‘rganilgan.
Shu o‘rinda adib sayyor syujetlar asosida fors-tojik va o‘zbek adabiyotida yaratilgan nasr namunalarini keng o‘rganish adabiy hamkorlikning muhim jihatlarini aniqlash imkoniyatini berajagini uqtirgan.Xususan, Muhammadrizo Ogahiyning tarjimonlik faoliyati, akademik Bo‘rivoy Ahmedov ijodining ayrim jihatlari haqidagi kuzatishlari asosida o‘zbek-tojik adabiy hamkorligi tahlil qilingan.
Ma’lumki, aksariyat tadqiqotchilar tojik va o‘zbek adabiyotidagi romanlar, qissayu fantastik asarlar G‘arb adabiyoti ta’sirida paydo bo‘lgan, degan “nazariya”ni ilgari suradilar. Mazkur tadqiqotni sinchiklab o‘qigan kitobxon bu fikr asossiz, bir yoqlama ekanligiga ishonch hosil qiladi. Zeroki, olim klassik nasrimizni bor bo‘yi bilan tahlil qilib, G‘arb romanlari-yu, povestlariga, fantastikasiga xos barcha unsurlar qadimiy nasrimizda “mana-man” deb turganini ko‘rsatib bergan.
O‘tgan asrning 70-yillarida olimning “Tasavvuf” nomli tadqiqoti vujudga keldi. Unda qo‘lyozma manbalar asosida tasavvuf ta’limotining paydo bo‘lishi, dastlabki mutasavvuflar, irfon va milliy uyg‘onish, tasavvuf va badiiy adabiyot masalalari tahlil etilgan. Imom G‘azzoliy, Hotami Toyi Andalusiy singari allomalarning hayoti hamda faoliyati ilk marotaba keng tarzda o‘rganilgan, ilm-adab ahliga hadya qilingan.
Muallif “Fors-tojik she’riyatida adabiy uslub: paydo bo‘lishi va takomili” deb nomlangan tadqiqotida uch uslubning vujudga kelishi, shakllanish yo‘llari, o‘ziga xos poyetikasini g‘oyatda nuktadonlik bilan ochib bergan. Jumladan, fors-tojik klassik she’riyatidagi hind uslubini tadqiq etgan manbashunos uning inkishofidagi Bedil o‘rnini ko‘rsatishga intilgan. Tadqiqotni Bedilning nisbatan mukammal ijodiy biografiyasi deyish mumkin.
“XVI-XIX asrlardagi fors-tojik adabiyoti” nomli fundamental monografiyada esa olim davrning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy hamda madaniy hayotini ancha batafsil tasvirlagan; ko‘plab yangi manbalarni ilmiy iste’molga jalb etgan. Ayni paytda risolada Hiloliy, Vosifiy, Mushfiqiy, Sayido, Ahmad Donish, Hoziq, Mirzo Sodiq, Vozeh kabi san’atkorlar ijodi o‘rganilgan, tahlil etilgan. Shahroshub va Saidoi Nasafiy haqidagi mulohazalar ilmda yangilikdir.
Majmuada Yusuf Salimovning ijodi, olim sifatidagi ayricha siymosi, komil insonlik xislatlari haqida zamondoshlarining xotiralari ham joy olgan. Samimiy esdaliklar ilm manzillarini dadil bosib o‘tishda beqiyos zahmat chekkan, o‘ta xokisor, ma’rifatparvar hamkasblar kamolini ko‘zlab yashagan, o‘zbek olimlarining yaqin do‘sti Yusufjon Salimov timsolini jonlantiradi, uning xotirasini kitobxonlar qalbiga muhrlaydi.
Hamidjon HOMIDIY,
Boqijon TO‘XLIEV,
filologiya fanlari doktorlari, professorlar.
“Hurriyat” gazetasidan olindi.