Alisher Navoiy asarlaridagi e’tibordan chetda qolgan so‘z va iboralar talqini
Turkiy tildagi so‘z va iboralarni to‘plash, ularni ilmiy asoslash an’anasi X asrda yaratilgan “Devonu lug‘otit turk” asarining boy tajribasiga borib taqaladi. Zero, lug‘at muallifi Mahmud Koshg‘ariy o‘z davridagi turli qabila-urug‘lar tiliga mansub so‘z va iboralarni yig‘ish printsiplarini belgilab, o‘z asarida aks ettirgan. Bu borada lug‘atshunos shunday yozadi: “Men turklar, turkmanlar, o‘g‘uzlar, chigillar, yag‘molar, qirg‘izlarning shaharlarini, qishloq va yaylovlarini ko‘p yillar kezib chiqdim, lug‘atlarini to‘pladim, turli xil so‘z xususiyatlarini o‘rganib, aniqlab chiqdim. Men bu ishlarni til bilmaganim uchun emas, balki bu tillardagi har bir kichik farqlarni ham aniqlash uchun qildim. Ularni har tomonlama puxta bir asosda tartibga soldim”.
O‘rta asrlarda turkiy qabilalar tillarini bu qadar keng qamrovli o‘rganganlardan Koshg‘ariyga faqat Alisher Navoiyni qiyoslash mumkin. Zotan, ulug‘ shoir asarlarida “Devonu lug‘otit turk”dagi ko‘plab etnonimlar, sof tilshunoslikka oid lingvistik atamalar, qadimgi ilmiy-badiiy, yozma va og‘zaki ijod namunalari bilan birga kenagas, qovchin, qo‘ng‘irot, chig‘atoy, barlos, qiyot, tarxon, arlot, jaloyir, turkman, nayman, mang‘it va boshqa turkiy urug‘, elatlarning nomi takror-takror keladi.
Shoirning boy adabiy, ilmiy merosidagi so‘z va iboralarni to‘g‘ri sharhlash, chuqur talqin qilishda lug‘at manbalarning o‘rni beqiyos. Shu jihatdan Navoiy asarlari yuzasidan o‘tmishda va hozirda ham bir qancha lug‘at manbalar yaratilgan. Masalan, “Badoye’ ul-lug‘at”, “Xamsa bo halli lug‘at”, “Abushqa”, “Sanglox”, “Lug‘ati atrokiya”, “Lug‘ati turkiy”, “Lug‘ati chig‘atoyi va turkiy-usmoniy”, “Halli lug‘ati “Xamsa”yi Navoiy”, “Halli lug‘oti chig‘atoyi “Xamsa”yi Navoiy”, “Nisobi Navoiy”, “Lug‘ati Amir Navoiy”, “Dar bayoni lug‘ati Navoiy”, “Halli lug‘oti chig‘atoyi” hamda Porso Shamsiyev, Sobirjon Ibrohimov tomonidan tuzilgan “O‘zbek klassik adabiyoti asarlari uchun qisqacha lug‘at”(1953) va yana shu mualliflar ishtirokida “Alisher Navoiy asarlari lug‘ati”(1972), “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati”(1983 — 1985), Botirbek Hasanov tomonidan tuzilgan “Navoiy asarlari uchun qisqacha lug‘at”(1993) kabi lug‘atlar shular jumlasidandir. Bu lug‘atlarda Navoiy asarlarida qo‘llanilgan minglab turkiy, forsiy, arabiy so‘z va iboralarni izohlash maqsad qilib qo‘yilgan. Shulardan hozircha nisbatan to‘larog‘i “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati” (4 jildli) hisoblanadi. Ushbu lug‘at buyuk mutafakkir shoirning bebaho asarlarini o‘qish va tushunish uchun kitobxonlarga katta yordam beruvchi fundamental tadqiqotdir.
