Biz ko‘pincha kechikib yuramiz. Yonginamizdan oqib o‘tayotgan suvning qadrini u qurigandan keyin yoki ko‘rib-bilib, muloqotda bo‘lib yurgan odamingning bebaholigini u olamni tark etganidan so‘ng anglaymiz. Yoxud asarlari bilan qalbingdan chuqur joy olgan yozuvchiga xat yoki maqola yozib mehringni izhor qilmoqchi bo‘lganingda banogoh endi xotira yozish fursati kelib qolgan bo‘lsa — bu kechikish emasmi?
O‘quvchilik yillarimdan Shukur Xolmirzayev asarlari muxlisiman. Imkon boricha barcha kitoblarini o‘qishga harakat qilaman. Uning asarlarini o‘qiganda g‘alati holatga tushaman: fikru-zikrim asar qahramonlarida bo‘ladi. “So‘nggi bekat” romanidagi qahramonlarni cho‘ldagi xo‘jaliklarda aynan uchratganman.
Men ana shular haqida, yozuvchi asarlarining hayotiyligi, ularni qanchalik sevib o‘qishim haqida adibning hayotlik chog‘ida yozmoqchi edim. Afsus, o‘lim haq ekan. Yana kechikdim. Ammo bir taskin bor — haqiqiy ijodkor hech qachon o‘lmaydi. Uning ijodi haqidagi bahs, munozaralar davom etaveradi.
Shunday odamlar bo‘ladiki, dunyolarga sig‘may yuradi. Yurak bo‘ronlaridan qochib qutulolmaydi. Boylik, mansab deganlarni mayda narsalar hisoblaydi. E’tiqodi, maqsadi yo‘lida bor-yo‘g‘ini fido qiladi. “Dadam adabiyotni deb ko‘p narsalarning bahridan kechganlar. Adabiyotni, ijodni hayotining mazmuni deb bilganlar”, deb yozadi yozuvchining qizi Sayyora Xolmirzayevani adibning uch jildlik saylanmasiga yozgan so‘zboshisida. Darhaqiqat, qator romanlar, qissalar, drama va hikoyalar muallifi Shukur Xolmirzayev chin ma’nodagi fidokor yozuvchi edi.
Asarlarini o‘qir ekansiz, uning o‘ziga xos ohangi sizni sehrlab olgandek bo‘ladi. Kitobni oxiriga yetmaguningizcha tinchimaysiz. Adibning kichik hikoyalarida ham katta fikr, kitobxonni maftun etadigan nimadir bor. Ana shu “nimadir” haqida o‘ylasam xayolimga “mehr” degan so‘z kelaveradi. Faqat mehru-muhabbat bilan yozilgan asargina sizni asir qilishi mumkin.
Yozuvchining asarlaridagina emas, uning o‘z qiyofasida ham o‘zgalarga o‘xshamaydigan nimadir bor edi: doimo o‘ychan yurar, ko‘zlari sizga qarab tursa-da, xayoli butunlay boshqa tomonda bo‘lardi… O‘shanda kuzning ilk kunlari edi. Toshkent dorilfununining birinchi kurs talabasi bo‘lgan bir guruh qizlar hozirgi Amir Temur xiyoboni qarshisidagi dorilfununning eski binosi eshigi oldida suhbatlashib turardik. Shu payt uzun bo‘yli, yirik-yirik ko‘zlari sinovchan boquvchi, yoydek egilgan qop-qora qoshi va peshonasiga tushib turgan sochi o‘ziga yarashgan yigit bizga yaqinlashdi.
— Barno, beri kelchi, — dedi u nariroqda to‘xtab.
Xorijiy tillar fakultetida o‘qiydigan bo‘ylari past, yoqimtoygina surxondaryolik dugonamiz pildirab uning yoniga bordi. Hammamiz jim bo‘ldik.
— Barnoning akasi, — dedi qizlardan biri. — “O‘n sakkizga kirmagan kim bor” kitobini yozgan yozuvchi Shukur Xolmirzayev shu kishi-da…
— Barno endi biz bilan yashamaydi. Akasinikiga ketsa kerak, — dedi dugonamiz afsuslangandek…
Shukur Xolmirzayev ilk hikoyalaridan boshlab kitobxonlarning sevimli yozuvchisi bo‘lib qolgandi. Uning har bir yangi asari intizorlik bilan kutilar, bosilib chiqqach o‘zi o‘qigan filologiya fakultetida uchrashuv va suhbatlar o‘tkazilardi. Esimda, “Toshkent oqshomi” gazetasida adibning “Yovvoyi gul” hikoyasi e’lon qilindi. Hammamizning qo‘limizda gazeta. Kursdoshlarimizdan biri kechki payt Shukur Xolmirzayev kelarmish, degan gapni topib keldi. Tayyorgarlik ko‘rdik. Pastki qavatdagi katta zalga gullar qo‘yib joy hozirladik.
O‘shanda yarim tungacha hikoya haqida, adabiyot va hayot haqida yozuvchi bilan dildan suhbat bo‘lgandi. Shukur akaning ashaddiy muxlislari “Yovvoyi gul” hikoyasidagi qahramonni Lermontovning “Zamonamiz qahramoni”dagi Bellaga, yana boshqasi esa Lev Tolstoyning qaysidir qahramoniga o‘xshatib, asarni mutolaa qilish chog‘ida tug‘ilgan fikr-mulohazalarini bayon etgandi.
— Siz odamning ichida yashirinib yotgan his-tuyg‘ularini topasiz, asarlaringizni o‘qigan kishi mening ko‘nglimdan o‘tganini yozuvchi qanday sezdi ekan, degan xayolga boradi, — degandi Shukur Xolmirzayevning kitoblari, rasmlarini yig‘ib yuradigan bir dugonamiz.
