Ra’no Ibrohimova. Ayolga maktub. Epistolyar janr eskirdimi? (2007)

Xat o‘qishni hammamiz yaxshi ko‘ramiz, ba’zida boshqalarga tegishli maktublar bo‘lsa ham. Bu holat, ayniqsa, tadqiqotchilar, tarixchilar, adabiyotshunoslar uchun zarurat. Chunki xatlar, ayniqsa, mashhur shaxslar o‘rtasidagi yozishmalar tarix sahifalarini jonlantirishda, fikr yuritilayotgan shaxsga oid ma’lumotlarni oydinlashtirishda, tadqiqotchilar e’tiboridan chetda qolgan ayrim zarur chizgilarni to‘ldirishda ilmiy qimmatga ega. Ular faqat ko‘ngil yozish, insonning o‘z fikrini qog‘ozda ifodalash usuli bo‘libgina qolmay, balki dunyoning turfa ranglarini ko‘ra bilish, his etish imkonini ham beradi. Maktublarning turi ko‘p: yozishmalar, xizmat yuzasidan yozilgan xatlar, sevishganlar maktubi, do‘stona maktublar va hokazo.
Jahondagi barcha peshqadam ziyolilar xat yozib, xat olishgan. Tarix Navoiy va Jomiyning o‘zaro yozishmalari, Pushkin, Turgenev, Dostoyevskiy, Oybek va yana ko‘plab mashhur shaxslar yozgan xatlarning guvohi bo‘lgan. Bunday maktublar umumxalq mulkiga aylanishi lozim.
Bugungi kunda texnika taraqqiyoti, telefon, telegraf, elektron pochta epistolyar janrni tashkil etuvchi maktublarga bo‘lgan ehtiyojni so‘ndirdi, kishilar bir-birlariga xat yozishdan uzoqlashdi, degan fikr ustunlik qiladi. Bizningcha, mohiyati emas, balki uning ko‘rinishi o‘zgardi, xolos.
Odatda, xatlar kishi hayotlik chog‘ida chop etilmaydi. Lekin tabiat istisnolarga to‘la bo‘lganidek, adabiyotda ham istisnolar bo‘lishi mumkin. Menga tanishib chiqish, foydalanish uchun taqdim etilgan xatlarni e’lon qilishga asosim bor, deb o‘ylayman. Chunki bu maktublar garchi shaxsiy bo‘lsa-da, ularning jamoatchilik e’tiboriga havola etilishi foydadan xoli bo‘lmaydi. Chunki xatlar dunyoda muhabbat degan his boqiy ekanligiga yana bir bor ishonch hosil qilishga imkon beradi. Bu maktublar mualliflarning ayolga dil izhori, oilasiga, bolalariga munosabatini ifodalabgina qolmay, balki ayollarning oilada, jamiyatda tutgan o‘rnini ko‘rsatadi.
Maktublar mazmunidan xat egasining hayoti, faoliyati, fe’l-atvoriga xos belgilarni topish mumkin. Xatlar hamisha tarixiy faktlarni aks ettiruvchi manba sifatida xizmat etavermaydi, balki xat egasining ko‘proq maktub yozayotgan daqiqalardagi holatini, ruhiyatini belgilaydi. Maktublar kishiga hayotiy tajriba orttirishda, hayotda javob topolmagan savollarga javob topishida ko‘maklashadi.