60-yillarning ikkinchi yarmida akademik Ergash Fozilov rahbarligida O‘zR FA Til va adabiyot institutida tarixiy etimologik lug‘atlar bo‘limi ochilib, izohli lug‘atni tuzish ishlari boshlab yuboriladi. Keng jamoatchiligimizga yaxshi tanish bo‘lgan, arab, fors, turkiy tillar bilimdoni Qutbiddin domla Muhiddinov ham lug‘atni tuzishda faol ishtirok etadi. Domla lug‘atni tuzishda qatnashgan turkiyshunos olimlardan Hamidulla Dadaboyev, Ziyodulla Hamidov, Nishonboy Husanov, Ishoqjon Nosirov va boshqalarga qadimgi turkiy hamda forsiy lug‘atlarni o‘rganish, Navoiy asarlari tilining asl hamda ko‘chma, majoziy ma’nolarini anglash borasida o‘z qimmatli o‘git va maslahatlarini beradi. Keyinchalik lug‘at Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining tarixiy leksikologiya va leksikografiya (1983 — 1985) bo‘limida tayyorlanib, nashr etiladi. Uning nashr qilinishi o‘z davrida tadqiqotchilar uchun ham boy faktik materiallar beradi. Izohli lug‘atdan faqat o‘zbek mumtoz asarlari tilinigina emas, balki ko‘pgina boshqa turkiy xalqlarning adabiy va tarixiy qo‘lyozma manbalarini o‘rganishda ham foydalaniladi. Ammo shoir asarlarining til xususiyatlarini o‘rganish, uning yangi-yangi qirralarini kashf etish davom etaveradi. Zero, Alisher Navoiy merosi mangulikka daxldor so‘z maxzani hamdir.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, diniy qadriyatlarga, ota-bobolarimizning merosiga munosabat o‘zgardi. Ilgari mumtoz asarlarda “xudo”, “payg‘ambar” so‘zlari, g‘azallardagi hamd, na’tlar tushirib qoldirilgan bo‘lsa, mustaqillikdan so‘ng ularni yozish, o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Bu esa shoir asarlarini to‘laroq anglashga, tushunishga yordam beradi. Shoir asarlarini to‘la nashr qilinishi uning lug‘atini ham to‘la holda nashr qilinishini taqozo qiladi. Darhaqiqat, biz ana shu imkoniyatdan foydalanib, asliyat asosida shoirning 20 jildlik asarlar to‘plamidagi so‘z va iboralarni qariyb chorak asr muqaddam yaratilgan “Alisher Navoiy tilining izohli lug‘ati”ga qiyoslab chiqdik. Natijada hali juda ko‘p so‘z va iboralar izohlanishi zarurligi ma’lum bo‘ldi va biz ularni aniqlab, izohlashga kirishdik. Shu ma’noda Navoiy asarlari tilidagi yangi aniqlangan so‘z va iboralarni ilmiy asoslab to‘plash, ularning shoir nazarda tutgan ma’no inkishofi esa alohida ilmiy ahamiyatga ega.
Navoiy asarlariga shunchalik ko‘p lug‘atlar tuzilgan bo‘lsa-da, hatto ularning barchasi birgalikda ham ulug‘ bobomizning so‘z boyligini to‘la aks ettira olmaydi. Navoiy asarlaridagi ba’zi so‘zlar bironta lug‘atda qayd qilinmagan bo‘lsa, ba’zilarining ma’nosi faqat qisman bayon qilingan. Holbuki, ulug‘ shoir ijodida ko‘p ma’nolilik juda kuchli bo‘lib, bir so‘zga ko‘plab ma’nolar yuklangan. Biz quyida shunday so‘z va iboralardan bir nechasining tag ma’nodagi talqinini keltirmoqchimiz:
Chekmay malak lutfung kuni
juz zikr ila tasbih uni
“Odam debon qahring tuni
har dam “zalamno rabbano”.