— Sizlar meni oshirib suyub yubordingizlar. Bu yaxshi emas, achchiqning ortiqchasi zararli bo‘lganidek, ortiqcha shirinlik ham foyda keltirmaydi, — deb maqtovdan taltayib ketgan ba’zi ijodkorlar haqida gapirib bergan edi Shukur aka.
Ha, bular talabalik chog‘imiz Shukur Xolmirzayev bilan uchrashuvlardan qolgan uzuq-yuluq xotiralar. Kitoblarim saqlanadigan javonni yozuvchining asarlari to‘ldirib turibdi. Ularni qayta-qayta o‘qiyman. Mana, qo‘limda adibning saylanmasi, undagi “Odam” hikoyasini birinchi marta o‘qiganimda yig‘lab yubordim. Hikoyada odam umri, yoshlik va keksalik tadriji nihoyatda tabiiy tasvirlangan.
To‘g‘risini aytsam, bu hikoya haqida ko‘proq o‘ylashimga to‘qsonni qoralagan qaynonamning qiliqlari sabab bo‘ldi. Qaynonam bir kuni yarim tunda meni chaqirtirdi. Borsam o‘rin-to‘shaklarini yig‘ib, kiyinib o‘tiribdi. Qo‘liga nimalarnidir tugib ham olgan. “Ha”, dedim, hayron bo‘lib. “Yuring, ketamiz, nega kiyinib kelmadingiz?” — dedi u qizishib. — Toshmurod jiyanimnikiga olib borasiz, degan edim-ku!” (Jiyanlari qo‘shni viloyatda yashaydi).
— Kechasi qayoqqa boramiz, enajon. Tong otsin, olib boraman, — dedim qo‘lidagi tugunni olishga harakat qilib.
— Bormaysizmi, o‘zim ketaman! — dedi u eshik tomon yo‘nalib.
Nima qilishimni bilmay qaynog‘amni chaqirdim. “Ha, ona, yangi serial boshlayapsizmi? Yo‘lda yiqilib bir balo bo‘lib meni sharmanda qilmoqchimisiz!”, — dedi u achchiqlanib.
— Boraman, dedimmi — boraman! Men bilan ishing bo‘lmasin… — hassasi bilan darvozani taraqlatib ochdi. Shu payt uning ko‘zlarida bir o‘t chaqnaganini ko‘rdim. Ha, xuddi Shukur Xolmirzayevning “Odam” hikoyasidagi kampirnikiga o‘xshash.
Qaynonam to‘rt qadam ham yurolmadi. Menga suyanib ketayotgan tomonga og‘ib yiqila boshladi. Uyga olib kirib yotqizdik…
“Bir kuni Rahima kampir yosh qizaloqdek quvonib uy atrofida timirskilanib yurdi. So‘ng narvonga tirmashib tomga chiqib oldi va pastga tusha olmay yig‘lab o‘tirdi. Kuyov kelib bir amallab pastga tushirdi”. Bu o‘sha hikoyadan olingan parcha. Qarang, bu ikki kampir naqadar o‘xshash. Bu qadar hayotiy yozish faqatgina chinakam iste’dodlarga nasib etadigan baxt emasmi?
“Yovvoyi gul”ning qahramoni Vosit qishloqda tug‘ilgan. O‘qishni tugatib ishlash uchun shaharda qoladi. Ammo ishi yurishmaydi, sog‘ligi yomonlashadi. Xullas, shahar hayotiga ko‘nikolmay ketib qoladi. Yozuvchi Vosit obraziga tog‘dan olib kelingan gulni qiyoslaydi. Tog‘dan ko‘chirib kelingan gul qanchalik parvarish qilinmasin qurib qoladi. Hikoyadan inson tug‘ilgan joyida aziz, degan xulosa kelib chiqadi. Shu hikoya chiqqandan keyin, ba’zi do‘stlarimiz shaharda qolish fikridan voz kechib, qishlog‘iga ketib qolgan…
Kim biladi, bu holat yozuvchining ham boshidan o‘tgandir. Ko‘p vaqtini dala hovlisida o‘tkazganiga sabab ham balki shudir. Nima bo‘lganda ham Shukur Xolmirzayev asarlarida haqiqiy o‘zbekona hayot, dasht odamlarining o‘ziga xos turmush tarzi benihoya go‘zal va haqqoniy tasvirlangan. Uning “O‘zbek xarakteri”, “O‘zbekning soddasi” hikoyalariga e’tibor qiling — bir-biriga yomonlik qilishni ravo ko‘rmagan odamlar. Ular sizning otangiz, amakingiz, tog‘angiz — shundoq yoningizdagi yaqinlaringiz bo‘lib gavdalanadi. Shunchalik sizga yaqin bo‘lgan, yurak haroratingizga hamohang asarlar yozgan yozuvchini faqat tug‘ilgan kunlaridagina emas, har kuni, har bir asarini o‘qiganda, nomini tilga olganda eslasang arziydi. Darvoqe, ertaga — 24 mart, ayni Navro‘z Shukur akaning tug‘ilgan kuni…
Shukur aka hayotligida qanchalar o‘ychan, ichidagini unchalik ham tashiga chiqaravermaydigan, og‘ir-vazmin, hatto bir qadar murakkab shaxs bo‘lib tuyulgan bo‘lsa-da, uni negadir o‘z hikoyalarining qahramonlariga mengzab, O‘zbekning soddasi, degim keladi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 12-sonidan olindi.