Ustoz Abdulla Qahhor to‘g‘risida mustaqillik davrida ko‘b va xo‘b yozildi. Ularda buyuk adib va dramaturg merosi atroflicha tahlil etilgan va baholangan, uning hayotidagi ko‘pdan-ko‘p shov-shuvlarga sabab bo‘lgan voqealar xususida fikrlar bayon qilingan.
Taqdiri ilohiy taqozosiga ko‘ra, kamina bu ulug‘ inson bilan hayotining so‘nggi 12-13 yili mobaynida ba’zan xizmat yuzasidan, ba’zan ijodiy davralarda, ahyon-ahyonda esa, do‘stlarning oilaviy yig‘inlarida ko‘p bor uchrashishimga to‘g‘ri kelgan.
Sevimli gazetamiz “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” (dastlabki nomi “O‘zbekiston madaniyati”) tashkil etilgan ilk davrda Abdulla aka O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi edilar. Shu bois gazetaning ijodiy jamoasini shakllantirishda bosh-qosh bo‘lgan Abdulla aka tahririyatga taklif etilayotgan har bir xodimni shaxsan o‘zi qabul qilib, u bilan suhbatlashib, so‘ngra oq fotiha berar edilar. Kamina ham o‘shanda ustoz suhbatidan muvaffaqiyatli o‘tib, gazetaning adabiyot va san’at bo‘limini boshqarishga tavsiya etilganim kechagidek yodimda. Yozuvchilar uyushmasi bilan tahririyat binosi u vaqtlarda “1-may” deb ataladigan ko‘chada joylashgan bo‘lib, orada 3-4 daqiqalik masofa bor edi, xolos. Yozuvchilar uyushmasi gazeta muassisi ekanligi sababli uyushmada o‘tadigan yig‘inlarning deyarli barchasida ishtirok etish va ularni gazetada yoritish kaminaning zimmasida edi. Shu vajdan uyushmada otning qashqasidek taniqli edim.
Abdulla Qahhor uyushma raisi sifatida boshqaradigan yig‘inlarda u kishini deyarli har hafta uchratib, boshqalarnikiga sira o‘xshamaydigan ma’ruza, luqmalarini eshitib, hayratga tushardim. Tor doiradagi yig‘inlar Abdulla Qahhorning xizmat xonasida, kengroq doiradagilari esa, uyushmaning majlislar zalida o‘tardi. Abdulla aka kengroq doiradagi yig‘inlarga maxsus tayyorgarlik ko‘rar va har safar, albatta, biror kutilmagan, ohorli gap aytar, yangi-yangi timsollarni istifodaga kiritar, shu sababdan u kishining nutq irod etishi kutilgan yig‘inlarga yozuvchilardan tashqari adabiyot ixlosmandlari ham, qayerdandir xabar topib, gurra-gurra kelishardi. Majlislar zaliga odatda odam sig‘may ketadigan bunday yig‘inlarda Abdulla akaning chiqishi bayroq vazifasini bajarar, ancha vaqtgacha Toshkentda, undan uzoq-uzoqlarda ham duv-duv gaplarga bois bo‘lardi. Bunday chiqishlarning birini Abdulla Qahhor 1956 yilning jazirama yozida o‘tgan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining plenumida qilgan edi. Bu plenumda shaxsga sig‘inish oqibatlarini tugatish masalasi kun tartibiga qo‘yilgan, 30 — 50-yillari nohaq ayblangan ziyolilar yangigina oqlangan pallada bo‘lib o‘tgandi. Plenumda qatag‘ondan jabr ko‘rib, kechagina yurtiga qaytgan ijodkorlar ham qatnashgandilar. Majlis rayosatida o‘sha vaqtdagi Oliy kengash rayosatining raisi, partiya markazqo‘mining mafkura bo‘yicha kotibasi va boshqa kazo-kazo amaldorlar o‘tirishibdi. Bu plenumda Abdulla Qahhor haqiqiy jangchilardek ko‘kragini qalqon qilib, na o‘tdan, na suvdan qo‘rqmay, tarixiy nutq so‘zlagani o‘sha yig‘in ishtirokchisi Ozod Sharafiddinovning va boshqa bir necha ijodkorlarning xotiranomalarida bayon qilingan. A.Qahhor o‘z nutqida 50-yillar boshlaridagi qatag‘onlarda eng iste’dodli ijodkorlarning cheksiz balo-ofatlarga duchor etilishida mash’um vazifani bajargan Vladimir Milchakovni adabiyotimiz jallodi, deb atab, o‘z fikrlarini rad qilib bo‘lmas dalillar bilan isbotlagani ko‘pchilikka ma’lum. Men shu nutq oqibati bilan bog‘liq, ammo barmoq bilan sanarli kishilargina bilgan bir voqea haqida yozmoqchiman.