Shoir ushbu baytning ikkinchi misrasida Qur’oni karimdan “zalamno rabbano” (“zalamno rabbano anfusano” — ey rabbim, biz o‘zimizga zulm qildik) iqtibosini keltiradi. Bundan murod Tangri taolo odamga jon ato etayotganida, uning (odam) birinchi bor aksa urishi va barcha maloiklar istig‘for keltirishi, shayton alayhi la’na esa men nurdan, odam balchiqdan yaraldi deb, sajda qilmay kibrga ketganligi kabi ilohiy ma’nolarga ishoradir.
Solib majmarg‘a tun udi qamoriy,
O‘ti xurshid bo‘lub, anjum sharoriy.
Ma’lumki, Sharqda maxsus majmar (mijmar, majmara) deb atalgan manqalga qora rangli daraxt cho‘plari — udni tashlab yoqimli hid taratish odati qadimdan mavjud. Hindistonning Qumor degan shahrida esa eng sara ud bo‘lar ekan. Shoir baytda qamoriy so‘zini ana shu shahar nomiga nisbat berib, udi qamoriy — udning eng yaxshi turi” ma’nosida qo‘llagan. Qamoriy ayrim tarixiy manbalarda qumoriy shaklida ham ishlatiladi.
“Xantila binni Safvon Qahr binni Qahiton o‘g‘lidur. Oni tengri taolo Ashobur-rasqakim, Kalomullohda mazkurdur, yibordi va Ras podshohe erdi…”
Ushbu misolda “Ashobur-ras” so‘zi “Ras do‘stlari”, “Ras suhbatdoshlari”, “fahsh ahli”, “fohishalar” kabi ma’nolarni ifodalagan. Biroq shoir bu bilan nima demoqchi ekanligini yanada aniqlashtirish zarur. Manbalarga ko‘ra, qadimda (G‘arbda) Samud avlodidan Ras ismli bir xudoparast podshoh bo‘lgan. Lekin u umrining oxirlarida o‘z toju taxtiga mag‘rurlanib, xudolikni da’vo qiladi. Uning davrida fahsh ishlar avjiga chiqadi: “Va xotunlar charm va teridin olat yasab, o‘zlarig‘a isti’mol qilurlar erdi. Va holo go‘yoki bu nav’ zuafoni ras ham derlar…”. Ras haq hukmiga ishonmay, bir mis qoplamadan yasalgan qo‘rg‘onga kirib yashirinadi, ammo bu foyda bermaydi. Zero, Qur’oni karimda Valav kuntum fi buruvjim mushayyadatin — “Qayerda bo‘lmangiz, hatto mustahkam qal’alar ichida bo‘lsangiz ham o‘lim sizlarni topib olur”, deyilgan (“Niso”, 78).
Ko‘rki ne bir lahzada bo‘ldi qatil,
Tayri abobil ila ashobi fil.
Mazkur baytda ashobi fil so‘z birikmasi diniy tushunchani o‘zida mujassam etgan: Qur’oni karimning “Fil” surasida xabar keltirilishicha, islomiyatdan ilgari o‘tgan Abriha ismli habashistonlik Yamanga hokim qilib tayinlangan tarixiy bir shaxs fillar hujumi bilan Makka shahridagi Ka’bani vayron qilishga otlanadi. Biroq jang chog‘ida Ollohning irodasi bilan osmondan Abobil qushlari uchib kelib, dushmanlar ustiga tosh yog‘diradi, Abriha va uning qavmi qiriladi. Tarixda payg‘ambarimiz (Muhammad s.a.v.) tavallud topishlaridan ellik kun oldin sodir bo‘lgan bu voqea “Fil mingan askarlar”, “Fil jangi” yoki “Fil qavmi” nomi bilan xotirlanadi. Zero, payg‘ambarimizning “Fil yili”da tug‘ilganlar deyilishi ham shunga ishoradir.
“Ta’olo sha’nuka va ammo ehsonuka va lo iloha g‘ayruka. Yo vadud va Ma’budi vojib ul-vujud.”
