Faoliyatim davomida ko‘p olimlar bilan suhbatlashganman, asarlarning yaratilish jarayoniga guvoh bo‘lganman. Lekin bironta olimning “igna bilan quduq qazish” zahmatidan noliganini eslolmayman. Aksincha… 1997 yil 19 avgustda Izzat Sultonov domlaning uyiga bordim. Uchrashuvimizdan domla xabardor edi. Eshikni ochgan Zamira opa:
— Domla yo‘qlar. Navoiy kutubxonasiga ketdilar. Ichkari kiring. Hali zamon kelib qoladilar, — dedi. Kutdim. Peshin bo‘layapti. Kun qiziyapti. Bir mahal domla kelib qoldi:
— Uzr. Kech qoldim. Men kutubxonaga yayov borib, yayov qaytaman… Bir kitob o‘qiganman. Nomini bilaman, muallifi, qahramoni ismini unutibman. Kutubxonachilar jonimga oro kirishdi. “Mashhur asarlar entsiklopediyasi” nomli asar tayyorlanibdi. O‘sha kitobdan izlaganimni topdim.
Izzat domla tilla topgan odamdan-da xursand edi…
Yana bir voqeani Ulug‘bek Dolimov so‘zlab bergan:
— 1991 yilning bahori. Adamning sog‘lig‘i ancha yomonlashgan. Bir kuni yotgan joylaridan turib, javondan Ogahiy asarini oldi. Ish stoliga o‘tirib, ijodga sho‘ng‘ib ketdi. Hammamiz ajablandik, adamning xush kayfiyatlari ko‘nglimizni tog‘day ko‘tardi. Afsuski, biroz vaqt o‘tgach, adam joylariga beholgina yotdi…
Ozod Sharafiddinov, og‘ir betoblikka qaramay, “Millatni uyg‘otgan adib” tadqiqotlarini yaratdi. Bu asar yozilganiga o‘n bir oy to‘lganida Ozod domla hayotdan ko‘z yumdi.
Haqiqiy olim ijod, izlanish jarayonida huzur-halovat oladi, ishlamaslikni xayoliga keltirmaydi. Mana shunday mehnatsevar adabiyotshunoslardan biri filologiya fanlari doktori, professor Saydulla Mirzayevdir. Xomcho‘t qilib ko‘rsam, Saydulla ustoz 300 bosma taboqdan ziyodroq ilmiy tadqiqotlar, darsliklar, qo‘llanma va risolalar chop ettiribdi. Yaqinda “Sharq” nashriyoti Saydulla Mirzayevning 30 bosma taboq hajmidagi “XX asr o‘zbek adabiyoti” kitobini nashrdan chiqardi. Muallif XX asr o‘zbek adabiyotining xronologik tarzda to‘rt davrga ajratadi. Kitobda yigirma to‘rt nafar ijodkor hayoti va ijodi tahlil qilingan.
Mazkur kitobi XX asr o‘zbek adabiyotshunosligining muhim bir xususiyatini yodga tushiradi. Ma’lumki, tazkira, hasbi hol o‘zbek mumtoz adabiyotining janrlaridan hisoblangan. XX asrga kelib yozuvchi hayoti va ijodi, adabiy jarayon manzaralari keng yoritiladigan bo‘ldi. S.Ayniy “Tojik adabiyoti namuna”larini (1925), Fitrat “O‘zbek adabiyoti namunalari”ni (1927) yaratdi. Miyon Buzruk 1930 yilda “O‘rta Osiyo va Qozog‘iston adabiyotiga bir nazar” tashladi. 1939 yili Sotti Husayn va Ayn “O‘zbek adabiyoti” nomli katta sharh-maqola yozdi. 1943 yili Hamid Olimjon, 1946 yili Oybek, 1979 yili K.Yashin o‘zbek adabiyotining tadriji to‘g‘risida ma’ruza-maqolalar tayyorlashdi.