O‘sha vaqtlari respublika markazqo‘mining ma’muriy organlar bo‘limi mudiri bo‘lib ishlagan Bosit Aliyevich Oxunjonov degan qaynog‘am bo‘lardi. U kishi o‘z lavozimi taqozosiga ko‘ra og‘ziga juda mustahkam bo‘lib, rasmiy gap yoki ma’lumotlarni hech qachon tashqariga chiqarmasdi. Abdulla akaning bu nutqi bilan bog‘liq masala markazqo‘m byurosida ko‘rilgan paytda u kishi ham byuro majlisida qatnashuviga to‘g‘ri kelibdi. Byuro majlisida Abdulla akaning o‘zini tutishidan Bosit aka shunday hayajonga tushibdiki, o‘sha byuroning ertasi kuni bo‘lgan uchrashuvimizda: “Sharifjon, Abdulla Qahhoringiz bu dunyoning odami emas-ku! Nahotki, qaysi zamonda yashayotganini, ertaga nimalar bo‘lishini o‘ylab ko‘rmasa!” degach, byuro majlisi haqida tashvish bilan so‘zlab berdi.
U kishining aytishicha, byuro majlisi vaqtida markazqo‘mning birinchi kotibi uzun stolning bosh tomonida, byuro a’zolari ikkala tomonda, Abdulla aka stolning oxirida, uning o‘ng tarafida o‘sha vaqtdagi Davlat xavfsizlik qo‘mitasi raisi Bizov o‘tirar ekan. Yozuvchilar uyushmasining rahbarlari ham taklif etilgan ekan.
A.Qahhor Yozuvchilar uyushmasi plenumidagi nutqida V.Milchakovni adabiyotimiz jallodi deb haqorat qilgani aytilib, “Sho‘ro davrida jallod qayoqda bo‘ladi? Shu noloyiq iborani ishlatganingiz uchun byuro a’zolari va Yozuvchilar uyushmasi rahbarlari oldida Vladimir Andreevichdan uzr so‘rang”, debdi birinchi kotib.
Abdulla aka o‘rnidan turib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib: “Vladimir Andreevich! Meni kechir. Rus tilini yaxshi bilmaganim uchun ba’zan kerakli iborani topolmay, fikrimga mos kelmaydigan boshqasini ishlatib yuboraman”, degan ekan. Milchakov: “Bu boshqa gap”, debdi g‘olibona bir tirjayish bilan. Abdulla aka esa: ”Hali gapimni tugatganim yo‘q. Men seni jallod demoqchimasdim, odamxo‘r demoqchiydim, xolos!” deb joyiga o‘tirishi bilanoq uning yon tomonidagi byuro a’zosi Bizov boshqalardan og‘zini qo‘li bilan pana qilib: “Nimalar deyapsan, hu, onangni…” deb hayosizlarcha haqorat qilibdi.
Keyinchalik ma’lum bo‘ldiki, V. Milchakov byuro majlisidan chiqiboq, uyiga kelib, kechasi bilan ko‘ch-ko‘lonini yig‘ishtirib, ertasiga ertalab o‘z hamtovoqlari bilan xayr-manzurni ham nasiya qilib, yurtiga juftakni rostlabdi. Shu ketganicha qaytib O‘zbekiston yuzini ko‘rmadi. Abdulla akaning o‘sha jasorati bilan o‘zbek adabiyoti odamxo‘r dushmanidan abadul abad qutuldi.
Bu gapdan ancha keyin tahririyat topshirig‘i bilan Abdulla akaning Do‘rmondagi bog‘iga borgandim. U yoqdan-bu yoqdan ancha gaplashib o‘tirdik. Gap asnosida men kimdan eshitganimni aytmay, o‘sha byuro majlisi voqeasini aytib beruvdim, u kishi: “Byuro a’zolarining ham xotini bor-da. Lekin meni qattiq so‘kdi, zang‘ar…”, deya bu voqea haqiqatan ham bo‘lib o‘tganini e’tirof etdi.
