Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois”, Xondamirning “Habib us-siyar” va Zayniddin Vosifiyning “Badoye’ ul-vaqoye’” asarlarida Navoiyga zamondosh mavlono Abdulvose’ munshiy nomi ham tilga olinadi. “Majolis”da mavlono Abdulvose’ning insho fanida mohirligi, soddadil kishiligi uchun esa doimo “hazilkashlar mutoyibasi o‘qiga duchor” bo‘lib yuruvchiligi hamda xoja Majdiddin Muhammad vazirligi davrida inshonavislik mansabiga yetishgani qayd etiladi. Navoiy yozishicha, Abdulvose’ning xoja Majdiddin hajvida bitilgan besh yuz va boshqalarni tanqid qilgan ming baytdan ortiq she’ri bor ekan.
Xondamir mavlono Abdulvose’ning “Jome’ ul-badoye’i sultoniy” nomli tarixiy asar yozgani, ammo voqealar bayoni asnosida tashbeh va istioralarni haddan oshirib yuborganligi uchun bu kitobi Sulton Husayn Boyqaroga yoqmagani haqida xabar beradi. Xondamirning yana bir ma’lumotida Kamoliddin Abdulvose’ning Alisher Navoiyga atab Abdurahmon Jomiy maqomotida “Holoti hazrati Maxdumiy” nomli asar yaratgani zikr etiladi.
Vosifiy Abdulvose’ munshiyning vazir Majdiddin Muhammad tomonidan Alisher Navoiy bilan yarashish sharafiga uyushtirilgan ziyofatda qatnashib, o‘zining to‘g‘riso‘zligi va nafratini ichiga yashirmay, uni istagan odamining yuziga aytishi kabi xislatlari bilan o‘tirganlarni xursand qilib, vazirdan mukofotlar olganini so‘zlaydi.
Keyingi paytlari olimlar mavlono Abdulvose’ munshiyning bizgacha yetib kelgan “Maqomoti Jomiy” (“Holoti hazrati Maxdumiy” va “Maqomoti mavlaviy Jomiy”(1942) nomlari bilan ham ataluvchi bu asarning bir nusxasi O‘zFA ShI qo‘lyozmalar xazinasida saqlanadi. — I.B.) asari va shogirdi Ahmad Xofiy tomonidan “Mansha’ ul-insho” nomi ostida jamlangan insholar to‘plami ma’lumotlarini o‘rganishga kirishganlar(Rukniddin Humoyunfar, “Mansha’ ul-insho’”. Tehron, 1978; Najib Moyil Heraviy, “Joygohi osori Boxarziy dar xurosonshinosiy. “Kitobi poj” jurnali, 1991, 2-son).
Insholar to‘plami ichida mavlono Abdulvose’ning hazrat Navoiyga yozgan bir ariza xati ham mavjud. Uning mazmunidan muallifning Husayn Boyqaro saltanati tarixiga oid kitobini yozish jarayonida tuhmatga qolgani, oqibatda asarining sulton tomonidan rad etilgani voqeasini bilib olamiz va bizgacha yetib kelmagan bu asar mundarijasi bilan tanishish imkoniga ham ega bo‘lamiz.