XX asrning 60-yillaridan boshlab o‘zbek adabiyoti ocherklari (1962), o‘zbek adabiyoti tarixi (1967), o‘zbek tanqidchiligi (1987), adabiyot nazariyasi (1978) chop etildi. 1999 yili N.Karimov, S.Mamajonov, B.Nazarov, U.Normatov, O.Sharafiddinovning “XX asr o‘zbek adabiyoti tarixi” darsligi paydo bo‘ldi. Xullas, o‘tgan asrda bir qancha adabiyotshunoslar yuz yillik o‘zbek adabiyoti, tanqidchiligi, uning namoyandalari ijodini keng miqyosda yoritdilar.
XX asr o‘zbek adabiyoti, uning namoyandalari ijodini jiddiy tahlil, talqin qilganlardan biri Saydulla Mirzayev bo‘ldi. Olim “XX asr o‘zbek adabiyoti” nomli katta asarigacha yozuvchilar haqida ko‘plab tanqidiy-biografik ocherklar yaratgan. “XX asr o‘zbek adabiyoti” asarida muallif o‘zbek tanqidchiligi materiallaridan unumli foydalangani ko‘zga darhol tashlanadi. S.Mirzayev katta adabiyotga endigina kirib kelayotgan Benazir, U.Hamdam, Sanobar Mehmon qizi, Guljamol Asqarova haqida ma’lumot beradi. Iqbol Mirzo uslubini belgilashga intiladi. Erkin Xushvaqtov komediyalarini, Abdulla Qahhor ijodi haqida ikki-uchta maqola yozgan Xurshida Hamroqulova nomini tilga oladi. R.Qo‘chqorning “Sarob” romani haqidagi qarashlari bilan hisoblashadi.
Katta asar yozishga chog‘langan adabiyotshunos yozuvchilar hayotini, ular yaratgan asarlarni, ijodkor yashagan davrning ijtimoiy-siyosiy, madaniy-adabiy hayotini mukammal bilmog‘i lozim. “XX asr o‘zbek adabiyoti” nomli katta asarni yaratish uchun muallif necha-necha badiiy, ilmiy asarlarni o‘qigan, o‘zlashtirgan.
Mehnat mavzusi, mehnatga munosabat XX asr o‘zbek adabiyotida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu muammo nazariy bahs, tortishuvlarga sabab bo‘lgan. Aksariyat adabiyotshunoslar G‘afur G‘ulom poeziyasi haqidagi gapni “Go‘zallik nimada?” she’rining tahlilidan boshlashadi. S.Mirzayev bu she’r haqida fikr-mulohaza bildirmagan. Ammo “Qutlug‘ qon” romanini tahlil qilar ekan, shunday yozadi: “Yo‘lchi halol ishlab, halol yashashni istaydi. Mehnatsiz kun ko‘rishni, tekinxo‘rlik qilishni yoqtirmaydi”. Qiziq, Yo‘lchi yashashni qora mehnat qilish, halol pul topish, deb biladi. Vaholanki, Mirzakarimboy, Hakimboyvachcha bekorchi emas, ular ham tinimsiz mehnat qiladilar. Uyg‘unning “Jontemir” dostonini tahlil qilarkan, muallif “tong kulmasdan burun Jontemir quyuq bir zavq bilan turishini, po‘lat otlarini o‘ynatib, ekin maydoniga yurishini” ko‘rsatadi. Said Ahmad biografik ocherkida, xususan, “Qirq besh kun” romanida “xalqimizning XX asrning 30-yillarida Katta Farg‘ona kanali qurilishidagi qahramonona mehnati, qudratli xalq harakati yoritilganini” Saydulla Mirzayev qoniqish bilan ta’kidlaydi.