Abdulla Qahhor bilan o‘rtamizda bo‘lib o‘tgan voqealardan yana biri uning “Sorinka v glaz” sarlavhali maqolasi “Literaturnaya gazeta”da, so‘ngra “Husnbuzar” nomi bilan “O‘zbekiston madaniyati”da chop etilishiga aloqador.
Sho‘rolar davrida ittifoqning barcha respublikalari, beistisno, hamma masalalarda Moskvaga qaram edi. O‘zbekiston borasida markaziy matbuotda nimaiki chop etilsa, respublikaning o‘sha masalalar bilan shug‘ullanuvchi matbuot organlari uni tarjima qilib, o‘z sahifalarida bosib chiqarishlari buzib bo‘lmas bir qoidaga aylangan edi. Biroq Abdulla akaning maqolasida O‘zbekistonning o‘sha vaqtlardagi rahbarlariga tegib ketadigan tagdor gaplar borligi sababli bu qoida buzilishi turgan gap edi. Vaziyat shundayligini bila turib, men gazeta bosh muharriri o‘rinbosari Sanjar Tillaga “Literaturnaya gazeta”dagi maqolani ko‘rsatib, zudlik bilan Abdulla Qahhordan materialning o‘zbekcha asl nusxasini olish va uni bosmaga tayyorlab, gazetaning keyingi sonida e’lon qilish zarurligini uqtirdim. O‘sha vaqtdagi bosh muharrir Vohid Zohidov asosan boshqa idorada ishlar, bizda o‘rindosh bo‘lgani uchun tahririyatda ko‘p vaqt bo‘lmasdi. Shu sababli Sanjar aka hech kim bilan maslahatlashib o‘tirmay, shoshilinch ravishda mashina chaqirib, meni Abdulla akaning Do‘rmondagi dala hovlisiga jo‘natdi. Abdulla aka uyda ekan, niyatimizni bilib, xursandlik bilan maqolaning o‘zbekcha qo‘lyozma nusxasini berdi. Qo‘lyozmani “Literaturnaya gazeta”da chop etilgan nusxa bilan solishtirganimizda ba’zi tafovutlar ham borligi aniqlandi. Biroq biz asl nusxani chop etilgan nusxaga moslaydigan bo‘lsak, ishni buzib qo‘yishimiz ma’lum bo‘ldi. Shunday qilib, asl nusxaga hech iloji bo‘lmagan hollardagina yengil tahrir kiritib, gazetaning keyingi soniga tayyorlab qo‘ydik. O‘z o‘rinbosari tomonidan masaladan voqif etilgan bosh muharrir, tahririyat amalga oshirayotgan bu ish go‘yo o‘ziga aloqasi yo‘qdek, maqola asl nusxasi bilan ham, u haqda tevarak-atrofda paydo bo‘lgan ko‘pdan-ko‘p fikrlar bilan ham qiziqmadi, “O‘zbekiston madaniyati”da chop etishga mo‘ljallangan bu materialga aqalli bir ko‘z yugurtirib ham chiqmadi. Gazetaning o‘sha soni korrekturasi o‘qiladigan kuni tahririyatga umuman kelmay, barcha ishlar nihoyasiga yetganida allaqayoqdan qo‘ng‘iroq qilib, o‘zi “yuqori”ning muhim topshirig‘i bilan shahardan tashqarida ekanini aytdi va navbatdagi songa bosh muharrir sifatida Sanjar Tilla imzo chekib yuboraverishi lozimligini tushuntirdi. Shu tarzda, “O‘zbekiston madaniyati”ning “Husnbuzar” e’lon qilingan soni bosh muharrirning butunlay ishtirokisiz o‘quvchilar qo‘liga borib yetdi. Oradan ikki-uch kun vaqt o‘tgach, Madaniyat vazirligi kollegiyasi yig‘ilishiga Sanjar Tilla va meni shoshilinch ravishda chaqirishdi. Kollegiya yig‘ilishi “Husnbuzar” gazeta sahifalarida chop etilganini katta xato deb hisobladi va biz bergan izohlar umuman inobatga olinmay, Sanjar Tillaga ma’muriy “hayfsan” e’lon qilindi, men ogohlantirish bilan qutulib qoldim. Bu ishdan o‘zini olib qochgan bosh muharrirga: “Siz qayerda edingiz? Nega bu ishlarga aralashmadingiz?” deydigan odam topilmadi.
