Taniqli adabiyotshunos olim va tarjimon Ibrohim G‘afurov ijodiga chizgilar
Ahli qalam uchun ijod — so‘z ijodi. So‘zlardan fikrlar, kitoblar, g‘oyalar, ular orqali esa kelajak yaratiladi. Shu ma’noda so‘z ijodi — hayot ijodidir.
So‘zning o‘z ruhi bor. U o‘jar, mutakabbir, goho tabohkor ruhdir. Zakiy aql, katta iqtidor, sabr bilan tadqiqqa qodir qalbgina uni imtisol etadi.
Ibrohim G‘afurov — so‘z ruhi bilan bahslasha oladigan, so‘zlarni so‘zlata oladigan ijodkor.
So‘z duch kelgan kishiga egilavermaydi, tovlanavermaydi. Ammo so‘zlarning tovlanishini, nihorlanishini aniq bilgan ijodkorgina ular bilan bahslasha oladi, ularni so‘zlata oladi:
“Nisolanar so‘zlar –
bag‘rimga bosh qo‘yar qator bo‘lishib –
ayolga o‘xshab qolar so‘zlar –
qora quyosh yomg‘irida
ivigan, bo‘rtgan, tiniq tortgan
ayol shunday bo‘lar”.
Ko‘ksingizga bosh qo‘ygan so‘zlar ham sizni mutlaq ixtiyoringizga o‘tgan so‘zlar emas, u nisolanish xolos. Ayol o‘z ojizligi bilan sizni o‘ziga imtisol etadi, dilingizni yoradi, ya’ni o‘zi orqali sizni so‘zlashga majbur qiladi.
“Nisolanar so‘zlar kuzgi bodring kabi
ko‘m-ko‘k, qarsildoq –
men ularni bag‘rimga bosaman
muqaddas nima bor shunday so‘zdan ortiqroq”.
So‘zlarning nisolanish boisini endi anglagandirsiz.“Arxaik so‘z” she’rini ijodkor so‘zparastligining ajoyib isboti deyish mumkin.
Bilamizki, arxaik so‘z — unutilgan so‘z. Aslida xalq mavjud ekan, so‘z unutilishi mumkin emas. Lekin so‘z o‘zini so‘zlata oladigan va o‘zi bilan bahslasha oladigan Odamning kelishiga ishonadi.
Ibrohim G‘afurov — so‘zni aqlning javhari, Yetukka yetish imkoni deb biladigan adib. Mutolaa, yozish, fikr izlash, ijod uni shunday xulosaga olib kelgan. Aslida klassik adabiyotdan, daho ijodkorlardan olingan saboq bu. Shuning uchun u so‘zlardan durdonalar yasagan adiblarning asarlarini tarjima qiladi, ulardan aqlu tafakkurni ulug‘lovchi fikrlar, Yetuklik qidiradi. Mening fikrimcha, yetuklikni kimda ekanligi emas, balki uning muqarrarligiga ishonib, unga talpinib yashash ibratlidir.
So‘z aqlning to‘la ifodachisi emas, biroq usiz aqlning shakllanishini, o‘sishini, Yetukka yetishini tasavvur qilish mushkul. Shuning uchun adib yozadi: “Inson aqliga aql qo‘shib borgani sayin Yaratganni teran anglaydi. Aqliga aql qo‘shilgani sayin imoniga imon qo‘shiladi. Aqlning boyligi va o‘sishi imonning boyligi va o‘sishi – kamolotiga aylanadi…”. Aqlga aql qo‘shish bilan Xudoga yaqinlashib borilarkan, aqlning javhari bo‘lgan so‘z ham muborak bo‘la boradi. “Shuning uchun, adib ta’kidiga ko‘ra, “so‘zni ilohiy deb tushunish, uni muqaddas deb bilish” zarur.