Alisher Navoiy ushbu munojotida vojib ul-vujud so‘zini diniy-tasavvufiy tushunchalarni teran ifodalashda qo‘llagan. Negaki, o‘rta asr Sharq falsafasidagi tasavvufiy tushunchalardan biri vojib ul-vujud (zaruriy mavjud narsalar). Forobiy butun mavjudotni 6 darajaga bo‘ladi. Shulardan birinchisi vojib ul-vujud — Olloh; qolgan 5 tasi — aql, jon, shakl, borliq, osmon — mumkin ul-vujud. Qur’oni karimda e’tirof etilganidek, vojib ul-vujud Ollohni bildiradi. Demak, ushbu diniy-tasavvufiy atama baytda “vujudi uning o‘z zotiga bog‘langan va hech kimga muhtoj emas”, “qat’iy mavjud zot”, “Olloh” degan ma’nolarni beradi.
Dayr piri ancha tutti
elga jomi fayzbaxsh,
Kim qadah buyla ushatqay
tavba bo‘lsa yuz Nasuh.
Shoir mazkur baytda Nasuh (ushbu so‘z nashrda kichik harflar bilan yozilgan — M.A.) so‘zini “chin ko‘ngildan qilingan ilohiy tavba” ma’nosida qo‘llaydi. Bu so‘zning asl ma’nosini chuqurroq anglash uchun, dastavval diniy, tasavvufiy manbalarga murojaat qilish kerak. Ularga ko‘ra, qadim zamonda bir podshohning haramiga qarashli ayollar hammomida ayol qiyofali, xushsurat bir yigit xizmat qilgan ekan. Uning ismi Nasuh bo‘lgan. U o‘zining tashqi ko‘rinishidan foydalanib, podshoh haramiga o‘rnashib olgan. Bir kuni haramdagi ayollardan birining uzugi yo‘qolib qoladi. Podshoh mulozimlari haram ayollarini birma-bir taftish qila boshlaydilar. Nasuh eng orqa qatorda bo‘ladi. Mulozimlar haram hammomidagi har bir ayolni tekshirganda Nasuhning joni go‘yo halqumiga keladi, joni tanasidan chiqayozadi. Navbat Nasuhga yetganida mulozimlardan biri uzuk topildi, deb qoladi. Taftish to‘xtatiladi. Nasuhning siri oshkor bo‘lmay, sirligicha qoladi. Lekin joni omon qolgan Nasuh Ollohga ming bora shukronalar keltiradi. “Bu haramni yelkamning chuquri ko‘rsin, to tirik ekanman, hargiz bu ishni boshqa takrorlamayman”, deb ont ichib, tavba qiladi va haramga boshqa yo‘lamaydi. Nasuh umrining oxiriga qadar shu va’dasiga sodiq qoladi. Shuning uchun ham Qur’oni karimda: “Yo ayyuhallazina omanu tubu ilallohi tavbatan Nasuhan” — “Ey imon keltirganlar, agar tavba qilsalaring xuddi Nasuh tavbasiday chin tavba qilinglar”, deyilgan (“Tahrim” — 8). Tasavvufiy manbalarda ham aslida haqiqiy tavba Nasuh tavbasiga nisbatan aytilib, ilohiydir deyiladi. Zotan, naqshbandiya tariqatining mashhur namoyondalaridan biri bo‘lgan Xoja Ahror Valiy ham “Barcha dunyoviy, uxroviy, ma’naviy va suvariy azoblarga mustahiq bo‘lgan solik — bu balodan “Tavbai Nasuh”ga erishish orqali forig‘ bo‘ladi”, degan fikrni ilgari surgan.
Xulosa qilib aytganda, Alisher Navoiy asarlaridagi hozirgacha e’tibordan chetda qolgan so‘z va iboralar talqini ham, shubhasiz, shoir ijodiyoti haqida qimmatli ma’lumotlar beradi. Ularni alohida va qiyoslab o‘rganish hali qilinajak g‘oyat muhim ishlar sirasidandir.
Manzar Abdulxayrov, filologiya fanlari nomzodi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 34-sonidan olindi.