Tez vaqt ichida Alisher Navoiy nomidagi Opera va balet teatri binosida respublika ijodkor xodimlarining katta yig‘ilishi bo‘lib, unda ham maxsus tayyorlab qo‘yilgan boshqa kasb egalari qo‘llarida qancha tosh bo‘lsa hammasini Abdulla Qahhorga otib, tinchidilar. Abdulla akani himoya qiladigan biror azamat yozuvchi topilmadi…
Abdulla Qahhor o‘ziga ham, o‘zgalarga ham nihoyatda talabchan edi, biror asar yozadimi, boshqa birovning ishini tahrir qiladimi, bir mehnat o‘rniga o‘n mehnat qilardi. O‘sha davrning taniqli adabiyotshunosi Matyoqub Qo‘shjonov tahririyatga 16 sahifadan iborat mashinka yozuvida material olib kelgani yodimda. Maqola dolzarb mavzuga bag‘ishlangan bo‘lib, puxta yozilgan, ammo unda ba’zi munozarali o‘rinlar ham bor edi. Tahririyat rahbarlari bilan maslahatlashdik, maqola nasriy asar xususida bo‘lgani uchun uni Abdulla akaga o‘qitib olishni lozim ko‘rdik. Men odatdagidek, Do‘rmon dala hovlisiga borib, uni ko‘rib berishni ustozdan iltimos qildim. U kishi uch kundan so‘ng xabar olishim kerakligini aytdilar. Uch kundan so‘ng dala hovliga borib, ne ko‘z bilan ko‘rayki, maqolani o‘qib chiqish yetmaganidek, uni o‘z qalamlari bilan yangidan yozib, 16 sahifadan uch yarim sahifa material yasab, maqoladagi barcha asosiy fikrlarni to‘laligicha saqlagan edilar. “Attang!” degan yangi sarlavha ostida e’lon qilingan bu maqola yillar davomida tildan-tilga o‘tib yurdi.
Abdulla Qahhor atrofidagi yozuvchi, shoir, jurnalist, olimlarning barchasi xalq e’zoziga sazovor bo‘lgan, har qanday sharoitda ham e’tiqodiga xiyonat qilmaydigan kishilar edi. Matyoqub Qo‘shjonov, Ozod Sharafiddinov, Umarali Normatov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, O‘tkir Hoshimov, Shuhrat, Said Ahmad, Hibziddin Muhammadxonov, Yahyo G‘ulomov, Muhammadjon O‘rozboyev.., eh-he bu ro‘yxatni yana davom ettiraverish mumkin. Shunisi ham borki, ularning aksar qismi xuddi Abdulla aka bilan do‘st-qadrdon bo‘lganliklari uchun ne-ne ta’qib va tazyiqlarga duchor etilmagandi.
Abdulla akaning rasmiy yig‘inlardagi chiqishlarini ham, o‘z hamkasb do‘stlari davrasida aytgan gaplarini ham ko‘p bora eshitishimga to‘g‘ri kelgan. Bu chiqishlarida ustoz adib hamisha o‘zini o‘zbek adabiyotidagi umumiy ahvol uchun javobgar his qilib, kuyib-yonib, qattiq tegadigan qilib gapirar, hamisha mustahkam mantiqqa asoslanardi. 1952 yili Toshkentda Yozuvchilar uyushmasi majlislar zalida, respublika yosh ijodkorlari seminar-kengashida so‘zlagan ajoyib nutqi xotiramda mixlanib qolgan. O‘shanda Abdulla aka o‘z nutqini: “Hozirgi yoshlarga havasim keladi, ular bizning avlod yoshlik chog‘ida qilolmagan katta ishlarni qilmoqdalar” deb boshlagan va o‘sha kunlari she’riyat maydoniga endigina kirib kelayotgan Husniddin Sharipovning “Sahroga hujum” nomli she’rini ibrat namunasi sifatida keltirib, atroflicha tahlil etganidan so‘ng, “Hozirda Husniddindan ko‘ra besh-o‘nta ko‘ylakni ko‘proq yirtgan qalamkashlar undan dars olishlarini istardim”, degandi. So‘ngra o‘zbek nasri va she’riyatidagi umumiy ahvolga to‘xtab, ba’zi adib va shoirlarning ijod sohasidagi, shaxsiy hayotidagi nuqsonlarini o‘yib-o‘yib oladigan, kesatiq so‘zlar bilan butun zal tasavvurida yaqqol gavdalantirib bergandi. O‘shanda Abdulla aka suyuqqina hikoya va ocherklardan iborat kichkina bir kitobi nashr etilishi bilanoq keng ko‘lamli povestga qo‘l urib sharmanda bo‘lgan bir yozuvchi haqida: “Povest yozsam, yozib tashlay qolay, debdi-da bola faqir” tarzida kesatgan, Abdulla Nabiyev haqida katta doston e’lon qildirgan ancha taniqli shoir haqida to‘xtalib: “Xoh ishoning, xoh ishonmang, dostonni o‘qib qusgim keldi. Shunday dostondan yana ikki-uchta yaratilib, chop etilsa, o‘zbek she’riyati adoyi tamom bo‘ladi”, degani shundaygina qulog‘imda jaranglab turibdi.
