Iste’dod Xudodan beriladi. Har qancha mehnat va zahmat mahsuli bo‘lmasin, iste’doddan bebahra ijod mahsuli yuksak maqomga ko‘tarila olmaydi. Chinakam iqtidor sohibi ilk asaridanoq ko‘ngillarga yo‘l topadi. Dastlabki ijod namunalari bilanoq e’tirof qozonadi, nazarga tushadi. Sirojiddin Sayyid ana shunday salohiyat egalaridandir.
Shoirning ilk kitobi “Ruhim xaritasi” nomi bilan chop etilgan. Shubhasiz, birinchi kitobi nashr qilingan yosh shoir yuragida andak hadik, bir oz hayajon bo‘ladi. “Ustozlar nima der ekan?”, degan xavotir chulg‘aydi qalbini. “Toshkent oqshomi” tahririyatida xizmat qilayotgan paytda ana shunday xayollar og‘ushidagi shoirga kutilmaganda kimsan ustoz Abdulla Orifning o‘zi telefon qilib: “Kitobingni o‘qidim, Siroj! Ana shu mo‘jaz kitobdan katta qadamlarning tovushi kelyapti” degani, birinchidan, ustoz ijodkorning yangi avlodga xayrixoh nazari ifodasi bo‘lsa, ikkinchidan, toza, samimiy e’tirofni anglatadi. Binobarin, Sirojiddin Sayyid 1984 yili chop etilgan ana shu ilk kitobi bilanoq o‘zining ijodiy kelajagi haqida muayyan tasavvur bera oldi.
Shundan buyon shoirning “Salqin xarsanglar kaftida”, “Sevgi mamlakati”, “Asragil”, “Mehr qolur, muhabbat qolur”, “Kuydim”, “Vatanni o‘rganish”, “Ko‘ngil sohili”, “Ko‘ksimdagi zangorlarim”, “Qaldirg‘ochlarga ber ayvonlaringni” singari o‘n beshga yaqin she’riy to‘plami chop etildi. Eng muhimi, uning ijodi to‘plamdan to‘plamga, kitobdan kitobga sayqal topa bordi. Mohiyatan teran, badiiy jihatdan barkamol she’rlari o‘quvchilar qalbini zabt qilishda davom etayotir.
Yaqinda Sirojiddin Sayyid she’riy to‘plamlari soni yana bittaga ortdi. “O‘zbekiston” nashriyoti shoir muxlislariga uning “Dil fasli” kitobini hadya etdi. Shoirning o‘quvchilarga aytadigan ohorli so‘zlari borligi, she’rlarining ko‘ngil ehtiyoji samarasi o‘laroq yuzaga kelgani to‘plamning ahamiyatini ko‘rsatadigan dalillardir.
Vatan va millatga muhabbat tuyg‘usi Sirojiddin Sayyid she’rlarining asl mohiyatini, mag‘zini belgilaydi. Shoir “rizq-ro‘zi halol, mangu xalq” farzandi ekanidan iftixor hissini tuyadi. “Azal bulbullarga oshyon” bo‘lgan ona zamin “bog‘larini bosgan qarg‘alar ketgani”dan, yurtga sohiblik asl egalariga muyassar bo‘lganidan quvonadi. Mana bu misralar ana shu quvonch izhori o‘laroq quyilib keladi:
Amir Temurlardan qolgan nomus-or,
Bir siniq g‘ishti ham
sharaf-shon, yurtim.
Sen — o‘lmas g‘urursan,
so‘nmas iftixor,
Suvi ham, qumi ham zarafshon yurtim…
Aruzda yozish oson emas. Buning uchun nainki so‘zni nozik his etish, uni mahorat bilan saralay olish, muayyan mezonga sola bilish zarur. Buning uchun mumtoz adabiyot mutolaasidan lazzat olmoq, “bilimlar uchligi” — ilmi aruz, ilmi bade’, ilmi qofiya sirlarini egallamoq talab etiladi. Sirojiddin Sayyid juda ko‘p zamondoshlaridan shu kabi fazilatlar sohibi ekani, bilganlarini amaliyotda mahorat bilan qo‘llay olishi tufayli ajralib turadi. U Navoiyni ko‘p o‘qiydi. “Xazoyin ul-maoniy”ni xatm qilgan kunini eng katta bayram, deb biladi. Muhimi, she’rlarida ulug‘ Navoiydan, mumtoz she’riyatimizdan bahramandlik ta’siri sezilib turadi:
Chaman ichra o‘zi ham bir
atirgulday bo‘lib qolgay,
Dilimning qoniga bulbul
qanotin gar bulab qo‘ysa…
Menga xanjar bilan shamshir
tig‘iga hargiz hojat yo‘q,
Uzun mijgonlarini gar
nigorim bir qadab qo‘ysa.