Biz xatlar olamiga sayohatimizni atoqli olim Matyoqub Qo‘shjonovning ayoli bizga lutfan taqdim etgan xatdan boshlamoqchimiz. Ustozning ayoliga yozgan xatlarini bir jild ostiga jamlasa, Farhod va Shirin qissasidan qolishmaydigan sevgi dostonining shohidi bo‘lamiz. Imkoniyatdan foydalanib, taniqli olimlar — do‘stlarim Asqar Musaqulov va Ibrohim Haqqulovning ayollariga yozgan maktublarini ham e’tiboringizga havola etmoqchiman. Bu ikki avlod vakillarining maktublari bilan tanishib chiqqach, hayotning naqadar go‘zalligini, kimgadir kerakli ekanligingizni yana bir bor his etib, mamnunlik hissini tuyasiz, degan umiddaman. Xat mualliflarining qalbidan kechgan tug‘yonlarni his etishingiz uchun ularni biron-bir o‘zgartirishsiz keltirayapmiz. Mana, ustoz Matyoqub Qo‘shjonovning o‘tgan asr 50-yillari boshida ayoliga bitgan maktubi:
“Salom Rimmajon!
Bugun vыxodnoy kuni. Ko‘cha juda yaxshi. Senga yozayotgan xatimni tamom qilib, ko‘chaga chiqib ketaman, undan MGUga, Djumaniyoz tomonga borish niyatim bor.
Kayfiyatim nihoyatda yaxshi, kecha, 27/ ekzamenni “xoroshoga” topshirdim. Bu juda yaxshi baho, chunki estetikadan shunday bahoga topshirish oson emas. Agar men sizga gruppamiz bo‘yicha bo‘lgan natijani aytsam, bu gapimga jonliq bilan ishonasiz. Gruppamizdagi yetti kishi, bulardan mendan boshqasi rus o‘rtoqlar, bolaligidan adabiyotni o‘qib kelayotgan, akademiyadan oldin katta lavozimlarda ishlagan odamlar, ko‘pisining ilmiy asarlari ham bor. Shularga qaramasdan bittasi “2”, uchtasi “3”, ikki kishi “xorosho”, o‘shandan bittasi men, bittasi “a’lo” baho olishdi.
Bu men uchun katta muvaffaqiyat bo‘ldi. Endi 20 martda filosofiyadan ekzamen bor. Agar undan ham omon-eson o‘tsam, demak mening pozitsiyam juda mustahkam bo‘ladi.
Kecha ekzamenni topshirib, uyga kelsam stolimning ustida “Qizil O‘zbekiston” gazetasi bilan sizning xatingiz turibdi. Xatingizni o‘qib chiqdim, keyin gazetani ko‘rib chiqdim. Xatni shoshib yozgan bo‘lsangiz kerak, ko‘p joylarini chuqur tushunib tagiga yetolmadim. Yoki bo‘lmasam, mening o‘sha xatlarim sizni ancha qiynab qo‘ygan bo‘lsa kerak, bu to‘g‘risida o‘zingiz ham yozgansiz. Kechirasiz, ehtimol, men bu gaplarni shoshilibroq yozgandirman, hali vaqti kelganicha yo‘qdir.
Tushunolmagan joylarim shuki, bu gaplarga men xatda javob berolmayman debsiz-ku, Siz kelguningizcha men Tashauzga ketib qolsam kerak, debsiz. Demak, yozda uchrashishimiz juda qiyin ekan-da.
Men ham Tashauzga borishim mumkin edi, ammo avvalo bu ishga Siz qanday qaraysiz, men buni bilmayman, orqangizdan Tashauzga borishga mening toqatim yo‘q. Men Tashauzni, uning oddiy xalqini juda yaxshi ko‘raman, borishga toqatim yo‘q deganimning sababi, u yerda ilgari meni o‘zlariga o‘rtoq, deb o‘zlarini Tashauzning guli deb hisoblagan ba’zi mahmadona (spletnik) ig‘vogarlarni nihoyatda yomon ko‘raman, ularni ko‘rsam ko‘nglim ko‘tariladi. Gap shundaki, ular meni ko‘rolmaydilar (oni zaviduyut, otsyuda i nenavidyat menya). Tashauzga borib, o‘sha kishilar bilan agar mabodo gaplashib qolsangiz, ular sizga men to‘g‘rimda romanga sig‘maydigan gaplarni gapirib berishadi. Mening eng yaxshi o‘rtoqlarim Toshkentda. Shuning uchun men o‘ylagan edimki, o‘qishdan Siz ham charchagansiz, men ham charchaganman, shuni nazarda tutib, yozda 12 kunlarcha Toshkentdagi tuzuk kishilar o‘rtasida dam olsak, keyin xohlasangiz Qrimga ketsak, degan edim. Bu haqda endi, ya’ni Qrimga ketish to‘g‘risidagi sizning fikringiz menga ma’lum.