Hozir mehnatga munosabat o‘zgargan, go‘zallikni anglash o‘zgacha. Boshqacha aytganda, adabiyotning metodologiyasida o‘sish, o‘zgarish, yangicha qarashlar qat’iylashmoqda. Metodologiya — adabiyotshunoslikning jon rishtasi, asab to‘qimasi, formulasi. Aytish mumkinki, so‘nggi 20 yilda metodologik qarashlar tubdan o‘zgardi. Sho‘ro adabiyotining asos-mohiyatini sotsialistik realizm belgilardi. Hozir sotsialistik realizmning mohiyati fosh qilindi. Saydulla Mirzayev “O‘tkir Hoshimov” ocherkida yozadi: “O‘tkir Hoshimov o‘z romanlarida sotsrealizm talablariga zid holda hayotni hech qanday pardozsiz tasvirlash yo‘lidan borib, jiddiy yutuqqa erishgan”. Birinchidan, O‘tkir Hoshimov asarlari pardoz, badiiylikdan yiroq emas. Ikkinchidan, yozuvchi atayin sotsrealizm talablariga zid bormagan, u tirik odamlarni tabiiy tasvirlagan, xolos. Yana shunisi borki, sotsrealizm metodi tarixni qo‘li qadoq xalq yaratadi, shu xalq boylarga qarshi muttasil kurash olib boradi, degan qoidalarni ilgari surgan.
S.Mirzayev kitobida xalq timsoliga, uning yaratuvchi kuchiga jiddiy e’tibor berilgan. “XX asr o‘zbek adabiyoti tarixi” kitobi muallifi “Zaynab va Omon”ni, undagi erkin muhabbat masalasini ulug‘laydi. Taajjubki, dostondagi epizodik Sobir obrazi Majnun xarakteriga qiyoslanadi. S.Mirzayev “Mash’al”, “Mangulik”, “Yo‘lchi yulduz”, “Inqilob tongi”ni ham bemalol, bugungi nazariy-estetik qarashlarni hisobga olmay tahlil, talqin qilavergan. Muallif S.Ayniy, Oydin portretlarini kitobiga kiritgan. Muallif “Doxunda”, “Qullar” haqidagi gaplarni muxtasar qilib, “Esdaliklar”, “Sudxo‘rning o‘limi”ni keng, asosli talqin qilishi joiz edi. Mustaqillik zamoni yangi o‘zbek adabiyotidagi, asarlarni tanlash, saralash imkonini berdi. Oydinning hikoyalari, “G‘oliblar”, “Qudratli to‘lqin”, “Fidoyi” singari asarlar hozirgi zamonning estetik ko‘rsatkichi talablariga mos kelmaydi. “Nazir otaning g‘azabi”, “Brigadir Karim” singarilar tashviqiy-illyustrativ asarlar sifatida tarix muzeyi eksponatiga aylandi.
Saydulla Mirzayev asarida muammolarni qo‘yish, ularni ilmiy-nazariy hal qilish yetishmaydi. Ayniqsa, XX asr o‘zbek adabiyotini 1900 — 1930; 1940 — 1950; 1960 — 1980-yillar tarzida qo‘yish, xronologik o‘rganish o‘zini oqlamaydi. Vaholanki, aksariyat tadqiqotlarda davrlar aniq problema asosida o‘rganilganki, bu yo‘l o‘zini oqlaydi. Davrni xronologik o‘rganish — chek-chegarani yo‘qqa chiqaradi, bepoyonlikni keltiradi.
Muallif o‘z asari janrini monografiya, deb belgilaganki, u ilmiy mantiqni, muammolar qo‘yishni taqozo qiladi. “Hamza”, “Uyg‘un”, “Komil Yashin”, “Hamid Olimjon”, “Oydin”, “Sadriddin Ayniy” singari adabiy-tanqidiy maqolalar eskicha uslubda yozilganday taassurot qoldiradi.
Bu kabi kamchiliklardan qat’i nazar, mehnatsevar, fidoyi adabiyotshunos Saydulla Mirzayevning “XX asr o‘zbek adabiyoti” tadqiqoti XX asr o‘zbek adabiyotining o‘ziga xos xususiyatlari, shakllanish yo‘llarini yoritgani bilan adabiyotshunosligimizga qo‘shilgan munosib hissadir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 7-sonidan olindi.