Yo‘ldosh Solijonov. “Sinchalak” parvozidan kutilgan niyat
Bundan sal kam ellik yil muqaddam o‘zbek adabiyoti osmoniga “o‘zi kichkina, nimjon bo‘lsa ham osmonnni ko‘tragulik quvvati, g‘ayrati bor” “Sinchalak” parvoz qildi. Bu iste’dodli yozuvchimiz Abdulla Qahhorning shu nomdagi mashhur qissasi edi.
Qissa XX asrning ikkinchi yarmida adabiyotda esgan bahor epkinidan darak berdi. Darvoqe, asarning o‘zi ham ko‘klam tasviri bilan boshlanadi. Aslida o‘shanda ijtimoiy hayotda ham ba’zi bir o‘zgarishlar boshlanayotgan davr edi. Stalin shaxsiga sig‘inish illatlari fosh etilgandi. Bu sharoit qissa boshlanishidayoq o‘z ifodasini topgandek: Saida Tohirjon Nosirov bilan xonaga kirgach, derazalarni ochib yuboradi. Shunda “Dim kabinetiga bog‘chadan muzday havo, handalaknimi, bosvoldi qovunnimi esga soladigan yalpiz hidi kirdi; chumchuqlarning chug‘urlashi, deraza ostida oqayotgan ariqchaning shovullashi eshitildi”.
Dim kabinet — bu Stalin hukmronligi davrida dimiqqan mamlakat timsoli bo‘lib, unda chumchuqlarning chug‘urlashi, ariqlarning shovullashi u yoqda tursin, odamlar qattiqroq nafas olgani ham cho‘chishgan. Xona ob-havosini yangilash “yigirma ikki yoshlardagi baland bo‘yli, xushqomat, juda nozik qiz” Saidalar zimmasiga tushdi. Bu bahor epkini, o‘z navbatida, keksalarni ham uyg‘otib yubordi. Ayni holat yangi kotib Tohirjon Nosirovning chang bosgan “Villis”dan tushib, “yoshi ellikdan oshgan bo‘lishiga qaramay, raykom binosinining zinasidan chopqillab chiqib” ketishida, keyin birdan to‘xtab o‘zbekning azaliy odatiga ko‘ra, ostonadan o‘tmay turib, “zinaning bir chekkasiga borib, koverkot makentoshining etagini, brezent etigini” qoqib, chang-g‘uborlarni tozalashida; Qalandarovning kolxozga “yangi sotib olingan besh tonnalik yuk mashinasi”ni ko‘rib “juda xursand bo‘lishida”, “yo‘l bo‘yidagi tiniq yashil daraxtlar, barra o‘tlardan ko‘zi quvonib, kishining vujudini yayratadigan may havosidan mast bo‘lib, xirgoyi” qilishida ham ko‘rinadi.
“Sinchalak” qissasi yozuvchi uslubiga mos tarzda voqelik tugunini tashlashdan boshlanadi. Yangi kotib Tohirjon Nosirov dabdurustdan yordamchisiga: “Ko‘chadan ketayotgan avtomobil birovni bossa yoki turtibmi, yiqitibmi ozor bersa, nima bo‘ladi?”, degan savolni beradi. Albatta, yosh qiz bunday kutilmagan savoldan cho‘chib tushadi, chunki gap odam hayoti ustida ketyapti-da! Ularning savol-javoblaridan ma’lum bo‘ladiki, bunday dovyurak haydovchi mashhur “Bo‘ston” kolxozining raisi Arslonbek Qalandarov ekan.
Bu suhbatdan qanday maqsad kutilgan edi? Daromaddan buromad shu bo‘ldiki, o‘rtoq Nosirov halokat to‘g‘risida gap ochib, yoshgina qizdan maslahat olmoqchi emas, balki uni ana shu “soyada o‘sgan, xiyla erka rais rahbarlik qilayotgan” kolxozga kotib qilib jo‘natmoqchi ekan.