Ibrohim G‘afurov — Sharq klassik adabiyoti va o‘zbek adabiyoti tarixining bilimdoni. Sharq klassik adabiyoti umrboqiy g‘oyalarga, betakror nafislik va ma’naviy ulug‘lik namunalariga to‘la; o‘zbek adabiyoti tarixini bilmay, sevmay esa tilda kashfiyot qilish mushkul. “Uyqumni o‘chirdi ruhiyat hazratlari, — deb yozadi adib. — Hushimni o‘chirdi alarning haybatlari qulf urgan g‘ayratlari…” Tanish hol. Uyquni o‘chirgan so‘z hazratlaridir. Shuning uchun adib asarlarida Gushtasp, Zardo‘sht, Tabariy, Umar Xayyom, Xalloj, Abul Husayn, Rumiy, G‘azzoliy, Navoiy, Bobur, Mashrab, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, ustozlar — Ozod Sharofiddinov va G‘aybulloh as-Salom so‘zlaydi.
Ibrohim G‘afurov — so‘zlarni kuylata oladigan va bo‘zlata oladigan shoir. Shoir so‘zni kuylatib tiriklikni, go‘zallikni, boqiylikni ulug‘laydi, so‘zning bo‘zlagani esa shoirning illatlardan xalos bo‘lishga da’vatidir.
Adibning har bir asarida shoirona idrok muqarrardir; u shoirona nafislik bilan tasvirlariga, obrazlariga, she’rlariga qiyoslar, tashbihlar, sifatlar qidiradi. Uning she’riyatga mashrabona oshiq qalbi har qanday ifodani poyetikaga aylantirishga shay, Navoiy, Olloyor, Yassaviy, Mashrab, Nisshe haqidagi esselari poyetikaga monand. Mansuralari esa shoirning biz hali anglab yetmagan va yetarli baholay olmagan poyetik durdonalaridir.
“Suv kapalakni allalab uxlatardi. Mayin nasim belanchagida”. Ajoyib poyetik nafislik! Shoir so‘zlarni kuylata turib ruhni ulug‘likka chorlaydi. “Shu qushchalik holing yo‘qmi? – so‘roqlaydi yuragim. – Yo‘qmi g‘ayrat, shijoat? Qirqilganmi qanoting? – So‘fiylarning cho‘qqisiga chiqa bermas har kim ham, — men tasalli beraman o‘zimga. – So‘fiylarning cho‘qqisiga chiqar kimsa muhabbati o‘lmasa, sanamlarning o‘t ishqidan aslo umid uzmasa”. So‘fiylik — ulug‘lik cho‘qqisi. Haqu haqiqatga, Yetukka chuqur muhabbat kishini ushbu cho‘qqiga eltadi. Aslida ulug‘larga ergashish ulug‘likdan darak.
Quyidagi noodatiy tasvirni tinglang: “O‘lim toj kiydirar ishqning boshiga. Yangilanar o‘lim yangilanar ishq mangu yasantirib borar biri birini…” So‘fiyona majozdan savollar uyg‘onadi. Ishq iztirob bo‘lishi mumkin, lekin uning o‘limga yetaklashi hayotiymi? Ishq o‘lim bilan tojga muyassar bo‘ladimi? Mening fikrimcha, “Ishq o‘ldi” — yurak bo‘zlashidir. Uning tagida yurak unutolmagan bir nafis tuyg‘u yashiringan. Bu oxirgi misrada yaqqolroq ifoda etiladi: “Darhaqiqat, ishq o‘lganda yashashdan nima qoladi?” Ushbu she’rda shoir qalbining so‘zga so‘fiyona oshiqligi mujassamdir.
Ibrohim G‘afurov — so‘zlardan, badiyatdan donishmandlik, hikmat izlaydigan adib-faylasufdir. U kim haqida va nima yozmasin asarlarini serma’no, sermag‘z qilishga intiladi. Shunchaki tasvirchilik, bayonchilik badiyatning ham, falsafaning ham aldovi ekanini u yaxshi biladi. Uning ijod tarzi borliqdan ma’no-mag‘z, shariflik va subbuhlik izlashdir.