“Majolis”, “Badoye’ ul-vaqoye’” ma’lumotlarida Abdulvose’ning vazir Majdiddin davrida hukumat farmonlari va boshqa muhim yozishmalarini inshonavislik san’ati bilan bituvchi munshiylik vazifasiga tayinlangani, uning o‘sha paytda ham Navoiy va ham uning g‘animi Majdiddin bilan yaxshi munosabatda bo‘lgani aytiladi. Vosifiy yozishicha, mavlono Abdulvose’ bu har ikkala davlat arbobining yarashib ish tutishi tarafdori bo‘lgan. Uning to‘liq ismi Kamoliddin Abdulvose’ Nizomiy, otasining nomi Jamoliddin Mutahhar bo‘lib, mavlono Abdulvose’ XV asr birinchi yarmida Hirotga yaqin Boxarz tumanida dunyoga kelgan. Tafsir, hadis, fiqh, tasavvuf, tarix va adabiyot ilmlaridan yaxshi xabardor bo‘lgan. Ammo unga mansab va shuhrat keltirgan soha inshonavislik hisoblanib, bir necha muddat vazir Majdiddin, so‘ngra uning o‘rniga o‘tirgan xoja Qavomiddin Nizomulmulk Xofiy devonida xizmat qilgan hamda uning farzandlari Kamoliddin Husayn, Rashididdin Abdulmalik topshirgan nomanavislik ishlarini bajarib turgan. Tarixdan bilamizki, Husayn Boyqaroning mastligida Mo‘min Mirzo o‘limi borasida hukm chiqartirib olgan vazir Nizomulmulk va o‘g‘illari shu mudhish voqeadan besh-olti oy o‘tgach, sulton buyrug‘iga binoan 1498 yil may oyida qatl etilganlar. Abdulvose’ning Hirotda 1505 yili vafot etgani va shu davr oralig‘ida Navoiyga o‘z maktublari bilan murojaat qilib turgani va, yuqorida aytganimiz xat mazmunidan ayon bo‘lishicha, bu munshiy o‘sha yili Nizomulmulk o‘rniga vazirlik mansabiga chiqqan xoja Afzaluddin xizmatida qolmagan, biroq Navoiy iltifotidan ham uzoqlashmagan.
Endi Abdulvose’ qalamiga mansub “Maqomoti Jomiy” ma’lumotlari va “Mansha’ ul-insho” to‘plamidan joy olgan ayrim farmon, insho qilingan boshqa xatlar haqida fikr yuritsak. Abdulvose’ munshiy yaratgan maqomot Jomiy haqida yozilgan shu janrdagi boshqa asarlardan farq qilib, saroyga yaqinligi sababidan tanqidiy fikrlarini umumiy tarzda ifodalovchi Abdurahmon Jomiy qarashlari Abdulvose’ munshiy yozgan maqomotda anchagina aniqlik kasb etgan. Ular yordamida hozirgi o‘quvchi o‘sha davrdagi ziyolilar orasida jamiyatga nisbatan mavjud qarama-qarshi nuqtai nazarlar, mazhabiy va irfoniy, falsafiy tarafkashlik, Jomiyning ayrim mashhur olimlarning asarlari va amaldor shaxslarga qarata bildirgan keskin tanqidiy fikrlaridan xabar topadi. Masalan, Jomiy faylasuf olim Jaloliddin Davvoniy qarashlarini o‘zi yomon ko‘rgan Ibn Sino asarlarining davomi, deya tanqidga uchratsa, Ali Qushchini ilmiy ishlarida dalil va isbot keltirmaslik, masalaning asl mohiyatini ochmay, uni aylanib o‘tishda ayblaydi. Boshqa tarixiy asarlarda maqtab tilga olingan Kamoliddin Shayx Husaynning davlat devonidagi faoliyati Jomiyning qattiq tanqidiga uchraydi. Ulug‘ mutafakkir uni devonlik ishlarini Chingiz yassa va to‘ralarini islom ahkomlari bilan birga qo‘shib olib borishga urinib, aslida esa bu nomutanosib uyg‘unlikdan xalq iqtisodiy ahvoli zarar ko‘rayotganida gunohkor qiladi. “Maqomoti Jomiy”da tasavvufning o‘sha davr Xurosondagi vaziyatidan tashqari, ayrim so‘fiylarning o‘zini karomatgo‘y avliyo sifatida ko‘rsatib, Jomiy va Navoiy tanqidiga uchragani ham aytiladi. Masalan, ulardan bittasi, Husayn Boyqaro mening himmatim bilan taxtga chiqdi, ammo darvishlarimizga va’da qilingan besh ming dinor mablag‘ni bermadi, shu sababli bundan buyon sulton ruhoniyatimiz madadidan mahrum etiladi, degan ekan. O‘sha ayyomda o‘zini vali deguvchi sayyid Mujzab Naqsh ismli kishi Mashhaddan Hirotga kelib, u ham sultonga taxtga chiqishida yordamlashganini da’vo qiladi. Shunda Alisher Navoiy unga qarata, modomiki, sizga sultonlarni taxtga o‘tqazish yoki ularni toju taxtdan mahrum etish, mamlakat boshqarish qudrati berilgan ekan, nega o‘zingiz yurtboshi bo‘lishdek mashaqqatli va har xil xavf-xatarga to‘la bu ishni o‘z zimmangizga olib qo‘yaqolmaysiz, degan ekan.