Ahmad aka … to‘g‘risida yana gap qo‘zg‘apsiz. Avvalo, bu gapni siqaverib, juda suvi chiqib ketdi. Ikkinchidan, Ahmad aka bilan bizning munosabatimiz juda yaxshi, bir-birimizga umrimizda zarar ham bermaganmiz, bermaymiz ham. U juda oqko‘ngil odam. Siz to‘g‘ringizda u bilan biz gaplashganmiz, biroq men uni “sen o‘sha gapni Rimmajonga gapirgin”, deb vakil qilganim yo‘q edi. U o‘sha oqko‘ngilligidan, ikkinchidan, mastligidan o‘sha gapni gapirgan.
Nega o‘sha kecha u gapni o‘zim sizga gapirmadim? Bu gapga nisbatan men uchun oramizdagi suhbat qimmatliroq edi. Agar men bu masalani ko‘ndalang qilib gapirsam, suhbatimiz o‘sha gap bilan tamom bo‘lar edi-da, ba’zi beo‘ng‘ayliklar bo‘lar edi. Bu suhbat oxirgi bo‘lar edi. Siz mening ichki hissiyotimni va men sizning ichki hissiyotingizni yaxshi sezolmagan bo‘lar edik.
Oyman Tashauzga borib gapirgan bo‘lsa, gapirgandir. Bunday gaplar Tashauzning har bir ablahining qo‘lidan keladi. Uning ham negizi o‘sha — ko‘rolmaslik.
“Yurak” to‘g‘risidagi gapni yaxshi tushunmabsiz. Gap menda ko‘ngil bormi, yo‘qmi ekanligida emas, gap mening ko‘nglim, yuragim sizga loyiqmi, yo‘qmi, shu to‘g‘rida edi. Albatta, uni siz o‘zingiz bilib olishingiz kerak. Men sizni savodli qiz ekanligingiz to‘g‘risida sizdan so‘rab bilayotganim yo‘q. Men sizga, siz to‘g‘ringizda paydo bo‘lgan fikrni …
Ko‘ngillik o‘rtoqlarim yo‘q deganingizga ishonmayman. Bu haqda yana boshqa yozaman.
Ekzamenlarni muvaffaqiyatli topshirganingizni bilib, juda xursand bo‘ldim. Juda katta muvaffaqiyat.
Gapim tamom, ikkita rasm yuboring.

28 fevral, 1953 yil.

Aytgan narsalaringizni, albatta, olib yuboraman, ya’ni ekzamendan keyin”.
Ustoz Matyoqub Qo‘shjonovning Rimma opaga yo‘llagan bu xatini o‘qib, uning fikrlash tarzidan hayotda tutgan pozitsiyasi mustahkamligiga iqror bo‘lamiz.
Olimning sevgi bobida ham pozitsiyalari mustahkamligi maktub satrlaridan aniq sezilib turibdi. Ish va o‘qishni yuqori o‘ringa qo‘yadigan Matyoqub Qo‘shjonov uchun oila, muhabbat muammolari ham g‘oyat muhim bo‘lganini ushbu xatdan ilg‘ash qiyin emas. Bir detalga e’tibor bering: ko‘chadan kirgan ustoz stol ustida “Qizil O‘zbekiston” gazetasi va Rimma opadan kelgan maktubni ko‘radi. Ikkalasi ham yurtidan mujda. Domla avval maktubni o‘qib, so‘ng gazetani qo‘lga oladi. Bu ularning muhabbati, sog‘inchidan dalolatdir.