Xullas, bu taklif Saidani bir tomondan hovliqtirib, boshqa tomondan biroz dovdiratgan bo‘lsa, o‘quvchini ham qiziqtirib qo‘yadi. U ham Saida singari Qalandarov bilan tezroq uchrashgisi, Nosirovning “kabinetidan rangi bo‘zarib” chiqqan raisning “mo‘rtgina” qizchani qanday qarshi olishi, nima hunarlar ko‘rsatishi haqida o‘ylay boshlaydi. Ko‘ryapsizki, yozuvchi asar boshlanishidayoq tugun ustiga tugun tashlayapti. Bu tugunlarning qachon va qanday yechilishiga qiziqib mutolaadan bosh ko‘tara olmay qolamiz.
Voqealar sahifadan sahifaga shiddatli rivojlanadi, konflikt keskinlasha boradi. “Bo‘ston”dek katta va mashhur xo‘jalikning kotibi bo‘lib borish o‘yi “qalbining allaqayerini timdalasa ham, allaqayeriga juda-juda xush yoqib” turgan Saida tuni bilan uxlamay rejalar tuzib chiqadi va ertalab kolxozga shitob bilan jo‘nab ketadi.
Saida xo‘jalikka kelgan birinchi kundanoq hammaga va har bir narsaga ijirg‘anib qaraydi. Qalandarov uni hurmatsizlik bilan kutib olgani, chamadonini qo‘lidan olmagani uchun ichida munosabatini “Diydoring qursin, chamadonni qo‘limdan olsang o‘lasanmi?”, degan qarg‘ish bilan ifodalashdan boshlaydi. Eshon ko‘ziga to‘ng va so‘xtasi sovuq odam bo‘lib ko‘rinadi. O‘ziga ajratilgan hujrani ko‘rib “ta’bi tirriq bo‘ldi”. Qalandarovning hovlisi ham ko‘ziga tartibsiz va hafsalasiz odamning qo‘li bilan qurilganday ko‘rinadi… Xullas, Saida kolxozdan, odamlardan, ularning turmushidan faqat nuqson qidiradi va buni hali amal stoliga o‘tirmay turib Qalandarovga pisanda qila boshlaydi. Natijada ular o‘rtasidagi ziddiyat borgan sari kuchayib boradi.
Abdulla Qahhor Qalandarov timsolida tom ma’nodagi milliy xarakterni yaratib bera olgan. Uning shop mo‘ylovi ham, yuzi ham, manmansirashi ham, jizzakiligi ham, odamlarga munosabati ham, ko‘pchilikni sensirab, jerkib gapirishi ham — barchasi o‘ziga yarashadi, tabiiy. Raisning yana bir fazilati: hech kimni birovning oldida urishmasligidir. Umidaning aytishicha, Arslonbek aka “Birovga qattiq gapiradigan bo‘lsalar, kabinetiga olib kirib gapiradilar”. Chunki Qalandarov uchun odamning chiqiti yo‘q, hammasi hurmatga loyiq. Shu xususiyatiga ko‘ra, majlisdagi shartakilikni, betgachoparlik bilan qilingan tanqidlarni dastlab to‘g‘ri qabul qilolmaydi. Ayniqsa, bu ishlarning boshida turgan Saidaning betgachoparligi, juda ko‘p masalalarda o‘z bilganicha ish tutishi Qalandarovning g‘ashini keltiradi. Ayol kishi oldida bosh egishini erkak sha’niga nomunosib deb bilgan rais Eshonning qutqusi bilan Saida ustidan ariza yozib, yuqori tashkilotga bormoqchi bo‘lganida ham uning qalbidagi bag‘rikenglik, odamgarchilik, erkaklik g‘ururi ustun keladi. Bu ham uning vallomatligidan bir nishonadir.