“Menga xanjar bilan shamshir tig‘iga hargiz hojat yo‘q” misrasidagi vazn saktaligini e’tiborga olmaganda, bu baytlardagi mumtoz g‘azalnavislikka xos jozibani his etmaslik mumkin emas.
Sirojiddin Sayyid she’rlaridan birini “Navoiyni o‘qish” deb nomlagan. Uningcha: “Har bir kalla, har bir bosh jaholatdan qo‘rqishi kerak. Har bir bola, har bir yosh Navoiyni o‘qishi kerak”. Navoiydek ulug‘larni o‘qimaslik, anglamaslik jaholatga olib kelishidan ogoh qilishni burch, deb bilgan shoir: “Har bir ota, har bir mo‘ysafid Umr hikmatlarin ko‘rsatib, Nafs arqonlarin qirqishi kerak, Farzandlari, nabirasiga Navoiyni o‘qishi kerak”, deya ta’kidlaydi.
Adabiyotimizning ming yillik tarixi guvohlik berishicha, chin do‘st, chin yor topish shuaro uchun ushalmas armon bo‘lib kelgan. Hazrat Navoiy “Mehr ko‘p ko‘rguzub mehribone topmagan”i, Furqat “Ohkim, yo‘qtur mani tab’imga loyiq ulfatim”, deya iztirob chekkani buning dalilidir. Ustoz Abdulla Orif: “G‘ussali dilga-chi lekin yo‘q hamdam” deganda, ayni shu tuyg‘uni nazarda tutgan. Sirojiddin Sayyidning:
Qismat qattiq, alam bisyor, el g‘ofil,
Bu dunyoda bormi
bir dilxoh, Bobur? —
deyishi sababi ham shunda.
Sirojiddin Sayyid so‘zga zug‘um o‘tkazmaydi. She’rlarining ohangi tabiiy, misralarining aksariyati quyma. Ayniqsa, g‘azallarida fikr ta’sirchan, tasvir ohorli. Ming yillardan buyon kuylanib kelayotgan Vatan mavzui uning qalamida o‘zgacha inkishof topadi. Tuyg‘ularning samimiyligi o‘quvchiga ham yuqadi:
Bu diyorda tog‘u tosh shoir bo‘lib,
Erga tushgaydir quyosh shoir bo‘lib.
O‘rgatar kuylashni bulbul suvlari,
Maysa ham tebraydi bosh shoir bo‘lib.
“Bulbul suvlari” jumlasidagi g‘alizlikni istisno qilganda (ehtimol, asl matnda “suvlara” bo‘lgandir), bu misralar yuqoridagi ta’riflarga nechog‘li mos ekanini ta’kidlash ortiqcha bo‘lar.
Sirojiddin Sayyid oz so‘zga ko‘p ma’no yuklaydi. So‘zni isrof qilishdan saqlanadi. “She’r aro polvon bo‘lish oson emas”, degan birgina ta’rif orqali Abdulla Orifning milliy adabiyotimizda tutgan o‘rniga munosib baho beradi. “450 000 lola” she’rida Ikkinchi jahon urushining butun fojiasi lo‘nda, ta’sirchan, betakror ifodalangani ham fikrimizni tasdiqlaydi:
Ko‘z oldingga keltirsang
Bo‘ylariyu ko‘z-qoshin.
To‘rt yuz ellik ming lola —
Ko‘kragida qo‘rg‘oshin.
Har ko‘klam ko‘kka yetar
To‘rt yuz ellik ming nolam.
Yot ellarda yotibdi
To‘rt yuz ellik ming bolam.
Sirojiddin Sayyid “Shoir kimdir?” deya savol qo‘yadi (“Nuqtai nazar” she’ri) va “Mir Alisher boboning birinchi va mangu muovinidir”, degan xulosaga keladi. Adabiyotga bunday yuksakdan qarash ijodkorga muayyan mas’uliyat hissini yuklaydi.
Cho‘lpon adabiyotni “o‘tkir yurak kirlarini yuvadurg‘on toza ma’rifat suvi”, deya ta’riflagan edi. Sirojiddin Sayyid shunga uyg‘un fikrni o‘ziga xos tarzda, betakror ifodalaydi. Uningcha: “She’r garchi shoirning ko‘ksida yongan, Bo‘g‘zini kuydirgan olov unidir. She’riyat — gul emas, chechakmas, asli. Ruh va ko‘ngillarning kir sovunidir”. Binobarin, inson ruhi va ko‘nglini adabiyotchalik poklaydigan boshqa bir hodisa hanuzgacha aniqlangan emas. Muhimi, shoir ko‘hna bu haqiqatni poetik jihatdan yangicha ifodalaganidir.