Abdulvose’ munshiydan bizgacha yetib kelgan ikkinchi yozma yodgorlik “Mansha’ ul-insho” to‘plamidan joy olgan davlat farmonlari, vazirlarning hokimlarga yuborgan ko‘rsatma-yu, topshiriqlari, hokim, ulamo va fuzalo, mashoyix, mudarrislarning yozishmalari, muhabbatnoma, ta’ziyanoma, vaqfnoma, qabrtosh lavhidagi matnlardir. Mavlono Abdulvose’ munshiy boshqalar kitoblariga debocha yozib berish bilan ham shug‘ullangan. Chunki debochanavislik alohida adabiy san’at turi bo‘lib, ijodkorlarning hammasi ham bu sohani muvaffaqiyat bilan uddalay olmaganlar.
Albatta, to‘plam ichidagi ko‘p yozishmalar deyarli arxiv hujjati qimmatiga teng bo‘lib, ularda o‘sha payt temuriylar davlatining siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy hayotiga doir yuzlab ma’lumotlar aks etgan. Masalan, ular orasida qaysi musiqachi yoki rassomning davlat oldidagi munosib xizmatlari uchun qay bir soliq turidan ozod qilinganidan — qaysi ulamoning shajarasi tekshiruvdan o‘tgachgina, biron diniy mansabga tayin etilgani; xurosonliklarning soch-soqolni qisqa qilib oldirishga odatlanayotganini to‘xtatish uchun sartaroshxonalarga berilgan ko‘rsatma; sharobxo‘rlikning kuchayayotgani sababli shahar dorug‘asi va qozilarga yuborilgan farmonlardan to ayrim poraxo‘r hokimlarning ipakchilik bilan shug‘ullanuvchi musulmonlarni “ipakchilik bilan bizda faqat yahudiylar shug‘ullanadi, sizlar ham yahudiy bo‘lsalaring kerak, bo‘yningizga oling, aks holda, buni o‘zimiz isbotlab beramiz”, deya qo‘rqitib, ulardan mo‘g‘ul yassasiga binoan sovg‘a-salom, pora undirganlari va bundan xabar topgan davlatning mazkur hokimlarni jazolash, keyin esa ipakchi musulmonlardan ham, qo‘shimcha mol solig‘i to‘lab kelgan ipakchi yahudiylardan ham hech qanday soliq undirmasligi haqidagi farmonigacha uchraydi.
Abdulvose’ munshiyning to‘plamga kiritilgan Navoiyga maktubi esa, bu ijodkorning tarixnavislik sohasidagi iqtidori, Husayn Boyqaro saltanati voqealariga bag‘ishlangan tarixiy asarining muallif taqdiridagi fojeali o‘rni haqida bahs yurgizadi. Bu arizaning qachon yozilgani aniq emas. Ammo arizachining so‘zni o‘n yil burungi voqeadan boshlashi va keyingi “bir necha yildan beri masjidlarning birida davlat nafaqasini olmasdan, ilmiy suhbatlar (va’z, xutba singari ishlar) bilan mashg‘ul” ekanidan taxmin qilish mumkinki, xat 1500 yil oxirida bitilgan. Chunki uning bir guruh badkirdorlar tomonidan tuhmatga uchrayotgani va davlat ishlaridan chetlashishi homiysi Nizomulmulk qatl etilgan 1498 yil mayidan oldin ro‘y berishi mumkin emas. Bu xatdan yana mavlono Abdulvose’ning Sulton Husayn Boyqaro saltanati tarixiga doir asari 1489 yili Alisher Navoiy ko‘rsatmasi asosida yozila boshlagani oydinlashadi. Mavlono Abdulvose’ Husayn Boyqaro saltanati davriga oid birlamchi tarixiy manba sifatida Navoiy boshqarayotgan madaniy-ma’muriy tashkilotda saqlanuvchi munshaot, hujjatlarni uning topshirig‘iga ko‘ra mazkur asariga jalb qilgan. Ammo asarning qoralama nusxasi tayyor