Milliylik haqida gap ketganda yana bir holatni qayd qilish joiz. A.Qahhor asarlarini o‘qiganingizda uning qahramonlaridan birontasi sevgi-muhabbat to‘g‘risida to‘lib-toshib gapirganini yoki xilvatga tortib izhori dil aytganini uchratmaysiz. Adibning asarlarida sevishganlar yo‘qmi? Judayam bor-da! Ana, Munisxonning ishqida Majnun bo‘lgan Rahimjon Saidiy (“Sarob”). Yoki Hanifa (Kanizak)ga maftun bo‘lgan Sidiqjon (“Qo‘shchinor chiroqlari”). Muhayyoni yeru ko‘kka ishonmaydigan Anvar-chi(“Muhabbat”)? Ularning qaysi biri ma’shuqasiga ishqini bemalol izhor etdi? Yoki bunga qulay payt topolmaydimi? Topa oladi. Eslang: Saidiy bilan Munisxon dars tayyorlash bahonasida parkda, uyida qancha vaqt yakkama-yakka o‘tirdilar? Sidiqjon bilan Hanifa-chi? Qishning sovuq kunlarida sandalning ikki yonida o‘rtadagi mushukni silab o‘tiraveradilar. Nima, ularning tili yo‘qmidi? Gapira olmasmidi? Saidaning og‘ziga zambarakning o‘qidek so‘zlarni solib qo‘ygan yozuvchi ularni ham bulbuldek sayratib yubora olardi. Buning ustiga Saidiy shoir ham edi. Biz fikr yuritayotgan qissa qahramonlaridan biri Kozimbek Saidani birinchi ko‘rishdayoq yaxshi ko‘rib qoladi. Qizning ko‘nglida ham “novcha, bo‘yni ingichka, quloqlari yelpig‘ichday” bu yigitga moyillik paydo bo‘ladi.
Kozimbek o‘zining “Moskvich” markali mashinasida Saidani ochiq havoda aylantirib kelmoqchi bo‘ladi. Qishloqdan chiqqanlarida tasodifan u yoqdan “Villis”da o‘qday uchib kelayotgan dadasi Qalandarovga ko‘zi tushib qoladi va Kozimbek shoshib: “Yoting! — dedi. Saida itoat bilan chapga yonboshlab, Kozimbekning soniga boshini qo‘ydi. Kozimbek go‘yo “qimirlama” degan bo‘lib, uning yelkasiga o‘ng qo‘lini tashladi. Soatiga sakson kilometr tezlikda kelayotgan Qalandarovning mashinasi pishqirib o‘tib ketdi. Saida buni sezib, boshini ko‘tarmoqchi bo‘lgan edi, Kozimbek qo‘lini olmadi. Mashina sekinladi, chayqaldi, o‘ng tomonga biroz qiyshaydi-yu, nimagadir do‘q etib urildi, to‘xtadi. Saida engashib kelayotgan Kozimbekning issiq nafasini sezib, vahima bilan pichirladi:
— Voy! Birov ko‘rib qoladi! Xafa bo‘laman…
Kozimbek rostdan ham “xafa bo‘lsa kerak”, deb darrov boshini ko‘tardi, sal bo‘lmasa uzr so‘rayozdi. Saida o‘rnidan turib sochini tuzatdi. Qo‘lining orqasi bilan Kozimbekning yuziga sekin urdi:
— Yomon bola! Yuring!..”.
Bu vaziyatdagi har bir so‘z, har bir harakat shu qadar o‘rinli va tabiiyki, ularning birontasini na o‘chirib, na almashtirib, na so‘z qo‘shib bo‘ladi. Saidaning “Birov ko‘rib qoladi” deganida hayo, “Yomon bola” deganida esa sevgining bo‘yi kelib turibdi. Odatda, qizlar yigitlarning qilig‘i yoqib ketganida shu so‘zni ishlatishadi va uning zamirida “Yaxshi bola ekansiz. Menga ham yoqib qoldingiz”, degan ma’no yashiringan bo‘ladi. Ayni chog‘da, Saidaning o‘zi ham shuni istar, endi “undan balog‘atga yetganidan beri qalbining harorati bilan qizib, o‘zga qalbga chippa yopishadigan biron og‘iz so‘z kutar edi. Yo‘q. Kozimbekdan bunday so‘z chiqmadi”. Kozimbek esa gapiradigan ahvolda emas-da! Garchi unisi ham, bunisi ham indamagan bo‘lsalar-da, ish pishdi, izhori dil aytildi. Bu chinakamiga o‘zbekona odatdir.