“Butunlik” deb atalgan mansurada butunlik istab, ammo butun bo‘lolmagan odamning o‘ylari ifodalangan. Adib butunlikni “oson narsa” deb ataydi. Chunki butunda o‘sish yo‘q, o‘zgarish yo‘q, rang-baranglik yo‘q, shu bois uni anglash oson. Hayotda esa butunni topish mushkul. U nido qiladi:
Ayt, butunmi manavi daraxt
hosilidan ayrilgan,
hosil berib shox-butog‘i qayrilgan?
Ayt, butunmi, yo‘l bo‘yida
tashlandiq bog‘?
Mung‘ayadi juda qari
o‘riklar laziz mevalari
tamomila talangan?
Yoki ayt-chi, butunmikin,
manavi bilqillana yurish
qilib ketib borayotgan qiz?
Ayt, butunmisan sen o‘zing.
Uyquga yotayotganda,
saharda yostiqdan bosh ko‘targanda
hech sezasanmi o‘zingni butun?
Bilmaysanmi, qachon,
qachon but bo‘lar odam?
Ungacha butunlik haqida
mendan so‘rama.
Butun bo‘lmagan odam butunlikni qayerdan bilsin, axir. O‘ta murakkab savolga o‘quvchisini ro‘para qo‘yadi. Hatto u, butunlik haqida so‘rama, parcha-parcha bo‘lib ketgan odamdan, desa ham muammo o‘quvchi qalbini tark etmaydi. “Parcha-parcha bo‘lib ketgan odam” yetolmagan butunlikka kimdir, qachondir yetishi kerak, aks holda butunlik haqida o‘ylarning bari lag‘vonadir.
Ibrohim G‘afurov — G‘arb adabiyoti, falsafasi va estetikasidan yaxshi xabardor olim. Aynan olimlik xislati unga jahon adabiyotidagi badiiy-falsafiy va nafosatshunoslikka oid qarashlarni, jarayonlarni kuzatib, ulardagi kashfiyotlarni ilg‘ab borishga yordam beradi. Shuning uchun uning o‘zi mansuralar janrini yaratishga Borxes, Monten, Sen-Syonagon va hind, xitoy, yapon adib-faylasuflarining asarlari ta’sir etganini ta’kidlaydi. Xuddi shuningdek, u o‘zining olim-adib sifatida shakllanishida Mopassan, Xeminguyey, Edgar Po, Babel, Grin, Balzak, Paustovskiy va rus adiblari Dostoyevskiy, Rasputinning xizmati katta bo‘lganini e’tirof etadi. Albatta, buyuk ijodkorlarga ergashish, ularning badiiy-estetik merosidan bahramand bo‘lish, qanday ezgu va e’tiborli mashg‘ulot bo‘lmasin, yetarli emas, olim-adibning o‘zida ham betakror tafakkur, mushohada va iqtidor bo‘lishi shart edi. Bu o‘rinda olim-adibning yuqoridagi ijodkorlar haqidagi badialarini, o‘zbek adabiyotining umrboqiy merosiga kirgan tarjimalarini, Navoiy, Mashrab, Cho‘lpon va zamonaviy adiblarning badiiy-estetik qarashlarini o‘rganishga bag‘ishlangan tadqiqotlarini eslash o‘rinlidir. Luis Borxesning rang-barang yondashuvlaridan, turli badiiy-falsafiy va estetik maktablarni, oqimlarni birlashtirganidan hayratga tushgan o‘quvchilari: «Ciz qaysi maktab vakilisiz», deb so‘rashganida u: «Men Sharq va G‘arb madaniyatini o‘zimga jo etganman», deb javob bergan ekan. Ushbu so‘zlarni Ibrohim aka ham g‘urur bilan takrorlashi mumkin.