Har qanday shoirning ijodiy kamolotini ko‘rsatadigan bosh omil — she’rlarida teran hikmatlarning go‘zal badiiyat bilan aks etishidir. Ijodning yuksalish pallasida fikr teranlashadi, “qaymoq bog‘laydi”, ifoda sayqallanadi, o‘ziga xoslik yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Sirojiddin Sayyid she’rlarida ana shu kamolot alomatlari bo‘y ko‘rsatayotgani alohida e’tiborga loyiqdir. Mana bu misralar ham fikrimizni tasdiqlaydi:
Ketar jisming muvaqqatdir,
Vatan — mangu muhabbatdir.
Agar kimda muhabbat yo‘q,
Jahonda nomurod bo‘lgay.
“Dil fasli” kitobining alohida bo‘limi “Boybuva, duo aylang…” (“Bozor ijodiyoti”dan) deb nomlanadi. Bu bo‘limda shoir kosa tagida nimkosa tarzida milliy ma’naviyatimiz rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan hodisalarni qoralaydi. “Bosh qolib qorin bilan o‘ylaydigan”lar hech qachon yurtning koriga yarashi mumkin emasligini ta’sirchan ifodalaydi. “Ichi to‘la riyo, ko‘ngli qaro” kimsalarning “kiyib yurgan choponlari zar rang” ekaniga taajjub izhor etadi. Ularning surati va siyrati mutanosib emasligini hajv qiladi.
Muborak hadislardan birida: “Kishi biror gunoh amalga qo‘l ursa, uning qalbida bir qora nuqta paydo bo‘ladi. Gunohiga astoydil tavba qilsa, bu qora nuqta ketadi. Tavba qilmay, gunohlarda davom etsa, qora nuqtalar soni ham ko‘payib boradi”, deyiladi. Shoirning mana bu misralarida ana shu hadis mazmuni go‘zal poetik ifodasini topgani Sirojiddin Sayyid she’riyatida muborak sarchashmalardan bahramandlik ta’siri kuchayayotgani isbotidir:
Men bu chaman sahnasiga
oshiq bo‘lib kelgan edim,
Gul rangiga tushundimu
dil zangiga tushunmadim, —
deya, riyokorlik, ko‘ngli qarolik dilni zang bosishiga sabab bo‘lishini obrazlar, timsollar vositasida tasvirlaydi.
“Axtarayluk” g‘azalida millat turmush tarziga kirib kelayotgan nobop a’mollar hajv tig‘iga olingan. Buyuk Xorazmiy mashhur “Muhabbatnoma”da “Aningkim, ol yuzinda meng yaratti, Bo‘yi birla sochini teng yaratti”, deya sochining bo‘yi bilan tengligini yor go‘zalligiga dalil o‘laroq madh etgan edi. Taassufki, zamonamiz shoirlarida endi bunday misralarni ijod qilish imkoniyati kam. Ijod qilsalar ham yor sochining bo‘yi bilan emas, bo‘yni bilan tengligi haqida yozishlari mumkin, xolos. Sirojiddin Sayyidning zulflar kesilishiga oid mana bu bayti ham fikrimizni tasdiqlaydi:
Bo‘yinlar osilur zulflar kesilmish,
Biz endi o‘zga bir dor axtarayluk.
Undan ham yomoni — vujudni ko‘z-ko‘z qilishga, yalang‘ochlikka ruju qo‘yilayotgani quyidagi misralarda achchiq istehzo bilan ifodalangan:
Ko‘rib kindiklarini halqa taqqan,
Qochaylik, bir chuqur g‘or axtarayluk.
Milliy axloq, uni asrash haqida qayg‘urish millat ziyolilarining zimmasidagi mas’uliyatdir. Shoirning bu kabi she’rlari ana shu mas’uliyatni his etish, ertangi kun uchun kuyinish samarasidir.
Sirojiddin Sayyid zamonaviy milliy adabiyotimizda o‘z o‘rniga ega, e’tirofga sazovor shoirlarimizdan. “O‘zbekiston xalq shoiri” unvoni unga juda-juda yarashadi. “Dil fasli” kitobi shoir ijodining yangi, yanada baland miqyoslarga ko‘tarilish pallasiga debocha bo‘lishini istar edik.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 30-sonidan olindi.