bo‘lgach, uning ayrim qismlarini qaysidir davlat kishilari fikr bildirish uchun olib, muallifga qaytarmaganlar, Navoiy so‘raganida, qayta tahrir qilinmagan o‘sha qismni “tayyor asar” sifatida ko‘rsatishgan. Bu esa, asarning Husayn Boyqaro tomonidan rad qilinishiga sabab bo‘lgan. Shunisi diqqatga sazovorki, moddiy va ma’naviy jihatdan qiyin ahvolda qolgan to‘g‘ri so‘z, oriyatli ijodkor o‘z xatida Navoiydan nafaqa yoki biron boshqa imtiyoz so‘ramayotgani, ariza yozishdan maqsadi faqatgina tuhmatlarning haddan oshayotgani, o‘zining esa mulohazakorlik yuzasidan tuhmatchilarga qarshi biror yomon ishga qo‘l urmaganini bildirish hamda chaqimchilar yolg‘oni orqasida Navoiy huzurida yaramas kishi sifatida tilga olinishga yo‘l qo‘ymaslik ilinji ekanini alohida ta’kidlaydi. Asarni oqqa ko‘chirish va uning nusxalarini ko‘paytirishga Sulton Husayn Boyqaro tomonidan ruxsat bo‘lmaganining asl sabablari esa hazrat Alisher Navoiyga yo‘llangan mazkur xat mazmuni bilan tanishganimizda yanada aniqlashadi:
“Bu yo‘qsil arizasidan asl maqsad shuki, bundan o‘n yil oldin Siz oliy hazrat topshirig‘ingizga binoan sultonlik tarixini yozishga kirishib, ellik kun ichida uning saksonga yaqin juzvini tartibga solishga erishgandim. Asar muqaddima va to‘rt maqolani o‘z ichiga olardi: muqaddima hazrati humoyun sulton(Husayn Boyqaro) nasabi bayonida. Birinchi maqola alarning tug‘ilish, taxtga chiqish va saltanat ishlariga doir ayrim holatlar zikrida. Ikkinchi maqola shariat hukmlarining sulton nazorati ostida hayotga tatbiq etilishi bobida. Uchinchi maqola adolat yuzasidan qo‘llanilgan tadbirlar bayonida. To‘rtinchi maqola qilingan xayrli ishlar bobida.
Siz oliy hazratlari buyrug‘iga binoan menga topshirilgan aslidan ko‘chirma nusxalarda nafs yomonligiga mukkasidan giriftor bo‘lgan, ko‘rnamaklik yo‘liga kirgan va boshqa har xil jinoyatlarga qo‘l urgan ayrim kishilarga nisbatan qo‘llanilgan siyosat va jazo, chora-tadbirlar zikr etilgandi. Ko‘rsatmangizga asosan kamina bunday jazolarning adolat va insof yuzasidan amalga oshganini ko‘rsatishim lozim bo‘lib, hatto ashyoviy dalillar ichida bu toifa kishilarning o‘z ayblariga iqror bo‘lgan xatlari ham bor edi. Kamina ana shu topshiriq va manbalar asosida tarix kitobini yozishga kirishdim. Quyosh yog‘duli ko‘nglingizga oydinki, o‘tgan tarixchilar asarlarida ham tarbiya jihatidan amalga oshgan jazo va siyosat sabablari xususida so‘z yuritilgan. Hatto Mavlaviy Rumiyning “Masnaviy”, Shayx Sanoiyning “Hadiqa”, Avhadiyning “Jomi Jam”, Jomiyning “Silsilat uz-zahab” va boshqa ko‘pgina asarlarda ham gunoh va jinoyatning jazosi haqida yozilgan. Qur’oni karimda esa, ko‘plab o‘rinlarda bunday tanbeh, qahru g‘azab va azob-uqubatlar xususida gap boradi. Shularga ko‘ra, kamina topshirilgan qoralamada ismlari kelgan aybdorlar jazolanishi sabablarini ko‘rsatib, sulton g‘azabining adolatli bo‘lganini kelajak avlodga dalillar asosida yetkazishga harakat qilgandim. Biroq menga dushman ayrim amaldorlarga