O‘quvchiga xush yoqadigan bu kabi nozik tasvirlarni, ko‘rimli manzaralarni juda ko‘p keltirish mumkin. Biroq shularning o‘zi ham “Sinchalak” qissasining XX asr 60-yillarida yaratilgan o‘nlab asarlar orasida o‘zining badiiy go‘zalligi, zamonaviyligi bilan brilliantdek nur taratib turganidan dalolat beradi.
Ma’lumki, “Sinchalak” uchirma qilingan 60-yillarda uning yuksak parvozini ta’minlagan omil Saida obrazi bo‘lgandi. Hali o‘zbek adabiyotida bunday navqiron xarakter yaratilmagan edi. Asarning asosiy g‘oyaviy yukini nimjongina, ammo intilishi, g‘ayrati, aqli, tadbirkorligi, ishbilarmonligi bilan ancha-muncha polvonlarni dog‘da qoldiradigan qiz ko‘tarib turardi. Ustoz Ozod Sharafiddinovning yozishicha, “Yozuvchi Saida obrazida hozirgi ilg‘or o‘zbek ayollarining xarakterli, tipik sifatlarini umumlashtiradi.”
Nafaqat A.Qahhorning har bir asari to‘g‘risida jon kuydirib maqola yozadigan Ozod domla, balki akademiklar I.Sulton, M.Qo‘shjonov, professorlar H.Yoqubov, H.Abdusamatov, U.Normatov va boshqa o‘nlab olimlar o‘z paytida “Sinchalak”ni ko‘klarga ko‘tarib maqtaganlar. Bu tabiiy edi. Lekin keyinroq asarda ilgari surilgan g‘oyaviy mazmunga munosabat o‘zgardi. Ayrimlar uni umuman yaroqsiz asar, yozuvchi hayotiylikka zid obrazlar yaratgan, degan fikrlarni aytdilar. Uni himoya qilishga yana O.Sharafiddinov qalqon bo‘ldi. Olim o‘zining “Chinorlardan biri” maqolasida (“O‘zAS”, 1995 yil, 15 sentyabr) shunday yozadi: “Yaqinda “Sinchalak”ni qayta o‘qib chiqdim va bir narsaga hayron qoldim — Abdulla Qahhor 1959 yildayoq “Bo‘ston” kolxozi va uning atoqli raisi Arslonbek Qalandarov timsolida totalitar tuzumning modelini yaratgan ekan-ku! Eng muhimi — bu tuzumning ichdan chiriganini, chuqur tanazzul holini kechirayotganini ko‘rsatgan ekan. Bu tanazzul iqtisodiy xarakterga emas, ijtimoiy-psixologik xarakterga egaligi ham ochilgan. Har holda “Sinchalak”ni yangi ko‘z bilan o‘qilsa, unda kolxoz tuzumining ichki yemirilishi tasvirlanganiga ishonch hosil qilish mumkin”.
Ustozning bu fikrlarida jon bor. Chindan ham ulkan so‘z san’atkori A.Qahhor asarlarini har gal “yangi ko‘z bilan” mutolaa qilganingizda undan yangi ma’no, yangi gap topish mumkin.
Xullas, “Sinchalak”ning parvozidan kutilgan niyat shundaki, yozuvchi bu asarida o‘zbek ayolining ijtimoiy hayotdagi roli oshib borganligini, bunga sababchi sotsialistik tuzum ekanligini isbotlamoqchi bo‘lmagan. O‘zi mo‘rtgina, nimjongina bo‘lsa-da, “osmon tushib ketsa, ushlab qolaman deb oyog‘ini ko‘tarib” yotadigan sinchalakdek Saida Aliyeva obrazi orqali mamlakatda partiya yakkahokimligining o‘rnatilayotganligini tasvirlagan. Adibning bu qutlug‘ niyati bugun yanada aniqroq ko‘rinib turibdi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 34-sonidan olindi.