Abdulla aka ijodkorni faqat u yaratgan asarining salmog‘iga qarab baholar, har qanday katta lavozim egasi bo‘lsa ham yozganlari umumiy saviyadan pastroq bo‘lsa, uni hech qachon ayab o‘tirmasdi. Bir kuni Abdulla aka saviyasi pastroq deb hisoblagan yirik amaldor yozuvchi bilan katta bir yig‘in rayosatida yonma-yon o‘tirishiga to‘g‘ri kelib qolibdi. Yig‘in tugagach, Abdulla aka tashqari tomon yo‘l olarkan, boyagi amaldor yozuvchi orqadan kelib, ustozni qo‘ltiqlab, o‘zining deyarli oqarib bo‘lgan sochlarini silagancha: “Mana, Abdulla aka, biz ham Sizga yetib qoldik”, debdi. Abdulla aka esa, oppoq qordek sochlarini silagancha unga: “Sochingiz oqaraveradiyu, ammo menga yetishingizga ancha qovun pishig‘i bor”, debdi.
Bir kuni hozirgi O‘zbekiston Milliy teatrida dramaturglar bilan ijodiy hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan katta yig‘in bo‘ldi. Yig‘inda iste’dodi kam dramaturglardan biri o‘z asarini teatr badiiy kengashi qabul qilmaganini aytib, repertuar yo‘qligiga go‘yo teatr jamoasi aybdor deb da’vo qilganida, Abdulla aka: “Hoy, baraka topgur, teatr — san’at ehromi. U aslo axlat tashlaydigan joy emas”, deya og‘ziga urgan edi.
Abdulla Qahhor adabiyotda na uyoqlik, na buyoqlik bo‘lmagan, o‘z yozganlari bilan o‘quvchilar vaqtini bekorga oladigan qalamkashlarni qanchalik sixga tortsa haqiqiy iste’dod egalariga, “adabiyot eshigini poyafzali poshnasi bilan emas, balki qalam uchi bilan ochib kirgan” ijod sohiblariga hamisha va hamma yerda ehtirom ko‘rsatar, ularni har jihatdan ruhlantirardi. Chunonchi, uyushmadagi katta yig‘inlardan birida zahmatkash va iste’dodli, fe’l-atvori o‘ta yoqimli adib Hakim Nazir xususida: “U Yozuvchilar uyushmasi havosini tozalab turuvchi tuynukning o‘zi” degandi.
Haqiqiy shoir Mamarasul Boboyevning 50 yillik yubileyida: “Mamarasul jussasi kichik, uncha ko‘rimli bo‘lmasa ham, uning ijodi allaqancha uzoq-uzoqlardan ham mana-man, deb ko‘rinib turadi. Afsuski, uyushmamizda har yelkasiga bittadan pahlavon yigit o‘tirsa bo‘ladigan alpsiyoqli shoirlarning ijodi uyushmaning o‘zidan qarasang ham ko‘rinmaydi”, degan so‘zlarini aytib, ne-ne shoirlarni zil-zambil qilgani ham yodimda.