bu narsa ma’qul kelmay, asarning tugallanmagan va tahrir qilinmay, mazmuni mavhumligicha turgan qismini hech bir sababsiz qo‘limdan olib qo‘ydilar va kamchiliklarini tuzatish, qayta tahrir etishga yo‘l bermadilar. Siz hazratlari sulton saltanati tarixi yozilishi haqida so‘raganingizda, bu narsa ularga yoqmay, olib qo‘yilgan qoralamani menga “yo‘qotdik” deb, ammo meni iltifotingizdan quruq qoldirish maqsadida esa, o‘shalarni yangi qoralamalarim o‘rnida Sizga ko‘rsatganlar. Natijada sakson juzvlik asarimning asosiy qismi qolib ketib, o‘sha jinoyatchi va qabih kishilar to‘g‘risidagi qoralama xomaki holicha “musulmonlarni badnom qiluvchi” mulohazalar sifatida oliy nazaringizga yetkazilgan. Bu ham kamlik qilgandek, mana bir necha yildan beri, ularning fisqu fasodga kon yig‘inlariga qatnamayotganim alamidan, qilmagan ishlarda meni gunohkor qilishga urinib yotibdilar. Anchadan buyon barcha yumushlardan voz kechib, bir masjid burchagida davlatdan nafaqa ta’ma qilmasdan, ilmiy suhbatlar bilan mashg‘ulligim ham ularni o‘ch olish niyatidan qaytara olmayapti. Bu guruhning shum maqsadi menga yaxshi ayon, sababini aytay desam, ildizi ancha chuqur, so‘z uzoqqa ulanadi. Xullas, tuhmatchilarning shuncha yomonliklariga qaramay va garchi shariatda “yomonlikning jazosi shu taxlit yomonlikdir”, degan ruxsat bo‘lsa-da, kamina tomonidan ularga nisbatan hech qanday chora-tadbir ravo ko‘rilmadi. Misra’: Lola sog‘argiru mutrib mastu bar man nomi fasaq. (Mazmuni: Qadah ushlagan lola-yu, mast bo‘lgan mutrib, ammo barcha ayb men bechoraga yuklangan.) Endilikda bu badkirdorlarning surbetligi shu darajaga borib yetdiki, hatto ko‘cha-ko‘y va bozorlarda ham kaminaga ozor berish, tahqiromiz so‘zlar aytishdan qaytmayaptilar. Umid qilamanki, ushbu ariza vositasida vujudi donishmandlik va adolat bilan orasta Siz janoblarining sharif nazaridan bu amaldorlar qasdi tug‘yoni bekitiqcha qolmag‘ay. She’r:
Murg‘i harimi gulshani
ishqi tuam, charo
Bar man fazoi aysh
buvad tang, chun qafas.
(Mazmuni: Ishqing gulshani haramining qushiman, nega
Men uchun turmush fazosi qafasdek tor erur.)
Yashirin qolmasinki, bir burchakni ixtiyor aylagan faqiringizning bu xatni bitishdan hech bir ta’masi va biron boshqa muddaosi yo‘q, aytmoqchi bo‘lganim faqat oliy huzuringizda fasod ahlining g‘arazli gaplari yuqoridagilar sabablidir, men faqir esam faqrlik va shikastalik burchagida davlat duosi bilan mashg‘ulmen, xolos.”
Bizga Navoiy zamonasi nafasini olib kelgan o‘sha davr ziyolisi va ijodkorining xati mazmuni ana shulardan iborat bo‘lib, arizaning natijasi qanday tugagani esa noma’lum. Biroq shunisi ayonki, mavlono Abdulvose’ Boxarziy yozgan qimmatbaho asar allaqanday johil amaldorlarning shaxsiy g‘arazlari orqasida davlatning moddiy va ma’naviy himoyasiga erishmasdan oqqa ko‘chirilmay qolib, oqibatda uning muallif qo‘lidagi yagona qoralama nusxasi haligacha topilmay kelayotir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 23-sonidan olindi.