Xatdan ustoz xarakteriga xos chizgilar: o‘zini bosib olgan yigit ekanligi, hissiyotga berilmasdan, aql bilan ish tutishini ham payqash mumkin. Ustoz vaqtni juda qadrlardi. Bizga hamisha: kuniga bir betdan yozsanglar bir yilda 360 bet bo‘ladi, bu bitta kitob degani, der edi. Maktubda Rimma opaga: “bizning o‘rtamizdagi suhbat qimmatliroq edi”, deb yozganidan ham ustozning suhbatda ikkinchi darajali, kerakmas mavzular o‘rin olishini istamagani, bekorchi gaplarga vaqtni ketkazmaslikka uringani bilinib turibdi.
Ustozning qalbidagi sevgi taftini birgina Rimma opa ismiga “jon” so‘zini qo‘shib aytishidan ham bilsa bo‘ladi. Bu so‘zda xat muallifining qalb harorati yaqqol sezilib turibdi.
Navbatdagi xat muallifi folklorshunos olim Asqar Musaqulov.
“Salomnoma!
Assalom Sojidaxon! Sog‘liklaringiz, ishlaringiz qanday? Akam, opam, katta otam, enamlar va chechamlar, churvaqa-yu qurvaqalar sog‘-salomat yurishibdimi? Muqri tomonda nima gaplar? Nomma-nom aytishga zerikkanim uchun hammangizga obщiy salom.
Jonginam, mana o‘z so‘zimga vafo aylab, sizga maktub insho etmakdaman. Bobir Mirzo aytgan ekan!

Kimki vafo qilsa, vafo topqusidir,
Kimki jafo qilsa, jafo topqusidir.

Yaxshi kishi ko‘rmagay yomonlik hargiz,
Kimki yomon bo‘lsa jazo topqusidir.

Shu kabi men ham jafo chekishdan bezordirmankim, yangilik bo‘lmasa-da, oldi-qochdi, o‘pdi-tishladi gaplardan iborat xat yozadurman. Jonginam, mendan ahvol so‘rasangiz juda yaxshidurman. O‘tgan safargi xatingizni olib ko‘nglim jichcha g‘ash. Negaki, sizni bilaman-da. Bo‘lar-bo‘lmasga kuyinaverasiz. Xatlarim yetib borgan bo‘lsa, xat yozmayapsiz, degan gapingizni qaytarib oling va behudaga ko‘nglingizni g‘ash qilavermang.
Jonginam, sizga atab bu safar Bobir Mirzoning shu g‘azalini yozib yuboryapmanki, u mening qanchalik sizni sog‘inganimni ifodalasin.

Xazon yaproq yanglig‘ gul yuzing
hajrida sarg‘ardim,
Ko‘rib rahm aylagil, ey lolarux
bu chehrai zardim.

Sen ey gul, qo‘ymading sarkashligingni
sarvdek hargiz,
Ayog‘ingga tushib bargi xazondek
muncha yolbordim.

Jonginam, yana nimalarni ham yozardim. Shu kunlarda, rostini aytsam, juda charchab yuribman. Sutkasiga atigi 3-4 soat uxlasa kim ham charchamaydi, dersiz. Biz bir hafta postda turamiz. Bir ahmoq komandir shu hafta bizga boshliq. Hech kimga uyqu bermaydi. Yoshlar hatto yig‘lash darajasiga borib yetdi. Kamina esa sabot, matonat ko‘rsatmoqda. Jonginam, bu gaplarni nolish, deb bilmang. Aslo, men xafa bo‘laman. Yangilik bo‘lmaganidan boriga baraka, deb yozayapman.
Sojidaxon, kelgusi safar sizga “Shoir, uning kampiri va tilla qurvaqa” degan poemani tugatib yuborsam kerak. Bu poema kallavaram, ko‘p devona chol, o‘qishni orzu qilgan uning kampiri va tilla qurvaqa haqida hikoya qiladi.