Abdulla akada yumor ham nihoyatda rivojlangan bo‘lib, to‘satdan vujudga keladigan, kutilmagan har qanday holatga quyib qo‘ygandek mos keladigan bir gap aytar edi. Abdulla akaning sochlarida bitta ham qora, yozuvchi Yo‘ldosh Shamsharovning boshida esa bitta ham tuk qolmagan edi. Bir kuni Navoiy nomidagi teatr yonboshidagi gazetalar kompleksi binosi koridorida Abdulla aka qandaydir tahririyatni izlab borayotgandi. U kishining ro‘baro‘sidan Yo‘ldosh Shamsharov chiqib qoldi: “Iya, Abdulla aka sochni juda oqartirib yuboribsiz-ku” — dedi. Abdulla aka esa, qorday oppoq sochlarini silab: “Oq bo‘lsa ham bori yaxshi”, deya Yo‘ldosh akani lol qoldirdi.
Abdulla akaning Do‘rmondagi dala hovlisiga bir safar ish yuzasidan borganimda, u kishi bilan hovlidagi so‘rida uzoq suhbatlashib qoldik. Shu asnoda tushlik vaqti bo‘lib, Kibriyo opa moshxo‘rda qilgan ekan, kosalarda olib kelib, bir kichik kosada qatiq ham keltirdi, moshxo‘rdaning piyozi kuyib ketgan ekan, shekilli, Abdulla aka o‘z kosasiga ikki-uch, hatto to‘rtinchi qoshiq qatiq aralashtirsa ham moshxo‘rda unchalik oqarmadi. Shunda Abdulla aka xotiniga: “Iya, Kibriyo bugun qora qatiq olganmidingiz, moshxo‘rda qurg‘ur hech oqarmayapti”, deya lutf qilgan edi. Kibriyo opa ham: “Uyimizda nima ko‘p, oq narsa ko‘p. Bitta qatiq qora bo‘lsa, nima tashvish”, — deya lutf bilan javob berdi.
Kamina Abdulla aka bilan ko‘p yillar yaqin munosabatda bo‘lsam ham u kishining ijod mahsulimga katta yig‘inda bir martagina baho berganidan nihoyat terimga sig‘may ketganman.
Bu voqea yozuvchi Shuhratning “Oltin zanglamas” romani bilan bog‘liq edi. Bu romanni chop ettirish yo‘lida ko‘pdan-ko‘p qarshiliklar bo‘lib, davlat matbuot qo‘mitasining bosh muharriri Isoqjon Mullajonov hamda kitobni tahrir etgan Hibziddin Muhammadxonovning katta jasorati tufayligina u dunyo yuzini ko‘rgandi. Yuqorida zikr etilgan ikki do‘stimning tavsiyasi bilan kamina romanga taqriz yozishga kirishdim va hali kitobning signal nusxasi chiqib ulgurmasdanoq nazorat tabaqlari bo‘yicha taqrizni tayyorlab qo‘ydim. Kitobning siyohi qurimasdanoq, 1966 yilning 6 fevralida “O‘zbekiston madaniyati”da “O‘tda toblanganlar qissasi” sarlavhali katta taqrizim e’lon qilindi. Xuddi o‘sha kunga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida 1965 yil nasri muhokamasini o‘tkazish rejalashtirilgandi. Muhokama, adashmasam, ertalab soat 11da boshlandi. Buni qarangki, Abdulla aka o‘sha kuni tongdayoq, gazetadagi taqrizni o‘qib chiqib, u haqda tayyor fikr bilan muhokamaga kelibdilar. Abdulla aka o‘z nutqida taqrizga ancha keng to‘xtalib, jumladan: “Men tanqidchi yozuvchining do‘sti” degan gapga jilla ham ishonmasdim. Lekin gazetaning bugungi sonida “Oltin zanglamas” haqidagi taqrizni o‘qigach, avvalgi fikrimdan qaytdim. Negaki, romanning qo‘lyozmasini men ham o‘qigandim. Lekin unda shuncha gap borligini to‘la tasavvur qilmagan ekanman. Taqrizchi mening ham, kitobxonlarning ham bu sohadagi tasavvurlarini boyitishga ko‘maklashdi”, dedilar.
Turgan gapki, hamisha, hamma masalada talabchan bo‘lgan Abdulla Qahhorning bunday iltifoti men uchun bir umr yodda qoladigan mukofot edi. Oradan 40 yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa ham hanuz shu iltifot zavqi bilan yashayman.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 11-sonidan olindi.