Ibrohim G‘afurov — xushso‘z va dilso‘z inson. Aslida xushso‘zlik va dilso‘zlik ziyolilik belgisidir. Men Ibrohim aka bilan besh-olti yil hammaslak sifatida yonma-yon yurganman. Uning darg‘azab bo‘lib baqirganini, birov haqida badfikr bildirganini eshitmaganman. U so‘zning uvoli nimalarga olib kelishini yaxshi biladi. Hind falsafasida “aura” degan tushuncha bor. Unga ko‘ra aytilgan so‘z beiz ketmaydi, mutlaq unut bo‘lmaydi. So‘zlar aura – makon, muhit yaratadi. Nomaqbul muhitga tushib qolsangiz, siqilasiz va tezda uni tark etgingiz keladi.
Adib o‘n yoshidan beri badiiy so‘z san’atiga mahliyodir. Avval xalq ertaklari, dostonlari va qo‘shiqlari uning xayolini zabt etgan bo‘lsa, keyinchalik jahon adabiyoti durdonalari maqsadiga aylandi. 1956-1961 yillari u O‘rta Osiyo davlat universitetining filologiya fakultetida tahsil oldi. Talabalik yillaridayoq “Tanishuv” (1959) hikoyasini, keyinchalik adabiy-badiiy maqolalarini chop ettira boshlaydi. U o‘zbek o‘quvchilariga adabiyotshunos-tanqidchi sifatida tanildi. 1973 yili “Yonar so‘z” adabiy-badiiy asarlari to‘plami uchun O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining laureati unvoniga, 1989 yili esa “O‘ttiz yilning izhori” asari uchun O‘zbekiston Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. “O‘ttiz yilning izhori” asari adibning o‘z ijod yo‘liga bir nazari, badiiy ijodning mahobati va insoniylikni ulug‘lash san’ati ekanini anglashga, ochib berishga intilish edi. O‘zbek kitobxonlari va adabiy-badiiy tanqidchilik uni munosib baholadi. Mustaqillik yillarida Ibrohim G‘afurov ijodida milliy adabiyot tarixiga murojaat keskin oshgani kuzatiladi. U “Avesto” va Qur’oni Karim, Yassaviy, So‘fi Olloyor, Xorazmiy, Ibn Sino, Farg‘oniy, Buxoriy, Termiziy, Bobur, Mashrab, Fitrat, Behbudiy, Hamza kabi ajdodlarimiz merosiga milliy istiqlol nuqtai nazaridan nazar tashlaydi, undagi axloqiy teranliklardan, ilmga tashnaliklardan zavqlanadi.
Dadil aytish mumkinki, Ibrohim G‘afurov o‘zbek tarjimashunosligida o‘ziga xos maktab yaratdi. U jahon adabiyotining durdonalari bo‘lgan “Pangartra”, “Kalila va Dimna”ni, mopassanning “Azizim”, Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo”, “Telba”, Nisshening hikmatlarini, Xeminguyeyning “Chol va dengiz”, Ch. Aytmatov va V. Rasputinning bir qator romanlarini o‘zbek tiliga o‘girdi. Ushbu asarlarning qayta va qayta nashr etilayotganini tarjimonning mahoratiga berilgan yuksak bahodir. Eng muhimi shundaki, adib har bir chet el yozuvchisining so‘z mahoratini, uslubini, milliy o‘ziga xosligini chuqur biladi va tuyadi, shu bois ham uning tarjimalari rang-barang badiiy maktablarga taalluqliligi bilan havas uyg‘otadi. Ulardagi badiiy-falsafiy mushohadalar va psixologizmning ta’sirchanligi o‘quvchini befarq qoldirmaydi.
Shu kunlarda 70 yoshini qarshilayotgan Ibrohim aka G‘afurovga sihat-salomatlik, uzoq umr va o‘quvchilarni shod etadigan badiiy-falsafiy durdonalar yaratishda omadlar tilaymiz. So‘zlaringiz yanada purhikmat bo‘lsin, ustoz!
Viktor Alimasov,
falsafa fanlari doktori.
“Hurriyat” gazetasidan olindi.