Jonginam, xatim uzunroq bo‘lishi uchun shunday qilsak: Siz savol bersangiz, men javob aylasam. Masalan, bu yanglig‘:
Dedi: Nedir sizga olamda pesha?
Dedim: Seni ishqing hamisha.
Bu, albatta, hazil. Ammo, ko‘proq savolli xat yozsangiz, men to‘tiday javob xatlarimda bir gapni takrorlayvermas edim. Shu bilan hozircha xayr. Jonginam, kampirginam. Sizni o‘pib qoluvchi Asqaringiz.”
Asqar Musaqulov bu xatni yozganida 25 yoshda edi. Xat matnidan uning xarakteriga xos hazil-mutoyibaga moyilligini, oilasidan uzoqda, kunlari bir xil va zerikarli o‘tayotganini anglash oson. Qalbidagi gaplarini sevikli ayoliga yetkazishda, fikrini yorqinroq ifodalashda Alisher Navoiy, Bobir Mirzoga murojaat etgani uning o‘zbek xalq og‘zaki ijodi bilan bir qatorda klassik adabiyotimizni ham yaxshi bilishidan, gaplarini tasdiqlash uchun ulug‘ adiblarimizdan misollar keltirishni odat qilganidan dalolat beradi.
Taniqli olim Ibrohim Haqqulovning turmush o‘rtog‘iga yozgan maktublaridan uning faqat ayoliga munosabati emas, balki adabiyotga munosabati, bahosi, ishlash tarzi, ijod laboratoriyasidan voqif bo‘lamiz. Uning maktublari o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi, bironta maktubida xotiniga nisbatan aytilgan murojaat qaytarilmaydi. Xatlari quyidagi so‘zlar bilan boshlanadi: “Salom, mening jonim”, “Mening sog‘inchim”, “Jonu jahonim”, “Salom o‘rtoq”, “Xotinga xat” va hokazo. Ibrohimning maktublaridagi yana bir o‘ziga xos xususiyat shuki, u har bir xatiga sarlavha qo‘yadi va bu maktubning mazmunini bildiradi. Masalan, “Xabarnoma”, “Maktub-muloqot”, “Arznoma”, “Istaknoma”, “Qaydnoma”, “Holnoma”, “Asrornoma”, “Tabriknoma”, “Arzi hol”, “Dilu noxush, nomayu xush”, “Sog‘inch so‘z”, “Firoqnoma” kabi. Maktublardagi epigraflar ham o‘ziga xos: “Daryolar irmoqqa do‘nar, sen bo‘lmasang yonimda”, “Ham sabru qaroru toqatim yo‘q, Dog‘i kishi ila ulfatim yo‘q”, “Jahonda garchi yuz ming fitnalar bor, Firoqingdek, vale, ayni bir balo yo‘q”. Qizig‘i, maktubda keltirilgan epigraflarni o‘rgansangiz, (keltirilgan epigraflarning aksariyatida mualliflari qayd etilmagan), ularda Ibrohimning qalbini o‘rtagan dard o‘zidan belgi berib turganiga ishonasiz. Uning quyida biz keltirgan xatidan hayotdagi kontseptsiyasini bilib olsa bo‘ladi.
“Xabarnoma
Mening holim kundan kun yomon.
Zor bag‘rimni zaharlar ilon…
Miraziziy
Salom, mening jonim!
Ahvoling, sog‘lig‘ing qandoq? Xat yozmaganing menga yoqdi. Qulni xayol o‘ldirar tarzda ish ko‘rmagan bo‘lsang bo‘ldi. Men kitob o‘qish, faqat kitob varaqlash bilan bandman. Varaqlash bor, valaqlash yo‘q. Qanday yaxshi. Qani endi, doimiy mana shundoq, xotirjamlikda yashab, ishlab o‘tsang.
Menga lug‘at berishdi (o‘z-o‘zimga), chet tilini o‘rganayotirman. Nasib etsa, o‘rganishni davom ettiraman.
Yaxshi-yaxshi tushlar ko‘rayapman. Ba’zilari favqulodda g‘aroyib. Umuman tush — yaxshi dunyo. Erkin dunyo.
Sen qimmatli vaqtingni sarflab xat yozib o‘tirma. Men ketgunimcha, baribir, yetib kelmaydi.
Ko‘rishguncha xayr. Sening bechora Ibrohiming.
4.04.81.”
Maktub mazmunidan Ibrohimning hayotdagi kontseptsiyasi valaqlash emas, kitob varaqlash ekani anglashiladi. Maktubdagi tush ko‘rish bilan bog‘liq satrlarga e’tibor bersangiz, Ibrohimning orzu olamidan: baliq bo‘lib suzish, qush bo‘lib uchish, aks-sado berib hayqirish, butun olamni, tabiatni quchog‘iga sig‘dirib sevish istagidan voqif bo‘lasiz.
Biz ikki avlod vakili — ustoz Matyoqub Qo‘shjonov, Asqar Musaqulov va Ibrohim Haqqulning maktublarini sharhlashga urindik. Ularning qarashlarida, pozitsiyalarida xilma-xillik bo‘lishi mumkin. Lekin ularning qarashlari bir narsada — sevgi, ayollarga mehr-muhabbat, munosabatda mushtarak.
Hozir ko‘pchilik xat yozishda aloqa vositasi — pochtadan deyarli foydalanmaydi, barmog‘ini bukib xat yetib keladigan kunni sanamaydi, yo‘l poylab halovatini yo‘qotmaydi. Ye-mail — elektron pochtadan foydalanadi. Xatni yozib, kompyuter tugmachasini bossa bo‘lgani, xat shu ondayoq egasiga yetib boradi. Bu mo‘jiza kishilarga qanchalik qulaylik tug‘dirgani sir emas. U insonni kutish azobidan xalos etdi. Lekin nahot elektron pochta hayotimizga kirib kelishi bilan kishilar o‘rtasidagi yozishmalar barham topsa, nahot epistolyar janrning vaqti o‘tgan bo‘lsa, degan savol tug‘iladi. Bunga aniqlik kiritish maqsadida bir tanishimga murojaat qildim. Uning o‘g‘li Harvard universitetida o‘qiydi. O‘g‘li onasiga har haftaning shanba kuni xat yozib yuboradi. Xat ikki haftada onaning qo‘liga yetib keladi. Ona kun sanaydi, xat tashuvchidan xat keldimi, deb surishtiradi, xat keladigan kuni uydan ko‘chaga chiqmaydi, kutadi.
Tanishimning elektron pochtadan foydalanish imkoniyati bor, lekin foydalanmaydi. Sababini so‘radim. Elektron pochta orqali yuborilgan xatdan o‘g‘limning hidi kelmaydi, deydi ona. “Qo‘lda yozib yuborgan xatini olganimda men siyoh rangidan, qaysi ruchkadan foydalanganidan, hatto xatni konvertga qanday, ikki yo to‘rt buklab solganidan uning holatini his qilaman. Yozuviga qarab — xotirjam yo shoshib yozganmi, sog‘mi, betobmi — buni ham bilib olaman”, dedi yana ona.
Bu suhbatdan so‘ng men epistolyar janrning vaqti o‘tmaganiga ishonch hosil qildim. Xat yozishning qulay tomonlari ko‘p. Kishi qalbining to‘rida yashiringan eng nozik tuyg‘ularni qog‘ozga to‘kib solish og‘zaki aytishdan ko‘ra ba’zan osonroq kechadi va qalbga tezroq yo‘l topadi. Nima bo‘lganda ham xat yozing. Qo‘lingiz bilan yozgan maktubning qadri, harorati boshqacha bo‘ladi.

Ra’no Ibrohimova,
filologiya fanlari doktori
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 10-sonidan olindi.